Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirrasida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Atoyi Balx shahrida yashagan, Ismoil ota farzandlaridan bo‘lib, xushtabiat, sodda, darveshvash va xushxulq kishi bo‘lgan. Turkiygo‘y shoir edi. Uning she’rlari turkiy xalqlar orasida ko‘p shuhrat tutgan, qabri ham Balxda. Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida yozishicha, Ismoil ota Ahmad Yassaviyning inisi Ibrohim otaning o‘g‘lidir. Demak, Atoiyi, nasab jihatdan Ahmad Yassaviyga juda yaqin. Shoir devonining muqovasida va qo‘lyozmaning oxirida “Devoni shayxzoda Atoyi” deb qayd qilinishi ham uni hsayxlar oilasidan kelib chiqqan, deyishga asos beradi. U shayxlar – otalar avlodiga mansub bo‘lgan uchun Atoyi taxallusini olgan, asli ismi noma’lum. Mirzo Ulug‘bek o‘z saroyiga bir qator olim va shoirlarni jalb qilganda, Atoyi ham o‘sha shoirlar davrasida bo‘lgan. Atoyining bir devoni ma’lum bo‘lib, bu devonda shoirning 260 g‘azali jamlangan. Atoyi g‘azallarining vazni haqida filologiya fanlari nomzodi Sayfiddin Sayfulloh (Rafiddinov) batafsil ma’lumot bergan. Uning ko‘rsatishicha, Atoyining 260 g‘azalidan 109 tasi ramali musammani maqsur vaznida yozilgan. Atoyi g‘azallarining vazni haqida filologiya fanlari nomzodi Sayfiddin Sayfulloh (Rafiddinov) batafsil ma’lumot bergan. Uning ko‘rsatishicha, Atoyining 260 g‘azalidan 109 tasi ramali musammani maqsur vaznida yozilgan. Atoyi ijodini o‘rganish bo‘yicha A.Samoylovich, H.Zarif, E.Rustamov, S.Sayfulloh, I.Haqqul kabi zabardast olimlar ko‘p mehnat qilganlar. A.Samoylovich ilk bor (1926 -yili) Atoyi devonini topib g‘azalining faksimel nusxasini nashr qilgan. E.Rustamov Atoyi g‘azallarini tahlil qilib, uning XV asr birinchi yarmi o‘zbek adabiyotidagi o‘rnini ko‘rsatib bergan. S.Sayfulloh Atoyi ijodidagi majoziy va ilohiy ishni chuqur tahlil etgan. I.Haqqul Atoyi g‘azalnavislikda Lutfiyga ergashganini va Atoyining bu shoirdan ilhomlanib, o‘xshatmalar bitganini tadqiq qilgan. Atoyi fors-tojik she’riyatining Hofiz, Kamol Xo‘jandiy kabi mashhur g‘azalnavislari tajribalaridan ham puxta xabardor bo‘lgan. Atoyi ijodida o‘zbek shoirlari orasida Lutfiy lirikasining ta’siri seziladi. Uning devonida Lutfiy she’rlariga ergashish, o‘xshatmalar bitish yo‘lida yaratilgan g‘azallar bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |