Arnold Toynbining Lokal sivilizatsiyalar nazariyasi “Tarixni tushunish” kitobi Reja
Download 48.96 Kb.
|
Arnold toynbi
Sivilizatsiyalar inqirozi
Sivilizatsiyalar sinishi muammolaridan ularning inqirozi muammolariga o‘tar ekanmiz, xuddi tsivilizatsiyalar paydo bo‘lishidan rivojlanishiga o‘tishi muammolariga o‘xshash holatga duch kelamiz. Inqiroz yangi, mustaqil ahamiyatga ega hodisami yoki uni sinishning tabiiy va shak-shubhasiz oqibati deb hisoblaymizmi? Bu savolga, ya’ni yuksalish, rivojlanish muammosi paydo bo‘lish, vujudga kelish masalasidan farqli, yangi hodisa ekaniga shakllangan, lekin rivojlanmay “to‘xtab qolgan” yoki “kechikkan” tsivilizatsiyalar mavjudligini kashf qilib ijobiy javob topdik. Ayrim tsivilizatsiyalar sinishdan keyin xuddi shunga o‘xshash “to‘xtab qolish”ni boshdan kechirib, uzoq davom etadigan “toshqotish” davriga qadam qo‘yishadi. Bunday tamaddunlarga yorqin misol sifatida Misr jamiyatining ba’zi bir davrlarini keltirish mumkin. Misr jamiyati ehrom bunyodkorlarining og‘ir yuki ostida ilk bor singan bo‘lsa, keyinchalik “noittifoqlik davri”, universal davlat va podshohliklar oralig‘ida inqirozga yuz tutdi. Bu tarixdagi yagona misol emas. Uzoq Sharq jamiyatining asosiy o‘zagi bo‘lgan Xitoy tarixida, inqiroz jarayoni “noittifoqlik davri”dan universal davlat sari tabiiy o‘zanda IX asrning oxirgi choragida Tan imperiyasi parchalanishi oqibatida kechgandi. Mo‘g‘ullarning Uzoq Sharqdagi universal davlatiga qarshi Min Xun-vu sulolasi asoschisi boshchiligidagi janubiy Xitoy qo‘zg‘oloni Misr universal davlati qoldiqlari ustida giksoslar barpo etgan “voris davlat”ga qarshi Yaxmosning XVIII sulolasi asoschisi rahbarligidagi Fivan isyonini eslatadi. “Antik davrning juda mashhur ikki millati ruhi oliy darajada mumtozligi va alohidaligi bilan ajralib turadi. Gap shundaki, yunonlar faqat o‘zlariga tan berishgan bo‘lsa, rimliklar o‘zlari va yunonlarga ishonardi. Buning natijasida fikr toraydi va bir-biriga o‘xshab qoldi. Bu ikki millatning aql-tafakkuri, obrazli qilib aytganda, “qarindosh-urug‘ o‘rtasida tuzilgan nikoh”dek bir-biri bilan chatishib ketdi. Oqibatda esa, fikr pushtsizligi va nasl buzilishi vujudga keldi. Sezarlarning mustabidligi, imperiyaning boshqa xalqlariga nisbatan bepisand munosabati zulm va yomonliklarni kuchaytirib yubordi. Iso Masih tug‘ilgandan keyingi III asr oxirida insoniyat kelajagi juda nursiz ko‘rinish oldi. Jamiyat uzoq davom etadigan yemirilish, kuch-quvvatdan qolish, ma’naviy tubanlik, falajlik xavfi ostida qolgandi. Uzoq asrlar davomida hech narsa, ya’ni zarur narsalarni o‘rganmagan va hech narsa, ya’ni keraksiz narsalarni esdan chiqarmagan Diokletian va Xitoy fuqarolari o‘rtasida ko‘plab o‘xshash xususiyatlarni topish unchalik mushkul emasdi. Bu yerlarda boshqaruv shakli, ta’lim va butun hayot tarzi marosim monand edi. Xuddi yerga ko‘milgan tanga ko‘paymagandek, bilim o‘sishdan to‘xtab qoldi. Haykaldek qotib qolish turg‘unlik davriga biri ichkarida, boshqasi tashqarida hosil bo‘lgan – ma’naviy va siyosiy – buyuk ikki inqilob barham berdi” (Macaulau T.B. Essau on “Historu”). Rim imperiyasi turg‘unlik davridan xalos bo‘lganligi uchun, Makoleyning fikricha, ikki kuch – cherkov va varvarlardan minnatdor bo‘lishi kerak. “Bizga anarxiya emas, mustabidlik, ma’naviy erkinlikni yo‘qotish, totalitar davlat, yanada ochiqroq aytganda, umumjahon totalitar davlati xavf solmoqda, deb o‘ylayman. Millatlar va sinflar o‘rtasidagi kurash natijasida o‘tish davri sifatida vaqtinchalik, ichki anarxiya boshlanishi mumkin. Anarxiya mohiyat e’tibori bilan nihoyatda mo‘rt bo‘lganligi uchun ham qadimgi dunyoda ilmiy bilimlarga, ratsional tashkilotga ega har qanday puxta uyushgan guruh boshqalar ustidan o‘z hukmronligini o‘rnata bilgan. Dunyo anarxiyaga muqobil sifatida mustabid davlatni ma’qul ko‘rishi mumkin. Bunday sharoitda dunyo ma’naviy “toshqotish” davriga kirishi ehtimoldan xoli emas, bu holat inson ruhining oliy faoliyati uchun o‘lim bilan barobar. Bunday totalitar davlatda falsafa va poeziyaning ovozi bo‘g‘ilsa-da, mudom yangi kashfiyotlarga yo‘l ochadigan ilmiy tadqiqotlar davom etadi, deb o‘ylayman. Yunon fani uchun Ptolomey podsholigi begona emas edi. Tabiiy fanlar mustabid tuzumda ham gullab-yashnashi mumkin. Hukmron guruhlar manfaati yo‘lida ularning hokimiyatini kuchaytiruvchi vositalar rivojiga keng yo‘l beriladi. Nazarimda, hozirgi birodarkushlik ostonamizda turgan kulfatdir” (Doktor Edvin Bivenning muallifga yozgan xatidan). Yuqoridagi mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, tsivilizatsiyalar inqirozi anchayin muammoli masala va shu bois mazkur mavzuni tadqiq qilish zarurati mavjud. Sivilizatsiya taraqqiyotini tadqiq qilish davomida “tahdid va javob”dan iborat izchil namoyish qilingan dramaga duch keldik. Bir namoyish ortidan ikkinchisining kelishi sababi shundaki, har bir javob nafaqat tez-tez takrorlanadigan tahdidni muvaffaqiyatli bartaraf qildi, shu bilan birga yangi tahdid yuzaga kelishiga ham ko‘maklashib yubordi. Bu esa oxir-oqibat yana muammoning ijobiy yechim topishiga olib kelardi. Biz tsivilizatsiyalar rivoji jarayonini tadqiq qilishni rivojlanish mezonini izlashdan boshladik. Shu bois, inqiroz jarayonini tadqiq qilishda ham shu yo‘ldan boramiz. Inson va tabiat muhiti ustidan hukmronlikni kuchaytirish rivojlanish mezoni emas, degan to‘xtamga kelar ekanmiz, endi adolat yuzasidan aytishimiz lozimki, bunday hukmronlikni yo‘qotish inqiroz sababi ham bo‘lolmaydi. To‘plangan ma’lumotlar muhit ustidan hukmronlikning oshib borishi rivojlanishga emas, aksincha, inqirozga olib kelishidan darak bermoqda. Militarizm – sinish va inqirozning umumiy xususiyati – jamiyat xukmronligining oshishida ko‘pincha samarali vosita bo‘ladi. Singan tsivilizatsiyalarning tanazzul yo‘liga nisbatan faylasuf Geraklitning “Urush – hamma narsaning otasi” degan fikri uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib tushishi mumkin. Masalan, Aleksandr Makedonskiyning bosqinchilik urushlari davomida qo‘lga kiritgan hamma narsasi vorislari tomonidan fuqarolar urushiga ishlatildi, eramizga qadar II asrda Rim bosqinchilari to‘plagan boylik ham oxirgi yuz yillikda sodir bo‘lgan ichki urushlarga sarflandi. Demak, inqiroz jarayonining biz ilgari surayotgan mezonlarini boshqa joydan izlash zarur. Inqirozga olib keladigan sinishning o‘zak sababi va shaksiz mezoni ichki kelishmovchiliklar bo‘lib, ana shu tufayli jamiyat o‘z taqdirini o‘zi belgilash layoqatini yo‘qotadi. Noittifoqlik qisman namoyon bo‘ladigan ijtimoiy ixtiloflar sinayotgan jamiyatni bir vaqtning o‘zida ikki yo‘nalishda ichidan yemiradi. Birinchisi – hudud jihatidan jamoalarga bo‘linganlar o‘rtasida “vertikal” ixtiloflar, ikkinchisi – hudud ichida bir-biri bilan qo‘shilib ketgan, lekin ijtimoiy sinflarga ajralgan “gorizontal” bo‘linish va ixtiloflar. “Vertikal” ixtilofda o‘zaro ichki urushlardagi jinoyatlarga nisbatan ko‘ngilchanlik qilish o‘z-o‘zini mahv etishga keng yo‘l ochganligini ko‘ramiz. Biroq bu ixtilof tsivilizatsiyalarni sinishga olib kelgan eng xarakterli kelishmovchilik emas. Chunki jamiyatning mahalliy jamoalarga bo‘linishi, istaymizmi-yo‘qmi, barcha xalqlar – rivojlanganiga ham, taraqqiyotdan orqada qolganiga ham xos xususiyatdir. O‘zaro urush esa har qanday vaqtda har qanday jamiyat oson uddasidan chiqadigan o‘z-o‘zini vayron qilishni suiiste’mol qilishdir. Boshqa tomondan, “gorizontal” ixtilof faqat tsivilizatsiyalargagina xos xususiyat emas. Bu hodisa tsivilizatsiyalar sinishi va inqirozi paytida ham sodir bo‘lib turadi. Ixtilofning mazkur tipi xususida gap ketganda, Rim imperiyasining shimoliy chegalarida G‘arbiy Yevropadagi cherkov va varvarlarning ko‘plab qurolli otryadlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni esga olamiz. Bu ikki qutb – qurolli otryadlar ham, cherkov ham g‘arb ijtimoiy tizimini o‘zida mujassam etmagan ijtimoiy guruhlar tomonidan vujudga keltirilgan. Biz cherkovga ellin jamiyatining ichki proletariati, varvarlarning qurolli otryadlariga esa tashqi proletariati, deb ta’rif berdik. Bu ikki proletariat ellin jamiyati yaratish qobiliyatini yo‘qotgan, taraqqiyot orqaga ketgan, “noittifoqlik davri” hukm surayotgan, ixtiloflar avjiga chiqqan bir sharoitda paydo bo‘ldi. Masala mohiyatiga chuqurroq kirsak, ellin ijtimoiy tizimi hukmron tabaqasi xarakterida sodir bo‘lgan o‘zgarish ixtilofga olib kelganiga guvoh bo‘lamiz. Zo‘ravonlikka asoslangan universal davlatning kamchilikni tashkil qiluvchi hukmron tabaqasi o‘z-o‘zini go‘yo ulkan toshbaqa kosasi tagiga hibs etdi. Bu ulkan kosa tagida cherkov o‘sib, kuchayib borar ekan, varvarlarning qurolli otryadlari “kosa”ning tashida tirnoqlarini charxlab, harbiy mashqlarga zo‘r beradi (Muallif Rim imperiyasining oxirgi davrini ana shu toshbaqa kosasiga o‘xshatib, uni ichidan cherkov, tashqaridan varvarlar yemirgan degan xulosaga keladi – tarj.). Endi ellin jamiyati misolida mavjudligiga ishonch hosil qilganimiz – hukmron ozchilik, ichki va tashqi proletariat – uch guruhni chuqur umumlashtirib tahlil qilish birinchi qadamimiz bo‘ladi. Yuqoridagi misollardan singan jamiyat parchalanishiga uning to‘qimasi “gorizontal” ixtiloflar tufayli uzilib ketishi sabab bo‘lgani ko‘rinib turibdi. Ajablanarlisi shundaki, inqiroz, sinish, ixtiloflarni o‘rganib, bir qarashda sog‘lom aql va mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan xulosaga keldik. Ya’ni, ana shu murakkab jarayonlar tufayli “yangidan tug‘ilish, tiklanish, hayot” yoki “Palingez” bo‘y ko‘rsatadi. Download 48.96 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling