KIRISH BIRIKMA Xuddi kirish soʻz kabi vazifa bajaruvchi soʻz birikmasi: Ming afsuski, hozir to‘ylarda o‘yin-kulgi, chiroyli an’analar san’atini namoyish qilish emas, isrofgarchiliklar me’yoridan oshib ketadi. (Mirmuhsin)
KIRISH SOʻZ Gap boʻlaklari bilan sintaktik bog‘lanmagan, gap boʻlagi vazifasida boʻlmagan, gapning ayrim boʻlaklari yoki butun gapning mazmuniga soʻzlovchining turlicha munosabatini ifodalovchi soʻz: Albatta, kampir kelinlarini ro‘zg‘ordan siqmasdi. Ammo rejani buzmay, masalliqni isrof qilmay ish tutardi. (S. Ahmad) Menimcha, Qoratoy aka, Shokir ota, butun kulfatlar turmushning yomon tuzilganidan keladi. (Oybek)
KIRITMA SOʻZ BIRIKMASI Xuddi kiritma soʻzga oʻxshash vazifaga (xususiyatga) ega boʻlgan soʻz birikmalari: Odatda xotin-qizlarga chiroy bagʻishlovchi narsalar ham (sochining jingalakligi) Soraxonga yarashmaydi (M. Sultonova)
KIRITMA SOʻZ Gap boʻlaklari bilan shakliy-grammatik bogʻlanmagan, asosiy fikrga qoʻshimcha, yoʻl-yoʻlakay qoʻshimcha fakt bayon qiluvchi, toʻldirish, aniqlik kiritish va sh. k. maqsadda qoʻllanuvchi soʻz. Kiritma soʻz kirish soʻzdan farqli holda modal ma’no ifodalamaydi, gap boshida kelmaydi: ...allaqanday bir tergovchini chaqirtirib (chaqirib emas), xoʻp soʻkkan emish (A. Qahhor).
KISHILIK OLMOSHLARI Shaxs bildiruvchi olmoshlar. Bu olmoshlarning shaxs va songa koʻra quyidagi turlari bor:: I shaxs, birligi va I shaxs, koʻpligi olmoshi: men – biz; II shaxs, birligi va II shaxs betaraf olmoshi: sen – siz; III shaxs birligi va III shaxs betaraf olmoshi: u – ular.
KITOBIY LEKSIKA Kitobiy uslubga xos, ilmiy adabiyot, publitsistik asar, rasmiy-ish hujjatlari va sh. k.larda qoʻllanadigan leksika. Masalan, iborat, qayd etmoq, mazkur, kapital, modda va b.
Do'stlaringiz bilan baham: |