A k a d e m I y a kriminalistik taktika


-§. Eksperimentning turlari


Download 1.25 Mb.
Pdf ko'rish
bet13/18
Sana09.09.2020
Hajmi1.25 Mb.
#128955
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18
Bog'liq
Krim-taktika


2-§. Eksperimentning turlari 
 
Eksperimentning turlariga quyidagilar kiradi: 
1)  biror-bir  fakt  yoki  hodisani  qabul  qilish  mumkinligi  bo‘yicha 
eksperimentni o‘tkazish; 
2)  biror-bir  harakatni  amalga  oshirish  mumkinligi  bo‘yicha 
eksperimentni o‘tkazish; 
3)  biror-bir  fakt  yoki  hodisaning  voqelikda  mumkin  bo‘lishi 
bo‘yicha eksperiment o‘tkazish; 
4)  hodisaning  mexanizmini  yoki  uning  tarkibiy  qismlarini  va 
izlarning  vujudga  kelish  mexanizmini  aniqlash  maqsadida  eksperiment 
o‘tkazish. 
Biror fakt yoki hodisani qabul qilish mumkinligi bo‘yicha eksperi-
mentni o‘tkazish  ko‘pincha shaxsning eshitish yoki ko‘rish qobiliyatiga 
asosan  biror  fakt  yoki  hodisani  eshitgani  yoki  ko‘rganini  tasdiqlash 
maqsadida,  haqiqatan  ham  bu  faktni  yoki  hodisani  qabul  qilishga 
imkoniyati  borligi  bo‘yicha  o‘tkaziladi  (masalan,  biror  shaxs  yoki 
predmetni ma’lum masofadan tanib olish, muayyan vaziyatda odamning 
nutqini  eshitib,  mazmuniga  tushunish  bo‘yicha  tusmolni  tekshirishga 
doir).  Bunday  savollarga  javob  qidirganda  barcha  obyektiv  yig‘indini 
hisobga  olish  zarur,  chunki  ular  u  yoki  bu  holda  qiziqtirgan  fakt  va 
hodisalarga  ta’sir  etishi  mumkin.  Shuning  uchun  voqelikka  to‘g‘ri 

 
146 
bo‘lgan  natijalarni  olish  uchun  ushbu  eksperimentlarni  bo‘lib  o‘tgan 
hodisa  qayerda  bo‘lgan  bo‘lsa,  o‘sha  yerda  o‘tkazish  zarur  va  o‘sha 
hodisa  qanday  vaqt  ichida  sodir  etilgani,  yoritish  sharoitlari  qanday 
bo‘lgani  va  obyektlar  orasida  qanday  masofa  bo‘lgani  eksperimentda 
ham aynan shunday ko‘rsatkichlar asosida o‘tkaziladi. 
Masalan, turar joydan sodir etilgan o‘g‘irlikni tergov qilganda guvoh 
I.  shuni  ko‘rsatdiki,  u  o‘z  turar  joyining  ko‘chaga  qaragan  oynasidan 
yo‘lakdan  jabrlanuvchining  uyidan  bir  kimsa  katta  tugun  bilan 
chiqqanligini ko‘rgan va bu kimsani u K. deb tanigan. Surishtiruv ishlari 
mobaynida ma’lum bo‘lishicha, mazkur guvoh bilan K. avvaldan bir-birlari 
bilan tanish bo‘lib, o‘rtalarida adovat bor ekan. Shuning uchun tergovchida 
bunday uzoq masofadan odamni tanib olish mumkinligi to‘g‘risida shubha 
paydo  bo‘lgan.  Shunga  asosan,  eksperiment  o‘tkazilgan.  Uning  talablari 
bo‘yicha  turar  joy  binosi  yo‘lagidan  guvoh  I.  ga  tanish  bo‘lgan  shaxslar 
birma-bir  chaqirilganida  I.  biron-bir  odamni  tanib  olishga  imkoniyati 
bo‘lmaganligi  aniqlandi  va  I.ning  K.ga  nisbatan  yolg‘on  ko‘rsatuv 
berganligi ma’lum bo‘ldi. 
Eksperimentni  o‘tkazish  uchun  tayyorgarlik  ko‘rish,  natijalar  olish 
uchun  bevosita  eksperimentni  o‘tkazish  va  olingan  natijalarga  baho 
berishda  kishining  ruhiy,  jismoniy  jihatdan  qabul  qilishi  hamda  esda 
saqlash qobiliyatlarini hisobga olish zarur. 
Masalan, eksperiment jarayonida uning ruhiy holati (charchaganligi, 
hayajonda  bo‘lishi,  qo‘rqishi,  o‘zini  yo‘qotib  qo‘yishi  kabilar)ga  va 
jismoniy  xususiyatlariga  (ko‘rish  darajasining  o‘tkirligi,  eshitish  darajasi-
ning  sifati,  sezish  qobiliyati  yoki  boshqa  hissiyot  organlarida  biror  kam-
chilik borligi, shaxsning mutaxassislik sohasining ta’siri kabilarga) e’tibor 
berish lozim. Agar odamning subyektiv jihatdan biron-bir narsani ko‘rish, 
eshitish  qobiliyatini  tekshirish  zarur  bo‘lib  qolsa,  eksperimentdan  avval 
ushbu shaxs to‘g‘risida tegishli ma’lumotlar (ko‘rish, eshitish qobiliyatlari 
to‘g‘risida,  tibbiyot  ma’lumotnomalari,  guvohnomalar,  xulosalar)  olish 
maqsadga  muvofiq  bo‘ladi,  chunki  uning  aynan  shu  qobiliyatlarini 
tekshirish asosida eksperiment o‘tkaziladi. Bunday hujjatlarni olish ekspe-
rimentning natijalariga daliliy ahamiyati jihatidan katta yordam beradi. 
Biron  harakatni  amalga  oshirish  mumkinligi  bo‘yicha  eksperiment 
shu  harakatlarning  voqelikda  bo‘lish  imkoniyatini  (masalan,  ma’lum 
teshikdan  kirib  kelishi,  qandaydir  narsalarni  olib  chiqishi  va  hokazo)  va 
muayyan shaxsning ma’lum harakatlarini amalga oshirish uchun qobiliyati 
borligini  tekshirish  (qulfni  kalitsiz  ochish  va  hokazo)  maqsadida 
o‘tkaziladi. 

 
147 
Bunday  eksperiment  turiga  ma’lum  harakatga  qancha  vaqt  kerak 
bo‘lishini  aniqlash,  muayyan  shaxsda  tegishli  jinoiy  yoki  mutaxassislik 
ko‘nikmalarining borligini tekshirish ham kiradi. Eksperiment biror ishni 
ma’lum vaqt davomida amalga oshirish mumkinligini ko‘rsatib beradi. 
Biror  fakt  yoki  hodisaning  voqelikda  mumkin  bo‘lishiga  doir 
eksperiment  o‘tkazish.  Bu  eksperiment  bo‘yicha  ma’lum  bir  fakt, 
hodisaning  voqelikda  namoyon  bo‘lish  mumkinligi,  masalan,  transport 
vositasining haydovchisi ma’lum vaqt jarayonida (vaqtinchalik) qarama-
qarshi  yo‘nalishda  kelayotgan  avtomashinaning  nurining  farasidan 
ko‘rish  qobiliyati  darajasining  past  bo‘lib  ketishi  (ya’ni  uni  yo‘lni 
ko‘rmay qolish holati bo‘yicha), ma’lum narsani yoki moddani ma’lum 
sharoitlarda  o‘zidan  o‘zi  yonib  ketishini,  gumon  qilinuvchidan  olingan 
o‘q  otish  quroli  va  o‘q-dorilarni  birgalikda  ishlatganda  o‘q  otilish 
hodisasi bo‘lishi mumkinligi va shu kabilar tekshiriladi. 
Hodisaning  mexanizmini  yoki  uning  tarkibiy  qismlaridan  qolgan 
izlarning  qanday  vujudga  kelganligi  bo‘yicha  eksperiment  o‘tkazish. 
Bunday  eksperiment  jabrlanuvchining  hodisa  to‘g‘risidagi  ko‘rsatuvini 
tekshirish  maqsadida  o‘tkaziladi,  ya’ni  jabrlanuvchi  hodisani  qanday 
tavsif etgan bo‘lsa, o‘sha hodisa haqiqatan shunday bo‘lganligini bilish 
maqsadida  o‘tkaziladi.  Bu  ko‘rsatuvlar  nafaqat  jabrlanuvchiniki,  balki 
ayblanuvchiniki,  gumon  qilinuvchiniki  yoki  guvohniki  bo‘lishi  ham 
mumkin.  Amaliyotda  bunday  eksperiment  ko‘pincha  izlarning  vujudga 
kelish  mexanizmini  tekshirish  uchun  (to‘siq  qanday  sindirilgani, 
obyektga  qanday  urilgani,  predmet  qanday  kesilgani,  obyekt  qanday 
harakat  qilgani  yoki  tormoz  bergani,  o‘q  otar  qurol  qo‘llanilgani 
bo‘yicha) o‘tkaziladi. 
 
3-§. Eksperiment qatnashchilari 
 
Eksperiment  tergovchi,  surishtiruvchi  yoki  sud  tomonidan 
o‘tkaziladi (JPKning 153-moddasi). 
Tergovchi  eksperiment  o‘tkazish  to‘g‘risida  taktik  qaror  qabul 
qilib,  bu  tergov  harakatida  ishtirok  etish  uchun  kimni  jalb  qilishi, 
tajribalar mazmunini, ularni o‘tkazish sharoitlari va tartibini, eksperiment 
o‘tkazish uchun tayyorgarlik ko‘rish va tashkiliy choralar yig‘indisini hal 
etadi.  Eksperimentga  boshchilik  qilib,  tegishli  bayonnoma  rasmiy-
lashtiriladi.  Eksperimentining  majburiy  qatnashchilari  xolislardir. 
Tajribalarning  mazmuniga  va  murakkabligiga  qarab  xolislarning  soni 

 
148 
ko‘payishi mumkin. Zarur holatlarda tergovchi hodisalar sifatida ma’lum 
mutaxassislik  sohasiga  ega  shaxslarni  taklif  qilishi  mumkin  (masalan, 
jinoyat ishi yo‘l-transport harakatlarini buzish fakti bo‘yicha qo‘zg‘atil-
gan bo‘lsa, haydovchilarni). 
Jabrlanuvchi,  guvoh,  gumon  qilinuvchi,  ayblanuvchilarning 
ko‘rsatuvlarini tekshirish maqsadida eksperiment o‘tkazilganda, ular ham 
eksperiment  qatnashchilari  sifatida  ishtirok  etishlari  mumkin.  Bunday 
shaxslar eksperimentni o‘tkazish natijasida jinoyat ishi bo‘yicha ma’lum 
harakatlarni ochiqdan-ochiq amalga oshirish mumkinmi yoki yo‘qligiga 
yoxud  ko‘rsatuvlarda  berilgan  faktlar haqiqatan  ham  voqelikda bo‘lgan 
yoki  bo‘lmaganligiga  ishonch  hosil  qilishlari  mumkin.  Bir  qator 
holatlarda, masalan, gumon qilinuvchining ma’lum mutaxassislik ko‘nik-
malari borligi yoki yo‘qligini tekshirishda, hodisa joyini tiklash maqsadi-
da o‘tkazilgan yoki tajribalarni amalga oshirish uchun sharoitlarni tiklash 
bo‘yicha  o‘tkazilgan  eksperimentlarda  bunday  shaxslarning  ishtirokisiz 
eksperimentni o‘tkazish mumkin bo‘lmaydi. 
Agar  eksperimentga  guvohlarni,  jabrlanuvchilarni,  gumon 
qilinuvchilarni,  ayblanuvchilarning  o‘rniga  boshqa  shaxslarni  jalb 
etishga  to‘g‘ri  kelib  qolsa,  ularning  xususiyatlari  (ya’ni  yoshi  vazni, 
ko‘rish  qobiliyati,  eshitish  qobiliyati  bo‘yicha  va  hokazo)  yuqoridagi 
qatnashchilardan farq qilmasligi lozim. 
Zarur  bo‘lsa,  eksperimentda  ishtirok  etish  uchun  mutaxassis, 
ekspert, muallim, voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakillari, gumon 
qilinuvchi  yoki  ayblanuvchining  himoyachisi  taklif  qilinishi  mumkin. 
Masalan,  mutaxassis  tergovchiga  tajribalarni  tashkil  etishda  zaruriy 
materiallarni, vosita va rekvizitlarni tanlashda, tergovchining topshirig‘i 
bo‘yicha  kinoga,  videoga  olishda,  muallim  va  qonuniy  vakillar  esa 
tergovchiga  voyaga  yetmagan  guvoh  bilan  ruhiy  aloqa  o‘rnatishda 
(voyaga yetmagan jabrlanuvchi bilan ham shunday aloqani o‘rnatishda) 
yordam berishi mumkin.  
Eksperimentni  o‘tkazishda  ma’naviy talablarga rioya qilish lozim. 
Masalan,  eksperiment  yo‘li  bilan  bosqinchilik  bo‘lgan  paytda 
jabrlanuvchining  ruhiy  holatini  tiklash  yoki  ayblanuvchining  jinoyat 
sodir  etgandagi  ruhiy  holatini  qaytarish  mumkin  emas.  Jinoyatni  sodir 
etishda vujudga kelgan ruhiy jarayon va eksperimentni o‘tkazish davrida 
vujudga keladigan ruhiy jarayonlar orasida katta farq bor. Shuning uchun 
eksperimentni o‘tkazganda bunday farqli holatlarni hisobga olish zarur, 
aks holda, eksperimentlarning natijalarini noto‘g‘ri baholash fakti yuzaga 
keladi. 

 
149 
4-§. Eksperimentga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning taktik 
sharoitlari va usullari 
 
Eksperimentni o‘tkazish jiddiy tayyorgarlikni talab qiladi. Bu tayyor-
garlik ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqich eksperimentning maqsadini 
belgilash, uni amalga oshirishning asoslari va sharoitlari, holatni voqelikda 
jinoyat sodir bo‘lgandan avvalgi holatga keltirish (tiklash) imkoniyatini o‘z 
ichiga oladi. Zaruriy holatlarda tergovchi mutaxassislar bilan maslahatlasha-
di, maxsus adabiyotlarni o‘rganadi, tegishli hujjatlar bilan tanishadi, tajriba 
o‘tkazish uchun texnik vositalar va boshqa kerakli predmetlarni tayyorlaydi. 
Eksperimentga  tayyorgarlik  ko‘rishning  muhim  elementi  va  uni 
o‘tkazishning boshqa sharoitlari ta’minlab berilishiga asos soladigan omil – 
bu eksperimentning joyini va o‘tkazish vaqtini belgilashdir. Eksperimentni 
o‘tkazish joyi uning maqsadi va tajribalarning ta’rifiga qarab belgilanadi. Bu 
hodisa sodir bo‘lgan joy, xona yoki tergovchining kabineti bo‘lishi mumkin. 
Eksperimentning  aniq  kuni  va  soatini  belgilash  ham  uning  maqsadi  va 
tajribalari  mazmuniga  bog‘liqdir.  Masalan,  guvohni  kechki  payt  yorug‘ 
bo‘lmagan  ko‘chada  gumon  qilinuvchini  tanib  olishi  mumkinligini 
tekshirish  maqsadida  o‘tkaziladigan  eksperiment  aynan  shu  vaqtda  va 
shunday joyda o‘tkaziladi. 
Bu  tayyorgarlik  ko‘rish  bosqichida  tergovchi  tajribalarning  mazmu-
nini,  ularni  amalga  oshirishning  asosiy  sharoitlarini,  qatnashuvchilarning 
doirasini belgilaydi. 
Eksperimentni  o‘tkazish  uchun  zarur  tayyorgarlik  harakatlaridan  biri 
bu tergov harakatini rejalashtirishdir. Eksperimentning rejasi barcha asosiy 
savollarni va uni o‘tkazish sharoitlari (tajribalarning qanday turini o‘tkazish 
kerakligi,  ularning  soni  qancha  bo‘lishi  lozimligi,  tajribalarning  uzunligi, 
ularning  o‘tkazish  vaqti  va  joyi,  qatnashuvchilarning  soni,  ularning 
joylanishi  va  burchlari,  qatnashuvchilar  orasidagi  aloqa  vositalari  hamda 
tajriba o‘tkazishda qo‘llaniladigan texnik vositalar, tegishli texnik uskunalar 
va hokazolar)ni qayd etishi lozim. 
Ikkinchi  bosqichda  (ya’ni  eksperiment  o‘tkazish  joyiga  chiqqandan 
so‘ng) tergovchi u yerda biror-bir o‘zgarishlar bo‘lib o‘tganligini tekshiradi 
va  shunga  asosan  uni  tiklash  zarurligini  aniqlaydi.  Barcha  kerak  bo‘lgan 
vositalar  borligini,  predmetlarni  tekshiradi  va  tegishli  shaxslarga 
eksperiment  joyini  qo‘riqlash  to‘g‘risida  topshiriq  beradi.  Barcha 
qatnashuvchilarning  yig‘ilganligini  tekshiradi  (shuningdek,  xolislarni 
ishtirok  qilishini  ta’minlaydi),  eksperiment  qatnashchilari  bilan  ularning 
maqsadlari,  sharoitlari,  tajribalarning  mazmuni,  harakatlarning  ketma-
ketligi va mazmuni to‘g‘risida yo‘l-yo‘riq beradi. 

 
150 
Eksperimentni  o‘tkazish  taktikasi  uning  maqsadlari,  turi, 
tajribalarning  mazmuni,  vujudga  kelgan  tergov  holatiga  bog‘liqdir. 
Eksperimentni  o‘tkazishning  eng  umumiy  taktik  sharoitlari  sifatida 
quyidagilar xizmat qiladi: 
1) tekshiriladigan hodisa (hodisaning harakatlari) aynan shu hodisa 
hamda hodisaga mansub bo‘lgan sharoitlar va holatda o‘tkazilishi kerak, 
ya’ni  eksperimentda  o‘tkaziladigan  harakatlar  hodisa  va  hodisaga 
mansub  bo‘lgan  harakatlarga  o‘xshab,  sharoitlari  aynan  bir  xil  bo‘lishi 
lozim. Shuni esda tutish kerakki, qandaydir bir harakatlarni, hodisaning 
holatini  uzil-kesil  tiklash  qiyin.  Biroq  shu  hodisa  bilan  o‘xshash 
hodisani, ya’ni shu hodisaning sharoitlariga o‘xshash bo‘lgan sharoitlarni 
vujudga  keltirish  mumkin.  Eksperimentning  hodisa  yoki  hodisaga 
o‘xshash  sharoitlarda  olib  borilishi  haqiqatni  aniqlashga  kafolat  beradi. 
Shuning  uchun  eksperimentlar  tekshiriladigan  hodisa  qanday  vaqtda 
sodir  bo‘lgan  bo‘lsa,  aynan  shu  vaqtda  o‘tkaziladi,  hodisada  qanday 
qurollar  ishlatilgan  bo‘lsa,  eksperimentda  ham  aynan  shu  qurollar  va 
predmetlar  ishlatiladi.  Ammo  hodisaning  barcha  sharoitlarini  qayta 
vujudga  keltirish  mushkul  va  ko‘pincha  bu  zarur  bo‘lmaydi.  Bu  talab 
quyidagilar bilan ta’minlanadi: 
–  hodisa  bo‘lgan  vaqt,  yorug‘lik  darajasi  va  boshqa  hodisaning 
omillari  hisobga  olinib,  eksperiment  hodisaga  mutanosib  ravishda 
o‘tkazilishi lozim. Tergov amaliyotida tajribalarni o‘tkazish vaqti muhim 
ahamiyatga  ega  bo‘lgani  va  eksperimentning  natijalariga  katta  ta’sir 
ko‘rsatgani  to‘g‘risida  juda  ko‘p  misollar  keltirish  mumkin.  Masalan, 
kunning  vaqti  ko‘pincha  ko‘rish  va eshitish  sharoitlarini  belgilaydi. Bu 
esa eksperiment o‘tkazganda shu omilning hisobga olinishini talab qiladi. 
Agar  guvoh  kechki  paytda  gumon  qilinuvchini  turar  joyi  derazasidan 
ko‘rganini  gapirsa  va  gumon  qilinuvchining  jinoyat  sodir  etganini 
ko‘rgan  bo‘lsa,  gumon  qilinuvchini  tanib  olish  bo‘yicha  eksperiment 
aynan  shu  kechki  paytda  o‘tkazilishi  zarur  bo‘ladi,  chunki  aynan  shu 
kechki payt eksperimentning sharoitlari bilan bevosita bog‘liqdir; 
–  tajribalar  tekshiriladigan  hodisa  qayerda  sodir  bo‘lgan  bo‘lsa, 
aynan  o‘sha  yerda  o‘tkazilishi  lozim.  Masalan,  guvoh  istirohat  bog‘i 
oldida baqir-chaqirlarni va otilgan o‘q ovozini eshitdi. Tabiiyki, baqiriq-
chaqiriqlar  va  o‘q  ovozini  eshitish bo‘yicha  eksperiment  o‘tkaziladigan 
bo‘lsa,  hodisa  joyida  bu  harakatlarni  qayta  vujudga  keltirish  lozim. 
Bundan  tashqari,  guvoh  bo‘lgan  joy  ham  eksperiment  o‘tadigan 
chegaralarning  ichiga  kirishi  lozim  bo‘ladi.  Shunday  holatlar  bo‘ladiki, 
bunda  eksperimentning  joyi  uning  natijalariga  ta’sir  etmasligi  mumkin 

 
151 
(masalan,  odamning  ma’lum  mahorat  va  ko‘nikmalari  borligini 
tekshirish  kerak  bo‘lsa)  yoki  tajribalarni  aynan  hodisa  bo‘lgan  joyda 
o‘tkazish obyektiv omillarga ko‘ra mumkin bo‘lmay qoladi; 
–  tekshiriladigan  hodisada  qanday  predmetlar,  qurollar,  asboblar 
ishlatilgan  bo‘lsa,  tegishli  tajribalarni  o‘tkazish  uchun  eksperimentda 
ham  aynan  shu  yoki  shunga  o‘xshash  predmetlar,  qurollar,  asboblar 
ishlatilishi  lozim.  Shunga  asosan,  eksperiment  jarayonida  daliliy  ashyo 
bo‘lmish  predmetlarni  ishlatish  qoidalari  shundan  iboratki,  agar  bu 
predmetlar  eksperiment  natijasida  zarar  ko‘rmasa,  yo‘q  bo‘lmasa  va 
o‘zining  daliliy  ahamiyatini  yo‘qotmasa,  ularni  eksperiment  vaqtida 
ishlatish  mumkin  bo‘ladi.  Aks  holda,  sifati  bo‘yicha  ularga  o‘xshash 
bo‘lgan predmet va qurollarni ishlatish kerak bo‘ladi; 
– tekshiriladigan hodisa sodir bo‘lgan vaqtda ob-havo, tabiiy yoki 
sun’iy  yoritish  va  tovush  sharoitlari  qanday  bo‘lsa,  eksperimentni 
o‘tkazish vaqtida ham aynan shunday holat bo‘lishi lozim; 
2)  eksperimentning  muhim  taktik  sharoitlaridan  biri  holatni 
tajribalar  o‘tkazish  uchun  tiklash  (rekonstruksiya  qilish),  ya’ni  bu 
hodisadan  avval  bo‘lgan  moddiy,  ashyoviy  holatni  yoki  predmetlarni 
tiklash yoxud ularni tanlash hodisada ishlatilgan predmetlarga o‘xshash 
bo‘lishi  lozimligidir.  Ba’zi  paytlarda  jinoyat  bo‘lgandan  so‘ng  hodisa 
sodir  bo‘lgan  joy  juda  katta  o‘zgarishlarga  uchragan  bo‘ladi  –  yo‘l, 
garchi  u  yerda  jinoyat  sodir  etilgan  bo‘lsa  ham,  ta’mirlangan  bo‘ladi, 
turar joydagi mebel, agar u yerda qotillik sodir bo‘lgan bo‘lsa, bir joydan 
boshqa  joyga  ko‘chirilgan  bo‘ladi,  o‘g‘irlik  bo‘lgan  joyda  yanada 
mustahkam  qulflar  o‘rnatilgan,  signalizatsiya  va  qo‘riqlash  vositalari 
qurilgan  bo‘ladi  va  hokazo.  Tajribalarni  bunday  o‘zgargan  sharoitlarda 
o‘tkazish  noto‘g‘ri  va  voqelikka  umuman  mutanosib  bo‘lmagan 
natijalarga olib keladi. Shu bois, eksperimentda maqsadga erishish qiyin 
kechadi. Bu holda tiklash harakatlarini amalga oshirish, ya’ni jinoyatdan 
avvalgi  holatni  vujudga  keltirish  kerak.  Tiklash  jarayonida  jinoyatdan 
avvalgi  dastlabki  holatini  yaratish,  zarur  bo‘lgan  predmet  va  qurollarni 
tiklash yoki ularni tanlash taqozo etiladi;  
 3)  tekshiriladigan  hodisada  qanday  harakatlar  qilingan  bo‘lsa, 
eksperimentda  xuddi  shunday  tajriba  harakatlari  o‘tkazilishi  kerak. 
Eksperimentni o‘tkazish vaqtida xatolarni bartaraf etish uchun tergovchi 
tekshiriladigan  harakatlar,  ularning  asosiy  sharoitlari  to‘g‘risida  barcha 
ahamiyatga  ega  ma’lumotlarni  bilishi  va  ularga  ega  bo‘lishi  lozim. 
Masalan, avtomashinaning to‘satdan chiqib qolgan obyektdan qanchalik 
uzoq  masofada  to‘xtatish  mumkinligini  aniqlash  bo‘yicha  eksperiment 

 
152 
o‘tkazganda,  markasini,  motori  va  tormozlash  qismining  holatini, 
yo‘lning  yuzalik  qismi  ta’rifini,  avtomashina  tekshiriladigan  jarayonda 
qanday tezlik bilan yurganligini, shuningdek, haydovchining mutaxassis-
ligini,  malaka  darajasini,  tajribasini,  yoshini,  ruhiy  va  jismoniy  holati 
kabilarni bilishi lozim. Ushbu taktik talabga to‘la rioya qilish maqsadida, 
tajribalar,  tajriba  harakatlari  tekshiriladigan  hodisada  sodir  etilgan 
harakatlar  qanday  amalga  oshirilgan  bo‘lsa,  ular  ham  aynan  shunday 
tarzda  amalga  oshiriladi  va  tajriba  harakatlarini  o‘tkazganda  aynan 
hodisada ishlatilgan vosita va usullar, predmetlar qo‘llaniladi yoki ularga 
o‘xshash vosita va predmetlar ishlatilishi mumkin; 
4)  eksperimentning  alohida  bosqichlarini  o‘tkazish  uchun  ularni 
o‘tkazish  tartibi  va  ketma-ketligini  belgilash  lozim.  Tergovchi  ekspe-
rimentni  o‘tkazishdan  avval,  unda  bo‘lgan  ma’lumotlarga  ko‘ra,  eksperi-
ment  bo‘yicha  o‘tkaziladigan  harakatlarning  ketma-ketligini  biladi  yoki 
taxmin qiladi. Eksperiment jarayonida olingan ma’lumotlar, agar voqelikda 
bo‘lgan  harakatlarning  ketma-ketligiga  rioya  qilingan  bo‘lsa,  voqelikka 
to‘g‘ri  bo‘ladi.  Ba’zi  holatlarda  qandaydir  hodisani  detalli  ravishda  aniq-
lash uchun uni tekshirish maqsadida, tajriba harakatlarini ma’lum bosqich-
larga bo‘lib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Har bir bosqichda olingan 
natijalarga  asosan  tergovchi  hodisa  to‘g‘risida  to‘liq  tushunchaga  ega 
bo‘ladi; 
5) tajriba harakatlari bir necha marotaba o‘tkazilishi lozim. Zaruriy 
tajribalarning soni tergovchi tomonidan belgilanadi va shunga asosan u 
barcha  hollarni  hisobga  olishi  lozim.  Tasodifiy  natijalarni  yo‘q  qilish 
maqsadida,  bir  turdagi  tajribalarni  bir  necha  marotaba  o‘tkazish  kerak. 
Tajribalarni  o‘tkazish  sharoitlari,  odatga  ko‘ra,  agar  hodisaning  qanday 
sharoitlarda  o‘tganligi  noaniq  bo‘lsa,  tekshiriladigan  hodisaning  sha-
roitlari biroz o‘zgartirilishi mumkin. Masalan, eksperiment agar odamni 
ko‘rish  va  tanib  olish  maqsadida  o‘tkazilsa,  yorug‘lik  holati  bo‘yicha 
obyekt qorong‘ulashtiriladi yoki yanada yorug‘ qilinadi. 
Eksperimentni  o‘tkazishning  taktik  shartlariga  belgilangan 
qatnashchilar doirasini, voqelikda bo‘lgan harakat me’yorini eksperiment 
jarayonida  o‘tkaziladigan  tajribalar  me’yoriga  to‘g‘ri  kelishini  ham 
qo‘shish mumkin. 
 
5-§. Eksperiment jarayoni va natijalarini qayd qilish 
 hamda ularga baho berish 
 
Eksperimentni  o‘tkazish  to‘g‘risida  bayonnoma  rasmiylashtiriladi 
va uning jarayoni hamda natijalari qayd qilinadi. Bayonnomaning tavsif 

 
153 
etish  qismida  uning  maqsadini,  sharoitlarini  va  qanday  holatda 
o‘tkazilganini,  uni  o‘tkazish  uchun  tashkiliy  choralarni,  eksperiment 
vaqtida  qanday  predmetlar  va  obyektlar  ishlatilganligini,  tajriba 
harakatlarining  mazmuni  va  ketma-ketligini  qayd  qilish  muhimdir. 
Shuningdek, eksperiment qanday natijalar berganligini ko‘rsatish kerak. 
Tergovchi  va  mutaxassis-kriminalist  eksperimentni  o‘tkazganda  rejalar, 
sxemalar, fotoga va videoga olish vositalaridan keng foydalanadi. 
Tergovchi eksperimentning natijalarini, tajribalarni har tomonlama 
to‘liq va obyektiv tahlil qilib, ish bo‘yicha barcha holatlarni hisobga olib, 
qonun  asosida,  huquqiy  ongiga  tayanib  va  ichki  ishonchiga  ko‘ra 
baholaydi.  O‘tkazilgan  tajribalar  voqelikda  bo‘lib  o‘tgan  harakatlarga 
qanchalik  mos  tushgan  bo‘lsa,  olingan  natijalar  shunchalik  to‘g‘ri 
bo‘ladi. 
Agar  tajribalar  asosida  olingan  natijalarga  ko‘ra,  harakatlarning 
obyektiv ravishda sodir etilishi va tekshiriladigan harakatlar haqiqatdan 
bo‘lganligi to‘g‘risida xulosa hosil qilingan bo‘lsa, eksperiment natijalari 
ijobiy  hisoblanadi.  Natijalarning  salbiy  xulosasi  tekshirilgan  harakatlar 
voqelikda bo‘lmaganligini ko‘rsatadi. 
Ma’lum  holatlarda  eksperimentni  qayta  o‘tkazish  zarur  bo‘lib 
qoladi.  Asosan  bunday  harakatlar  dastlabki  eksperimentda  tegishli 
protsessual  va  taktik  talablarga  rioya  qilinmaganligi  oqibatida  yoki 
olingan natijalar shubhali bo‘lganda amalga oshiriladi. 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

 
154 
 
Download 1.25 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling