Dualizm. Dualizm vakillarining fikricha, dunyoning asosida ikkita mustaqil negiz: ham moddiy, ham g’oyaviy (ma’naviy, ilohiy) negiz yotadi.
Plyuralizm. Plyuralizm vakillarining aytishicha, borliqning asosida ko’plab, bir-biridan mustaqil moddiy va g’oyaviy negizlar yotadi. Ayrim plyuralistlar moddiy negizlarga urg’u berishadi. Ularni materialistik plyuralizm vakillari deyish mumkin. Masalan, qadimgi xitoy, hind, yunon materialistlari borliq olov, suv, havo va tuproqdan tashkil topgan deyishgan. Boshqa yo’nalishdagi plyuralistlar esa ma’naviy, g’oyaviy substantsiyalarga ustuvorlik berishgan (ularni idealistik plyuralizm vakillari deyishadi).
4. Borliq, mavjudlik va reallik. Borliq voqelikning eng umumiy, ichki va tashqi, mohiyati va mazmuniga aloqador barcha jihatlarini aks ettirsa, mavjudlik esa voqelikning tashqi, ko’zga tashlanadigan, shakliga aloqador va tajriba vositasida bilib olinadigan tomonini ifodalaydi. Borliq voqelikning chuqur mohiyatini qamrab oladi va aql vositasidagina bilib boriladi. Reallik esa borliqning muayyan ob’ektda mavjud bo’lgan mujassamlashgan qismini ifodalaydi. Reallik borliqning ayni paytdagi mavjud qismidir.
Borliq mavjudlik va reallik tushunchalariga qaraganda ham kengroq tushunchadir. Mavjudlik — borliqning hozirgi paytda namoyon bo’lib turgan qismi bo’lib, o’tgan va mavjud bo’ladigan narsa va hodisalar ham borliq tushunchasiga kiradi. Reallik esa – mavjudlikning hammaga ayon bo’lgan, ular tomonidan tan olingan qismi. Borliq o’zida reallikni ham, mavjudlikni ham qamrab oladi.
5. Borliqning shakllari. Borliqing shakllari deb borliqning nisbatan turg’un muayyan aloqalari va o’zaro ta’sirlari,uning tuzilishi,strukturasi kabilarning tashkil etuvchilariga aytiladi. Bular quyidagilardan iborat:
Moddiy va ma’naviy borliq. Bu asosan ob’ektiv va sub’ektiv shaklda namoyon bo’ladi. Atrofimizni o’rab turgan dunyo ikki xil ob’ektiv va sub’ektiv reallikdan tashkil topgandir. Ongimizdan tashqarida va unga bog’liq bo’lmagan holda mavjud bo’lgan reallik ob’ektiv reallik deyiladi. Bu tushunchani materialistlar materiya tushunchasi bilan aynan bir ma’noda ishlatadi.
Reallikning inson ongi bilan bog’liq bo’lgan va ongning mahsuli hisoblangan qismi sub’ektiv reallik deyiladi. Ob’ektiv reallik moddiy borliq tushunchasiga mos kelsa, sub’ektiv reallik esa borliqning g’oyaviy shakliga muvofiq keladi. Materializm vakillari borliqning g’oyaviy shakli moddiy shaklining mahsuli, deb hisoblashadi. Idealizm vakillari esa moddiylik g’oyaviylikning ijodi yoki g’oyaviylikning namoyon bo’lish shaklidir, deb ta’kidlaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |