A. B. Pardayev, D. B. Urinbaeva, D. A. Islamova. O’zbek terminologiyasi
Download 2.71 Mb. Pdf ko'rish
|
A.B.Pardayev, D.B.Urinbayeva, D.A.Islamova. O’zbek terminologiyasi
234 ehtiyojni tahlil qilish uchun ayni soha bo‘yicha ish olib borayotgan guruhlarning o‘zaro muloqotini kuzatish kerakligini ta’kidlaydi. Agar bu muloqot ma’lum darajada cheklangan bo‘lsa, biror terminning ma’nosi ko‘pchilikka tushunarsiz bo‘lib, u haqda yig‘ilishda ko‘p so‘ralsa, ayrim terminlarning ma’nosini asoslash yoki ma’nosi haqida bahslashish uchun ko‘p vaqt ketsa, terminologiyani standartlashtirish zarurati mavjuddir, deb xulosa qilish mumkin bo‘ladi. Standartni yozish manba yig‘ish, terminlarni tanlash, tushunchalarni strukturalashtirish va ta’rif yozishdan iborat bo‘ladi. Tushunchalar tanlab olinib, tasniflangach, terminlar ro‘yxati tuzilib, tushunchalar shu sohaga tegishliligi yoki boshqa sohadan o‘zlashtirilganligiga ko‘ra yoki umumxalq tilidan olinganligiga ko‘ra tasniflanishi lozim. Terminlarni keyingi ta’riflanishi va ajratib olinishi shu tasnifga bog‘liq bo‘ladi. Terminlarga ta’rif yozishda ma’lum qoidalarga rioya qilinishi lozim. ISO 10241 quyidagi qoidalarni taklif etadi: Ta’rifni termin bilan bir xil grammatik shaklga ega bo‘lgan so‘z bilan boshlash. Termin anglanayotgan tushuncha mansub bo‘lgan obyektlar sinfini keltirish va muhim farqlovchi xususiyatlarni berish. Ta’rifda terminni qayta ishlatmaslik. Ta’rifni «termin» degan so‘z bilan boshlamaslik. Terminni tushuntirish uchun vebral tushuntirish bilan birga chizmalardan foydalanish. Xalqaro standartlashtirish tashkilotining terminologiyasini standartlashtirish bo‘yicha ishlab chiqqan qoidalariga ko‘ra, terminologik lug‘atlarda ilmiy terminga izoh berilayotganda izohlanayotgan termin aynan takrorlanmasligi kerak. O‘zbek tilidagi ayrim terminolgik lug‘atlarda bu qoidaga har doim ham amal qilmaslik holatlari mavjud. Masalan, 1994-yili nashr etilgan «Tibbiyot qomusiy lug‘ati»da berilgan qorin pardasi, seroz parda, homila pardasi A.B.Pardayev, D.B.Urinbayeva, D.A.Islamova. O’zbek terminologiyasi 235 terminlarining izohlarida ularni tushuntirish uchun yana aynan parda so‘zi ishlatilgan. «Seroz parda - tana bo‘shliqlarini o‘rab turadigan parda...», «homila pardasi - xorion va suv pardadan iborat; xorion va amnion pardalar homilaga, desidual parda esa onaga xos». Ko‘rinib turibdiki, parda so‘zi ishlatilgan har uchala termin ta’rifida ham ilmiy tushunchalar bilan tushuntirilmasdan aynan takrorlangan. Parda so‘zi alohida termin sifatida izohlangan bo‘lishi mumkin degan fikrda lug‘atning «P» harfi bilan boshlanuvchi terminlar berilgan qismiga ko‘z tashlansa, bu qismda unday termin berilmaganiga guvoh bo‘lasiz. Terminologik lug‘atlarda, umuman, har qanday izohli lug‘atda biror leksik birlikni izohlashda qo‘llanilgan so‘zlarning barchasi ayni lug‘atda alohida izohga ega bo‘lishi lozimligi ma’lum. Biroq yuqorida nomi zikr etilgan tibbiyot lug‘atida homila pardasi termini ta’rifida qo‘llangan xorion termini lug‘atning «X» harfi bilan boshlanuvchi terminlar berilgan qismida mavjud emas. Yana bir misol, ana shu lug‘atda seroz parda atributiv birikmali termini izohida ishlatilgan chambar ichak termini alohida tarzda lug‘atning «Ch» harfi bilan boshlanuvchi terminlar berilgan qismidan topilmaydi. Shu kabi ko‘z ichi bosimi termini izohida ishlatilgan ko‘z soqqasi terminiga alohida lug‘at birligi sifatida izoh berilmagan. Ko‘z ichi bosimi nima ekanini tushunib olmoqchi bo‘lgan kishi bu termin izohini o‘qib, ikkinchi bir terminga duch keladi, o‘sha ikkinchi termin esa lug‘atda berilmagan. Bundan xulosa qilish mumkinki, lug‘atda izohi berilgan terminning ma’nosi ham o‘quvchi tomonidan to‘liq tushunilmaydi. Xulosa qilib aytganda, ilmiy tushunchalar izohlanadigan maxsus lug‘atlarda bunday holatga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu holatlar sohani o‘rganuvchilar, o‘quvchilar tomonidan terminlar ma’nosini tushunishga, ularni o‘zlashtirishga to‘sqinlik qiladi, shu bilan birga, terminologiyani tartibga solish va standartlashtirish ishlarini murakkabllashtiradi. Ilmiy adabiyotlarda barcha tillardagi sohaviy terminologiyalar uchun umumiy bo‘lgan quyidagi jiddiy kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilgan: A.B.Pardayev, D.B.Urinbayeva, D.A.Islamova. O’zbek terminologiyasi 236 terminlarning ko‘p ma’noliligi; terminlar sinonimiyasi; ma’lum bir tushunchani ifodalashga xizmat qiluvchi terminning anglatishi lozim bo‘lgan tushuncha mohiyatiga uyg‘un bo‘lmasligi; terminning ko‘p komponentlardan iborat bo‘lishi va natijada, uni qo‘llashdagi noqulaylik; termin talaffuzining noqulayligi (bunday terminlar ikki sababga ko‘ra vujudga keladi: 1) asosiy terminni yaratishda uning derivatlilik imkoniyatlari yetarlicha inobatga olinmaydi; 2) xorijiy terminni o‘zlashtirishda unga jiddiy e’tibor bilan qarab, tanqidiy yondashilmaydi); terminologiyani keragidan ortiq miqdorda xorijiy terminlar bilan to‘ldirib tashlanishi; termin yaratilishida u anglatishi lozim bo‘lgan tushuncha mohiyati bilan o‘zaro batartiblik (sistemalilik)ning yetishmasligi kabilardir. To‘g‘ri, hech qanday til faqat o‘z termin elementlari hisobiga terminologiyasini qura olmaydi. Til qurilishi jarayoni shuni ko‘rsatadiki, dunyoda sof tilning o‘zi umuman mavjud emas. Har doim boshqa tillardan termin o‘zlashtirish jarayoni sodir bo‘lib turadi, bu jarayondan chekinish mumkin emas. Ammo ehtiyoj sezilmagan holatlarda ham xorijiy terminlarni sun’iy ravishda tilga olib kirish har doim o‘zini oqlayvermaydi. Bunday holatlarda ko‘proq o‘z til imkoniyatlaridan foydalanish va bunda termin ifodalashi lozim bo‘lgan tushuncha mohiyati bilan termin o‘rtasidagi mutanosiblikni saqlashga e’tiborni qaratish lozim. Ko‘p hollarda ba’zi tushunchalarni ifodalovchi terminlar iste’molda mavjud bo‘lmaydi. Natijada bunday tushunchalar o‘ta muhim va ahamiyatli bo‘lishiga qaramasdan, keng tarqalish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi 1 . Ko‘rsatilgan bu kamchiliklarning ayrimlari o‘zbek terminologiyasida ham mavjuddir. Xususan, tilimizda ayni bir terminni birdan ortiq tushuncha uchun qo‘llash, bir tushunchani turli terminlar bilan atash, variantlilikning mavjudligi, rus tili va u orqali Yevropa tillaridan o‘zlashtirilgan terminlarning tushuncha mohiyatini to‘g‘ri aks 1 Йўлдошев Б. Ўзбек терминологиясини тартибга солиш масалаларига доир. - A.B.Pardayev, D.B.Urinbayeva, D.A.Islamova. O’zbek terminologiyasi 237 ettira olmasligi, bir tushunchani ifodalovchi terminlarning noqulayligiga sabab bo‘luvchi ko‘p komponentlilik holatining mavjudligi, xorijiy terminlarning keragidan ortiq darajada qo‘llanishi, ayrim terminlarning yozilishidagi har xillik kabi terminologiyaning yetakchi tendensiyasiga zid keluvchi holatlar ko‘plab uchraydi. O‘zbek terminologiyasidagi bunday salbiy holatlarning mavjudligi sohaviy terminologiyalarni tartibga solish borasida hali ko‘p ishlar qilinishi lozimligidan dalolat beradi. Download 2.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling