Ksantomonadsimonlar ajdodi - Xanthomonadopsida
Bu ajdod faqat bitta geteroxloridnamolar qabiladan - Heterochloridales iborat. Bu qabilaning vakillari bir hujayrali bo‘lib, sho‘r va chuchuk suvlarda o‘sadi. Hujayrasi dorzoventral (ust va ost qismi aniq) ko‘rinishda bo‘lib, bir-biriga teng bo‘lmagan xivchinlar yordamida harakatlanadi. Ba’zan xivchinlarini bittasi reduksiyaga uchrashi mumkin. Bu qabilaning tipik vakili sifatida geteroxloris (Heterochloris) misol bo‘lishi mumkin. Bu xususiyat qabilaning ko‘pchilik vakillariga xos bo‘lib, hayvonlarga o‘xshab oziqlanadi. Geteroxloris hujayrasida bir necha xromatofora, qisqaruvchan vakuola, bitta yadro, yog‘ tomchilari hamda fotosintez mahsuloti xrizolaminarin bo‘ladi.
Ksantopodsimonlar ajdodi – Xanthopodopsida
Bu ajdod ham faqat bitta rizoxloridnamolar - Rhizochloridales qabilasiga ega. Bu qabilaning vakillari bir hujayrali va kolonial organizmlar bo‘lib, erkin va ipsimon suvo‘tlarni tallomiga yopishib hayot kechiradi. Asosan, chuchuk suvlarda tarqalgan. Bularni eng xarakterli belgilari shundan iboratki, ular yolgon oyoqlar chiqarib, qattiq jisimlarni ushlab oziqlanadi. Ba’zi turlarida bir necha hujayralar bir-biri bilan sitoplazmatik tortmalar yordamida birikib, ancha murakkab tuzilishga ega bo‘lgan to‘r hosil qiladi. Boshqa bir xil turlari mayda amyobasimon tanachalarni qo‘shib, shilimshiqlilarga o‘xshab plazmodiy hosil qiladi. Toza suv havzalarida rizoxloris (Rhizochloris) turkumi turlari uchraydi. Ular ipsimon yolg‘on oyoqlar chiqarib, harakat qiladi. Ko‘payish vaqtida hujayra uzunasiga teng ikkiga bo‘linadi, bo‘lingan qiz hujayralar ajralib ketmasdan, yolg‘on oyoqlar vositasida birikib, yolg‘on oyoqlilar (psevdopodiy) guruhini hosil qiladi. Torf hosil qiluvchi yo‘sinlarni barg hujayralari orasida mikroxloris (Myxochloris) turlari yashab, ko‘p yadroli yirik plazmodiy hosil qiladi. Kuz faslida sista vujudga keladi, bahorda sista taraqqiy etib, yo‘sin bargini hujayra oralig‘ida o‘rnashib plazmodiyga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |