Anatomiyadan amaliy
Quloq oldi - chaynov sohasi (reg. paratideomasseterica)
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
- Bu sahifa navigatsiya:
- Quloq oldi bezi (gl. paroridea).
Quloq oldi - chaynov sohasi (reg. paratideomasseterica). Terisi yupqa, elastik ter hamda yog’ bezlariga boy. Teri osti yog’ to’qimasi yuzaki fastsiya orqali ikki qavatda (yuzaki va chuqur) ajraladi. Xususiy fastsiyani teri bilan birlashtirib turuvchi, qo’shuvchi (biriktiruvchi) to’qimalar teri osti yog’ qavati orqali o’tadi. Bu qavatning chuqur sohasidan pastki jag’ nervining tarmoqlari hamda bo’yin chigalidan chiquvchi quloqning katta nervi va mimika mushaklarini innervatsiyalovchi yuz nervining tarmoqlari o’tadi.
Quloq oldi - chaynov sohasining xususiy fastsiyasi o’z tarkibiga chaynov fastsiyasini (fascia masseterica) va quloq oldi bezi fastsiyasini (fascia parotidea) kiritib, bo’yin xususiy fastsiyasining davomi hisoblanadi. U yuz sohasining pastki qismiga o’tgach, u yerda pastki jag’ning pastki qirralariga birikadi. Yuqorida esa yonoq suyagi yoyining suyak usti pardasiga birikadi. Bu fastsiya chaynov mushagini yopib, ikki varaqqa bo’linadi va quloq oldi bezini oldidan va orqasidan o’rab, unga qobiq hosil qiladi. Qobiqning oldingi varag’i ancha qalin va mustahkam bo’lib, undan bez ichiga fassial to’siqlar yo’naladi. Natijada quloq oldi bezi bir nechta bo’lakchalarga bo’linadi. Ichki pardasi bo’lsa aksincha - yupqa hamda zaifdir. Fastsiya varaqlarining ichida zaif joylari bo’lib, ularning bittasi yuqorida, bezning quloq tashqi eshituv teshigi tog’ay qismiga tegib turgan qismida joylashadi. Bu joydagi yoriqlar orqali limfa yo’llari o’tgan bo’ladi. Bezdagi yiringli yallig’lanish jarayonlarida shu yoriqlar orqali yiring quloqning tashqi eshituv teshigigа yorib chiqishi mumkin. Zaif joylardan yana bittasi, quloq oldi bezining qobiq bilan yopilmay halqumga qarab ketgan o’simtasi sohasida joylashadi. Bu o’simta bigizsimon o’simta bilan qanotsimon mushak orasidagi masofani to’ldirib turganligi sababli, yallig’lanish jarayonlari shu yo’l orqali bezdan halqum oldi bo’shliqlariga tarqalishi mumkin va aksincha. Quloq oldi bezi (gl. paroridea). Bu bez eng katta so’lak bezlaridan hisoblanib, bo’lak - bo’lak tuzilishga egadir. U yuz terisi ostida qisman chaynov mushagini yopib turadi, orqa tomondan to’sh-o’mrov-so’rg’ichsimon mushagi (m. sternoc-leidomastoideus) va qisman so’rg’ichsimon o’siqchaga tegib yotadi. Bezning so’lak chiqaruv yo’li (ductus parotideus) 5 - 6 sm uzunlikka ega bo’lib, bezning oldingi qismidan boshlanadi. Uning boshlanish qismi chaynov mushagining oldingi yuzasida yotib, keyinchalik shu yuzani aylanib o’tadi. So’ngra lunjdagi yog’ tana orqali lunj mushagini teshib o’tadi. Bu yerdan shilliq qavat ostiga 0,5 - 1 sm cha o’tgach, og’iz bo’shlig’ining kirish qismiga, ya`ni yuqori jag’dagi ikkinchi katta oziq tishlar qarshisida ochiladi. Bezning so’lak chiqaruv yo’lining tashqi tasviri, quloq suprasining yumshoq asosidan, burun qanotining pastki qirrasigacha o’tkazilgan chiziqqa to’g’ri keladi. Bez to’qimasi orasidan yirik qon tomir va nerv tutamlari (tashqi uyqu arteriyasi, yuz va quloq-chakka nervlari) quyidagicha o’tadi: 1) tik- vertikal holatda bezning pastidan yuqorisiga qarab, o’zining oxirgi tarmoqlari bilan tashqi uyqu arteriyasi o’tadi. Tarmoqlardan chakkaning yuza arteriyasi quloq-chakka nervi (n. auriculotemporalis) bilan birga o’tib, bezning ichida o’zidan yuzning ko’ndalang (a. transversa facici) va yuqori jag’ arteriyalari tarmog’ini beradi. Bu tarmoqlar keyinchalik yuzning chuqur sohasiga jag’ orqa venasi (v. retromandibularis) bilan birga yo’naladi; 2) bezning ichidan, orqadan oldinga qarab yuz nervi o’tadi (33- rasm). Bu nerv yuz kanalidan (canalis facialis) chiqqach, bigiz-so’rg’ichsimon teshik (for. stylomastoideum) orqali bez qobig’ini teshib, uning ichiga kiradi. Bezning ichida u bir nechta tarmoqlarga bo’linib, bez chigalini (plexus parotideus) hosil qiladi. Bu chigaldan hosil bo’lgan tarmoqlar bezning oldingi yuzasidan teshib chiqib, yuzning yon sohasiga yelpig’ich sifatida har tomonga qarab g’oz panjasidek tarqaladi. Yuzdagi operatsiya kesimlarida bunday tarqalishlarni hisobga olish kerak. Yuz nervining yuzdagi tarqalgan tolalari asosan beshta tarmoqdan iboratdir. Bular: chakka (r. temporalis), yanoq (r. zygomatici), lunj (r. buccales), pastki jag’ qirrasi (marginalis mandibulae) va bo’yin tarmoqlaridir. Bundan tashqari, yuz nervidan yana bitta tarmoq - quloq orqasi nervi (n. auricularis posterior) tarmog’i chiqib, u quloqning orqa sohasiga qarab yo’naladi. Yuz nervining yuqorida keltirilgan beshta tarmoqlari yuzning mimika mushaklarini, peshona va ensa mushaklarini, bo’yindagi teri osti mushagini (m. platysma), ikki qorinchali mushak orqa qorinchasini hamda bigizsimon o’siq bilan til osti orasidagi mushakni (m. stylohyoideus) innervatsiya qiladi; 3) uchlamchi nervning III tarmogidan chiquvchi quloq - chakka nervi, bezning ichidan, ichkaridan tashqariga qarab chakkaning yuzaki arteriyasi va venasi bilan birga chakka sohasiga qarab o’tadi. Quloq oldi bezini, uni o’rab turgan qobig’i hamda quloq oldi - chaynov fastsiyalari bilan birga joyidan ajratib olsak, chaynov mushagini ko’ramiz. Bu mushak yonoq suyagining yoyidan boshlanib, pastki jag’ning burchagiga birikadi. Agar chaynov mushagini joyidan olsak, uning tagida pastki jag’ning shoxi (r. mandibulae) yotadi. Uning orqasida esa yuzning chuqur yon sohasi joylashadi. Quloq oldi bezi, yuzaki va chuqur quloq oldi bezi limfa tugunlari (nodi lymphatici parotide superficialis et profunda) bilan o’ralgan bo’lib, ulardan chuqur joylashganlari uchta guruhga bo’linadi. Birinchi guruhga quloq oldi limfa tugunlari (nodi lymphatici preauricularis) quyilib, ular quloq suprasi do’mbog’i (tragus)ning oldida joylashadi. Ikkinchi guruhdagi limfa tugunlariga quloq osti limfa tugunlari (nodi lymphatici infraauricularis) deyiladi. Ular quloq suprasidan pastda-quloq oldi bezining orqa tomonida joylashadi. Uchinchi guruhdagi limfа tugunlari - bez ichi limfa tugunlari (nodi lymphatici infraglandularis) deyilib, ular quloq oldi bezining ichida -tashqi uyqu arteriyasi atroflarida joylashadi. Oxirgi guruh limfa tugunlariga bezning qobig’i ostida, uning ustida joylashgan limfa tugunlari ham kiradi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling