B. OʻRinboyev, A. Musayev umumiy tilshunoslik jizzax- 2021 Oʻzbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi abdulla qodiriy nomidagi jizzax davlat pedagogika universiteti
Download 0.92 Mb.
|
05.5Умумий тилшунослик ohiri
- Bu sahifa navigatsiya:
- Samarqand davlat universitetining
BOZORBOY OʻRINBOYEV
Oʻzining butun ongli hayotini respublikamizda xalq maorifining yanada ravnaq topishiga, yetuk filolog kadrlar tayyorlash ishiga, tilshunoslik ilmining rivojlanishiga bagʻishlangan taniqli tilshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Bozorboy Oʻrinboev 1936 yil 3 iyunda Samarqand viloyati Jomboy tumanining Gazira qishlogida tugʻildi. Oʻqituvchilik kasbiga mehr qoʻygan boʻlajak olim 1950 yilda etti yillik maktabni tugatgach, 1954 yilgacha Samarqand pedagogika bilim yurtida oʻqidi. Oʻzbek tili va adabiyotiga boʻlgan havasi uni Alisher Navoiy nomidagn Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetiga etakladi. Oliy tahsilni tugatgach, 1959-1961 yillari Jomboydagi 28-maktabda, soʻngra 2-oʻrta maktabda dastlab Oʻzbek tili va adabiyoti muallimi, keyin ilmiy boʻlim mudiri va nihoyat maktab direktori vazifalarida faoliyat koʻrsatdi. 1961-1964 yillarda SamDU aspiranturasida tahsil olib, 1964-yil 18-sentabrda “Hozirgi Oʻzbek adabiy tilida vokativ kategoriya” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Qarshi davlat universitetida dotsent (1965-1967), Samarqand davlat pedagogika institutida dotsent, kafedra mudiri, oʻquv va ilmiy ishlar prorektori, rektori (1967-1974) boʻlib ishladi. 1974— 1986 yillarda Jizzax pedagogika institutining tashkilotchisi va rektori sifatida faoliyat koʻrsatdi. 1992 yil oxirida Oʻzbekiston Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi oʻquv-uslubiy markaz direktori oʻrinbosarligiga oʻtkazildi. 1993-yil yanvarida Samarqandga qaytib, kooperativ institutida tillar kafedrasi mudiri sifatida mehnat qildi. 1995-yil fevral oyidan boshlab Samarqand davlat chet tillar institutining umumiy va amaliy tilshunoslik kafedrasiga rahbarlik qildi. 1997-yil iyun oyidan Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti Matnshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi boshligʻi, SamDU ilmiy kutubxonasining Bosh direktori, universitet Oʻzbek tilshunosligi kafedrasining professori boʻlib ishladi. B.Oʻrinboevning koʻp yillik samarali ilmiy va pedagogik faoliyati hukumatimiz tomonidan munosib baholandi. U qator orden va medallar, jumladan, “Oʻzbekiston xalq maorifi a’lochisi”, “Mustaqillik” nishonlari, Oʻzbekiston Respublikasining fahriy yorliqlari, Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetida xizmat koʻrsatgan professor unvoni bilan taqdirlangan. U Antique World Xalqaro Ilmiy akademiyasining akademigi hamdir. Fan soʻqmoqlaridan yurmoq hamma davrlarda ham kishidan shijoatli boʻlishni, dadillik va irodalilikni, istiqbolga ogʻishmay intilishni talab etgan. Ana shu hislatlarni oʻzida mujassamlashtirgan kishigina fanning nurafshon choʻqqisiga tirmashib chiqishi, undan bahra olishi hamda boshqalarni bahramand qilishi mumkin. Oʻzbek soʻzlashuv nutqiga xos boy lisoniy qatlam doirasiga kiruvchi vokativ kategoriya sohasidagi izlanishlari uni faqat diplom bilan siylab qoʻymadi. Bu izlanishlar Bozorboy Oʻrinboev uchun katta ilmga kichik darcha boʻldi. U bu darchadan “Hozirgi zamon Oʻzbek tilida vokativ soʻzlarning ba’zi bir xususiyatlari” (1963), “Vokativ gaplar haqida ba’zi mulohazalar” (1964), “Hozirgi zamon Oʻzbek tilida undash gaplar” “Hozirgi zamon Oʻzbek tilidagi murojaat soʻzlari haqida” (1967), “Vokativ gaplarning tarixiy taraqqiyoti va ularning ma’nolari” (1969), “Xozirgi Oʻzbek adabiy tilida murojaat soʻzlari” (1971) kabi ilmiy maqolalar, “Hozirgi Oʻzbek tilida vokativ kategoriya” (1972) nomli monografiya bilan oʻtdi. Ana shu kichik darchadan oʻtib katta ilmga qadam qoʻygan olim soʻzlashuv nutqi sirlarini keng koʻlamda ochishga intildi. B.Oʻrinboevning qiziqishlari Oʻzbek tilshunosligining avval qoʻl urilmagan, til amaliyoti - nutqiy amaliyot bilan bogʻliq boʻlgan soʻzlashuv nutqi, stilistika, nutq madaniyati masalalariga qaratilgan. Olimning nazarida, soʻzlashuv nutqi - har bir mukammal tilning poydevori, u hech bir grammatik qoidalarga sigʻmaydi. Ya’ni soʻzlashuv nutqi grammatikani boshqaradi, unda tilning butun imkoniyatlarini ishga soladi, namoyish etadi. U soʻzlashuv nutqiga hos bunday sirli nuqtalarni oʻsha vokativ kategoriya doirasidayoq ilmiy his qilgan edi. Uning nazarida, bu kategoriya ham soʻzlashuv nutqining eng harakatchan qatlami edi: birgina “ona” soʻzi nutqiy sharoit taqozosi bilan onajon, onaxon, onajonim, onajonginam, onaginam, onam, mehribonim, duogoʻyim, oyi, aya, oyi, xu-u oyi deyman, xoy oyi kabi qanchadan-qancha emotsional jilolanishlarni boshidan kechirishi va ular grammatika qamroviga sigmasligini koʻzi yetgan edi. Ana shular unga oʻn yillar tinchlik bermadi va nihoyat u 1976 yilda “Oʻzbek soʻzlashuv nutqi sintaksisi masalalari” mavzusida filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qildi. Soʻzlashuv nutqi masalalari bilan atroflicha shugʻullanish olimni nutq madaniyati va notiqlik san’ati muammolari sirlari sari etaklaydi. Uning tasavvurida til madaniyati, notiqlik san’ati tarixiy hodisa, har bir filolog bu bilim sirlaridan xabardor boʻlmogi kerak. “Notiqlik san’ati haqida” (1972), “Ona tili ta’limi va nutq oʻstirish omillari” (2003) kabi ilmiy maqola, monografiya va qoʻllanmalar uning ilmiy iqtidori naqadar teran ekanligidan dalolat beradi. Nutq madaniyati me’yorini belgilashda dialektlarning ham sezilarli roli bor. B.Oʻrinboevning ilmiy izlanishlarida dialektologiya masalalari ilmiy materiallar asosida talqin etilgan. B.Oʻrinboevning tilshunoslikdagi ilmiy tadqiqotlari adabiyot bilan bevosita bogʻlangan. U hayotni ham, ilmni ham adabiyotsiz tasavvur eta olmaydi. Til kabi adabiyotni ham inson ma’naviy olamining “guhari sharifi” (Navoiy) deb bilgan olim faqat oʻzbek adabiyotini emas, balki chet el adabiyotini ham oʻrganish va ularning taniqli vakillarini targʻib qilish borasida barakali mehnat qildi. “Xalq shoiri” (1972), “Bosh qahramonning oʻzi kim?” (1973), “Olmos qirrali iste’dod”, “Ijod choʻqqilari sari”, “Adabiyotimizning asosiy gʻoyasi” (1975), “Buyuk qalb adibi”, “SHoirning buyukligi” (1976), “Nafosat kuychisi” (1978), “Qardoshlik kuychisi”, “Erk deganning tilagida yashayman” (1979), “Xayotbaxsh satrlar” (1979), “Xarakter, ekran, tasvir”, “Teran tuygʻular” “Realist yozuvchi” (1981), “Serkirra qalam sohibi”,“Xalq hayotining tuygʻun kuychisi” (1987), “Nurmon shoir va uning “Namoz” asari” (1988), “SHayx Xudoydod Vali adabiy merosi" (2001), “Jadid adabiyoti taraqqiyotida Xoji Muinning oʻrni” (2002) kabi maqolalari shular jumlasidandir. B.Oʻrinboevning tilimiz tarixi bilan jiddiy shugʻullanganligi va 1969 yilda ustozi Ulugʻ Tursunov hamkorligida 270 betlik “Oʻzbek adabiy tili tarixi ocherklari” kitobini nashr etganligi bejiz emas. U bu masaladagi izlanishlarini yanada chukurlashtirib, takomillashtirib bordi. “Oʻzbek tili leksikasida yuz bergan oʻzgarishlar”, “Oʻzbek tili morfologiyasidagi yangiliklar” (1967), “Alisher Navoiy va Oʻzbek adabiy tili” (1968), “Alisher Navoiy asarlari tilida leksik va grammatik normalarning belgilanishi” (1971), "Alisher Navoiy va Oʻzbek adabiy tili tarixi” (1982), “Navoiy asarlari izohli lugʻati” (1983), “Navoiy ijodining choʻqqisi” (1985), “Farhod va Shirin” dostonidagi izohli soʻzlar”, “Alisher Navoiy asarlarida tasviriy vositalar”, “Bobur - tilshunos olim” (1991), “Tarixni oʻrganish - oʻzlikni anglash” (1992), “Oʻzbek adabiy tili tarixi” (1995), “Temuriylar davri me’morchilik atamalari” (1997), “Alisher Navoiy asarlari matnida soʻfizm atamalari” (1999), “Tunyuquq bitiktoshi” (1999), “Imom Buxoriy saboqlari” (2000), “Qadimgi turkiy bitiklar” (2001), “Mahmud Koshgʻariy: bibliografik koʻrsatgich” (2002), “Boburnoma” tilida jugʻrofiy atamalar” (2003) kabilar ilmiy-ijodiy mehnatlar samarasi va zukko olimimizning tilimiz tarixiga ta’zimidir. Olimning ishlarida Oʻzbekistondagi ma’rifatparvarlikka oid fikrlar tarixiga, oʻrta maktab va oʻquv yurtlarida vatanparvarlik va baynalmilal tarbiya masalalariga, ilgʻor pedagogik tajriba masalalariga ham katta e’tibor berilgan. U ta’lim-tarbiya ravnaqi yoʻlida bitilgan qator ilmiy-metodik maqolalar, tavsiyalar, dastur, oʻquv qoʻllanma va darsliklar muallifi hamdir. “Alisher Navoiy va Oʻzbek adabiy tili tarixi” (1968), “Oʻzbek adabiy tili tarixi” (1982), “Notiqlik mahorati” (1984), “Turkiy filologiyaga kirish” (1989-2002), “Hozirgi Oʻzbek adabiy tili sintaksisi”, “Umumiy tilshunoslik” (2002), “Oʻzbek tilining struktural grammatikasi” (2002), “Oʻzbek tili”, “Xozirgi Oʻzbek tilida sintaktik munosabatlar”, “Tilshunoslik nazariyasi” (2003), “Oʻzbek tili” (2004) shular jumlasidandir. B.Oʻrinboev oʻz faoliyati davrida soʻzlar etimologiyasi bilan qiziqib, ular asosida “Jizzax viloyati toponimlari” (1992), “Badiiy matnlarda joy nomlari va ularning tipologik taqdili” (1996), “Samarqand viloyati toponimlarining izohi” (1997), “Joy nomlarining boburona talqini”, “Asrlardek barhayot nomlar” (2003), “Maktab toponimik lugʻati” (2004) kabi bir necha maqolalar va lugʻatlar nashr etdi. Mustaqillik sharofati bilan diniy adabiyotlarni oʻrganishga keng yoʻl ochildi. B.Oʻrinboev soʻfizm atamalari bilan qiziqib, bir necha asarlar yozadi: “Sufizm atamalari lugʻati” (1998), “Sufizm i arxitekturnaya terminologiya v tyurkskix yazыkax” (1999), “Badiiy matnda tasavvuf atamalari va ularni toʻgʻri sharhlashga oʻrgatish” (1999), “Komillik istilohlari” (2002) kabilar. Matn, matnshunoslik va matnning filologik taqdili masalalari ham B.Oʻrinboevning hamisha diqqat markazida boʻlgan. Bularning barchasi olimning ilmiy tadqiqot doirasi keng, tekshirish ob’ekti xilma-xil ekanligini koʻrsatadi. Olim ilmiy faoliyatining katta qismini tilshunoslik sohasida ilmiy kadrlar tayyorlashdek faxrli ishga bagʻishladi. Uning ilmiy rahbarligida 1 kishi doktorlik 8 kishi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. U shu kunga qadar tilshunoslik nazariyasi va tarixi muammolari boʻyicha himoya qilingan 12 ta doktorlik 14 ta nomzodlik dissertatsiyalariga opponent boʻldi. U 120 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari avtoreferatlariga oʻz taqrizlarini taqdim etgan. Olim oʻzining asosiy ishini jamoat ishlari bilan mustahkam bogʻlangan holda olib bordi. U Oʻzbekistan Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Respublika uquv-metodika markazi ona tili va eski oʻzbek yozuvi boʻyicha ilmiy-metodik kengashi, Oʻzbek tili doimiy anjumani hay’ati, Oʻzbekiston FA tilshunoslik va adabiyotshunoslik boʻlimi Samarqand boʻlimi qoshidagi “Milliy tillar taraqqiyoti qonuniyatlarini muvofiqlashtiruvchi” ilmiy muammo kengashining a’zosi, Oʻzbekiston FA Tilshunoslik instituti huzuridagi tilshunoslik boʻyicha ilmiy darajalarni berish ilmiy kengashining a’zosi hamda Samarqand davlat universiteti qoshidagi nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilishga ixtisoslashgan kengash a’zosi sifatida 1982-2014 yillarda faoliyat koʻrsatgan. Ustoz va murabbiy Bozorboy Oʻrinboev butun hayoti davomida respublikamizda xalq maorifi ravnaqiga, etuk filolog kadrlar tayyorlash ishiga, tilshunoslik ilmining rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshdi. Download 0.92 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling