KESIM Tasdiq/inkor, mayl, zamon shaxs/son ma’nosi va shakliga ega bo‘lgan, gapning egasi haqidagi xabarni ifodalovchi bo‘lak: Qani, yur. (X. To‘xtaboyev) Bunaqa chiroyli qizni umrim bino bo‘lib ko‘rmaganman. (O‘. Hoshimov) Men sizga o‘g‘ilman, farzandingizman.(S. Ahmad) Nutqda kеsimsiz gap bo‘lishi mumkin emas. Gapni yuzaga keltirish, fikrni ifodalash jihatidan kesimning gapdagi ahamiyati juda katta. U hukmni ifodalovchi, gapning asosiy belgilarini ko‘rsatuvchi eng muhim bo‘lakdir. Gapda ega ham, ikkinchi darajali bo‘laklar (to‘ldiruvchi, aniqlovchi, hol) ham bevosita yoki bilvosita kesimga bog‘lanadi. Gapda kеsim bo‘lmasa, u o‘zbеk tili uchun to‘liqsiz gap hisoblanadi. Kеsim qaysi turkum so‘zi bilan ifodalansa, shu turkum so‘rog‘iga javob bo‘ladi.
KETMA-KET ERGASHISH Ergash gaplarning oʻzaro birin-ketin tobelanib, soʻngra bosh gapga bogʻlanishi: Agar siniq shisha bo‘lsa ham, birovning mulki bo‘lsa, xiyonat qilma.
KICHIK HARF Imlo qoidalariga koʻra bosh harf yoziladigan hollardan boshqa har qanday holatda ishlatiladigan harf.
KICHRAYTISH SHAKLI Predmetning kichikligini bildiruvchi soʻz shakli. Bu shakl -cha, -choq (-chiq) qo‘shimchalari yordamida yasaladi: uycha, stulcha, qoʻzichoq kabi: Mittigina, quvnoqqina, yebto‘ymasgina bir sichqoncha bor ekan. (A. Obidjon) Toychoqlar quloqlarini chimirib, kishnashib, o‘ynoqlashib, gala-gala bo‘lib, quduqqa tashlanishdi. (I. Rahim)
KINOYA Til birligini uning haqiqiy ma’nosiga nisbatan boshqa yoki qarama-qarshi ma’noda, kesatiq, qochiriq, piching bilan ishlatishdan iborat koʻchim: Xoʻsh, sizcha nima qilish kerak, oʻqimishli akam! – dedi kinoya bilan Yoʻlchi (Oybek).
Do'stlaringiz bilan baham: |