Abu zakariyo yahyo ibn sharaf navaviy riyozus-solihiyn
Download 5.07 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- Foyda
- «Albatta, Qorun o‘zi Muso qavmidan edi. Bas, u
- «Albatta, kim
- «Ey mo‘minlar, agar sizlar Allohga yordam bersangizlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 128 xutbalarini to‘xtatib, men tomonga yurib keldilar. Keyin kursi keltirildi. Unga o‘tirib, Alloh o‘rgatgan narsalarni menga o‘rgatdilar. So‘ngra yana xutbalarini davom ettirib, unga yakun yasadilar. Imom Muslim rivoyatlari. Foyda: Rasulullohning (s.a.v.) o‘ta kamtarliklari va kishilarga din ishlarini ta’lim berishga harisliklari ma’lum bo‘ladi. 607/7. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) agar taom tanovul qilsalar, uchta barmoqlarini yalar edilar. Anas (r.a.) aytdilar: Rasululloh (s.a.v.) «Agar sizlardan birortangizning luqmasi tushib ketsa, uni tozalab yesin. Shaytonga (nasibasini) qoldirmasin», dedilar. Va yana laganni yalashni buyurib: «Chunki taomingizning barakasi qaerda ekanini bilmaysizlar», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 608/8. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Alloh taolo biror payg‘ambarni yuborgan bo‘lsa, albatta, barchalari qo‘y boqqan», deganlarida, sahobalari: «Siz ham boqqanmisiz?» deyishdi. Shunda u zot: «Ha, Makka ahlining qo‘ylarini bir qiyrot barobaridagi mablag‘ evaziga boqib berar edim», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. 609/9. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar hayvon pochasi yoki qo‘lini pishirib, meni mehmondorchilikka chaqirishsa, albatta borar edim. Agar hayvon pochasi yoki qo‘lini hadya qilishsa, uni qabul qilar edim», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. Foyda: Arzimas, ozgina narsa tayyorlab chaqirilsa tavozu’ qilib borish hamda ozgina narsa hadya qilinsa, uni qabul qilishga targ‘ib bor. 610/10. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohning (s.a.v.) Azbo nomli tuyalari bilan birorta tuya musobaqalasha olmas edi. Balki musobaqalashishga yaqinlasha olmasdi ham. Ittifoqo, bir a’robiy tuyasiga o‘tirib olib, Rasulullohning (s.a.v.) o‘sha tuyalaridan o‘zib ketdi. Bu voqe’a musulmonlarga og‘ir botdi. Rasululloh (s.a.v.) ularning xafa bo‘lganlarini bilib: «Dunyoda biror narsa baland bo‘lsa, Alloh uni pasaytirur», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. Foyda: Alloh taolo nazdida dunyoning haqirligi va dunyo ishlari mukammal bo‘lmasdan, noqis ekanligi anglashiladi. 72-BOB Kibr va manmansirashning haromligi Alloh taolo aytadi: «Biz o‘sha oxirat diyorini Yer yuzida zulmu zo‘ravonlik va buzg‘unchilik qilishni istamaydigan kishilar uchun qilurmiz. Oqibat taqvo qilguvchi kishilarnikidir» (Qasas surasi, 83-oyat). «Yer yuzida kibr-havo bilan yurmagin» (Isro surasi, 37-oyat). «Odamlardan (mutakabbirlik bilan) yuzingni o‘girmagin va yerda kibru havo bilan yurmagin. Chunki Alloh barcha kibr- havoli, maqtanchoq kimsalarni suymas» (Luqmon surasi, 18-oyat), «Albatta, Qorun o‘zi Muso qavmidan edi. Bas, u (qavmdoshlariga) kibru havo qildi. Biz unga xazina-dafinalardan kalitlari (ni ko‘tarib yurishning o‘zi) kuch- quvvat egalari bo‘lgan bir jamoatga ham og‘irlik qiladigan narsalarni ato etgan edik. O’shanda qavmdoshlari unga: «Hovliqmagin. Chunki Alloh hovliqma kimsalarni suymas», deb aytgan» (Qasas surasi, 76-oyat). 611/1. Abdulloh ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kimning qalbida zarra misqolicha kibr bo‘lsa, u jannatga kirmaydi», deganlarida, bir kishi: «Ba’zi kishilar borki, yaxshi kiyim va yaxshi poyafzal kiyishni yaxshi ko‘radi (bu amali ham Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 129 kibr-havoga kiradimi?)», deganida, u zot: «(Yo‘q, bu amali kibr emas). Albatta, Alloh ko‘rkamdir. Va ko‘rkamlikni yaxshi ko‘radi. Aslida kibr haq so‘zni rad etib, odamlarga past nazar bilan qarashdir», de dil ar. Imom Muslim rivoyatlari. 612/2. Salama ibn Akva’dan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida chap qo‘li bilan taom tanovul qildi. U zot: «O’ng qo‘lingda yegin», dedilar. Haligi kishi: «Bunga qodir emasman», dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Qodir ham bo‘lmagin, bundan faqat mutakabbirligi man qildi, xolos», dedilar. Shundan keyin haligi kishi (o‘ng) qo‘lini og‘ziga ko‘tara olmadi. Imom Muslim rivoyatlari. 613/3. Horisa ibn Vahbdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Sizlarga ahli do‘zax kimlar ekani haqida xabar beraymi? Ular qo‘pol, dag‘al, gerdayib yuruvchi mutakabbirlardir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 614/4. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Jannat va do‘zax martaba talashib xusumatlashishdi. Do‘zax: «Menda zolimlar, mutakabbirlar bo‘ladi», dedi. Jannat: «Menda zaif va miskinlar bo‘ladi», dedi. Alloh taolo ularning o‘rtasida hukm qildi va: «Ey jannat, sen Mening rahmatimdirsan. Men xohlagan bandamga sen bilan rahmat qilaman (ya’ni, senga uni kirgizaman). Ey do‘zax, sen Mening azobimdirsan. Men xohlagan bandamga sen bilan azob beraman (ya’ni, senga uni kirgizaman). Ikkovlaringizni to‘ldirish Mening zimmamdadir», dedi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 615/5. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Kiyimini takabburlik bilan sudrab yuruvchi kishilarga Alloh taolo Qiyomat kuni (rahmat nazari ila) qaramaydi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 616/6. Abu Hurayraradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Uch toifa kishilar borki, Alloh taolo Qiyomat kuni ular bilan gaplashmaydi va poklamaydi. Ularga (rahmat nazari ila) qaramaydi ham. Hamda ular uchun alamli azob bordir. 1) Zinokor qariya. 2) Yolg‘onchi podshoh. 3) Kambag‘al mutakabbir», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyatlari. 617/7. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: Alloh taolo: «Azizlik izorim, kibrlik esa ridoimdir (ya’ni bu ikki sifat menga xosdir). Kimki mening bu sifatlarim ustida men bilan nizo qilsa, uni azobimga giriftor qilaman», dedi. Imom Muslim rivoyatlari. 618/8. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Bir kishi o‘ziga mahliyo bo‘lib, chiroyli kiyinib, sochlarini tarab, mutakabbirlarcha qadam qo‘yib yurib ketayotgan edi, Alloh taolo u kishini yerga yutqizib yubordi. U kishi endi Qiyomat kunigacha yerga sho‘ng‘ib boradi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 619/9. Salama ibn Akva’dan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Kishi gerdayib yurishda bardavom bo‘ladi, hattoki, shafqatsiz zolimlar qatoriga yoziladi. Va ularga kelgan azob bu kishiga ham keladi», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari. Foyda: Kim o‘zini bir qavmga o‘xshatsa o‘shalar qatorida yoziladi. Hamda ularga yetgan azobga bu ham giriftor bo‘ladi. 73-BOB Husnu xulq haqida Alloh taolo: «Albatta, siz ulug‘ Xulq ustidadirsiz» (Qalam surasi, 4-oyat). «(U taqvodor zotlar)... g‘azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato- kamchiliklarini) avf etadigan kishilardir» (Oli-Imron surasi, 134-oyat), deb aytgan. 620/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) insonlarning eng xulqlisi edilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 130 621/2. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohning (s.a.v.) kaftlaridan mayinroq ipak ham, kimxob ham ushlamadim. Va yana Rasululloh (s.a.v.) hidlaridan xushbo‘yroq hidni topmadim. O’n yil Rasululloh (s.a.v.) xizmatlarida bo‘ldim. Shu vaqt mobaynida biror marta «uf» demadilar. Va biror qilib qo‘ygan ishimga «Nima uchun uni qilding» demadilar. Hamda biror qilmagan ishimga «Uni bundoq qilmadingmi?» deb aytmadilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 622/3. Sa’b ibn Jassomadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohga (s.a.v.) yovvoyi eshak hadya qilsam, u zot uni menga qaytarib berdilar. Qachonki yuzimdagi xafalikni ko‘rganlarida: «Agar ehromda bo‘lmaganimizda, uni senga qaytarmas edim», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 623/4. Navvos ibn Sam’ondan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohdan (s.a.v.) yaxshilik va yomonlik haqida so‘raganimizda, u zot: «Husnu xulq yaxshilikdir. Qalbing taraddudlanib, odamlar o‘sha qilgan ishingdan xabardor bo‘lishlarini karih ko‘rishing yomonlikdir», de dil ar. Imom Muslim rivoyatlari. 624/5. Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) badxulq ham, shaloq so‘zli ham emasdilar. Va yana: «Sizlarning yaxshilaringiz xulqi yaxshilaringizdir», derdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 625/6. Abu Dardodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Qiyomat kuni mo‘min bandaning tarozusida husnu xulqidan ko‘ra og‘irroq narsa yo‘qdir. Albatta, Alloh taolo uyatsiz so‘zlarni aytuvchi og‘zi shaloq kishilarga g‘azab qiladi», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari. 626/7. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohdan (s.a.v.) «Insonlarni jannatga ko‘p kirgizadigan amal qaysi?» deb so‘ralganida, u zot: «Allohga qilingan taqvo va husnu xulq», dedilar. Va yana u zotdan: «Insonlarni do‘zaxga ko‘p kirgizadigan amal qaysi?» deb so‘ralganida, u zot: « Og‘iz va jinsiy a’zolar orqali qilingan gunoh», deb aytdilar. Imom Termiziy rivoyatlari. Foyda: Taqvoli va chiroyli xulqli bo‘lishga targ‘ib bor. Hamda kufr, yolg‘on va zinodan ogohlantirish ham bor. Bu hadisda taqvo bilan chiroyli xulqning orasi jamlandi. Chunki taqvo, inson bilan Rabbisi orasini isloh qiladi. Chiroyli xulq esa, inson bilan boshqa insonlar orasini isloh qiladi. Va yana og‘iz bilan jinsiy a’zolar orasi jamlandi. Chunki, og‘izdan kufr kalimasi, g‘iybat va chaqimchilik kabi fahsh so‘zlar sodir bo‘ladi. Jinsiy a’zodan esa, zino sodir bo‘ladi. Bu ikki a’zo saqlanmasa, har turli balolarga sabab bo‘lib, do‘zax tomon olib borishi mumkin. 627/8. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Mo‘minlarning iymon jihatidan komili xulqi yaxshilaridir. Sizlarning yaxshilaringiz xotinlariga xushmuomalada bo‘lganlaridir», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari. 628/9. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Mo‘min kishi yaxshi xulqi bilan (kunduzlari) ro‘zador, (kechalari) bedor bo‘lganlarning darajasiga yetadi», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari. 629/10. Abu Umoma al-Bohiliydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari. 630/11. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Menga mahbublaringiz va qiyomat kunida majlis jihatidan yaqinlaringiz axloqi yaxshilaringizdir. Menga yomon ko‘rilganlaringiz va qiyomat kunida mendan uzoqlaringiz sergap-ezmalaringiz, axloqsiz so‘zlarni so‘zlovchilaringiz va mutafayqihlardir», dedilar. Shunda sahobalar: «Ey Rasululloh, sergap va axloqsiz so‘zlarni aytuvchini bildik. Ammo mutafayqihlar, Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 131 deganingiz kim?» deyishganida, Rasululloh (s.a.v.) «Mutakabbirlar», deb aytdilar. Imom Termiziy rivoyatlari. 74-BOB Halimlik, bosiqlik va muloyimlik haqida Alloh taolo: «(U taqvodor zotlar)... g‘azablarini ichga yutadigan, odamlarning (xato- kamchiliklarini) avf etadigan kishilardir. Alloh bunday yaxshilik qiluvchilarni sevadi» (Oli Imron surasi, 134-oyat). «(Ey Muhammad), marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring» (A’rof surasi, 199-oyat). «Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Siz (har qanday yomonlikni) eng go‘zal so‘zlar bilan daf qiling! (Shunda) banogoh siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq-sodiq do‘st kabi bo‘lib qolur. Unga (yomonlikni yaxshilik bilan daf qilish xislatiga) faqat sabr-toqatli zotlargina erishurlar, unga faqat ulug‘ nasiba egasigina erishur» (Fussilat surasi, 34-35-oyatlar). «Albatta, kim (o‘ziga yetgan ozor-aziyatlarga) sabr qilsa va (intiqom olmay Alloh uchun) kechirib yuborsa, shak-shubhasiz bu (ish) ishlarning maqsadga muvofig‘idir» (Sho‘ro surasi, 43-oyat), deb aytgan. 631/1. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Ashaj Abdulqaysga: «Senda ikki xislat bordir. Alloh o‘sha xislatingni yaxshi ko‘radi. 1. Halimlik. 2. Bosiqlik», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 632/2. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Albatta, Alloh taolo muloyimdir. Va har bir ishda muloyimlikni yaxshi ko‘radi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 633/3. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Albatta, Alloh taolo muloyimdir. Va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. Hamda qo‘pollik va bundan boshqa xislatlarga bermaydigan savobni unga beradi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 634/4. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Albatta, muloyimlik biror narsaga aralashsa, o‘sha narsani ziynatlaydi. Ammo uni ajratib olinsa, u aybli bo‘ladi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 635/5. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir a’robiy masjidga siyib yubordi. Odamlar uning ta’zirini berish uchun o‘rinlaridan turishganida, Rasululloh (s.a.v.): «Uni tek qo‘yinglar. Siygan joyiga bir paqir suv quyib yuboringlar. Albatta, sizlar oson etish uchun yuborilgansizlar. Qiyin qilish uchun yuborilmagansizlar», deb aytdilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. 636/6. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Oson qilinglar, qiyin qilib qo‘ymanglar. Xursandlik xabarini beringlar, qochirib yubormanglar», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 637/7. Jarir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kimki muloyimlikdan mahrum bo‘lsa, yaxshiliklarning barchasidan mahrum bo‘libdi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 638/8. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasulullohga (s.a.v.) «Ey Allohning Rasuli! Menga vasiyat qiling», deganida, u zot: «G’azab qilma», dedilar. Bu kishi bir necha marta so‘raganida ham Rasululloh (s.a.v.) «G’azab qilmagin», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. 639/9. Abu Ya’lo Shaddod ibn Avsdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Albatta, Alloh taolo har bir ish ustida yaxshi ish qilishni lozim etgan. Agar biror Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 132 (hayvonni) o‘ldirsangiz yoki so‘ysangiz, chiroyli qilib so‘yinglar. Va sizlardan biringiz so‘yadigan narsasini qiynamasdan pichog‘ini o‘tkirlab olsin», de dil ar. Imom Muslim rivoyatlari. 640/10. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohga (s.a.v.) qachon ikki ishning biri ixtiyor berilsa, agar unda gunoh bo‘lmasa, osonini tanlar edilar. Agar gunoh ish bo‘lsa, odamlarning undan eng uzog‘i bo‘lardilar. U zot o‘zlari uchun hech ham o‘ch olmasdilar. Bordiyu Alloh muhtaram qilgan narsa behurmat qilinsa, unda Alloh uchun o‘ch olardilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 641/11. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Sizlarga do‘zax harom kishini yoki do‘zax unga harom bo‘lgan kishining xabarini beraymi? U birodarlariga hojat vaqtida yaqin turadigan, tavozu’li va muloyim kishidir», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari. 75-BOB Kechirimli bo‘lib, johillardan yuz o‘girish haqida Alloh taolo: «(Ey Muhammad), marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring!» (A’rof surasi, 199-oyat), «Bas, (shunday ekan, ey Muhammad, siz johil kimsalarning yetkazayotgan ozor- aziyatlariga sabr-toqat qiling va ulardan) chiroyli yuz o‘girish bilan yuz o‘giring!» (Hijr surasi, 85-oyat), «Balki (ularni) avf qilib, kechirsinlar. Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizlarmi?» (Nur surasi, 22-oyat), «(U taqvodor zotlar)... odamlarning (xato-kamchiliklarini) avf etadigan kishilardir. Alloh bunday yaxshilik qiluvchilarni sevadi» (Oli Imron surasi, 134- oyat), «Albatta, kim (o‘ziga yetgan ozor-aziyatlarga) sabr qilsa va (intiqom olmay Alloh uchun) kechirib yuborsa, shak-shubhasiz bu (ish) ishlarning maqsadga muvofig‘idir» (Sho‘ro surasi, 43-oyat), deb aytgan. 642/1. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu onamiz Rasulullohga S: «Uhud kunidan tashqari sizning ustingizda boshqa yana qattiq kun bo‘lganmi?» deganlarida, Rasululloh (s.a.v.): «Ha, qavmingdan ozor yetdi. Bularning eng shiddatlisi Aqaba kuni ulardan yetgan ozordir. Men ibn Abduyolil ibn Abdukulolga o‘z da’vatimni taqdim qilganimda, u men xohlagan da’vatga quloq ham tutmadi. Shu alfozda xafa bo‘lib yo‘lga ravona bo‘ldim. Qarnussao’lib nomli yerga borganimda, o‘zimga kelib, boshimni ko‘tarsam, bir bulut ustimda soya bo‘lib turibdi. Qarasam, Jabroil alayhissalom turibdilar. Keyin u zot menga xitob qilib: «Albatta, Alloh taolo qavmingizning aytgan so‘zini va bergan raddiyalarini eshitdi. Hamda tog‘lar farishtasini xizmatingizga yubordi. Nima xizmatingiz bo‘lsa, buyuring, u bajaradi», dedilar. Keyin tog‘ farishtasi oldiga chaqirib, menga salom berdi. So‘ngra u: «Ey Muhammad, albatta, Alloh taolo qavmingiz sizga aytgan so‘zini eshitdi. Men tog‘ farishtasidirman. Alloh meni sizning xohlagan buyrug‘ingizni ro‘yobga chiqarish uchun yubordi. Agar xohlasangiz, ikki metin qoyani bir-biriga urayin, ular orasida qolib halok bo‘lishsin», dedi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Balki ularning pushti kamaridan Allohga biror narsani sherik qilmay, yakka Uning o‘ziga ibodat qiluvchi kishilar chiqib qolishi mumkin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 643/2. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) biror kishini yo xotinlarini yoki xodimlarini qo‘llari bilan urmadilar. Faqatgina Alloh yo‘lidagi jihodda qo‘llari bilan urdilar. Va yana biror kishi tomonidan o‘zlariga yetgan ozor uchun o‘ch olmadilar. Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 133 Faqatgina Alloh muhtaram qilgan narsa behurmat qilinsa, Alloh uchun o‘ch olardilar. Imom Muslim rivoyatlari. 644/3. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Men Rasululloh (s.a.v.) bilan birga ketayotgan edim. U zotning ustlarida hoshiyasi yo‘g‘on najroniy choponlari bor edi. Bir a’robiy u zotga yetib olib, haligi choponlaridan qattiq tortdi. Men u zotning bo‘yin tomonlariga qarasam, a’robiy choponlarini qattiq tortganidan hoshiyasining izi tushib qolibdi. Keyin u a’robiy: «Ey Muhammad, huzuringdagi Allohning mollaridan menga ham ber», dedi. Rasululloh (s.a.v.) uning bu muomalasiga kulib qo‘ydilar. Va keyin unga biror narsa berib yuborishni buyurdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 645/4. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohni (s.a.v.) ko‘rib turgandekman. U zot nabiylardan biri haqida (Allohning ularga salavoti, salomlari bo‘lsin) hikoya qilib: «U nabiyni qavmi urib, yuzlarini qonatib yubordi. U nabiy esa yuzlaridan qonni artib: «Allohim, qavmimni kechirgin. Chunki ular bilmasdan ozor berishdi», dedi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 646/5. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kurashda kuch bilan yengadigan odam kuchli emas, balki jahli chiqqanida g‘azabini bosib olgan kishi kuchlidir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 76-BOB Boshqalardan yetgan ozorlarga chidamli bo‘lish haqida Alloh taolo: «(U taqvodor zotlar)... g‘azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato- kamchiliklarini) avf etadigan kishilardir. Alloh bunday yaxshilik qiluvchilarni sevadi» (Oli Imron surasi, 134-oyat). «Albatta, kim (o‘ziga yetgan ozor-aziyatlarga) sabr qilsa va (intiqom olmay Alloh uchun) kechirib yuborsa, shak-shubhasiz bu (ish) ishlarning maqsadga muvofig‘idir» (Sho‘ro surasi, 43-oyat), deb aytgan. 647/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelib, «Ey Allohning rasuli, mening qarindoshlarim bor. Ularga silai rahm qilsam ham, aloqani uzishaveradi. Ularga yaxshilik qilsam ham, yomonlik qilishaveradi. Ularga halimlik qilsam ham, johillik qilishaveradi», deganida, u zot: «Agar aytganing rost bo‘lsa, ularning og‘izlariga issiq kulni solgan bo‘lasan. Modomiki, mana shu holatda bo‘lar ekansan, Alloh tomonidan bir madadkor ularning ziddiga sen bilan birga bo‘ladi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 77-BOB Shariat hurmat etgan narsalar behurmat qilinganida g‘azablanish va Allohning diniga yordam berib, himoya etishning fazilati to‘g‘risida Alloh taolo: «Kim Alloh harom qilgan narsalarni hurmat (rioya) qilsa, bas, bu Parvardigori nazdida o‘zi uchun yaxshidir» (Haj surasi, 30-oyat). «Ey mo‘minlar, agar sizlar Allohga yordam bersangizlar (ya’ni Uning yo‘lida jihod qilsangizlar), U zot ham sizlarga yordam berur va (jang maydonida) qadamlaringizni sobit-barqaror qilur» (Muhammad surasi, 7-oyat), deb aytgan. 648/1. Abu Mas’ud Uqba ibn Amr al-Badriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelib: «Men falon kishi uzun qiroat qilgani uchun Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 134 bomdoddan ortda qolaman», dedi. Rasulullohning (s.a.v.) o‘sha kungi g‘azablanganlaridek birorta mav’izada jahlilari chiqqanini ko‘rmaganman. Rasululloh (s.a.v.) «Ey insonlar! Sizlarning ba’zilaringiz odamlarni jamoatdan qochirar ekansizlar. Bundan keyin sizlardan qaysi biringiz imomlik qiladigan bo‘lsa, namozini qisqa qilsin. Chunki uning orqasida keksa yoshlilar, kichik yoshlilar va hojatmandlar bordir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 649/2. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Men tokchalarimdan biriga yupqa parda tutib qo‘ygan edim. Uning suratlari bor edi. Rasululloh (s.a.v.) safardan kelib, nogahon unga ko‘zlari tushib qolib, yirtib tashladilar. Va (g‘azablari kelganidan) yuzlari o‘zgarib ketdi. Va u zot: «Ey Oisha, Qiyomat kuni Allohning huzurida hammadan ko‘p azoblanadigan kishi bir narsani yaratishda o‘zlarini Allohga o‘xshatgan kishilardir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 650/3. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Maxzumiya qabilasidagi bir ayolning o‘g‘irlik qilgani qurayshliklarni g‘amga solib qo‘ydi. Shunda ular: «Kim Rasululloh (s.a.v.) bilan (u ayol jazosining ijro etilmasligi haqida) gaplashadi?» deyishganda, ba’zilari: «Usoma ibn Zayd borib gaplashadi. Chunki uni Rasululloh (s.a.v.) yaxshi ko‘radilar», deyishdi. Bas, Usoma (r.a.) shafe’lik qilib, bu haqda Rasululloh (s.a.v.) bilan gaplashganlarida, u zot (s.a.v.) «Allohning hadlaridan bo‘lgan bir hadda, ya’ni jazosida shafe’lik qilasanmi?» dedilar-da, o‘rinlaridan turib, quyidagicha xutba aytdilar: «Sizlardan oldingi ummatlarning halok bo‘lishlariga sabab, oralarida ulug‘ bir kishi o‘g‘irlik qilib qo‘ysa, jazoni tark qilishar, zaif, oddiy odam o‘g‘irlik qilsa, had (jazo) ijro etishar edi. Alloh nomiga qasamki, Muhammad qizi Fotima o‘g‘irlik qilsa, uning qo‘lini kesar edim», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 651/4. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) masjidning qibla tomonida balg‘am ko‘rib qoldilar. Bu narsa u zotga juda og‘ir botdi. Hattoki uning asorati yuzlarida ko‘rindi. Bas, o‘rinlaridan turib, uni qo‘llari bilan ishqab ketkazdilar-da: «Sizlardan birortangiz namozda turadigan bo‘lsa, u namozda Rabbisiga murojaat qiladi. Rabbisi esa u bilan qibla orasida bo‘ladi. Shundoq ekan, sizlardan birortangiz qibla tomonga tupurmasin. Balki chap tomoniga yoki qadami ostiga tupursin», deb, keyin choponlarining bir tomoniga tupurdilar-da, uni bir-biriga ishqab: «yoki mana shundoq qilsin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Download 5.07 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling