KITOBIY NUTQ Kitobiy leksika asosiga qurilgan nutq: Shuni alohida qayd etish lozimki... kabi.
KOMMUNIKATSIYA (lot. communicatsio – xabar, aloqa) Biror mazmunning til vositalari bilan berilishi, xabar qilinishi.
KOMMUNIKATIV BIRLIK – q. Nutqiy aloqa birligi. Masalan, gap.
KOMMUNIKATIV FUNKSIYA – q. Nutqiy aloqa vazifasi.
KOMPARATIVISTIKA (lot. comparatives – qiyosiy) q. Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik.
KOMPONENT (lot. component – tashkil etuvchi). Biron til (nutq) birligining tarkibiy qismi: Soʻz birikmasining komponentlari. Qoʻshma soʻzning komponentlari. Masalan, belbogʻ soʻzidagi bel va bogʻ shu qoʻshma soʻzning komponentlari (tarkibiy qismlari) hisoblanadi.
KOMPONENTLI TAHLIL Bir sathga mansub til birliklarini oʻzaro farqlaydigan komponentlarni – farqlovchi belgilarni topish, shunday komponentlarga ajratish. Masalan, sememani semalarga ajratish (sememaning semalar tarkibini belgilash). Jumladan, aka so‘zini olsak, uning sememasi qon-qarindosh, bir avlod, erkak, mendan katta kabi sema (komponent)lardan tarkib topgan.
KOMPOZITSIYA (lot. compozitos – tuzish) Soʻz qoʻshish. Qoʻshma soʻzlar kompozitsiya orqali hosil qilinadi deb tushuniladi. Q. Qoʻshma soʻz.
KONKRET OT – q. Aniq ot.
KONNOTATSIYA (lot. cun, con – birga + notare – belgilamoq) Til birligining konnotativ ma’no (ekspressiv, uslubiy munosabat kabi qoʻshimcha ma’no yoki ma’nolarning) ifodasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |