biologiya (zoologiya) mutaxassisligi udk


Farg‘ona vodiysining hayvonot


Download 460.17 Kb.
bet14/37
Sana24.06.2023
Hajmi460.17 Kb.
#1653365
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   37
Bog'liq
123 (3)

Farg‘ona vodiysining hayvonot dunyosi ham o‘simliklari kabi mintaqaviy joylanish xususiyatiga ega. Tabiiy sharoitning o‘zgarishi, inson xo‘jalik faoliyatining landshaftlarga ta’siri tufayli ko‘plab hayvon turlari qirilib ketdi va ayrimlari madaniy landshaftlarga moslashib hayot kechirmoqda.
Farg‘ona vodiysida sut emizuvchilarning 25 turi, suvda va quruqda yashovchilarning 2 turi, sudralib yuruvchilarning 30 ga yaqin turi, qushlarning 182 turi aniqlangan. Hayvonot dunyosining mintaqaviy joylanishiga ko‘ra daryolar pastqam qirg‘oqlaridagi to‘qayzorlarda in qurib yashovchi qushlarning 25 %, qumli va gilli cho‘llardan iborat tekisliklarda qushlarning 22 %, tog‘oldi va tog‘ o‘rmonlarida 15 %, tog‘ o‘tloq mintaqasida 10 %, baland tog‘li va qoyali hududlarda 22 % uchraydi. Farg‘ona vodiysining Sirdaryoga qarashli qayir to‘qayzorlarida XVIII asrgacha yashab kelgan yo‘lbarslar, Markaziy Farg‘ona cho‘llarida yashagan qulon, tog‘ o‘rmonlarida yashagan jayron, yovvoyi qo‘y kabi ko‘plab hayvon turlari insonlar tomonidan qirib yuborilgan. Farg‘ona vodiysining tekislik va adirlar qismi cho‘l mintaqasiga kirib uning tabiiy landshaftlar birmuncha saqlanib qolgan Markaziy Farg‘onadagi do‘ng marza qumlar hududida sudralib yuruvchilarning 23 turi uchrab, ular qumli, gilli cho‘llarda yozning yuqori haroratiga moslashgan holda yashaydilar. Sudralib yuruvchilarning eng katta turi – kulrang echkemar (varon) bo‘lib uzunligi 1 m. va undan ham ortadi. Echkemar yuqori havo haroratida faol hayot kechirib, mayda sudralib yuruvchilar, hasharotlar bilan oziqlanadi. Qumli hududlarda birmuncha kichikroq bo‘lgan sudralib yuruvchilarning gekkon, cho‘l agamasi, shtraux qurbaqaboshi, ildam kaltakesakcha kabi vakillari yashaydi. Ularning gavda tuzilishi, rangi va harakatlanishi jihatdan qumli cho‘llarga nihoyatda moslashgan. Qumli cho‘llarda toshbaqalar uchrab, ular ham yilning issiq fasllarida faol hayot kechiradi. Qumli va gilli cho‘llar sudralib yuruvchilarning eng ko‘p tarqalgan turlari ilonlar hisoblanadi. Farg‘ona vodiysining cho‘l mintaqasida uchraydigan o‘q ilon, ko‘rma ilon, xoldor chipor ilon, ko‘ndalang yo‘lli chipor ilon, suv iloni kabi vakillari zaharli ilonlarga kirmaydi. Ular zararli hasharotlarni yeb tirikchilik qiladilar. Ilonlar ichida ko‘rma ilonning tur sifatida keskin kamayib ketishi kuzatilmoqda. Buning asosiy sababi uning aholi tomonidan ovlanishi va davo sifatida iste’mol qilinishidir. Farg‘ona vodiysining qumli va gilli cho‘llarida uchraydigan sudralib yuruvchilardan shtraux tugarakboshi, silliq, gekkongcha, kulrang echkemar, qalqonli gekkoncha respublikamiz “Qizil kitobi”ga kiritilgan. Farg‘ona vodiysining qumli va gilli cho‘llarida va ular atrofidagi dala maydonlarida qizil dumli qumsichqon, dala qumsichqoni, katta qumsichqon, uy sichqoni, tipratikan kabi kemiruvchilarning vakillari yashaydilar. Ular donli ekinzorlar va poliz maydonlariga katta zarar yetkazadilar. Kemiruvchilarning suvda yashaydigan vakillaridan ondatra vodiyning tekislik qismidagi barcha ariq va zovur suvlarida, to‘qayzorlarda uchraydi.
Farg‘ona vodiysining qumli cho‘llarida yirtqich hayvonlarning vakillaridan bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki, dala mushugi, olako‘zan, ariq sichqoni (laska) yashaydi. Ular Markaziy Farg‘onada tashkil etilgan tabiat yodgorligi hududida birmuncha ko‘payib bormoqda. Qumli cho‘llar hududi qushlarga kambag‘aldir. Bu yerda uchraydigan Turkiston oq laylagi “Qizil kitob”ga kiritilgan. Ola qanot, afg‘on maynasi, hakka, qora qarg‘a, so‘fito‘rg‘ay, sariq chumchuq, moyqut, yilqichi, jo‘rchi qush, yapaloqqush, xo‘jasavdogar, bedana kabi qushlar nafaqat qumli va gilli cho‘llarda, balki ular atrofidagi dala bog‘larda, aholi yashaydigan hududlarda ham yashashga moslashib ketgan. Bahor oylarida qaldirg‘och, mayna, g‘urrak kabi qushlar uchib kelib in quradilar va sovuq tushgach boshqa issiq o‘lkalarga uchib ketadi. Farg‘ona vodiysining cho‘l mintaqasiga kiruvchi hududlarining suv havzalarida, daryo soyliklarida, zovur va kollektorlarda amfibiyalar va baliqlarning ko‘plab turlari uchraydi. Daryo, soyliklar va ayniqsa, Sirdaryoda ship, usach, qizilko‘z, turkiston ko‘k bo‘yini, cho‘rtan, xumbosh (tolstolobik) sirdaryo kurakburuni, sazan, ilonbosh, cho‘rtansifat oqqiyroq, oq sazan, oq amur, karp, olaxumbosh, qizillab kabi baliqlar uchraydi. Baliqlarning sazan, karp, oq amur, xumbosh, ilonbaliq, laqqa baliq kabi turlari baliqchilik fermer xo‘jaliklarida boqilib, aholini baliq go‘shti bilan ta’minlashga katta ahamiyat berilmoqda.
Sirdaryo va yirik soyliklarda uchrovchi baliq turlaridan Sirdaryo kurakburuni, cho‘rtansifat, oqqayroq, oq sazan, Turkiston mo‘ylovdori kamayib borayotganligi tufayli “Qizil kitob”ga kiritilgan. Adirlar mintaqasining landshaft-ekologik sharoiti cho‘l mintaqasining tekisliklaridan birmuncha farqlanadi. Havo haroratining birmuncha mo‘’tadilligi, namlikning nisbatan ko‘pligi, o‘tchil o‘simliklar o‘sadigan muhitda Farg‘ona vodiysining adirlarida sudralib yuruvchilarning 11 ta vakili: kulrang echkemar, shirilloq, kaltakesak, rang-barang kaltakesakcha, taqir kaltakesakcha, chipor ilon, cho‘l agamasi, ko‘ndalang yo‘lli chipor ilon, ildam kaltakesakcha,, sharqiy qum ilon, toshbaqa, nikolskiy kaltakesakchasi yashaydi [8, 9, 10].
Adirlarda qushlarning 19 turi: oq bovur, ko‘k qo‘pak, ko‘k qarg‘a, so‘fito‘rg‘ay, kichik to‘rg‘ay, jo‘rchi, o‘ynoqi toshsir chumchuq, hind chumchug‘i, boy o‘g‘li, soch, sariq sor, miqqiy, yovvoyi kaptar, g‘urrak, qorabosh sirchumchuq, sariq chumchuq, bo‘ktarchi kabilari yashaydi. Sut emizuvchi hayvonlardan qumquyon, seversov qo‘shoyog‘i, kichik qo‘shoyoq, qo‘ng‘ir olaxurjuncha, qizil dumli qumsichqon, ariq sichqoni, dala mushugi, tulki, ko‘rshapalaklar yashaydi. Adir yerlarni o‘zlashtirish, ekin maydonlarining hosil qilinishi, yo‘llar, kanallar va boshqa inshootlarning qurilishi, adirlardan karer sifatida va bahorgi yaylov sifatida foydalanilishi tufayli hayvonot dunyosining turi va son ko‘rsatkichlari ham kamayib bormoqda. Tog‘ mintaqasi Farg‘ona vodiysida cho‘l va adirlar mintaqasiga ko‘ra hayvonot dunyosi uchun ekologik sharoitning qulayligi, inson aralashuvining nisbatan kamligi bilan ajralib turadi. Shunga ko‘ra bu mintaqada cho‘l va adir mintaqalari uchun xos bo‘lgan hayvon turlarini ham uchratish mumkin. Tog‘ mintaqasida sudralib yuruvchilar ichida zaharli bo‘lgan qalqontumshuq ilon (kobra) chinqiroq zaharli ilonlar oilasining yagona vakilidir. Uning uzunligi 60-80 sm. ga yetadi, dum qismi 7-8 sm, bosh qismi yassi bo‘lib, tog‘ archazorlari ostida hayot kechiradi. Sudralib yuruvchilardan Turkiston va Ximolay agamasi, tog‘ bilakuzugi, nikolskiy kaltakesagi kabi vakillari yashaydi.
Qushlar tog‘ mintaqasida boshqa mintaqalarga nisbatan tur va son ko‘rsatkichlari bo‘yicha ustun turadi. Chumchuqsimonlar oilasining vakillari sariqchumchuq, qorabosh sirchumchuq, o‘ynoqi toshsirchumchuq, tog‘ chumchug‘i shuningdek, yapaloqqush, jig‘iltoy, qarqunoq, olato‘g‘anoq, sava, bulbul, jiblajibon, uzun quyruq, tog‘ zag‘chasi, kaklik, boltayutar, archazor boltatumshug‘i, burgut, Turkiston ulori kabi qushlar yashaydi. Sut emizuvchi hayvonlardan tipratikan, jayra, qizil sug‘ur, relikt yumronqoziq, oddiy o‘rmon kalamushi, o‘rmon olmaxoni, Turkiston kalamushi, ko‘rshapalaklar, yirtqich hayvonlardan bo‘ri, tulki, yovvoyi to‘ng‘iz, tuyoqlilardan tog‘ takasi, arxarlar juda kamayib ketgan. Tog‘ daryolarida marinka, turkiston laqqa balig‘i yashaydi. Tog‘lardagi ko‘l, daryo va soyliklar havzasida baliqxo‘r qushlar: baliqchi, qoravoy, ko‘lbuqa, xovdush, birqozon, qizil qo‘ton kabilar hayot kechiradilar. Turkiston oq laylagi, burgut, boltayutar kabi qushlar “Qizil kitob”ga kiritilgan [8, 9, 10].

Download 460.17 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   37




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling