Al-Azkor min kalami sayyidil abror


Download 5.11 Kb.

bet13/38
Sana10.02.2017
Hajmi5.11 Kb.
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   38

www.ziyouz.com kutubxonasi 
101
shifo ber, Sen shifo beruvchisan. Sening shifoingdan boshqa shifo yo’q. Sen bergan shifo 
birorta ham kasallik qoldirmaydi.) Buxoriy va Muslim rivoyatlari 
 
Boshqa rivoyatda: «Ey insonlar Rabbi, kasallikni ketkaz. Shifo Seni qo’lingda, sendan 
boshqa uni ochuvchi yo’q», deyilgan. 
 
349/4. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot Sobitga (r.a.): «Rasululloh dam solib 
o’qiydiganlari bilan dam solaymi?» deb quyidagilarni aytdilar: «Allohumma robban nas, 
muzhibal ba`si ishfi anta shafiy, la shafiya illa anta shifa`a la yug’odiru saqoma». 
(Ma’nosi: Allohim, Sen insonlarning rabbisan, qiyinchiliklarni ketkaz, shifo ber, Sen shifo 
beruvchisan. Sening shifoingdan boshqa shifo yo’q. Sen bergan shifo birorta ham 
kasallik qoldirmaydi.) Imom Buxoriy rivoyatlari 
 
350/5. Usmon ibn Abul Osiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. U zotga kasallik yetganidan 
Rasulullohga shikoyat qildilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u zotga: 
«Og’riyotgan yeringga qo’lingni qo’y, «Bismilloh»ni uch marta aytib: 
 
«A’uzu bi’izzatillahi va qudrotihi min sharri ma ajidu va uhaziru», deb yetti marta o’qi», 
dedilar. (Ma’nosi: Allohning izzati va qudrati ila o’zimda topadigan va hazar qiladigan 
narsaning yomonligidan panoh tilayman.) Imom Muslim rivoyatlari 
 
351/6. Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam kasalligimda meni ko’rgani kirib:  
 
«Allohumma ishfi Sa’dan, Allohumma ishfi Sa’dan, Allohumma ishfi Sa’dan» (Sa’dga 
shifo ber), deb aytdilar». Imom Muslim rivoyatlari 
 
352/7. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim 
kasal ko’rgani borganida, agar ajali yetmagan bo’lsa, uning huzurida yetti marta:  
 
«As`alullohal ‘aziym robbal ‘arshil ‘aziym an yashfiyaka», desa, Alloh taolo uni kasalidan 
xalos qiladi», dedilar. (Ma’nosi: Ulug’ Allohdan, buyuk arsh Rabbidan senga shifo 
berishini so’rayman.) Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari 
 
353/8. Abdulloh ibn Amr ibn Osdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam: «Agar bir kishi bemorning ziyoratiga kelsa:  
 
«Allohumma ishfi ‘abdaka yankau laka ‘aduvvan av yamshiy laka ila solatin», deb 
aytsin», dedilar. (Ma’nosi: Ey Rabbim, Sening dushmaningga zarba beruvchi yoki Sen 
uchun namozga yuruvchi kishiga shifo ber.) Abu Dovud rivoyatlari 
 
354/9. Ali (r.a.) aytadilar: «Men kasalimdan shikoyat qilib: «Ey Rabbim, agar ajalim 
yaqinlashgan bo’lsa, meni rohatlantir, agar ajalimni kechiktirgan bo’lsang, mendan 
kasallikni ko’tar. Agar balo keltirgan bo’lsang, menga sabr ber», deb aytayotganimda, 
nogahon oldimdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’tib qoldilar. Va: «Nima 
deding?» deb so’radilar. Men aytganlarimni takrorladim. U zot oyoqlari bilan meni turtib: 
«Yo’q,  
 
«Allohumma ‘afihi» yoki «Allohumma ishfihi» (Ey Rabbim, ofiyatda qil yoki shifo ber), 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
102
deb ayt», dedilar. Men ana shu kundan keyin kasallikdan shikoyat qilmadim». Imom 
Termiziy rivoyatlari 
 
355/10. Abu Said Xudriy va Abu Hurayralardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh 
sollallohu alayhi vasallam: «Kim:  
 
«La ilaha illallohu vallohu akbar» (Allohdan boshqa iloh yo’q, Alloh ulug’dir), desa, 
Parvardigor uni tasdiqlab, «Mendan boshqa iloh yo’q, Men ulug’man», deydi. Kim:  
 
«La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah», desa, Parvardigor: «Mendan boshqa iloh 
yo’q, Mening sherigim ham yo’q», deydi. Agar banda:  
 
«La ilaha illallohu lahul mulku va lahul hamd», desa, Parvardigor: «Men ilohman, mulk 
Meniki, hamd ham Men uchun», deydi. Agar banda:  
 
«La ilaha illallohu va la havla va la quvvata illa billah», desa, Parvardigor: «Men 
ilohman, o’zgartirish ham, quvvat ham faqat Mendadir», deydi. Kim mana shu 
kalimalarni kasalligida aytib, so’ngra vafot etsa, unga do’zax o’ti tegmaydi», dedilar. 
Termiziy va Ibn Mojalar rivoyati 
 
356/11. Abu Said Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Jabroil (a.s.) Rasululloh huzurlariga 
kelib: «Ey Rasululloh, tobingiz yo’qmi?» deb so’radilar. Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam: «Ha», deb javob berganlarida, Jabroil (a.s.):  
 
«Bismillahi urqiyka, min kulli shay`in yu`ziyka, min sharri kulli nafsin av ‘aynin hasidin, 
Allohu yashfiyka, bismillahi urqiyka», deb aytdilar. (Ma’nosi: Allohning ismi ila dam 
solaman. Har bir aziyat beruvchi narsadan, har bir nafsning yomonligidan yoki hasad 
qiluvchi ko’zdan Alloh sizga shifo bersin. Allohning ismi bilan sizga dam solaman.) Imom 
Muslim, Termiziy, Nasoiy, Ibn Moja rivoyatlari 
 
357/12. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir 
a’robiyni kasalligida ko’rgani kirdilar. Agar kasal ko’rgani kirsalar, 
 
 «La ba`sa tohurun inshaalloh» (Zarari yo’q, inshaalloh, bu kasallik seni poklaydi), deb 
aytish u zot sollallohu alayhi vasallamning odatlari edi. Buxoriy rivoyatlari 
 
358/13. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir a’robiy isitma chiqarib yotganida, Rasululloh 
sollallohu alayhi vasallam uni ko’rgani kirib: «Bu kasallik gunohlarga kafforat bo’luvchi 
va poklovchidir», dedilar. Ibn Sunniy rivoyatlari 
 
359/14. Abu Umomadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 
«Kasalni ziyorat qilish uning peshonasiga qo’lni qo’yish yoki qo’lini ushlab, ahvoli nechuk 
ekanini so’rash bilan mukammal bo’ladi», dedilar. Termiziy rivoyatlari 
 
Ibn Sunniyning rivoyatlarida: «Kasal ko’rishning mukammalligi kasalga qo’lni qo’yib 
turib: «Qanday tong ottirding?» yoki «Nechuk kechlatding?» deb aytishdir», deyiladi. 
 
360/15. Salmon (r.a.) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni 
kasalligimda ko’rgani kirib: «Ey Salmon: 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
103
 
«Shafallohu saqomaka va g’ofaro zanbaka va ‘afaka fiy diynika va jismika ila muddati 
ajalika», dedilar». 
(Ma’nosi: Alloh senga shifo berib, gunohingni kechirsin. Ajaling kelgunicha jisming va 
diningni ofiyatda qilsin.) Ibn Sunniy rivoyatlari 
 
361/16. Usmon ibn Affon (r.a.) rivoyat qiladilar: «Men kasal bo’lganimda, Rasululloh 
sollallohu alayhi vasallam menga panoh tilardilar. Bir kuni:  
 
«Bismillahir rohmanir rohiym. U’iyzuka billahil ahadis somad, allaziy lam yalid va lam 
yulad va lam yakullahu kufuvan ahad. Min sharri ma tajidu», deb menga panoh tiladilar. 
Buni aytib bo’lganlaridan keyin tik turib: «Ey Usmon, mana shu kalimalar bilan panoh 
tila, boshqasi bilan ulardek panoh tilay olmaysan», dedilar». (Ma’nosi: Yakka, behojat, 
tug’magan, tug’ilmagan va biror tengi yo’q Alloh nomi ila yetadigan narsaning 
yomonligidan panoh tilayman.) Ibn Sunniy rivoyatlari 
 
 
100-bob. Kasalning oilasiga va unga xizmat qilayotganlarga kasalga yaxshi 
qarashni va qiyinchiliklarga sabr etishni nasihat qilishning mustahabligi 
 
362/1. Imron ibn Husayndan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 
huzurlariga Juhayna qabilasidan zinodan homilador bo’lgan bir ayol kelib: «Ey 
Rasululloh, menga had urish lozim bo’lib qoldi. Uni menga qoim qiling», dedi. Rasululloh 
sollallohu alayhi vasallam uning voliyini chaqirdilar. «Unga chiroyli muomala qil va 
homilasini tug’ib bo’lganidan keyin olib kel», dedilar. Xotin tuqqanidan keyin uni 
keltirishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u ayolning ko’ylagini mahkam 
bog’lashni, so’ng toshbo’ron qilishni buyurdilar. Bu ishlardan keyin unga janoza namozini 
o’qidilar. Imom Muslim rivoyatlari 
 
 
101-bob. Bosh og’rig’i, isitma va boshqa og’riqlarga aytiladigan duo 
 
363/1. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh alay-hissalom barcha 
kasalliklarga va isitma chiqqanida:  
 
«Bismillahil kabiyr, na’uzu billahil ‘aziym, min sharri ‘irqin na’’ar, va min sharri harrin 
nar», deb aytishni o’rgatar edilar. (Ma’nosi: Buyuk Allohning ismi bilan boshlayman. 
Ulug’ Allohning nomi ila tomirdan shovullab oquvchi qonning yomonidan va do’zax 
o’tining yomonidan panoh tilayman.) Ibn Sunniy rivoyatlari  
 
 
102-bob. Bemorning: «Kasalim qattiq» yoki «Og’rig’im kuchli» yoki «Voy, 
boshim», deyishi, g’azablanish va sabrsizlik ko’rinishida bo’lmasa, joizligi 
haqida 
 
 364/1. Abdulloh ibn Ma’sud (r.a.) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 
huzurlariga kirsam, og’riqlari kuchayayotgan ekan. U zotni ushlab turib: «Ey Rasululloh, 
qattiq og’riyapsizmi?» dedim. «Ha, men sizlardan ikki kishiga beriladigan og’riq bilan 
kasallanaman», dedilar Nabiy alayhissalom». Buxoriy va Muslim rivoyatlari 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
104
 
365/2. Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a.) rivoyat qiladilar: «Qattiq kasal bo’lib yotganimda, 
Rasululloh (s.a.v) meni ko’rgani kirdilar. «Ey Rasululloh, ko’rib turganingizdek, badavlat 
kishiman. Bitta qizimdan boshqa merosxo’rim yo’q», dedim...» Imom Buxoriy va Muslim 
rivoyatlari 
 
366/3. Qosim ibn Muhammaddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Oisha (r.a.): «Voy, boshim!» 
deganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo’q, mening boshim og’riyapti», 
dedilar. Hadisning mana shu lafzi mursaldir. Imom Buxoriy rivoyatlari 
 
 
103-bob. Zarar yetganida o’limni orzu qilishning karohiyati, faqat diniga fitna 
bo’lishidan qo’rqsagina, uni orzu qilish joizligi 
 
367/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan 
birortangizga zarar yetsa, o’limni orzu qilmasin. Agar iloji bo’lmasa:  
 
«Allohumma ahyiniy ma kanatil hayatu xoyron liy va tavaffaniy iza kanatil vafatu xoyron 
liy», deb aytsin», dedilar. (Ma’nosi: Allohim, agar mening hayotda yashashim yaxshi 
bo’lsa, meni tirik qoldir. Agar vafotim yaxshi bo’lsa, meni vafot ettir.) Buxoriy va Muslim 
rivoyatlari 
 
 
104-bob. Muqaddas shaharlarda o’lishni so’rashning mustahabligi 
 
368/1. Hafsa binti Umar (r.a.) rivoyat qiladilar: «Umar (r.a.):  
 
«Allohumma urzuqniy shahadatan fiy sabiylika vaj’al mavtiy fiy baladi rosulika sollallohu 
alayhi vasallam» (Allohim, meni o’zingning yo’lingda shahidlik bilan rizqlantir va 
rasulingning shahrida vafot topdir), deb duo qildilar. Shunda: «Bu qandoq bo’ladi?» 
dedim. Umar (r.a.): «Agar Alloh xohlasa, bo’ldiradi», dedilar». Buxoriy rivoyatlari  
 
 
105-bob. Kasalni shod qiladigan so’zlar aytish mustahabligi  
 
369/1. Abu Said Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v): «Kasal huzuriga 
kirsanglar, uning ajali haqida taskin beruvchi gaplarni aytinglar. U gap ajalini qaytara 
olmasa ham, nafsiga xotirjamlik berib, xursand qiladi», dedilar. Termiziy va Ibn Mojalar 
zaif isnod bilan rivoyat qilishgan.  
 
 
106-bob. Kasalni yaxshi amallari bilan maqtash, unda xavf ko’rsa, uni 
ketkazish, Allohga bo’lgan gumonini yaxshilash to’g’risida 
 
370/1. Ibn Abbos (r.a.) Umar ibn Xattobga (r.a.) suiqasd qilinganida, u zotga tasalli 
beraturib: «Ey Mo’minlar amiri, bu hammasi emas. Siz Rasulullohning chiroyli 
suhbatlarida bo’lgansiz. U zot sizdan rozi holatda dunyodan ketdilar. Keyin Abu Bakrning 
(r.a.) chiroyli suhbatlarida bo’ldingiz. Bu zot ham sizdan rozi holatda dunyodan o’tdilar. 
Keyin musulmonlar bilan chiroyli suhbatda bo’ldingiz. Agar dunyodan ketsangiz, albatta, 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
105
ular ham sizdan rozidirlar...» deganlarida, Umar (r.a.): «Ana shu Allohning menga 
bergan ne’matidir», deb aytdilar. Imom Buxoriy rivoyatlari 
 
371/2. Ibn Shumosa (r.a.) aytadilar: «Biz Amr ibn Os (r.a.) huzurlarida edik. U zot o’lim 
to’shagida edilar, yuzlarini devor tomonga qaratib, uzoq yig’lardilar. Shunda o’g’illari: 
«Ey otajon, Rasululloh sizga undog’-bundog’ deb bashorat qilmaganlarmi?» deganlarida, 
yuzlarini burib: «Biz hozirlaydigan eng afzal narsa «La ilaha illallohu va anna 
Muhammadar rasululloh» shahodatidir», dedilar». Imom Muslim rivoyatlari 
 
372/3. Qosim ibn Muhammad ibn Abu Bakrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Oisha (r.a.) kasal 
bo’lib qoldilar. Shunda Ibn Abbos (r.a.) kelib: «Ey mo’minlar onasi, siz, Rasululloh va 
otangiz Abu Bakrga yetishishda (ya’ni, havzga erishishda) avvalgilardan bo’ldingiz», 
dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari 
 
Ibn Abu Mulaykaning rivoyatlarida esa, quyidagicha aytiladi: «Ibn Abbos (r.a.) 
Oishaning (r.a.) o’limlaridan oldin, zaiflashib turganlarida huzurlariga kirishga izn 
so’radilar. Oisha onamiz: « Meni maqtashlaridan qo’rqaman», dedilar. Shunda: 
«Musulmonlar nomidan Rasululloh amakilarining o’g’illari», deyildi. «U zot izn 
beringlar»? dedilar. Ibn Abbos: «O’zingizni qanday his qilyapsiz?» deb so’radilar. Oisha 
onamiz: «Agar taqvoda bo’lsam, juda yaxshi his qilyapman», dedilar. Shunda Ibn 
Abbos: «Inshaalloh, sizga yaxshi bo’ladi, chunki siz Rasulullohning xotinlarisiz. U zot 
sizdan boshqa qizga uylanmaganlar, bundan tashqari, sizga osmondan avf-uzr 
tushgan», deb yaxshi xislatlarini zikr qildilar». 
 
 
107-bob. Kasalning ishtahasini keltiradigan narsa to’g’risida 
 
373/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kasal kishini 
ko’rgani kirib: «Ko’ngling biror narsa tusayaptimi? Biron narsa yeyishni xohlaysanmi?» 
deb so’radilar. U kishi: «Ha», deb javob berdi. Rasululloh (s.a.v) so’ngra bir yegulik 
keltirishni buyurdilar. Ibn Moja va Ibn Sunniy zaif isnod bilan rivoyat qilishgan. 
 
374/2. Uqba ibn Omirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhissalom: 
«Bemorlaringizga ovqat va ichimlikni majburlamanglar. Chunki Allohning o’zi ularni 
yedirib-ichirib turadi», dedilar. Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari 
 
 
108-bob. Ziyoratga kelganlar kasaldan duo qilishini so’rash xususida 
 
375/1. Maymun ibn Mahrondan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam: «Agar kasalning oldiga kirsang, haqingga duo qilishini so’ra. Chunki ularning 
duolari xuddi farishtalarning duosiga o’xshaydi», dedilar. Ibn Moja va Ibn Sunniy 
rivoyatlari 
 
 
109-bob. Kasal kishi tuzalgandan keyin o’zini o’nglashi va Allohga tavba 
qilishni ahd etganidan keyin unga vafo qilishi xususida 
 
Alloh taolo: «Ahdga vafo qilinglar. Zero, ahd (qiyomat kuni) mas’ul bo’linadigan 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
106
ishdir» (Isro surasi, 34-oyat); «Ahdlashganlarida ahdlariga vafo qiluvchilar...» 
(Baqara surasi, 177-oyat), deb aytgan. 
 
376/1. Xavvot ibn Jubayr (r.a.) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 
kasalligimda meni ko’rgani kirib: «Ey Xavvot, jisming sog’aysin», dedilar. Men esa: 
«Sizning jismingiz ham, ey Rasululloh», deb aytdim. Rasululloh: «Va’dangda Allohga 
vafo qil», dedilar. Men: «Allohga hech narsa va’da qilmadim», dedim. Rasululloh (s.a.v): 
«Banda kasal bo’lsa, so’ng Alloh unga yaxshilik keltiradi, Unga bergan va’dangga vafo 
qil», dedilar». Ibn Sunniy rivoyatlari 
 
 
110-bob. O’lim yaqinlashganda aytiladigan narsalar 
 
377/1. Oisha (r.a.) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o’limlari 
yaqinlashgan edi. Oldlarida bir qadahda suv bor edi. Unga qo’llarini tiqdilar, so’ng suvini 
yuzlariga surtib:  
 
«Allohumma a’inniy ‘ala g’omarotil mavti va sakarotil mavt», deb aytdilar». (Ma’nosi: 
Allohim, o’lim shiddati va o’lim talvasasida menga yordam ber.) Termiziy va Ibn Moja 
rivoyatlari 
 
378/2. Yana Oisha onamiz (r.a.) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga 
suyanib turib:  
 
«Allohummag’firli varhamniy va ‘alhiqniy birrofiqil a’la», deganlarini eshitdim». (Ma’nosi: 
Allohim, meni mag’firat qil va menga rahm et. Meni Oliy do’st bilan qovushtir.) Buxoriy 
va Muslim rivoyatlari 
 
O’limi yaqinlashgan kishi Qur’on tilovat qilishi va zikrlarni ko’paytirishi mustahabdir. 
Ammo besabrlik ko’rsatish, noo’rin harakatlar qilish, birov bilan so’kishish, 
xusumatlashish va tortishish karih ko’rilgan amallar. Kishi qalbi va tili bilan Allohga 
shukr etishi, umrining so’nggi daqiqalarini yaxshilik bilan xotimalashga harakat qilib, bor 
zehnini sarflashi va tirishishi, shuningdek, Allohga nisbatan yaxshi gumonda bo’lishi, 
ya’ni, Allohning unga rahm qilishiga umid bog’lashi va ahliga sabr etishlarini, vafot etsa, 
yig’lamasliklarini, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo’lgan: «O’lik o’z ahli 
yig’isi sababli azoblanadi», deyilgan sahih hadisni eslatishi hamda vafotidan keyin 
do’stlariga yaxshilik qilishni va janozada odat tusiga kirib qolgan bid’atlardan 
chetlanishni vasiyat qilishi lozim.  
 
379/3. Muoz ibn Jabaldan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 
«Kimning oxirgi kalomi «La ilaha illalloh» bo’lsa, jannatga kiradi», dedilar. Abu Dovud 
rivoyatlari 
 
380/4. Abu Hurayra va Abu Said Xudriylar (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu 
alayhi vasallam o’lim to’shagida yotganlarga «La ilaha illalloh»ni aytib turishni 
buyurdilar». Imom Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy rivoyatlari 
 
Ulamolar: «Agar «La ilaha illalloh»ni ayta olmasa, ana shu yerda hozir bo’lganlar 
muloyimlik bilan ohista aytib turiladi», deyishgan. 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
107
 
 
111-bob. O’lgan kishining ko’zini yumgandan keyin aytiladigan zikrlar 
 
381/1. Ummu Salamadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 
Abu Salamaning oldiga kirganlarida, u zot vafot etib, ko’zlari ochiq qolgan edi. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning ko’zlarini yumib qo’ydilar. So’ngra: «Agar ruh 
olinsa, ko’z unga ergashadi», dedilar. Abu Salamaning ahllaridan bo’lgan kishilar baland 
ovoz ila qichqirib yuborishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O’zingizga duo 
qilayotganingizda, faqat yaxshilik so’ranglar, chunki farishtalar aytayotgan narsangizga 
omiyn, deb turishadi», deb quyidagi duoni o’qidilar:  
 
«Allohummag’fir liabiy Salamata varfa’ darojatahu fil mahdiyyiyna vaxlufhu fiy ‘aqibihi fil 
g’obiriyna vag’firlana va lahu ya robbal ‘alamiyn vafsah lahu fiy qobrihi va navvir lahu 
fiyhi». (Ma’nosi: Allohim, Abu Salamani mag’firat qil. Uning darajasini hidoyat topganlar 
qatoriga ko’tar. Orqasida qolganlarga O’zing uning o’rnini bos. Ey olamlar Rabbi, uni va 
bizni mag’firat qil. Uning qabrini keng qil, nurga to’ldir.) (Bu duoni o’qiyotganda «Abu 
Salama»ning o’rniga o’lgan kishining ismi aytiladi.) Muslim rivoyatlari 
 
382/2. Ulug’ tobe’inlardan biri Bakr ibn Abdulloh: «Agar mayyitning ko’zini yopib 
qo’ysang:  
 
«Bismillahi va ‘ala millati rosulillah», deb ayt. Agar ko’tarsang, «Bismillah», de. Agar 
ko’tarishda yana davom etsang, tasbih ayt», deydilar. Bayhaqiy rivoyatlari 
 
 
112-bob. Mayyitning huzurida aytiladigan zikrlar 
 
383/1. Ummu Salama onamiz (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam: «Agar kasal yoki mayyitning oldida hozir bo’lsangiz, faqat yaxshi gapni 
aytinglar. Chunki farishtalar aytayotgan narsangizga omiyn, deb turishadi», dedilar. Abu 
Salama vafot etganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kirib: «Ey 
Rasululloh, Abu Salama vafot etdi», dedim, u zot:  
 
«Allohummag’firliy va lahu va a’qibniy minhu ‘uqba hasana» (Allohim, meni va uni 
mag’firat qil hamda menga undan yaxshisini qoldir), deb ayt», dedilar. Men shu duoni 
aytganimda, Alloh taolo menga erimdan ham afzal Rasulullohni berdi (ya’ni, meni 
nikohlariga oldilar)». Imom Muslim rivoyatlari 
 
384/2. Ma’qal ibn Yasordan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 
«O’liklaringizga Yosin surasini o’qinglar», dedilar. Abu Dovuddan boshqalar bu hadisni 
zaif sanashgan. Chunki sanadida ikkita noaniq kishi bor. 
 
 
113-bob. Kishining yaqini vafot etganida aytiladigan zikrlar 
 
385/1. Ummu Salama onamiz (r.a.) aytadilar: «Rasululloh alayhissalom: «Biror bandaga 
musibat yetganida:  
 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
108
«Inna lillahi va inna ilayhi roji’un, Allohumma ajurniy fiy musiybatiy vaxlufliy xoyrom 
minha» (Biz Allohnikimiz va Allohga qaytuvchimiz. Ey Rabbim, musibatimda ajr qil va 
menga undan yaxshirog’ini ber), deb aytsa, Alloh taolo musibatiga ajr berib, undan 
yaxshisini ato etadi», dedilar. Erim Abu Salama vafot etganida, Rasululloh 
buyurganlaridek, o’sha duoni aytdim. Alloh taolo erim Abu Salamadan ham yaxshirog’iga 
– Muhammad alayhissalomning nikohlariga musharraf qildi». Imom Muslim rivoyatlari 
 
386/2. Yana Ummu Salamadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam: «Agar sizlarning birortangizga musibat yetsa:  
 
«Inna lillahi va inna ilayhi roji’un. Allohumma ‘indaka ahtasibu musiybatiy faajurniy fiyha 
va abdilniy biha xoyrom minha», deb aytsin», dedilar. (Ma’nosi: Biz Allohnikimiz va 
Allohga qaytuvchimiz. Ey Rabbim, musibatimga seni huzuringdan savob umid qilaman. 
Menga musibatimda ajr ber va uni undan yaxshirog’iga almashtir.) Abu Dovud 
rivoyatlari 
 
387/3. Abu Muso Ash’ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam: «Agar biror bandaning farzandi vafot etsa, Alloh taolo farishtalariga: 
«Bandamning farzandi ruhini oldinglarmi?» deydi. «Ha», deb javob berishadi ular. 
«Qalbining mevasini qabz qildinglarmi?» deydi so’ng. «Ha», deb javob berishadi yana. 
«Bandam nima dedi?» deb so’raydi Alloh taolo. Farishtalar: «Senga hamd va istirjo’ 
(inna lillahi va inna ilayhi roji’un, deb) aytdi», deyishadi. Shunda Alloh taolo: «Bandam 
uchun jannatda bir uy quringlar va uning hamd uyi, deb atanglar», deydi», dedilar. 
Termiziy rivoyatlari 
 
388/4. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 
aytdilar: «Alloh taolo: «Bir mo’min bandaning dunyo ahlidan eng yaqin do’stining ruhini 
qabz qilsam, u sabr etib, shikoyat qilmasa, Men huzurimda unga jannat degan 
mukofotni tayyorlab qo’yganman», deb aytdi». Shu ma’nodagi hadis Imom Buxoriydan 
rivoyat qilingan. 
 
 

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   38


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling