A k a d e m I y a kriminalistik taktika
-§. Ushlashning natijalarini qayd etish
Download 1,25 Mb. Pdf ko'rish
|
Krim-taktika
4-§. Ushlashning natijalarini qayd etish Gumon qilinuvchi ichki ishlar organiga olib kelinganidan so‘ng ushlash bayonnomasi tuziladi. Unda quyidagilar ko‘rsatilishi shart: ushlash asoslari, motivlari, ushlash kuni va soati, yili va oyi, ushlash joyi va shaxsiy tintuv qilinganligi haqida bayonnoma. Ushlash bayonnomasi, odatda, blaknkada, uchta nusxada tuziladi. Nusxalardan biri jinoiy ishga qo‘shib qo‘yiladi va bayonnoma uni tuzgan shaxs, ushlangan shaxs tomonidan imzolanadi. Shaxsning ushlanganligi haqida yigirma to‘rt soat ichida tergovchi va surishtiruv organi prokurorni yozma ravishda xabardor qilishi shart. Ushlash o‘tkazilgani haqida xabarnoma olgan paytdan boshlab qirq sakkiz soat vaqt ichida prokuror ushlangan shaxsni qamoqqa olishga sanksiya olish haqida sudga iltimosnoma kiritadi yoki uni ozod qilishi shart. Ushlash sabablari va asoslari yetarli darajada aniq keltirilishi shart. Bayonnomada ushlangan shaxsga himoyachidan foydalanish huquqi va bunday ishtirokning protsessual tartibi tushuntirib beriladi. Bayonnomada ushlash jarayonining holatlari (qarshilik ko‘rsatganligi, shaxsiy tintuv vaqtida olingan qurol, narkotik modda va boshqa shaxsiy buyumlari, kiyimlari, agarda tan jarohatlari mavjud bo‘lsa, ular) aks 166 etishi lozim. Shaxsni ushlash jarayonida uni ushlagan ichki ishlar idoralari xodimlari yuqorida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘z bildirgilarida, tushuntirish xatlarida aks ettiradilar va ularning o‘zlari ham guvoh sifatida so‘roq qilinadilar. Ushlash natijalarini qayd qilish quyidagilar yordamida amalga oshiriladi: – ushlash bayonnomasini tuzish; – foto yoki kinotasvir yoxud videoyozuvlardan foydalanish. Bayonnoma O‘zbekiston Respublikasi JPKning 225-moddasi talablariga javob berishi kerak, ya’ni: – bayonnomaning kirish qismida umumiy rekvizitlardan tashqari ushlash asoslari va sabablari ko‘rsatiladi; – bayonnomaning tavsiflash qismida ushlashning borishi va ushlangan shaxsning harakatlari to‘liq bayon etiladi; – bayonnomaning xulosa qismida ushlashning natijalari, ushlash vaqtida olib qo‘yilgan buyumlar va ushlangan shaxs qayerga olib borilishi aks ettiriladi. 167 X bob. TINTUV VA OLIB QUYISH TAKTIKASI 1-§. «Tintuv» tushunchasi, uning turlari va tintuvga tayyorgarlik ko‘rish Tintuv – shaxsni, xonalarni, tintuv qilinayotgan shaxs va uning oila a’zolari yoki tashkilot ixtiyorida bo‘lgan xona va turar joylarni, ochiq joylarni majburiy tekshirish. Tintuv o‘tkazishning maqsadi jinoyatdan qolgan qurollar, predmetlar, jinoyat yo‘li bilan topilgan qimmatbaho narsalar, ish bo‘yicha ahamiyatga ega boshqa predmet va hujjatlar, shuningdek, qidiruvda bo‘lgan shaxslar, jasadlar yoki uning qismlarini, garovga olingan va olib qochilgan shaxsni topishdan iboratdir. Bundan tashqari, ishga taalluqli bo‘lmagan, lekin jinoyatga tayyorgarlik yoki jinoyat sodir etilganligi to‘g‘risida guvohlantiruvchi obyektlarni olib qo‘yish va fuqarolik almashuvida cheklangan hamda maxsus ruxsatnomalar asosida ishlatiladigan predmetlar olinadi. Bunday predmetlarga o‘q otar qurollar, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar, pornografiya nashrlari, giyohvandlik vosi- talari, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga qarshi yozilgan ada- biyotlar, oltin va qimmatbaho toshlar, xorijiy valuta, spirtli ichimliklar va ularni yasama usulda ishlab chiqaradigan uskunalar kiradi. Tintuvning qonunchilik kafolatlariga egaligi quyidagilar bilan ta’riflanadi: 1) tintuvning asosligi, uni o‘tkazish uchun tegishli dalillarning mavjudligi yoki tezkor-qidiruv choralarini o‘tkazishda qo‘lga kiritilgan va tegishli shaxsda ishga taalluqli obyektlar borligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar asos bo‘lishi; 2) tintuvni kriminalistika tavsiyalari va ma’naviyat talablariga asosan to‘liq va aniq ravishda o‘tkazish; 3) tintuv jarayonini va natijalarini protsessual va taktik jihatdan to‘g‘ri qayd qilish va olinadigan obyektlarni bayonnomada to‘g‘ri tavsif etish. Tintuvni jinoyat-protsessi qonuniga to‘g‘ri o‘tkazish asosi sifatida JPKning 159, 161-moddasiga binoan tergovchi yoki surishtiruv organi tomonidan chiqarilgan va prokuror tomonidan rozilik berilgan qaror xizmat qiladi. Ba’zi hollarda esa shaxsiy tintuv JPKning 162-moddasiga binoan ushlab olish fakti bo‘yicha o‘tkaziladi. Tintuv kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakati bo‘lib, prokurorning roziligisiz ham o‘tkazilishi mumkin, ammo bu to‘g‘rida 24 soat ichida prokurorga xabar berish zarur bo‘ladi. Odatda kechiktirib bo‘lmas tergov harakatlari jinoyatni bartaraf etish, jinoyatchini ushlab olish, jinoyat izlarini “issig‘ida” topish, o‘g‘irlangan 168 mulk va qimmatbaho narsalar yo‘q qilinishining oldini olish maqsadida zudlik bilan olib boriladi. Tintuv va olib qo‘yishni o‘tkazish jarayonida tergovchi shaxsiy hayotga aloqador muhitga kiradi, shu bois, uning qonunga hamda ma’na- viy talablarga rioya qilishi talab etiladi. Xolislar yoki jamoat vakillariga shaxsiy tintuv o‘tkazish, jinoyatchiga tegishli hujjatlar va narsalarni mustaqil qidirish to‘g‘risida topshiriq berish man etiladi. Ma’naviyat talablariga binoan, tintuv qilinayotgan shaxsning shaxsiy hayotiga aloqador mulkni va shu to‘g‘ridagi ma’lumotlarni sir saqlash, ovoza qilmaslik tavsiya etiladi. Agar shaxsiy maktublarning mazmuni ishga bevosita aloqador bo‘lmasa, ularni xolislarga namoyish etish maqsadga muvofiq bo‘lmaydi. Tintuv yosh bolalarga ma’naviy jarohat yetkazishini hisobga olib, ularni tintuv qilish joyidan boshqa joyga jo‘natish va tintuv to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ovoza qilmaslik choralarini belgilash lozim. Tintuvning natijalari unga tayyorgarlik ko‘rish harakatlari bilan bog‘liq va bir qator choralarni o‘z ichiga oladi. Birinchi bosqich – tintuvga tayyorgarlik quyidagilarni talab qiladi: tintuv o‘tkaziladigan joy va tintuv qilinadigan shaxs to‘g‘risida, uning hayot tarzi, aloqalari, avtomashinaga egaligi, turar joylari haqidagi ma’lumotlar, binolarning necha qavatga egaligi, signalizasiyaning borligi va boshqa ma’lumotlar o‘rganiladi hamda yig‘ib tahlil etiladi. Agar tintuv ochiq joyda o‘tkaziladigan bo‘lsa, unga tayyorgarlik ko‘rish vaqtida joyning ta’rifi, tevarak-atrofda binolar va o‘simliklarning borligi, tintuv qilinadagan obyektning qanday joylashgan- ligi, tuproq qatlamining xususiyatlari aniqlanishi kerak. Bundan tashqari, oriyentirlash maqsadlarida qidiriladigan predmet- lar va hujjatlarning ta’rifi, ularning shakli, hajmi, soni hamda o‘ziga xos belgilari to‘g‘risida ma’lumotlar olinadi. Tintuvni o‘tkazish vaqti tintuv qilinadigan shaxsga, uning faoliyat rejasiga qarab va shunga bog‘langan ma’lumotlarga asosan tanlanadi. Qidiruv harakatlari uchun eng qulay vaqtni tanlash ham juda muhim. Bu ko‘pincha ertalabki soatlarga to‘g‘ri keladi. Agar kechiktirib bo‘lmas holat yuzaga kelsa, tintuv har qanday soatda o‘tkazilishi mumkin. Umumiy odatga ko‘ra, agar zarurat paydo bo‘lsa, tintuv shu zahotiyoq o‘tkazilishi lozim. Tintuvga tayyorgarlik ko‘rganda tergov-tezkor guruhining tarkibi to‘g‘risidagi masala hal etilib, tintuv a’zolari o‘rtasida tegishli vazifalar taqsimlanadi. Tintuv qatnashchilari tarkibi va miqdori qidiruv harakatlarining hajmiga bog‘liq bo‘ladi. Tintuvda ishtirok qiluvchi mutaxassislar – kriminalistik bo‘lim- larning xodimlari obyektlarni mutaxassislik jihatidan tekshirilishi va 169 qidiruv ishlarining texnik tomondan ta’minlanishi uchun chaqirtiriladi. Mutaxassislar sifatida santexnik, zargar hamda boshqa sohalarning egalari ham jalb etilishi mumkin. Ichki ishlar idoralari xodimlari ham qidiruv ishlariga, ham tintuv o‘tkazilayotgan odamning xatti-harakatlari ketidan kuzatish, uni shaxsiy tintuv qilish, tintuv joyini muhofaza etishga jalb etiladi. Tergov-tezkor guruhini texnik vositalar bilan jihozlash to‘g‘risidagi masala ham yechiladi. Bu texnik vositalarga tergov chamadoni, yoritish uskunalari, akkumulator batareyalari kabilar kiradi va quyidagi qidiruv vositalari ham olinadi: qidiriladigan joyga mexanik ta’sir etish uchun qo‘llaniladigan texnik vositalar (har xil nayzalar, ilmoqlar); doimiy magnit maydoni (metall qidiruvchi) xususiyatiga ega asboblar; elektromagnit maydoni xususiyatiga ega (elektron metall qidiruvchilar) asbob-uskunalar; spektrning ko‘rinmas qismini ishlatish xususiyatiga ega uskunalar (rentgen uskunalari, elektro-optik o‘zgartirgichlar EOP, ultrabinafsha yoritgichlar); kimyoviy asbob-qidiruvchilar (jasad qidiruvchilar). Ko‘rsatilgan asboblar devorlarning, mebellarning ichida bo‘lgan obyektlarni, yerga ko‘milgan qimmatbaho narsalar, jasadlar va ularning qismlarini topishda hamda devordagi gulqog‘ozlarni qaytadan yirtib tiklanganini, qon va spermalarni topishda, predmetlarning ichini yoritishda ishlatiladi. Ba’zi hollarda ko‘rsatilgan harakat davrida kinolog bilan xizmat itini ham tintuvga jalb qilish lozim, chunki xizmat iti giyohvandlik vositalarini topishda va ichki ishlar idoralari xodimlarining xavfsizligini ta’minlashda yordam beradi. Shunday qilib, tintuvga tayyorgarlik ko‘rish quyidagilardan iborat: 1) jinoyat ishi materiallari bilan tanishish; 2) tintuv o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish; 3) tintuv o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqarish va uni amalga oshirish uchun prokurordan rozilik olish; 4) yo‘naltiruvchi ta’rifga ega axborotni to‘plash va uni tahlil etish, ya’ni qidiriladigan predmetlar to‘g‘risidagi axborotni o‘rganish; 5) tintuv rejasini tuzish. Bunda: tintuvda ishtirok etuvchi shaxslarning doirasini belgilash va ular orasida vazifalarni taqsimlash; tintuv o‘tkazish vaqtini va ketma-ketligini belgilash; 170 texnik vositalarni tanlash va tayyorlash, shuningdek, olinadigan predmetlarni o‘rash uchun vositalar tayyorlash; tintuvni o‘tkazish uchun xavfsizlik choralarini ko‘rish hamda tintuv qilinadigan shaxsning boshqa shaxslar bilan aloqa qilmasligini ta’minlash; tintuv qilinadigan joyga kirish uslubini ishlab chiqish va agar jinoyatchi qurollangan bo‘lsa, uni qurolsizlantirish choralarini ishlab chiqish; kinolog bilan xizmat itini tintuvga jalb qilish to‘g‘risidagi savolni yechish; aloqa qilish va transport vositalarini tanlash. Tintuv, obyektiga ko‘ra, quyidagi turlarga bo‘linadi: 1) shaxsiy tintuv; 2) xonalarni tintuv qilish; 3) ochiq joylarni tintuv qilish; 4) transport vositalarini tintuv qilish. Tintuv ketma-ketligi bo‘yicha quyidagilarga bo‘linadi: 1) Dastlabki (boshlang‘ich) tintuv; 2) Qayta tintuv. Tintuv o‘tkazish vaqti bo‘yicha quyidagi turlarga bo‘linadi: 1) bir necha joyda bir vaqtda tintuv o‘tkazish; 2) har xil vaqtlarda tintuv o‘tkazish. Dastlabki tintuv jinoyat ishi bo‘yicha ilk bor o‘tkazilsa, qayta tintuv tegishli obyekt topilmagani yoki dastlabki tintuv natijali bo‘lmaganligi sababli o‘tkazilishi mumkin. Shuning uchun tintuv o‘tkazganda tergovchi tintuv joyida bo‘lgan va jinoyatchi tomonidan yashirilgan obyektlarni imkoni boricha aniqlab, olib qo‘yishi kerak. Jinoiy guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatga oid ishlar yuzasidan bir necha joyda bir vaqtda tintuv o‘tkazish guruh a’zolarining bir-birlari bilan aloqa bog‘lamay turib, ularning turar joylarida jinoyat ishi bo‘yicha daliliy ahamiyatga ega subyektlarning topilishiga yordam beradi hamda ishning holati qanday vaziyatda bo‘lganligini aniqlashlariga to‘sqinlik qiladi. Har xil vaqtlarda o‘tkazilgan tintuv bunday imkoniyatlardan istisnodir. 2-§. Tintuv bosqichlari, ularni o‘tkazishning taktik xususiyatlari Tintuv o‘tkazish jarayoni kriminalistik taktika nuqtai nazaridan dastlabki, ishchi va yakunlovchi bosqichlardan iborat bo‘ladi. 171 Tintuvning dastlabki bosqichi tergov-tezkor guruhning tintuv qilinadigan obyektga kirib kelishi va tintuvdan oldin o‘tkaziladigan choralarning amalga oshirilishidan iboratdir. Har bir jinoyat ishi bo‘yicha o‘tkaziladigan tintuvdan oldin mazkur joyning xususiyatlari, tintuv qilinadigan shaxsning ta’rifi, uning hayot tarzini inobatga olib, tintuv o‘tkaziladigan joyga qanday kirishning eng samarali yo‘llaridan biri tanlab olinadi. Tergov-tezkor guruhi tintuv joyiga tintuv qilinadigan odamga bildirmasdan yetib kelishi kerak. Zarurat tug‘ilsa, turar joyga kirish yo‘laklarida, uning qarama-qarshi tomonlarida deraza va eshik oldida kuzatuvchilar tayinlanadi. Tergovchining mahalla fuqarolar yig‘ini raisi yoki vakili bilan tintuv qilish joyiga birgalikda borishi maqsadga muvofiqdir, chunki bunday hol tintuv o‘tkaziladigan joyning egasida hech qanday shubha tug‘dirmaydi. Alohida vaziyatlarda tintuv qilinadigan joyga kirish o‘sha joydan biror-bir kimsaning ko‘chaga chiqish vaqtida amalga oshirilishi mumkin va bu juda qulay vaziyatlardan biri bo‘ladi. Xonaga tergov-tezkor guruhining barcha a’zolari xolislar bilan birgalikda bir vaqtda kirishi kerak. Agar tergovchi jinoyatchida qurol borligi va u tergov-tezkor guruhiga nisbatan kuch ishlatishi xavfi borligi haqida ma’lum qilsa, u holda tegishli tezkor kombinatsiyalar o‘tkazilib, xavfsizlik choralari amalga oshirilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Qurollangan jinoyatchining xonasiga kirganda avvalo uni shaxsiy tintuv qilib, qurolini olib qo‘yish, ya’ni qurolsizlantirish choralari ko‘riladi, aks holda jinoyatchi qurol ishlatishi mumkin. Xonaga kirgach va xavfsizlik choralarini o‘tkazgandan so‘ng ter- govchi o‘zini tanishtirib, guvohnomasini tintuv qilinayotgan joyning egasiga ko‘rsatadi hamda tintuv qilish qarorini o‘qib eshittiradi. Tintuv qilinadigan shaxs ushbu qaror bilan tanishib chiqqanligi to‘g‘risida unga imzo chekishi kerak. Unga tintuvning maqsadi oshkor etiladi va sodir etilgan jinoyatga aloqador barcha jinoyat qurollarini, jinoyat natijasida qo‘lga kiritilgan predmetlar va qimmatbaho narsalarni hamda ish bo‘yicha ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa predmet va hujjatlarni taqdim etishni talab qilishi lozim. Agar talab etilgan predmetlar ixtiyoriy ravishda berilgan bo‘lsa va ularni yashirish ehtimoli bo‘lmasa, tergovchi tintuv qilmasdan berilgan obyektlar bilan cheklanishi mumkin hamda qidiruv ishlarini olib bormaydi. Tergovchiga obyektlarni ixtiyoriy taqdim etish tintuv o‘tkazilishiga to‘sqin- lik qilmaydi. Tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi masala muayyan vaziyatga qarab hal etiladi. 172 Tintuv xonasida bor bo‘lgan va ushbu xonaga kirib kelayotgan shaxslar bu xonani tergovchining ruxsatisiz tark etishlari man etiladi. Bundan tashqari, tintuv vaqtida ular bir-birlari bilan muloqot qilmasliklari va tintuv tugamaguncha tintuv qilinayotgan xonadan hech qayerga chiqib ketmasliklari to‘g‘risida ogohlantiriladilar. Agar zarurat bo‘lib qolsa, xonada bo‘lgan barcha notanish shaxslar shaxsiy tintuvdan o‘tkaziladi. Ishchi bosqich xonani yoki ochiq joylarni dastlabki tekshirishdan boshlanadi va tergovchi tintuv o‘tkaziladigan barcha joylarni aylanib chiqadi. Umumiy tekshirish jarayoni bo‘yicha tintuv rejasi tuziladi (ba’zi bir vaziyatlarda qidiruv ishlarining xomaki sxemasini tuzish, texnikani ishlatish to‘g‘risidagi masalani yechish va qidiruv guruhining har bir a’zosiga muayyan topshiriqlarni berish mumkin). Tergovchi qidiruv ishlari ustidan umumiy rahbarlik qiladi va tintuv jarayonining qanday borishi yuzasidan nazorat yuritishi yoki o‘zi bevosita yashirilgan obyektlarni topish uchun qidiruv ishlarida ishtirok etishi mumkin. Tintuv natijali bo‘lishining shartlaridan biri uning aniq reja asosida o‘tkazilishi, bir tizimda olib borilishi va tekshirish ishlarining sinchkov bo‘lishidadir. Xonada (xona, uyning tomida, yordamchi xo‘jalik xonalarida), shu- ningdek, chegaralangan hovlida tintuvni ketma-ketlik asosida o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Tergovchi soat yo‘nalishi bo‘ylab yoki qarama-qarshi yo‘nalishda yurib, mavjud barcha predmetlarni (devorlarda osilgan predmetlar hamda devorlarning o‘ziga ahamiyat berib) tekshiradi. Shundan so‘ng xona, hovli markazidagi obyektlar tekshiriladi. Odatda, har bir obyektni tekshirish bundan avvalgi obyektni batafsil tekshirmasdan boshlanmaydi. Bu usul izlanadigan predmetlarni tanlab qidirish va metall qidiruvchi yoki o‘zi bilan olib yuriladigan rentgen uskunasi vositasida ularni topishni inkor etmaydi. O‘zbekiston Respublikasi JPKning 161-moddasiga binoan, tintuv obyektlariga zaruriyatsiz zarar yetkazish, ularni bekorga shikastlantirish man etiladi. Tintuv o‘tkazganda obyektlarni buzmasdan harakat qilish darkor, ammo zarurat bo‘lsa, bunday harakatlar majburiy bajariladi. Shuning uchun tintuv qilinadigan shaxs tergovchiga qanchalik yordam bersa, unga tegishli predmetlar shunchalik buzilmasdan qoladi. Tintuv paytida tintuv qilinayotgan shaxslarning ketidan kuzatib, ularning xatti- harakatlarini nazorat qilib borish zarur. Ularning ruhiy holati yashirilgan predmetlarning qayerda joylashganligini bildirib qo‘yishi mumkin. Masalan, tergovchi yashirilgan obyektga qanchalik yaqinlashib borsa, 173 tintuv qilinayotgan shaxsning hayajoni shunchalik oshib boraveradi. Ba’zi paytlarda hayvonlar va parrandalarning xatti-harakatlariga e’tibor berish kerak bo‘ladi, chunki ular yerga ko‘milgan jasad yoki uning qismlarining qayerga ko‘milganligini sezishga qodir bo‘ladi. Bir qator vaziyatlarda og‘zaki ayg‘oqchilik usuli natijali holatlarni beradi. Bunda ketma-ketlik asosida qidirilayotgan obyektlarning nomlarini aytganda tintuv qilinayotgan shaxsning xatti-harakatlariga e’tibor beriladi. Bundan tashqari, tintuv qilinayotgan shaxsning mutaxassisligini bilish lozim, chunki u biror-bir narsani berkitishda, albatta, o‘z bilimlariga tayanishga harakat qiladi. Shunday holatlar borki, yagona bir jinoyatni sodir etgan shaxslarning ko‘pincha, yashirish joylari bir-biriga o‘xshashligi aniqlangan. Bunday o‘xshashlikni guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ham hisobga olish lozim. Tintuv jarayonida aniqlangan narsalar, jumladan, soxta pul qog‘oz- lari, soxta «qimmatbaho narsalar», yozishmalar va jinoyatga bilvosita aloqador hujjatlar, shuningdek, gumon qilinuvchi va uning aloqalarini ta’riflovchi hujjatlar, jinoyat yo‘li bilan topilgan pullar va qimmatbaho buyumlar, jinoyat izlari qolgan predmetlar (qonga belangan, yirtilgan kiyim va hokazo), qurollar va jinoyat qurollari, jumladan texnik jihozlar, asboblar, materiallar va shu kabilarning jinoyat ishlariga taalluqliligini aniqlash kerak. Tintuv paytida har xil hujjatlarga e’tibor berib, ular bo‘yicha tegishli tushuntirishlar olish zarur bo‘ladi, chunki topilgan hujjatlar tintuv qilinayotgan shaxsning ta’rifiga yoki uning bergan tushuntirish- lariga zid bo‘lishi mumkin. Ushbu shaxsning tegishli buyumlarni yashirish holatlarini aniqlaganda, buyumlardan qolgan izlar bunga yaqqol dalolat berishi mumkin. Masalan, zargarning uyini tintuv qilganda pol ustida zargarning ishlash stoli bo‘lgani to‘g‘risida stoldan qolgan to‘rtta stol oyoqlarining dumaloq izlari dalolat berib turgan. Tergovchi shu holat yuzasidan qo‘shnilarni so‘roq qilganida, zargar ushbu stolni o‘zining qarindoshlarinikiga olib ketganligi aniqlangan. Tintuv paytida, bundan tashqari, har xil xomaki yozuvlar, fotosuratlar va boshqa hujjatlarga alohida e’tibor qaratish lozim. Chunki ushbu predmetlar izlanayotgan narsalar, shaxslar hamda jinoyat holatlari to‘g‘risida ma’lumotlar topishga yordam berishi mumkin. Masalan, bir turar joyni tintuv qilganda boshqa bir joyning to‘lov qog‘ozi tergovchi e’tiborini jalb etgan va o‘sha joyga zudlik bilan tergov-tezkor guruhi tintuv o‘tkazish uchun borgan hamda shu joydan tegishli daliliy ashyolarni topishga muvaffaq bo‘lgan. Tintuv paytida tintuv qilinadigan 174 shaxsni topilgan obyektga nisbatan pala-partish tushuntirishlar berishga sabab bo‘lgan va saqlanishi kishini taajjubga soluvchi obyektlarni olib qo‘yish zarur. Masalan, benzin kanistri yotoqxonadan topilgan bo‘lsa (keyinroq bu kanistrda pul va qimmatbaho buyumlar saqlanganligi ayon bo‘lgan), bu, albatta, odatdan tashqari, ya’ni g‘ayritabiiy hol hisoblanadi. Tintuv paytida binoning barcha qismlarini tekshirib ko‘rish lozim va uning tashqi hamda ichki tomonlarini solishtirib, yashirin tokcha yoki joylar borligini aniqlash mumkin bo‘ladi. Shunga asosan, predmetlarda ham yashirin bo‘shliqlar borligini aniqlash maqsadida ular batafsil tekshiriladi va ko‘zdan kechiriladi, zaruriy holatlarda ular buzilishi ham mumkin. Jirkanch, iflos obyektlar ham obdon tekshiriladi. Masalan, tintuv qilinayotgan shaxs daliliy ashyolarni axlat chelak yoki kir ko‘ylaklar orasiga, hojatxona idishi yoki hojatxonaning bo‘shlig‘iga yashirishi ham mumkin (masalan, zargarlik buyumlarini talon-toroj qilishga oid jinoyat ishi bo‘yicha oltin va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni hojatxonaning bo‘shlig‘idan foydalanib, uning poli tagida yasalgan tokchalarga yashirish holatlari aniqlangan). Download 1,25 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling