KATEGORIAL SHAKL Ma’lum bir grammatik kategoriyaga xos ma’noni ifodalovchi soʻz shakli. Masalan, kelishik shakllari, fe’lning zamon shakllari kategorial shakllardir.
KATTA HARF – q. Bosh harf.
KELASI ZAMON GUMON FE’LI Ish-harakatning kelgusida boʻlish-boʻlmasligini gumon tarzida ifodalaydigan fe’l shakli: Vaqti-soati kelsa o‘qib olarman, undan ko‘ra bir ishning boshini tutay. (M. Hazratqulov)
KELASI ZAMON Harakatning nutq vaqtidan keyin bajarilishi. Shunday ma’noni bildiruvchi fe’l «kelasi zamon fe’li», «kelasi zamon shakli» deyiladi.
KELISHIK KATEGORIYASI Ot yoki otlashgan soʻzning fe’lga, otga yoki boshqa bir turkum soʻziga munosabatini ifodalab, tobeligini koʻrsatuvchi shakllar tizimi. O‘zbek tilida kelishikning olti turi bor: 1) bosh kelishik (q.); 2) qaratqich kelishigi (q.); 3) tushum kelishigi (q.); 4) jo‘nalish kelishigi (q.); 5) o‘rin-payt kelishigi (q.), 6) chiqish kelishigi (q.).
KELISHIKLI BOSHQARUV Kelishik shakli vositasida voqe boʻladigan boshqaruv: uyga bormoq, rejani bajarmoq.
KELISHIKLI TUZILMA Kelishik shakli yordamida hosil boʻlgan tuzilma.
KELISHIK – q. Kelishik kategoriyasi.
KENG UNLI Til tanglay tomon bir oz koʻtarilib, ogʻiz boʻshlig‘i keng ochilishi bilan hosil boʻladigan unli. Masalan, a unlisi.
KESIM ERGASH GAP Bosh gapning koʻrsatish yoki soʻroq olmoshi bilan ifodalangan kesimini izohlab, aniqlab keluvchi ergash gap: Senga beradigan maslahatim va nasihatim shuki, umidsizlikka tushma. (S. Ayniy)
KESIM GURUHI – ayn. Kesim tarkibi.
KESIM TARKIBI Kesim va unga tobe boʻlgan ikkinchi darajali boʻlaklar: Ko‘k yuzida suzib yurgan bulut parchalari oftobni bir zumda yuz ko‘yga solyapti. (A. Qahhor)
Do'stlaringiz bilan baham: |