Birinchi bo‘lim umumiy qoidalar I bob. Asosiy qoidalar 1-modda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari


-modda. Transport vositasini boshqarishdan chetlatish, mastlik holatini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tkazish


Download 0.59 Mb.
bet42/46
Sana19.11.2020
Hajmi0.59 Mb.
#147374
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   46
Bog'liq
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MA’MURIY JAVOBGARLIK TO‘G‘RISIDAGI KODEKSI


292-modda. Transport vositasini boshqarishdan chetlatish, mastlik holatini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tkazish

Transport vositalarini boshqarayotgan mastlik holatida deb hisoblashga yetarli asoslar bo‘lgan shaxs transport vositasini boshqarishdan chetlashtirilishi va mastlik holatini aniqlash uchun belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak.

Mazkur shaxsni tekshirishga yuborish va bu tekshiruvni o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 LexUZ sharhi

Qarang: “Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror (ro‘yxat raqami 3099).

293-modda. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni ta’minlash choralari ustidan shikoyat berish

Ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish, shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish, ashyolarni ko‘zdan kechirish, transport vositalarini ushlab turish va ko‘zdan kechirish, ashyo va hujjatlarni olib qo‘yish, transport vositasini boshqarishdan chetlashtirish ustidan manfaatdor shaxs yuqori organga (mansabdor shaxsga), prokurorga yoki sudga shikoyat berishi mumkin.



XXII bob. MA’MURIY HUQUQBUZARLIK TO‘G‘RISIDAGI IShNI YuRITIShDA QATNAShUVChI ShAXSLAR

294-modda. Ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning huquq va burchlari

Ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs ish materiallari bilan tanishib chiqishga, izohlar berishga, dalillar keltirishga, o‘z iltimosini bayon etishga, ishni ko‘rib chiqish vaqtida advokatning yuridik yordamidan foydalanishga, o‘z ona tilida so‘zlashga va tarjimonning xizmatlaridan foydalanishga, ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat berishga haqlidir.



Oldingi tahrirga qarang.

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Mazkur shaxsga ishni ko‘rib chiqish joyi va vaqti haqida xabar qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lgan va undan ishni ko‘rib chiqishni kechiktirish xususida hech qanday iltimos tushmagan hollarda, shuningdek ushbu Kodeks 3091-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollardagina ish uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin.



(294-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustdagi O‘RQ-389-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 32-son, 425-modda)

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 35-son “Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 12-bandi.

Oldingi tahrirga qarang.

Basharti sodir etgan huquqbuzarligi uchun ushbu Kodeksda ma’muriy qamoqqa olish, ashyolarini musodara qilish yoki haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish choralarini qo‘llash nazarda tutilgan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish vaqtida ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning ishtirok etishi shart. Mazkur shaxs bunday ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda ishtirok etishdan bo‘yin tovlagan taqdirda, u ma’muriy sudning ajrimiga binoan ichki ishlar organi tomonidan majburan olib kelinishi mumkin. Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan holda O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni yoki boshqa qimmatliklarni olib o‘tish bilan bog‘liq bo‘lib, musodara qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish alohida hollarda, agar ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lsa yoki uning turgan joyini aniqlash imkoni bo‘lmasa, bunday shaxsning ishtirokisiz ko‘rib chiqiladi.



(294-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 31-oktabrdagi O‘RQ-577-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.11.2019-y., 03/19/577/3975-son — 2020-yil 2-fevraldan kuchga kiradi)

 LexUZ sharhi

Qarang: sud amaliyoti.

295-modda. Jabrlanuvchi

Ma’muriy huquqbuzarlik yo‘li bilan ma’naviy, jismoniy yoki mulkiy zarar yetkazilgan shaxs jabrlanuvchi deb topiladi.

Jabrlanuvchi ishga oid hamma materiallar bilan tanishib chiqishga, ko‘rsatuvlar berishga, dalillar keltirishga, iltimoslar qilishga, ishni ko‘rib chiqish paytida advokatning yuridik yordamidan foydalanishga, o‘z ona tilida so‘zlashga va tarjimon xizmatidan foydalanishga, ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat berishga haqlidir.

296-modda. Qonuniy vakillar

Oldingi tahrirga qarang.

Voyaga yetmagan yoki o‘zining jismoniy nuqsonlari yoxud ruhiy holatining buzilganligi sababli ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan o‘z huquqini o‘zi amalga oshirolmaydigan — ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning yoki jabrlanuvchining manfaatlarini ular uchun mazkur shaxslarning qonuniy vakillari (ota-onalari, er yoki xotinlari, voyaga yetgan bolalari, farzandlikka oluvchilar, vasiylar, homiylar) ifodalashga haqlidirlar.



(296-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 12-sentabrdagi O‘RQ-567-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.09.2019-y., 03/19/567/3737-son)

Qonuniy vakillar ish materiallari bilan tanishishga va manfaatlarini o‘zlari ifoda etayotgan shaxs nomidan iltimoslar qilishga, ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat berishga haqlidirlar.



297-modda. Advokat

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda shu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsni ushlab turish paytidan boshlab advokat qatnashishi mumkin.

Advokat ishga oid materiallar bilan tanishib chiqishga, uni taklif qilgan shaxsning topshirig‘iga binoan va uning nomidan iltimoslar qilishga va ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat berishga haqlidir.

298-modda. Guvoh

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha aniqlanishi kerak bo‘lgan biron-bir holatdan voqif bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday shaxs shu ish yuzasidan guvoh sifatida chaqirilishi mumkin.

Ishni yuritayotgan organning (mansabdor shaxsning) chaqiruviga binoan guvoh ko‘rsatilgan vaqtda kelishi, haqqoniy ko‘rsatuvlar berishi, shu ish xususida o‘ziga ma’lum bo‘lgan hamma narsalarni aytib berishi va qo‘yilgan savollarga javob berishi shart.

299-modda. Ekspert

Oldingi tahrirga qarang.

Xulosa berish uchun zarur fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxs ekspert sifatida tayinlanishi mumkin.

Ekspert sifatida davlat sud-ekspertiza muassasasi eksperti, boshqa korxona, muassasa, tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin.

Ekspert ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) tomonidan maxsus bilimlarga zarurat tug‘ilgan hollarda tayinlanadi.

Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar ekspert sifatida jalb etilishi mumkin emas.

Ekspert: ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishning ekspertiza predmetiga oid materiallari bilan tanishish, ulardan zarur ma’lumotlarni yozib olish yoki ko‘chirma nusxalar olish; ekspertizani o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish; ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) ruxsati bilan ishni ko‘rib chiqishda hozir bo‘lish, javobgarlikka tortilayotgan shaxsga, jabrlanuvchiga, guvohlarga ekspertiza predmetiga oid savollar berish; ashyoviy dalillar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish; o‘z xulosasida nafaqat o‘zining oldiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha, balki ekspertiza predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar bo‘yicha ham fikrlarini bayon etish; uning xulosasi yoki ko‘rsatuvlari ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinganligi xususida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish bayonnomasiga kiritilishi lozim bo‘lgan bayonotlar berish; agar u ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, o‘z ona tilida xulosa taqdim etish va ko‘rsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish; agar ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritayotgan organning (mansabdor shaxsning) qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ekspertning huquq va erkinliklarini buzayotgan bo‘lsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan shikoyat qilish huquqiga egadir.

Ekspert: o‘ziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va to‘liq tekshirishdan o‘tkazishi, o‘z oldiga qo‘yilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona yozma xulosa berishi; ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritayotgan organning (mansabdor shaxsning) chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi; o‘zi o‘tkazgan ekspertiza xususida ko‘rsatuvlar berishi va o‘zi bergan xulosani tushuntirish uchun qo‘shimcha savollarga javob berishi; ekspertizani o‘tkazishi munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni oshkor qilmasligi; taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining saqlanishini ta’minlashi; ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganda tartibga rioya qilishi shart.

(299-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 1-iyundagi O‘RQ-250-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 22-son, 174-modda)

Oldingi tahrirga qarang.

2991-modda. Ekspertning yoki ekspertlar komissiyasining xulosasi

Ekspert yoki ekspertlar komissiyasi ekspert tekshiruvlarini o‘tkazib bo‘lganidan keyin tegishincha ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir ekspert imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi.

Xulosada: ekspertiza o‘tkazilgan sana va joy; ekspertizani o‘tkazish asosi; ekspertizani tayinlagan organ (mansabdor shaxs) to‘g‘risida ma’lumotlar; ekspert (familiyasi, ismi, otasining ismi, ma’lumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va ekspertizani o‘tkazish topshirilgan tashkilot haqida ma’lumotlar; ekspertning bila turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilganligi; ekspertning oldiga qo‘yilgan savollar; ekspertga taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallari; ekspertiza o‘tkazilayotganda hozir bo‘lgan shaxslar haqida ma’lumotlar; qo‘llanilgan usullar ko‘rsatilgan holda ekspert tekshiruvlarining mazmuni va natijalari, shuningdek bu ekspert tekshiruvlari, agar ekspertlar komissiyasi ishlagan bo‘lsa, kim tomonidan o‘tkazilganligi; ekspert tekshiruvi natijalarining baholanishi, qo‘yilgan savollarga berilgan asosli javoblar; ish uchun ahamiyatga molik bo‘lgan va ekspertning tashabbusiga ko‘ra aniqlangan holatlar ko‘rsatilishi lozim.

Xulosada huquqbuzarlik sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, shuningdek ularni bartaraf etishga doir tashkiliy-texnikaviy tavsiyalar ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin.

Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar ushbu xulosaga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi bo‘lib xizmat qiladi. Ekspert tekshiruvining olib borilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotda qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda saqlanadi. Ular ekspertizani tayinlagan organning (mansabdor shaxsning) talabiga binoan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishga qo‘shib qo‘yish uchun taqdim etiladi.

Agar taqdim etilgan tekshirish obyektlarining, materiallarning yoki ekspertning maxsus bilimlari yetarli emasligi ekspert tekshiruvi davomida ma’lum bo‘lib qolsa, xulosa ayrim qo‘yilgan savollarga javob berishni rad etish asosini o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.

Ekspert tekshiruvi tugaganidan so‘ng xulosa, tekshirish obyektlari va ish materiallari ekspertizani tayinlagan organga (mansabdor shaxsga) yuboriladi.

Xulosa ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) uchun majburiy emas, biroq uning xulosaga qo‘shilmasligi asoslantirilgan bo‘lishi kerak.

Agar ekspert qo‘yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin bo‘lmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni to‘ldirib bo‘lmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo‘yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni ekspertizani tayinlagan organga (mansabdor shaxsga) yuboradi.

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 35-son “Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi Qarorining 13-bandi.

(2991-modda O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 1-iyundagi O‘RQ-250-son Qonuniga asosan kiritilgan — O‘R QHT, 2010-y., 22-son, 174-modda)

Oldingi tahrirga qarang.

2992-modda. Mutaxassis

Dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashda maslahatlar (tushuntirishlar) berish yo‘li bilan ko‘maklashish hamda ilmiy-texnika vositalarini qo‘llashda yordam berish maqsadida fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan, ishning yakunidan manfaatdor bo‘lmagan voyaga yetgan shaxs mutaxassis sifatida jalb etilishi mumkin.

Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar mutaxassis sifatida jalb qilinishi mumkin emas.

Mutaxassis: ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishning tekshirish mavzusiga doir materiallari bilan tanishish, ulardan zarur ma’lumotlarni yozib olish yoki ko‘chirma nusxalar olish; maslahatlar (tushuntirishlar) berish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va o‘rganish obyektlarini taqdim etish to‘g‘risida iltimosnomalar berish; ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish o‘z ish yurituvida bo‘lgan organning (mansabdor shaxsning) ruxsati bilan ishni ko‘rib chiqish chog‘ida hozir bo‘lish, javobgarlikka tortilayotgan shaxsga, jabrlanuvchiga, guvohlarga tekshirish mavzusiga taalluqli savollar berish; ashyoviy dalillar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish; o‘z maslahatlari (tushuntirishlari) ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinganligi xususida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish bayonnomasiga kiritilishi lozim bo‘lgan fikr-mulohazalar bildirish; agar u ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, ona tilida maslahat berish va tushuntirishlarini bayon qilish hamda bu holda tarjimon xizmatidan foydalanish; agar ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish o‘z ish yurituvida bo‘lgan organning (mansabdor shaxsning) qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ushbu mutaxassisning huquqlari va erkinliklarini buzsa, mazkur organning qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.

Mutaxassis: o‘ziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va to‘liq tekshirishdan o‘tkazishi, o‘z oldiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan asosli va xolisona maslahatlar (tushuntirishlar) berishi; ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish o‘z ish yurituvida bo‘lgan organning (mansabdor shaxsning) chaqiruviga binoan kelishi; o‘tkazilgan tekshirish xususida ko‘rsatuvlar berishi va o‘zi bergan maslahatlarni (tushuntirishlarni) tushuntirib berish uchun qo‘shimcha savollarga javob berishi; tekshirish o‘tkazilishi munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni oshkor qilmasligi; taqdim etilgan tekshirish obyektlarining va ish materiallarining but saqlanishini ta’minlashi; ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganda tartibga rioya etishi shart.

Mutaxassisning barcha yuzaga kelgan masalalar bo‘yicha maslahatlari sudga yozma shaklda taqdim etilishi kerak, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganda mutaxassis tomonidan berilgan tushuntirishlar esa ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish bayonnomasiga kiritiladi.



(2992-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi O‘RQ-463-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)

300-modda. Tarjimon

Tarjimon ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) tomonidan tayinlanadi.

Tarjimon mazkur organning (mansabdor shaxsning) chaqirig‘iga binoan kelishi, o‘ziga topshirilgan tarjimani to‘la-to‘kis hamda aniq bajarishi shart.

Oldingi tahrirga qarang.

301-modda. Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarning qoplanishi lozim bo‘lgan xarajatlari

Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) huzuriga kelishlari munosabati bilan ularning qilgan xarajatlari belgilangan tartibda qoplanadi.

Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar sifatida chaqirilgan shaxslarning ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) huzuriga kelishlari munosabati bilan ular ishda bo‘lmagan vaqtda o‘z ish joyidagi maoshi belgilangan tartibda saqlanadi.

Ekspert, mutaxassis va tarjimon xizmat topshirig‘i tartibida bajarilgan hollardan tashqari, o‘zining vazifalarini bajarganligi uchun mukofotlanish huquqiga egadir.



(301-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi O‘RQ-463-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)

302-modda. Ma’muriy javobgarlikka qonunga xilof ravishda tortilganligi sababli fuqaroga yetkazilgan zararni qoplash

Ma’muriy javobgarlikka qonunga xilof ravishda tortilganlik natijasida fuqaroga yetkazilgan zarar ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqqan organning (mansabdor shaxsning) aybidan qat’i nazar davlat tomonidan to‘liq hajmda to‘lanadi.

Zararni qoplash huquqi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish tugatilgan taqdirdagina vujudga keladi.

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) fuqaroga buzilgan huquqlarini tiklash tartibini tushuntirib berishi va ma’muriy javobgarlikka qonunga xilof ravishda tortilganligi natijasida fuqaroga yetkazilgan zararni qoplash uchun qonunda nazarda tutilgan choralarni ko‘rishi shart.



XXIII bob. MA’MURIY HUQUQBUZARLIK TO‘G‘RISIDAGI IShLARNI KO‘RIB ChIQISh

303-modda. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishga tayyorlanish

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishga tayyorlash vaqtida tegishli organ (mansabdor shaxs):

1) mazkur ishni ko‘rib chiqish o‘zining vakolat doirasiga kirish kirmasligi;

2) ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma va ishga oid boshqa materiallar to‘g‘ri tuzilgan-tuzilmaganligi;

3) ishni ko‘rib chiqishda qatnashuvchi shaxslar uni ko‘rib chiqish vaqti va joyi haqida xabardor qilingan-qilinmaganligi;

4) zarur qo‘shimcha materiallar so‘rab olingan-olinmaganligi;

5) ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs, jabrlanuvchi, qonuniy vakillar, advokat qilgan iltimoslar to‘g‘risidagi masalalarni hal etadi.

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 35-son “Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi Qarorining 3-bandi.

Oldingi tahrirga qarang.


Download 0.59 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   46




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling