B. OʻRinboyev, A. Musayev umumiy tilshunoslik jizzax- 2021 Oʻzbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi abdulla qodiriy nomidagi jizzax davlat pedagogika universiteti
Download 0.92 Mb.
|
05.5Умумий тилшунослик ohiri
TIL VA TAFAKKUR.
Til bilan tafakkurning oʻzaro munosabati, birligi haqidagi masala falsafa tarixida ham, umumiy tilshunoslik tarixida ham eng muhim muammolardan hisoblanib keldi va kelmoqda. Til va tafakkurning oʻzaro munosabatini puxta bilish uchun dialektika qonuniyatlarini, til bilan jamiyat oʻrtasidagi aloqani puxta oʻrganish lozim boʻladi. Til boʻlmasa, jamiyat a’zolari orasida ijtimoiy aloqa va munosabat ham, odamlar yashayotgan jamiyatning oʻzi ham boʻlmas edi. Til vositasida bir-birimizning fikrimizni anglaymiz, kundalik ishlarimizni olib boramiz, narsa va hodisalarning mohiyatini chuqurroq bilib olamiz. Bu jarayon tafakkur yordamidagina amalga oshiriladi. Insonning amaliy faoliyati tafakkursiz kechmaydi. Til tafakkur bilan mustahkam bogʻliq boʻlib, fikrni moddiylashtiradigan, kishilarning fikr almashishlarini ta’minlab beradigan quroldir. Shu jihatdan til va tafakkurni bir biridan ajratib boʻlmaydigan dialektik birlik deb qarash lozim. Til va tafakkur masalalari nihoyat darajada murakkab jarayon boʻlib, u tilshunoslikdan tashqari falsafa, mantiq, psixologiya, fiziologiya fanlari bilan bevosita aloqadordir. Til abstrakt, umumlashma tafakkurning amalga oshishi va mavjud boʻlishi uchun asosiy vositadir. Til va tafakkur dialektik aloqada, dialektik birlikdadir. Bu shakl va mazmun munosabatiga ham aloqador. Mazmun qanchalik chuqur va toʻgʻri boʻlsa, shakl shunchalik ixcham boʻladi. Mazmun qanchalik hayotiy boʻlsa, shakl shuncha aniq boʻladi. Mazmun qanchalik dolzarb boʻlsa, shakl shunchalik tushunarli boʻladi. Umumiylik tafakkurning oʻziga xos belgilaridan biri hisoblanadi. Bu umumiylik buyum va hodisalar turlarining muhim belgilariga, mohiyatiga asoslanadi. Ana shunday umumlashtirish xususiyati tilda va soʻzda ham mavjud. Gnoseologik muammo bilan shugʻullanuvchi olimlarning diqqat markazida til va mantiqning oʻzaro munosabati masalasi turadi. Ilmiy tadqiqotning metodologiyasiga bogʻliq holda til kategoriyasi va mantiq kategoriyalar oʻzaro chogʻishtiriladi, tenglashtiriladi yoki qarama-qarshi qoʻyiladi. Grammatik kategoriya bilan mantiqiy kategoriya orasidagi munosabat ham murakkabdir. Grammatik kategoriyalarni mantiqiy kategoriyalarga, mantiqiy kategoriyalarni grammatik kategoriyalarga boʻysundirish yoki ularni qorishtirish mumkin emas. Mantiqiy kategoriyalar til vositalari orqali ifodalangan grammatik kategoriyaga aylanadi. Til va tafakkurning aloqasi masalasiga gnoseologik asosda yondashuv soʻz, tushuncha, gap va hukm haqida ilmiy izlanish olib borishga sabab boʻldi. Koʻpchilik soʻzlar bir-biri bilan bogʻlangan shakl, narsa (hodisa) va mazmun kabi uch jihatdan tashkil topadi. Soʻzlar tilda nominativ atash vazifasini bajaradi. Bu vazifani koʻpchilik soʻzlar bajara olsa-da, ba’zilar bu vazifani bilvosita bajaradi, boshqalari esa umuman bajara olmaydi. Soʻz bilan u atagan narsa va hodisa orasida bevosita bogʻlanish yoʻq. Tilshunoslik tarixida bu masala yuzasidan koʻp munozaralar boʻlgan. Qadimgi Yunonistonda bu munozaralar natijasida ikki katta oqim: anomalistlar va analogistlar oqimi yuzaga kelgan. Analogistlar narsa (ya’ni denotat) bilan uning nomi orasida bogʻlanish bor, soʻzlar oʻzlari anglatgan narsaning biror xususiyatini hisobga olgan holda paydo boʻlgan deb hisoblashadi. Anomalistlar esa bu fikrga qarshi chiqib, narsa va uning nomi soʻz oʻrtasida xech qanday umumiylik yoʻq deganlar. XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida Avstraliyada Rudol’f Meringer boshliq "Soʻz va narsa" nomli maxsus maktab ham vujudga kelgan, bu maktab vakillari ham mazkur masala yuzasidan bir qancha fikrlar aytishsada, lekin uni toʻgʻri hal qilisha olmadi. Nihoyat, hozirgi tilshunoslikda bu masala yuzasidan oʻzil-kesil bir fikrga kelindi: soʻz bilan narsa oʻrtasida hech qanday aloqa, bogʻlanish yoʻq. Tillardagi barcha soʻzlar uch xil munosabatga kirisha oladi: 1. Soʻzning oʻzi anglatgan predmet va hodisaga; 2. Soʻzning inson fikriga, hissiyotiga, xohish - istaklariga; 3. Soʻzning boshqa soʻzlarga nisbatan. Soʻzning oʻzi anglatgan narsa va hodisalarga munosabati tushuncha bilan uzviy bogʻlangan. Soʻzning fizik qiyofasi bilan u anglatgan narsaning fizik qiyofasi oʻrtasidagi bogʻlanish birligini ma’no deb ataydilar. Soʻz oʻzining ma’nosi tufayli narsa va hodisalarni atay oladi, tushunchani anglatadi, vaholanki, predmet ham, tushuncha ham o’z-oʻzicha soʻzning ma’nosini tashkil etmaydi. Soʻz ma’nosining predmetga boʻlgan munosabati denotativ munosabat deyiladi. Demak, ma’no borliqdagi predmetni aks ettiradi, soʻzning moddiy tomoni esa predmetning ishorasi boʻlib xizmat qiladi. Ma’noning tushunchaga munosabati signifikativ munosabatni tashkil etadi. Uning mohiyati shundaki, ma’no asosida tushuncha shakllanadi, soʻzning moddiy qobigʻi orqali tushuncha aks ettiriladi, ifodalanadi. Bir ma’no (soʻz) ning boshqa ma’no (soʻz) ga munosabati struktural munosabat deyiladi. Bunday munosabat tufayli, soʻzlar tiplarga, guruhlarga ajraladi. Soʻzlar tildagi vazifasini denotativ, signifikativ va grammatik munosabatlarga kirishib bajaradi. Soʻzning denotativ vazifasi esa tushunchaning shakllanishi va ifodalanishini ta’minlaydi, grammatik vazifa soʻz boyligining turli ma’no guruhlarini hosil qiladi. Soʻzning moddiy tomoni (qobigʻi) tushunchani aks ettiradi va u tushunchaning ishorasi deb qaraladi. Soʻzning moddiy qobigʻi tushunchaning ishorasi, soʻzning ma’nosi esa tushunchaning shakllanish asosidir: tushuncha soʻz yordamida va uning asosida paydo boʻladi. Soʻzlarning leksik ma’nosi toʻgʻrisida gap borganda, dastlab ularning tildagi ma’nolari bilan nutqdagi ma’nolarini farqlash zarur. Soʻzlarning aniq, muayyan ma’nolari faqat nutqda aniq boʻladi. Soʻz jamiyat a’zolari oʻrtasida bir xil tushuniladi yoki umumiy tushunchaga ega boʻladi. Tushuncha ayrim predmet va uning xossalarini umumlashtiradi, predmetning umumiy belgi va xususiyatlarini koʻzda tutadi. Inson tushunchalari harakatsiz emas, balki abadiy harakatda boʻlib, bir-biriga oʻtib turadi, biri ikkinchisiga qoʻshilib turadi, busiz ular tirik hayotni aks ettirmaydi. Gap va hukm munosabati munozarali masalalardan biridir.V.Z.Panfilov birinchilardan boʻlib, grammatika va mantiqning muhim masalalariga, tafakkur va tilning shakllanishi, taraqqiyoti inson mehnati faoliyati bilan birgalikda yoritiladi. Har bir gap real borliqning aks ettirish jarayoni bilan bogʻliqdir. Gap, keng ma’noda til tushuncha bilan chambarchas bogʻliq, u inson fikrining ifodalanish shaklidir. Gapda fikr, shuningdek, soʻzlovchining shu fikrga, obektiv voqelikka munosabati ham ifodalanadi. Fikr gap, nutq yordamida yuzaga keladi. Demak, bu hodisalar oʻzaro bogʻliq, lekin ular bir-biriga teng emas, ulardan har birining maxsus xususiyatlari va farqlari bor. Gapni oʻrganar ekanmiz, uni fikr bilan bogʻlab tekshiramiz. Til va tafakkur dialektik birlikdadir. Tilni tushuncha bilan bogʻlab tekshirish, tilning oʻz xususiyatlarini tashlab, uning qonunlarini toʻla ravishda tafakkur qonunlari bilan oʻlchash, ularni tenglashtirish emas. Til bilan tafakkur, gap bilan mantiqiy hukm toʻla teng kelmaydi. "Grammatik gap mantiqiy hukm bilan butunlay teng va parallel emas" (A. A. Potebnya). Hukm tafakkurning borliqni bilish shakllaridan boʻlib, unda predmet, hodisa kabilarning belgilari tasdiq yo inkor yoʻli bilan ifodalanadi: Kaklik-parranda. Osmon tiniq. Havo sovuq emas. Belgining predmetda borligi yoki yoʻqligini, unga xosligi yoki xos emasligini tasdiqlash yoki inkor qilish bilan predmetlarning oʻxshashligi yoki farqi koʻrsatiladi. Fikrning, hukmdan tashqari, soʻrash va undash shakllari ham mavjud. Til va tafakkurning bir-biri bilan bogʻliqligi fikrning til orqali ifodalanishidangina iborat emas. Tafakkurning oʻzi til bazasida tugʻiladi, fikr tilsiz yashamaydi. Bundan tilning tafakkur bilan gapning fikr bilan oʻzaro bogʻliqligi anglashiladi. Tafakkur sub’ektning faoliyati boʻlishi bilan birga, borliqning- predmet, hodisa va boshqalarning in’ikosidir, obrazidir. Borliqning bu in’ikosi til orqali, uning bir parchasi gap orqali ifodalanadi. Til bilan tafakkur, grammatika bilan mantiq bir-biriga bogʻliq, lekin ularning har biri oʻzi ayrim xususiyatlariga ega. Mantiqiy va grammatik kategoriyalar bir-biri bilan aloqador, lekin ular doim bir-biriga mos kelavermaydi. Hukm mantiqiy kategoriya boʻlib, uning ifodalanish shakli gapdir. Lekin gapni hukm bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Tasdiq va inkor hukmning zarur belgisidir: U semiz. Temir-myetall. Hukmning ifodasini darak gaplarda koʻramiz. Gapning soʻroq, buyruq kabi turlarida bunday bevosita ifodalanish aniq koʻrinmaydi. Kim keldi? Dushmanni qiringiz! Yongʻin! Ana xolos! Koʻrinishidagi gaplarda, ba’zilar, hukm bor desalar, boshqalar inkor qiladilar. Hukmni oʻrganuvchi mantiqning gapni oʻrganuvchi grammatikaning oʻz kategoriyalari mavjud. Mantiqiy kategoriya hukmda ikki asosiy birlik (sub’ekt, predikat) va bogʻlama mavjud. Bogʻlamaning vazifasi sub’ekt bilan predikat orasidagi aloqani koʻrsatish, predikatdagi belgining hukm predmetiga xos yo xos emasligini-fikrning tasdiq-inkorini belgilashdir. Grammatik kategoriya gapda uch asosiy birlik ega, kesim va ikkinchi darajali boʻlak mavjud. Gap va hukm bir-biriga mos keladi: Bola yugurdi. Gap va hukm bir-biriga mos kelmaydi: Rasm bolalar tomonidan ishlandi. Bunda ega (rasm) mantiqiy ob’ektni, ikkinchi darajali boʻlak esa (bolalar) mantiqiy sub’ektni koʻrsatadi. Gap va hukmning bir-biriga mos kelmaslik hollarini quyidagilarda koʻramiz: 1. Tongning mayin shamollari bogʻdagi koʻm-koʻk daraxtlarni tebratmoqda; gapida mantiqan ikki birlik mavjud: 1) tongning mayin shamollari (sub’ekt); 2) bogʻdagi koʻm-koʻk daraxtlarni tebratmoqda (predikat); grammatik jihatdan yyetti boʻlak bor: aniqlovchi aniqlovchi aniqlanish-ega aniqlovchi aniqlovchi aniqlanish – toʻldiruvchi kesim. 2. Har bir gapdan mantiqiy sub’ekt va predikatni koʻrsatadigan qism izlangan, lekin hamma gapdan ega va kesim ajralib chiqa Bermaydi: Jim! Zilzila! Xullas, turli tillarda gapning sintaktik strukturasi turlicha boʻlsa ham, gapning mantiqiy grammatik jihatdan boʻlinishi, fikrning mantiqiy strukturasi barcha tillar uchun universal boʻladi. Hamma jonli narsalar ichida faqat odamgina gapirish kobiliyatiga egadir. Hayvonlarda tom ma’nodagi til ham tafakkur ham yoʻq. I. P. Pavlovning ob’ektiv borliq va sezuv organlari haqida gapirib, ikkinchi signal sistemasi haqida ta’limot yaratdi. Til sistemasining asosiy komponentlari ong, fikr, tafakkur, miya faoliyati bilan, miyaning funksional hosil boʻlish oʻrni bilan bogʻliq. Bu jarayon neyrolingvistikaga suyanib ish koʻradi. Neyrolingvistika-tilshunoslikning eng yangi sohasi sifatida ma’lum boʻlib, u miyadagi neyronlarning tilni hosil qilishdagi xizmatini oʻrganuvchi sohadir. Tashqi dunyoning kishiga ta’siri uning miyasida gavdalanadi. Shuning uchun ham kishilar tabiatdagi voqealar, hodisalar haqida ma’lum bir tafakkurga ega boʻlar ekanlar, uni faqat til orqali ruyobga chiqaradilar va bu haqda boshqalar bilan aloqa bogʻlaydilar, fikrlashadilar. Til va tafakkurning eng muhim elementi ichki nutq hisoblanadi. Ichki nutq inson ongi va aqliy faoliyatining asosiy, universal qurolidir, unda fikr va til birgalikda tafakkurning nutq mexanizmini harakatga keltiradi. Ichki nutq inson ongining muhim omillaridan biridir. Inson tafakkurining mexanizmi ikki qarama-qarshi dinamik zveno - nutq harakati va predmet tasviri shaklida ichki nutq eksperimental tadqiqotning obektiga aylanadi. Ichki nutqni tekshirish jarayonida tilshunoslik bilan psixologiya fanlarini bir-biriga uzviy bogʻlaydigan yangi fan-psixolingvistika paydo boʻldi. Inson ma’lum tajriba va qoidalar yordamida cheksiz miqdorda yangidan-yangi jumlalarni yaratish qobiliyatiga ega. Psixolingvistika fanining asosiy maqsadlaridan biri ana shu qobiliyatning tabiatini va rivojlanish qonuniyatlarini ilmiy oʻrganishdir. Shuningdek, bu fan tilning real psixik birligi muammosi, nutq hosil qilish modeli: nutq madaniyati, nutq patalogiyasi, fikr va nutq oʻrtasidagi oʻzaro munosabat, nutq genezisi yoki nutqning paydo boʻlishi kabilarni oʻrganadi. Xullas, fikr va tilda voqeiy turmush, hayot namoyon boʻladi. Tafakkur shakllari tilda ifodalanadi. Download 0.92 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling