KALKA (fran. kalkie – kopiya, taqlid). O‘zga til materialidan |qismma-qism nusxa olish yoʻli bilan hosil qilingan soʻz yoki boshqa bir til birligi. Masalan, o‘zbekcha dunyoqarash so‘zi ruscha мировоззрение so‘zining kalkasidir. Kalkalar leksik, semantik, frazeologik boʻlishi mumkin.
KALKALASH O‘zga tilning leksik, frazeologik birliklarining modellari asosida oʻz til unsurlaridan foydalanib, yangi soʻz yoki frazeologik birliklar hosil qilish.
KALLIGRAFIYA (yun. kalligraphia – chiroyli dastxat) – q. Husnixat.
KAMMAHSUL QO‘SHIMCHALAR Unchalik koʻp boʻlmagan miqdorda soʻz yasovchi, hozirgi vaqtda yangi soʻz yaratishda kam ishtirok etuvchi qo‘shimchalar. Masalan, ot yasovchi -dosh (kursdosh, suhbatdosh), sifat yasovchi -ma (qovurma, chiyratma, terma) qo‘shimchalari.
KANSELYARIZM Qoʻllanishi rasmiy ish uslubiga, ayniqsa, idora ish uslubiga xoslangan soʻz, turgʻun birikma, grammatik shakl va tuzilma.
KASB-HUNAR LEKSIKASI Ma’lum kasb-hunar kishilari guruhiga xos, shular nutqida ishlatiladigan leksika: bigiz, sari, sogʻi, poshna, dastak, dazgil soʻzlari kosiblikka oid soʻzlardir.
KASR SON Butunning qismini bildiruvchi son. Sonning bu turi, masalan, oʻzbek tilida chiqish va bosh kelishikdagi ikki sanoq sonning birikuvi orqali ifodalanadi: oʻndan bir, beshdan uch kabi.
KATEGORIAL MA’NO Ma’lum bir soʻz turkumidagi soʻzlar va biror grammatik kategoriya uchun umumiy boʻlgan ma’no. Masalan, uy, daraxt, suv, tosh, uyqu soʻzlari uchun umumiy boʻlgan predmetlik ma’nosi; goʻzal, achchiq, uzun, yorugʻ, yashil soʻzlari uchun umumiy boʻlgan belgi ma’nosi; kel, oʻyna, yugur, oʻrgan, chiniq soʻzlari uchun umumiy boʻlgan harakat ma’nosi; keldi, kelyapti, keladi shakllari uchun umumiy bo‘lgan zamon ma’nosi kategorial ma’nolardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |