Buxoro davlat universiteti «O’zbekiston tabiiy geografiyasi» fani bo’yicha ma’ruza matni
Download 1.52 Mb.
|
O`zbekiston tabiiy geografiyasi
- Bu sahifa navigatsiya:
- Rudali foydali qazilmalari
- Kamyob metallar – volfram
- Tog` - kimyo - xomashyosi.
- O’zbekiston orografiyasi va relyefining asosiy xususiyatlari
- Tog` oldi va tog`liklar relefi
- Chotqol-Qurama tog` sistemasi
- Nurota-Turkiston tog` sistemasi
- Hisor-Zarafshon sistemasi
- Tog` oraligi va tog` oldi botiqlari
- Toshkent atrofi tog` oldi botig`i
- Zarafshon tog` oraligi botig`i
- Kitob-Shahrisabz botig`i
- Surxondaryo tog` oraligi botig`i
- Platosimon tekisliklar va platolar
- Tekislik va pastekislik.
Qo’shimcha: Barotov P. Hozirgi zamon tabiiy geografiyasining vazifalaridan biri bu geografik majmualar geosistemalar va ularning tarkibini o’rganish orqali jamiyat taraqqiyotiga muhim hissa qo`shishdan iboratdir. Mustaqil O`zbekiston geograflarining ilmiy tadqiqot ishlari xususan xalq xo`jaligi taraqqiyoti jarayonida vujudga keladigan muammolarni hal qilish, hamda atrof muhit va yirik hududiy ishlab chiqarish majmualarini sifat jihatdan o`zgartirishning ilmiy asoslarini yaratishga qaratilgandir. Bu vazifalarni amalga oshirish O`zbekiston hududining tabiiy sharoitini chuqur bilishni taqozo qiladi. Shuning uchun geograf mutaxassislar tayyorlashda beriladigan geografik bilimlar tizimining eng muhim o`quv fanlaridan biri bu O`zbekiston tabiiy geografiyasidir. Biz bu kursni mukammal o`rganamiz. Bu o`quv fani Vatanimiz O`zbekiston tabiat komponentlari, ularning holati bir - biriga bog`liqligi, tabiiy boyliklari, ulardan omilkorlik bilan foydalanib, muhofaza ostiga olish haqida bilim berish bilan birga respublikamiz tabiatidagi tafovutlarni tushunib olishga xizmat qiladi. Bu kurs universitetlarda o`qitiladigan barcha regional fanlar orasida tabiiy Vatanshunoslik kursi sifatida ustivor o`rin tutadi. O`zbekiston Respublikasi shimoliy yarim sharda, Yevrosiyo materigining va O`rta Osiyo o`lkasining markazida, Amudaryo va Sirdaryo oralig`ida, mo`'tadil va subtropik mintaqalarida, okeanlardan ancha uzoqda, berk havzada joylashgan. Shuning uchun O`zbekiston u bilan bir xil kengliklarda joylashgan O`rta dengiz bo`yidagi subtropik sharoitga ega bo`lgan mamlakatlardan katta farq qiladigan o`ziga xos tabiiy sharoit kompleksi vujudga kelgan. Respublikamiz shimolida va g`arbida tabiiy to`siq bo`lmagani uchun Shimoliy Muz okeanining quruq va sovuq havo massalari kirib kela oladi. Atlantika okeani va O`rta dengizi ham o`lkamiz tabiatiga ancha kuchli ta'sir ko`rsatadilar. Yuqorida keltirilgan vaziyat o`lkamiz Qishini ancha sovuq, yozi jazirama issiq bo`lishiga sababchidir. Hududning ana shunday o`ziga xos geografik o`rniga ko`ra respublika hududini cho`l, chala cho`l hamda quruq dashtlar tabiat zonasi katta maydonni egallaydi. O`zbekiston Respublikasi hududi 447,4 ming kv. km. bo`lib, maydonining kattaligi bo`yicha jahondagi 130 dan ortiq mamlakatlardan oldinda turadi. O`zbekiston chegaralari asosan quruqlikdan, tekislik va tog`lardan, biroz suvliklar (Amudaryo Orol dengizi) orqali o`tadi. Uning uzunligi 5300 km dan ortiqroq bo`lib, shundan deyarli yarmi Qozog`istonga to`g`ri keladi. O`zbekiston chegarasining asosan tekislikdan o`tganligi va u yerda baland tog`, qor va muzliklarning deyarli yo`qligi, transport va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun keng imkon beradi. O`zbekiston xalqaro aloqalarni yo`lga qo`yish nuqtai nazaridan va o`z taraqqiyot istiqbollari jihatidan qulay geografik strategik mavqeiga ega. Qadim zamonlarda Sharq bilan G`arbni bog`lab turgan Buyuk Ipak yo`li O`zbekiston hududi orqali o`tgan. O`zbekiston bugungi kunda qo`shni davlatlar o`rtasida bog`lovchi xalqa vazifasini o`tamoqda. O`zbekiston hududining eng muhim o`ziga xos landshaft geografik xususiyatlari quyidagilardan iborat: 1. Yevroosiyo materigining markazida joylashganligi. 2. Yer yuzasi tuzilishining o`ziga xosligi, ya'ni tekislik va tog`lar bir-biroviga o`rnini almashishi, tog`lar tekislikni janubiy sharq va sharq tomonidan o`rab turganligi. 3. Okeanga oqim yo`q oblastga kirganligi. 4. Asosiy tabiiy kompleks tiplarini maydonining bir butunligi va bir-biri bilan bog`liqligi. 5. Hududida o`ziga xos enlama tabiiy geografik mintaqa va tabiat zonalarining va ularga mos keladigan balandlik mintaqalarining mavjudligi. 6. O`zbekiston hududining katta qismini seysmoaktivligi.
O`zbekiston hududining tekislik qismida cho`lga xos landshaft shakllangan bo`lsa, aksincha tog`li qismida landshaftlarning balandlik mintaqalari mavjud. O`zbekiston juda boy tabiiy resurslarga ega. Qulay iqlim sharoiti, ulkan mineral xom ashyo zahiralari, qishloq xo`jaligi rivojlanayotganligi haqli suratda O`zbekistonni mintaqa va dunyoning eng boy mamlakatlari qatoriga olib chiqadi. Yer po`stining qalinligi 40 km (shimolda O`zbekistonda 52 km) (Sharqida O`zbekiston, Turkiston, Oloy tog`larida 60 km. ) o`rtacha Yer po`stining qalinligi 40-50 km atrofida. Bunda bazalt qatlamining qalinligi 11-12 km (Ustyurtda) dan 30 km. (Tyanshanda) gacha, granit qatlamini qalinligi 27-31 km. Qolgan 1-2 km. cho`kindi qatlam. O`zbekiston yer po`stini hosil bo`lishini 4davrga bo`lamiz. Birinchi davr okean bilan qoplanib turgan davri, bunda bazalt qatlami yuzaga kelgan, bu davrni yoshi 4 mlrd. dan ortiq. Ikkinchi davri okean–quruqlik bir-birovi bilan almashinishi, bunda esa granit qatlamini pastki diorit qatlami yuzaga kelgan davr, bu davr 3-4 mlrd. yilgacha davom etgan. Uchinchi davr quruqlik-qisman okean bilan almashinib turgan davr,bunda metamorfik–granit kichik qatlami hosil bo`lgan, yoshi 3-1,6 mlrd yilga teng. To`rtinchi davri kontinental davri 1,6 mlrd. yildan keyingi cho`kindi qatlam. Bu yoshlar 2,6 mlrd. yili arxeyning oxirgi davrlariga to`g`ri kelsa, shundan 550 mln. yildan oldingacha proterazoy jinslari uchraydi. Bu davrda dengiz trangressiyasi boshlanib, ordovik o`rtalarida dengiz bilan qoplangan. Karbon oxirida ozroq dengiz janubga, Pomirga tomon chekinadi, chunki Gersin bosqichi boshlanadi. Perm boshlarida yana qaytadan transgressiya bo`ladi. Bundan 220-200 mln. yillar oldin tog`li o`lkalarni kuchli yemirilishi davom etadi. O`rta yuradan boshlab 200-160 mln. yil oldin dengiz chekinib kontinental yotqiziqlar hosil bo`lishi davom etadi. Bundan 100 mln. yillar oldin hudud cho`ka boshlab, dengiz bosib kela boshlaydi. Bundan 25-1 mln. yilgacha tog` ko`tarilishi bo`ldi,hozirgi vaqtda ham bu harakatlar davom etmoqda va har yili 1-2 smdan 5-10 sm gacha ko`tarilish davom etmoqda. O`zbekistonni tekislik va tog`li qismlari o`zining hozirgi relyef ko`rinishiga ega bo`lishi uchun, uzoq murakkab bosqichlarni bosib o`tgan va butun geologik tarix davomida o`ziga xos yo`ldan rivojlangan. A) Tekislikning rivojlanishidagi asosiy bosqichlar; Paleozoy erasidan tortib to neogenga qadar Tetis dengizi deb atalgan iliq dengiz havzasi qoplab yotgan. Bu davrdagi dengiz yotqiziqlarini qalinligi 1-3 km. ga yetadi. Bu suv osti yotqiziqlar relyefi tekislanishiga olib keldi. O`zbekiston geologik tuzilishi xilma xildir. Proterazoydan to to`rtlamchi davrgacha cho`kindi, magmatik va metamorfik murakkab tog` jinslar majmui qatnashgan. Proterazoy va paleozoy tog` jinslari burmalangan va ko`p sonli yer yoriqlari bilan parchalab yuborilgan. Respublikamizning tog`li hududlarida, tekislik qismidagi qoldiq tog`larda bu tog` jinslari yer yuzasiga chiqadi. Turon plitasining tekisliklarida, tog`lar orasidagi botiqlar esa katta chuqurliklarda yotadilar. Ustidan mezazoy va kaynazoyning uvoq tog` jinslar majmuasi bilan qoplangan. Tektonik tuzilishining o`ziga xosligi, yer qobig`ining qalinligi va yer yuzasining tuzilishiga qarab O`zbekiston hududi tektonik jarayonlarni kechishi keskin farq qiluvchi ikkkita katta tektonik oblastlarga ajratiladi: 1. Tyanshan epigersin tog` tizilmalari. 2. Turon epigersen plitasi. Bu ikki oblastlar o`zlarining hozirgi qiyofalariga pliosenda (N2) bo`lgan tektonik harakatlar natijasida erishganlar. O`zbekiston hududining tekislik va tog`lik qismlari yer yuzasining rivojlanishi va hozirgi paytdagi ko`rinishini olishida uzoq va murakkab bosqichlarni bosib o`tgan va butun geologik tarix mobaynida o`ziga xos yo`ldan rivojlangan. Paleozoy erasining silur davrida vujudga kelgan dengiz O`zbekiston hududini egallagan bo`lib, unda orollar mavjud bo`lgan. Devon davrining oxirida dengiz Chotqol tizmasining shimol va janub tomonlaridan o`rab turgan. Toshko`mir davrining oxirida Farg`ona vodiysini o`rab turgan tog`lar, Hisor tog`lari ko`tarilgan. Bu davr oxirida Farg`ona vodiysi, Nurota tizmasi, Qizilqumdagi tog`lar, Zarafshon va Turkiston tizma tog`lari mavjud bo`lgan. Demak,O`zbekiston tog`lari paleozoy erasida gersen tog` paydo bo`lish bosqichida ko`tarilib bo`lgan. Mezazoyda O`zbekiston hududida tektonik harakatlar kuchsiz bo`lgan. Aksincha paydo bo`lgan tog`lar yemirilgan va baland tekislik, qirlarga aylangan. Bo`r davrining oxirida va paleogenda O`zbekiston hududining markaziy qismlari va Qizilqumning g`arbidagi keng tekisliklarni dengiz egallagan. Bu davrning oxiri va Kaynazoy erasida butun O`zbekiston hududidan dengiz g`arbga tomon chekingan. Bunga Alp tektonik harakatining ro`y berishi sabab bo`ladi. Dengiz bo`linib ketib, ayrim suv havzalarini hosil qilgan. Neogen oxirida O`zbekiston hududining katta qismidan dengiz chekinadi, katta maydonlarda pasttekislik hosil bo`ladi, atrofdagi tog`larning yemirilgan jinslari shu pasttekislikka yotqiziladi. To`rtlamchi davrda Sirdaryo Qizilqum orqali Orol dengiziga, Amudaryo Qoraqum orqali Kaspiy dengiziga quyilgan. Sirdaryo va Amudaryo deltalarida goyatda ko`p miqdorda allyuvial jinslar yotqizilgan. Bu davrda Kaspiy dengizining suv sathi bir necha marta ko`tarilgan. Eng kuchli suv toshganda 56 gradus Sharqiy uzoqlikkacha bo`lgan yerlarni suv bosgan. O`zbekistonda pleystosenda shakllangan relyef asosan to`rt bosqichda: Nanay (+1), Toshkent (+2), Mirzacho`l (+3) va Sirdaryo (+4) sikllarida shakllanadi Respublikamizdagi Qorjantog`, Ugom, Pskom, Chotqol, Qurama, Farg`ona, Turkiston, Morguzar, Nurota, Hisor, Zarafshon va Qizilqumdagi past tog`lar Tyanshan va Oloy tog` sistemasining tarmoqlaridir. Tog` tizimlari orasida Farg`ona, Mirzachul, Chirchiq, Ohangaron, Zarafshon, Qashqadaryo va Surxondaryo kabi botiqlar vujudga kelgan.
Gersin kontak zonasida oltin, volfram, molibden, vismut, vanadiy, mis, kumush, qo`rg’oshin, rux, qalayi va boshqa konlar bor. Mezazoy erasi qatlamlari orasida hamma cho`kindi foydali qazilmalar deyarli uchraydi. Paleozoy ohaktosh yotqiziqlari orasidagi granit kontakti zonasida hamda intruziv jinslarning tektonik yorilmalarida oltin konlari uchraydi. 1965 yilda Qizilqum markazida topilgan Muruntov oltin koni bunga misoldir. Farg`ona vodiysi eng qadimgi neftli rayondir. (qazish 1880 yildan, eksplutatsiya 1904 yilda boshlandi). Neft koni-Andijon, Polvontosh, Janubiy Olamushuk, Xo`jaobod, So`x, G`arbiy Polvontosh, Avval, Xonqiz kabi konlari. Neft konlari atrofidagi oltingugurt, ozokerit (tog` mumi) hamda gips Mezazoy erasining va paleogen davrining chig’anoqli ohaktoshlari orasida vujudga kelgan. Oltingugurt hamda gips bo`r davrining qizg`ish qumtosh va mergel yotqiziqlari orasidan chiqadi. Yuqori paleogen ohaktoshlar orasida Surxondaryo vodiysidagi Uchqizil, Xavdog`, Ko`kdi, Lalmikor konlari uchraydi. Gazli tabiiy gaz koni 1956 yilda, Kogon gaz konlari gruppasi 1958y ochilgan. Muborak, Oqjar konlari. Hisor tog`ining janubi-g`arbida Odamtosh, Gumbaloq, Pachkamar, keyingi yilda Ko`kdumaloq gaz kondensat konlari topildi. Toshko`mir koni. Yura davr qatlamlarida to`plangan. Boysun va Sharg`undan shaxta usulida ko`mir 600-800 m. balandlikdan qazib olinadi. Sharg`un ko`miri qalinligi 12m. gacha o`rtacha 4,5 m. issiqlik miqdori 6000 kkal/kg. Boysun ko`mir koni qalinligi 0,63-2,5 m. gacha yura davri qatlamlari orasida uchraydi. Angren koni (qo`ng`ir ko`mir) kaolinli qatlamlar orasida yura davri yotqiziqlarida uchraydi. Dehqonobod, Xo`jaarna, Qizilchadan (Qashqadaryo) yonuvchi slanes topilgan. Rudali foydali qazilmalari (Qora metal. Temir, titan-) Gersin burmalanishi bilan bog`liq holatda magnititli intruziyalar orasida uchraydi. Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida Tepabuloq titan-magnitit koni, bunga qo`shilma sifatida nikel, kobalt, xrom va platina ham uchraydi. Hisor tog`larini Kozgantog` rayonida gabbrodiorit intruziyalari orasida uchraydi. Chotqol-Qurama tog`larida Shabrez, Mingbuloq, Chimgan konlari mavjud. Cho`kindi yo`l bilan paydo bo`lgan trias davr qatlamlarida uchraydigan temir, boksit zahiralari ko`mirli qatlamlar ostida uchraydi. Qatlamlarini qalinligi 0,1-3 m. gacha ular tarkibida 20-40% gacha temir Yura, Bo`r, paleogen davr qatlamlari orasida Qizilqumda, Sulton Uvays rayonlarida uchraydi. Marganes - cho`kindi va gidrotermal yo`llar bilan hosil bo`lgan. Zirabuloq, Qoratepa tog`laridagi vulqonli cho`kindi jinslar orasida (bu jinslar Ordovik va quyi Silur davriga to`g`ri keladi) Ziyovuddin, Taxtaqaracha, Cho`ponota konlari, bu konlarda marganes miqdori 8-28% gacha. Zahirasi 8 mln. t. gacha. Xrom-Tomditog` va Sulton Uvays tog`larda uchraydi, xrom konlari magmatik yo`l bilan paydo bo`lgan. Rangli metal. Hozir O`zbekistonda ruda berish qobiliyatiga ega bo`lgan 900. ga yaqin mis koni bor. Foydalaniladigani faqat uchtasi, paydo bo`lishiga ko`ra asosan gidrotermal. Qurama tog`idagi, Olmaliqda (Kalmoqir, Dalniye, Sarichek rayonlaridan olinadi) ma'danlar quyi Paleozoy slaneslari orasida va quyi devon effuziv jinslari orasida, gidrotermal va cho`kindi misli qumtoshlar orasida, Chotqolda uchraydi. Qo`rg`oshin magmatizm bo`lib o`tgan zonada va gidrotermal sharoitda hosil bo`ladi. Kolchedonli – polimetal ko`rinishda Hisor tog`ini janubiy g`arbda Xondiza koni bor. Olmaliq hududida, qo`rg`oshin koni rayonida qo`rgoshin-rux birga uchraydi. Nurota tog`ini shimoli yonbag`rida Uchkuloch (Xonbandi degan tog` tarmog`ida), Qurama tog`larida Lashkarak rayonda uchraydi.
Molibden konlari, Chotqol va Qurama tog`larida mavjud. Qalayining eng katta koni Qarnobda uchraydi. Vismut konlari Chotqol va Qurama tog`laridan aniqlangan, ular O`rta saroy va Burchmulla konlari. Simob va surma – Respublika hududidan qazib chiqarilmaydi. Aniqlangan konlari Ko`kpatas, Qorasuv va boshqa konlari ochilgan. Nodir metallar - Oltinning endog`en va ekzogen (Marjonbuloq) konlari bor. Endogenlari – intruziya va vulkanizm bilan bog`liq genetik jihatdan gidrotermal holatda yuzaga keladi. Qumtoshli-slaneslar qatlamida kembriygacha bo`lgan davrdan silurgacha bo`lgan davr jinslari orasida uchraydi. Muruntog`, Ko`kpatas rayonlarini ahamiyati katta, Olmaliqda-Sartabutkon, Oqtuproq konlari. Alyuminiy xomashyosi ko`p manbalarda aniqlangan, lekin koni yo`q. Eng katta manbai Tomditog`ni Oqtosh tarmog`ida, Nurota tog`laridagi Mirishkor va Qizilbuloq rayonda uchraydi. Bular paleozoy qatlamlari orasida uchraydigan boksit. Mezazoy erasidagi boksitlar yura, bo`r davrlari qatlamlarida uchraydi. Boysun tog`larida ham zahiralari topilgan.
Yuqori yura dengiz galogen farmatsiyasi 50 ming km. kv. oro-genetik maydonni egallaydi. Bu yerda angidrit va tosh tuz konlari mavjud. Bulardan Boybichakon, Oqbosh, Lalmikor, Xo`jaikon quyi bo`r galogen formatsiyasi laguna tipida yuzaga kelgan bo`lib uning qalinligi 100-120m. gacha boradi (Gaurdak-Ko`hitang rayonida). Tuz miosen - antropogen davrida kontinental galogen formatsiyasida ko`l va sho`rxoklarda paydo bo`lgan. Katta koni–Qo`shkanottog`, Borsakelmas, Karaubet, Qumbuloq, Tumoryuk rayonlarida. Oltingugurt - Farg`ona vodiysida, uning zahiralari katta Qizil archa, Andijon, Qurshab va boshqalar, bo`r va paleogen jinslari orasida uchraydi. Amudaryo regioni yura, paleogen va neogen qatlamlarida mumiyo-organik birikmalardan tuzilgan. Ushbu birikmalar uchraydigan rayonlar Turkiston, Oloy, Chotqol-Qurama tog`larida 1500-2000 m. balandlikda to`plangan joylarida cho`kindi tog` jinslari orasida yoriqlar, bo`shliqlar va g`orlarning devorlarida uchraydi. Bentonitni 152 dan ortiq zahiralari aniqlangan. Ohaktoshning 17 ta koni aniqlangan, shundan 4 tasidan foydalaniladi, bular Sherobod, Qorovulbozor, Jizzax, Quvasoy. Toshqozganda (Jin-gildi) konidan 6,8 –7 mln. m3 hajmda granit qatlami aniqlanib, undan 5-7 xil rangdagi granit qazib olinmoqda. Mineral va termal suvlar. Chimyon, Polvontosh, Xo`jaobod, Sho`rsuv, Shimoliy So`x, Andijon, Nag`orniy, Kogayti, Lalmikor, Jayronxona kabi oltingugurt- vodorodli buloqlar shular jumlasidan. Yodli buloqlar Chortoq, Namangandan, rodonlilari esa Arasan- buloqdan, termal suvlar Toshkent, Farg`ona, Nag`orno`y, sulfat xlorli suvlar esa Moxi-xosa, Qorako`l, Gazlidan topilgan. Hozirgi vaqtda Surxondaryoning neft havzalaridagi chiqindilardan yod ajratib olmoqdalar. MA’RUZA №3
O’zbekiston hududi yer yuzasining tuzilishiga ko’ra ikki qismga bo’linadi: tog`oldi-tog`lar va tekisliklar. Tog` oldi va tog`larga respublika sharqi va janubi-sharqidagi tog` tizmalari, tog` oldi qiya tekisliklari hamda tog` orlig`idagi botiqlar, tekisliklarga esa pasttekisliklar, denudastion tekisliklar va platolar kiradi. Respublikamizning sharqiy va janubi-sharqiy qismini Tyanshan va Oloy tizmalarining tarmoqlari, g`arbiy va shimoli-g`arbiy qismini Turon tekisligining markaziy qismi egallagan. O’zbekiston umumiy maydonining 78,7 % ini tekisliklar, 21,3 % ini tog`lar tashkil etadi, mamlakatning eng past nuqtasi Mingbuloq botig`i bo’lsa (-12 m), eng baland nuqtasi Hisor tog`ining Qoldirg`a tizmasidagi Hazrati Sulton cho’qqisidir (4643 m). O’zbekistonning er yuzasi asosan sharq va janubi-sharqdan g`arb va shimoli- g`arb tomon pasayib boradi. Shu sababdan ham daryolar shu tomonga oqadi. Tekisliklar yaxlit bo’lib Amudaryoning quyi va o’rta oqimi, Sirdaryoning o’rta oqimi, Zarafshonning o’rta va quyi oqimi atrofidagi yerlarni ishg`ol etgan. O’zbekistonning shimoli-g`arbida Ustyurt platosi atrofidagi tekisliklardan tik ko’tarilgan chinklar bilan ajralib turadi. O’zbekistonning eng past yerlari Orolning qurigan qismi, Amudaryoning deltasi, Qizilqumning shimoli-g`arbiy qismlari bo’lib, bularning okean sathidan o’rtacha balandligi 30-100 m. Sultonuvays, Bo’kantog`, Quljuqtog`, Tomditog`lar O’zbekiston tekislik qismining eng baland (900 m.gacha) qismilaridir. O’zbekistonning sharqiy va janubi-sharqiy qismlarini egallagan tog` tizmalari Qorjontog`, Ugam, Piskom, Chotqol, Farg`ona, Qurama, Nurota, Morguzar, Turkiston, Hisor-Zarafshon tizmalari G`arbiy hamda Janubiy Tyanshan va Oloy tog` sistemalarining tarmoqlari bo’lib, ularning o’rtacha balandligi 2000-2500 metrni tashkil etadi. Ayrim cho’qqilarning balandligi esa 4500 m.dan ham oshadi. Bu tog` tizmalarini Toshkent-Mirzacho’l, Farg`ona, Samarqand, Sangzor, Qashqadaryo, Surxondaryo kabi tog` oralig`i va tog` oldi botiqlari bir-biridan ajratib turadi.
Ustyurt platosi sarmat ohaktoshi, gipsi, neogen mergellari va paleogen gillaridan tashkil topganligi uchun unda karst relyef shakllari ko’plab uchraydi. Sarmat yotqiziqlarining usti 1-1,5 metr qalinlikda shag`al, qum, chag`irtoshlar bilan qoplangan. Ustyurt bilan Qizilqum oraligida Amudaryoning allyuvial-delta yotqiziqlari bilan to’lgan Orol-Sariqamish botig`i joylashgan. U Turon pasttekisligining katta qismini egallagan pliotsen tekisligi o’rnida hosil bo’lgan. Quyi Amudaryoda yoshi har xil bo’lgan uchta allyuvial-delta tekisliklari ajratiladi. Bular Sariqamish, Oqchadaryo va hozirgi zamon deltalaridir. Amudaryoning hozirgi zamon va harakatdagi deltasi va shakllanayotgan, ya’ni Orolbo’yi deltasi qiya tekislik bo’lib, uning mutlaq balandligi yuqori qismida (Nukus yaqinida) 73 metr bo’lsa, Mo’ynoq yaqinida 53 metr bo’lgan. Yer yuzasi o’zanlar, ko’l o’rni botiqlari, o’zanlararo pastliklar, qum tepalar, kanal va kollektorlar bilan parchalangan. Shakllanayotgan delta relyefi hozirgi zamon deltasidan farq qiladi, u deltaning g`arbiy va markaziy qismini egallaydi (chegara Qiziljar- Qo’shkanatog`- Beltog` yo’nalishi bo’ylab o’tadi), u yerda 1960 yillargacha bo’lgan suv toshqinlarining izlari saqlanib qolgan. Bular yosh yotqiziqlar va o’zanlar, o’zanlararo pastliklardan iborat. Hozirgi kunda bu yerda dengizning chekinishi va deltadagi gidrografik rejim o’zgarishi bilan cho’llashish avj olmoqda, relyefning shakllanishida deflyastiya kuchayib bormoqda. Amudaryo hozirgi zamon deltasining sharqiy qismini ko’p yillardan beri suv bosmagan. Shuning uchun bu yer relyefining shakllanishida shamol ishining ta’siri katta. Shamol bu yerdagi pastliklarni to’ldirib, ancha tekislab yuborgan, bu erda qum relefi shakllari keng tarqalgan. Oqchadaryo deltasi Nukus shahridan shimoli-sharqroqda, To’rtko’l vohasida joylashgan. Janub va sharq tomonda Qizilqum bilan o’ralgan. Shimolda Beltog` bilan chegaradosh. Delta Oqchadaryoning tor vodiysi orqali qo’shilib turadigan shimoliy va janubiy qismlarga bo’linadi. Deltaning tekis yuzasida balandligi 3-5 m. bo’lgan ayrim qum do’nglari va gryadalari ko’tarilib turadi. Deltaning yassi taqirli yuzasini quruq o’zanlar kesib o’tgan. Delta tekisligi qumli allyuvial yotqiziqlar bilan qoplangan, allyuvial qatlamning qalinligi 20-25 m. eng qalin joyda 30 metrgacha boradi. Uning yuqori 1,5 metrli qismi juda ham zich gillardan iborat. Sariqamish deltasi Amudaryoning chap sohilida Tuyamo’yin tangisi bilan Mang`it qishlog`i oralig`ida joylashgan bo’lib, Xorazm vohasini o’z ichiga oladi. U g`arbda Sariqamish botig`i tomon cho’zilgan. Delta yuzasi tekis, o’zanlar bilan parchalangan va shimol hamda g`arbga tomon biroz qiya. Yirik kanallar qurilishi natijasida yuzaga kelgan marza (qirg`oq) tepalar, chuqurligi 1,5 metrgacha boradigan kanallar, ular oralig`idagi pastliklar delta relyefi uchun xosdir. Ariqlar oralig`idagi past yerlarga zovur suvlarini tashlash oqibatida ko’llar, botqoqliklar, sho’rxoklar vujudga kelgan. Relef Dovdon bilan Daryolik orasidagi o’zlashtirilmagan qumli yerlarda tabiiy holda saqlanib qolgan. Orol dengizining qurib, chekinishi oqibatida uning janubiy qismida Orol qum tekisligi vujudga keldi. Hozirgi kunda bu joyda yer yuzasining holatiga ko’ra eski qirg`oq bilan shu kundagi qirg`oq o’rtasida bir-biridan farq qiluvchi ikkita mintaqa ko’zga tashlanadi. Birinchisi kengligi 10-20 km gacha bo’lgan qumli tekislik, ikkinchisi undan dengiz tomon davom etadigan sho’rxok tekislikdir. Qumli tekislik asosan shamolning ta’sirida dengiz ostidagi qumlarning harakatga kelishi tufayli paydo bo’lgan va bu yerda do’ng qumlar hamda barxanlar shakllangan. Qumli mintaqadan sho’rxok tekislikka o’tiladigan kambar yerda kichik-kichik qum uyumlari vujudga kelgan. Bu qumlar shamol ta’sirida asosan shimoli-sharqdan janubi-g`arbga tomon siljimoqda. Barxanlar Mo’ynoq, Ajiboy qo’ltig`i, chinkyoni qurigan tekisliklar uchun xosdir. Barxan qumliklarining kengligi Mo’ynoq qo’ltig`ining qurigan qismida 4 km. gacha boradi. Olib kelib yotqazilgan qumlarning qalinligi uncha katta bo’lmaganligi uchun barxanlar mayda va o’rtacha bo’lib, balandligi asosan bir metr, ayrim yerlarda ikki metrgacha etadi, Chink yonida esa 0,5-0,6 m. dan ortmaydi. Do’ng qumlar Ribache, Ajiboy qo’ltiqlarining qurigan qismida tarqalgan. Ular o’simliklar bilan mustahkamlangan, balandligi 2 m.gacha boradi. Bu yerlarda mayda qum do’nglari ko’p uchraydi. Sho’rxok mintaqa tekislikdan iborat, yuzasi dengizning markaziy va g`arbiy qismiga tomon pasayib boradi va bu yerdagi chuqurligi 0,5-0,6 metrgacha boradigan mayda botiqchalar tekislik relyefini biroz baland-past qilib turadi. Qumli mintaqadan dengizning hozirgi qirg`og`iga yaqinlashgan sari sizot suvi chuqurligining o’zgarishiga qarab, avvaliga bo’rsildoq, keyin qatqaloq, o’tloq va botqoq sho’rxoklar o’zaro almashinib boradi. Dengizning qurigan qismi uchun yer yuzasining yorilishi xosdir. Gruntdagi namning kuchli bug`lanishi va uning tez qurishi natijasida grunt zichlashadi va uning yuzasi yoriladi. Yoriqlar o’ziga xos 5-6 burchakli shakllar hosil qiladi va ularning uzunligi 20sm. dan 200-300 sm. gacha, chuqurligi 15 sm. gacha, kengligi esa 8 sm. gacha boradi. Eskirgan yoriqlar ko’p joylarda o’simlik qoldiqlari, qumlar, chig`anoqlar bilan to’lib qolgan. Dengizning qurigan qismida o’ta sho’r grunt har qanday o’simlik o’sishi uchun imkon bermaydi. Qizilqum-Amudaryo, Sirdaryo hamda Zarafshon daryolarining quyi va o’rta oqimlari orasida joylashgan. Shimolda u Orol dengizi qirg`oqlariga borib taqaladi. Uning g`arbiy kichik qismi O’zbekistonga qaraydi. Qizilqumdagi asosiy relyef shakllari pasttekislik, yassi va past tog`lardan, turli xil qum relyefi shakllari va botiqlardan iborat. Cho’lning o’rtacha balandligi 200-300 m, yassi va past tog`larning mutlaq balandligi 400-900 metrni tashkil etadi. Qizilqumning eng baland yeri 922 metr. Tomditog`dagi Oqtog` cho’qqisi 922 m bo’lsa, eng past yeri tubi dengiz sathidan 12 m pastda joylashgan Mingbuloq botig`idir. Yassi tog`lar Qizilqumning shimoli-g`arbiy qismida (Sulton Uvays), markazida va janubi-g`arbida joylashgan. Ular gerstin tog` burmalanishi bosqichida ko’tarilgan va mezozoy erasidan boshlab hozirgi paytgacha nurash ta’sirida yemirilib, yassi, past tog`larga aylanib qolgan. Ularning yonbag`irlarida jarlar ko’p uchraydi, etaklarini prolyuvial tekisliklar egallagan, tog`larning orasida turli kattalikdagi botiqlar mavjud. Mingbuloq, Oyoqog`itma, Qoraqota, Ko’lquduq, Oqjetpas, Dovudboy Qizilqumdagi yirik botiqlardir. Botiqlar ham Qizilqumda keng tarqalgan relyef shakllari hisoblanadi. Qizilqumda qum relefi shakllari asosan, qator qum tepalardan, qisman barxan va qum do’nglaridan iborat. Qator qum tepalar eng ko’p tarqalgan relyef shakli hisoblanib, ular meridian yo’nalishida cho’zilgan. Qumlar ko’p joylarda o’simliklar bilan mustahkamlangan. Barxanlar cho’lning inson xo’jalik faoliyati ta’siri ko’proq bo’lgan joylarida, xususan Amudaryo yaqinlarida uchraydi. Gilli allyuvial tekisliklar quruq o’zanlar atrofida, ayniqsa Quvondaryo, Jonidaryo atrofida katta maydonlarni egallaydi. Bunday gilli, qumoq yerlar orasida taqirlar ham mavjud. Taqirlar Qizilqumning janubida, do’ng va qator qum tepalari orasidagi pastliklarda tarqalgan.
O’zbekistonda Tyanshyan tarkibiga kiruvchi Chotqol-Qurama, Nurota-Turkiston, Hisor-Zarafshon tog` sistemalari ajratilgan. Chotqol-Qurama tog` sistemasi-respublikamizning shimoli-sharqida joylashgan bo’lib, Ugam, Qorjantog`, Piskom, Chotqol va Qurama tog` tizmalaridan iborat. Bu tog` tizmalarining hammasi Talas Olatog`ining tarmoqlari bo’lib, undan bir-biriga parallel holda janubi-g`arb tomon yo’nalganlar. Bu sistemadagi eng baland tog` tizmasi Chotqol. Uning mutlaq balandligi 4069 m. Boshqa tizmalar pastroq bo’lib, balandligi Piskomda 3700 m ga, Quramada esa 3769 metrga etadi. Sistemaning g`arbdagi eng chekka tarmog`i bo’lgan Ugam tizmasining o’rtacha balandligi 3000 m atrofida. Eng baland yeri Sayram cho’qissi (4236). Bu tog` tepalari qoyali, kambar yonbag`rilarida chuqur jarliklar ko’p. Faqat daryo yoqalarida o’r-qir terassalar bor. Tizmalar bir necha tarmoqlarga bo’lingan. Bu tizim g`arbiy tog` yonbag`rining o’rta qismida Qorjantog` ajralib chiqadi. U emirilib ancha pasayib qolgan. O’rtacha balandligi 2000 metr, eng baland cho’qisi Mingbuloq 2834 metrdir. Piskom tizmasining faqat g`arbiy yonlari O’zbekiston hududida joylashgan. U kambar, qoyali tog` bo’lib, Piskom daryosi vodiysi ustidan tik ko’tarilib turadi. Chotqol tizmasi G`arbiy Tyanshanning eng katta tarmoqlaridan hisoblanadi. O’zbekistonda uning janubi-g`arbiy qisqa va past qismi joylashgan. Chotqol tizmasi Chapchama tog` tugumidan g`arbda bir muncha past tizmalar va tekis baland platolardan iborat. Shunday platolardan biri Qizilnura va Qurama tog`lari orasida joylashgan Ohangaron platosi bo’lib, uning balandligi 2500-3400 metrga boradi. Yer yuzasi Ohangaron va G`ovasoyning chuqur daralari bilan o’yilgan. Chotqolda Chapchama tog` uzelidan janubi-g`arb tomonga Qurama tizmasi ajralib chiqqan. Uning o’rtacha balandligi 2000 m, eng baland cho’qqisi esa 3769 metrga teng. Tizmaning shimoliy yonbag`ri platosimon tekis bo’lib, Ohangaron vodiysiga qiya tushadi. Quramaga janubi-g`arbda qoyali, ancha emirilib, pasayib qolgan Mo’g`iltog` tutashgan. Nurota-Turkiston tog` sistemasi O’zbekistonning janubi-sharqida joylashgan. O’zbekistonda Turkiston tizmasining faqat g`arbiy chekka qismi va uning davomi hisoblangan, uncha baland bo’lmagan Nurota tog`ining tarmoqlari joylashgan. Sistemaga kiruvchi tog`larning mutlaq balandligi uning sharqida Morguzar tizmasida 3000 metrdan oshadi, g`arbida Nurota tarmog`i-Aqtog`da esa 2000 metrni tashkil etadi. Bu tog`lar unchalik parchalanib ketmagan, ayrim tizmalar unchalik katta bo’lmagan tog` oraligi botiqlari bilan bir-birlaridan ajralgan. G`allaorol Qo’ytosh, Nurota tog` oraligi botiqlari relefi to’lqinsimon o’r-qirli, tog` oldi tekisliklariga o’xshaydi va mutlaq balandligi g`arbida 800 metrdan sharqiga tomon 400 metrgacha pasayib boradi. Turkiston tizmasining Farg`ona vodiysidagi shimoliy yonbag`ri keng, kichik tog` tarmoqlaridan, qiya tekisliklardan, chuqur daryo vodiylaridan iborat. Tizmaning janubiy yonbag`ri qisqa, u Zarafshon vodiysi ustidan tik ko’tarilib turadi. Turkiston tizmasi Sangzor daryosining boshlanish joyida ikkita tarmoqqa, shimoli-g`arbga yo’nalgan Morguzar, g`arbga cho’zilgan Chumqor tog`lariga bo’linadi. Nurota tog`lari baland bo’lmagan tizmalardan iborat bo’lib, uning eng baland yeri - Hayotboshi cho’qqisining mutlaq balndligi 2169 metrga yetadi. Bu tizmaning shimoliy yonbag`ri qambar, tik, kichik daryolar va juda ko’p quruq soylar bilan parchalangan, asosan toshloqlardan iborat, janubiy yonbag`ri esa unga nisbatan qiyaroq, kam parchalangan. Zarafshon vodiysiga asta-sekin pasayib boradi. Tog` tepalarida yalangliklar ko’p.
Hisor-Zarafshon sistemasiga kiruvchi tog`lar orasida eng balandi Hisor tizmasi hisoblanadi. Uning eng baland cho’qqisi Hazrati Sultonning mutlaq balandligi 4643 m. Hisor tizmasining janubiy yonbag`ri keng, tog` oldi qiyaliklari va platolari ko’p. Ularni daryo vodiylari kesib o’tgan. Hisor tizmasidan janubi-g`arbga tomon Boysuntog`, Yakkabog`, G`uzor, Ko’hitangtog`, Surxontog`, Bobotog` tizmalari tarqalgan. Bu tizmalarda qoyali yonbag`irlarni chuqur vodiylar kesib o’tgan. Ko’hitangtog`ning g`arbiy yonbag`rida karst relefi shakllari keng tarqalgan. O’zbekistonga Zarafshon tizmasining g`arbiy tarmoqlari kirib kelgan. Bular Chaqilkalon va Qoratepa tog`lari bo’lib, Chakilqalon Taxtaqoracha davonidan sharqda, Qoratepa esa g`arbda joylashgan. Chakilqalonning eng baland cho’qqisi 2388 m, tog`ning suvayirg`ichi qoyali, janubiy yonbag`ri juda tik, qoyali, bu yerda nurash natijasida hosil bo’lgan sochilma jinslar-qurumlar ko’p. Shimoliy yonbag`ri tog` o’rmonlari bilan qoplangan. Qoratepa tog`lari ancha past va yassi tog` tarmoqlaridan iborat bo’lib, eng baland cho’qqisi-Kamqo’tonning balandligi 2197 m. Zarafshon tizmasining eng g`arbiy qismi uncha baland bo’lmagan Ziyovuddin-Zirabuloq tog`laridan iborat. Bu tog`larning balandligi 400-600m bo’lib, eng baland cho’qqisi 1115 metr, suvayirg`ichi ancha tekis, tik qoyalar deyarli uchramaydi.
O’zbekistondagi eng katta tog` oraligi botiqlaridan biri Farg`ona vodiysidir. Vodiyni g`arbda Mo’g`iltog`, shimoli-g`arbda Qurama, Chotqol, sharqda Farg`ona, Oto’ynoq, janubda Turkiston va Oloy tog` tizmalari o’rab turadi. Vodiy faqat g`arb tomonda torgina(eni 9-40 km.) «Xo’jand» yo’lagi orqali Dalvarzin va Mirzacho’l tekisliklariga tutashib ketadi. Yer yuzasi O’zbekiston qismida past-baland tekislikdan iborat, vodiy sharqdan markaziga va g`arbga tomon pasayib boradi (Kampirovatda 812 m.dan Xo’jandda 320 m.gacha). Farg`ona botig`ini o’rab turgan adirlarning dengiz sathidan balandligi 600-1200 m. Adirlar ortidagi tog` oldi (1200-2000 m) va tog` zonasi (2000-5000 m.) qo’shni davlatlar hududida joylashgan. Farg`ona vodiysini Sirdaryo bir-biriga teng bo’lmagan ikki qismga-shimoliy va janubiy qismlarga bo’lib turadi. Janubiy Farg`ona keng tog` oldi tekisliklari va Sirdaryoning uchinchi terrasasidan iborat. Shimoliy Farg`onada esa tog` oldi tekisligi juda ensiz, daryoning uchinchi terrasasi umuman yo’q. Tog` oldi tekisligini Sirdaryo o’zani kesib o’tib, balandligi 20 metrlik jarlik orqali daryoning ikkinchi tarrasasi bilan qo’shilgan. Farg`ona botig`i atrofini lyossli baland tekisliklar-adirlar o’rab turadi. Ular neogen va to’rtlamchi davrlarda hosil bo’lgan konglomerat, qumtosh, mergel va qumoqlardan tashkil topgan bo’lib, usti lyoss va lyossimon qumoqlar bilan qoplangan. Adir tepalari soylar, quruq jarlar bilan parchalangan. Vodiyning shimoli-g`arbida va janubi-sharqida adirlar past tog`lardan adir orti botiqlari bilan ajralib turadi. Bu botiqlar tog`lardan oqib tushayotgan soylarning konussimon yoyilmalari bilan qoplangan.
Toshkent tog` oldi botig`ida paydo bo’lishi va gipsometrik belgilariga qarab strukturali-erozion, skulptura-erozion, erozion-akkumulyativ va eol-akkumulyativ relef tiplarini ajratish mumkin. Zarafshon tog` oraligi botig`i Nurota va Zarafshon tog` tizmalari oralig`ida joylashgan. U uch tomondan tog`lar bilan o’ralgan. Zarafshon botig`ining uzunligi 180 km.ga, kengligi 10-60 km.ga teng bo’lib, tubi shimoli-g`arbga tomon asta pasayib boradi. Botiqning mutlaq balandligi janubi-sharqida 720 m.ni, shimoli-g`arbida 280 m.ni tashkil etadi. Botiq g`arbda Hazora darasi orqali Qizilqum bilan tutashgan. Zarafshon vodiysi botiqning o’rtasida joylashgan, kengligi 10-30 km. Eng katta maydonni qayirdan 7-10 m yuqorida joylashgan 2-terrasa egallaydi. 3-terrasaning 2-terrasadan balandligi 10-18 m keladigan tik jarliklar bilan ajralib turadi. Bu terrasa yuqori tomonida o’r-qir relyefli tog` oldi tekisliklari bilan asta-sekin qo’shilib ketadi. Botiqning sharqiy qismini Zarafshon daryosining konussimon yoyilmasi egallagan. Kitob-Shahrisabz botig`i Hisor va Zarafshon tizmalaridan ajralib chiqqan tarmoqlar orasida joylashgan. U g`arbga tomon kengaya boradi, tubi to’lqinsimon tekislikdan iborat bo’lib, bu tekislik g`arbga va o’z markaziga tomon pasayib boradi. Tekislikni juda ko’p daryo vodiylari, quruq soy va o’zanlar kesib o’tib, parchalab yuborgan. Janubi-sharqda tekislik asta-sekin ko’tarilib borib, Hisor tog`ining past tarmoqlariga tutashib ketadi. Surxondaryo tog` oraligi botig`i Boysun va Bobotog` tizmalari orasida joylashgan. Shimoli-sharqdan janubi-g`arbga cho’zilgan va janubda Amudaryo vodiysiga tutashgan. Botiq keng, yuzasi to’lqinsimon, ayrim erlarda zinapoyali. Botiq markazga va janubi-g`arbiga tomon pasayib boradigan tekislikdir. Uning deyarli o’rtasida Surxondaryo vodiysi joylashgan. Uning kengligi 3-5 km. 1 va 2qterrasalari yaxshi rivojlangan va ko’zga yaqqol tashlanib turadi. Surxondaryoning qayir usti uchinchi va to’rtinchi terrasalari uncha katta maydonlarni egallamaydi va ularning nisbiy balandligi 4-10 va 10-20 metrni tashkil etadi. Vodiyning mutlaq balandligi tog`dan chiqish erida 700 metrni, Amudaryo vodiysiga tutashgan yerida 300 metrni tashkil etadi. Botiqning g`arbida Surxondaryoning irmoqlari konussimon yirik yoyilmalar hosil qilgan. Sherobod daryosi yoyilmasini daryo irmoqlari kesib o’tib, 20 metr chuqurlikkacha o’yib yuborgan. Janubda Surxondaryo vodiysi Amudaryo vodiysini kesib o’tib balandligi 22 metrgacha bo’lgan ostona (jarlik) hosil qilgan. Botiqning janubida tog` oldi tekisliklarida balandligi 100 metrgacha bo’lgan Xovdog`, Uchqizil, Kokayti, Oqtog` balandliklari bor. Botiqning janubi-sharqiy qismi qum massividan iborat. Shimoliy va Janubiy Nurota tog`lari orasida G`allaorol, Qo’ytosh, Nurota, Arnasoy tog` oraligi botiqlari joylashgan. Ular respublikamizdagi boshqa ko’pchilik botiqlardan daryo vodiylarining yo’qligi bilan ajralib turadi. Faqat G`allaorol botig`ida Sangzor daryosining uncha katta bo’lmagan terrasalari mavjud. Boshqa botiqlarda relef to’lqinsimon tekisliklardan iborat. Bu botiqlarning mutlaq balandligi sharqida 800 metrdan g`arbida 400 metrgacha pasayib boradi. Asosiy relef turlari O’zbekistonning tekisliklari relefi tektonik, abrazion, errozion-akkumulyativ va eol jarayonlar ta’sirida shakllangan. Eng ko’p tarqalgan relef turi akkumulyativ tekisliklardir. Ular yer po’stining yangi cho’kkan yoki sekin ko’tarilayotgan qismlariga xos bo’lib, Orolbo’yining katta qismini, Qizilqumning shimoliy qismini egallagan. Bu tekisliklar tog`larning etaklari bo’ylab cho’zilgan mintaqa hosil qiladi. Platosimon tekisliklar va platolar nisbatan yoshroq akkumulyativ tekisliklardan 100-200 m baland bo’lib, yemirilishi qiyinroq bo’lgan sarmat ohaktoshlaridan tashkil topgan. Bu relef turi O’zbekistonning shimoli-g`arbida tarqalgan, unga Ustyurt kiradi. Ustyurt platosi atrofidagi tekisliklardan tik balandligi 150 metrgacha bo’lgan yonbag`irlar-chinklar bilan ajralgan, ular tektonik, denudastion va abrazion jarayonlar natijasida vujudga kelgan. O’zbekistonning tekislik qismidagi qoldiq past tog`lar, qator tepalar Hisor-Mang`ishloq yorig`i bo’ylab joylashgan. Bu relef turiga Qizilqumdagi tog`lar, SultonO’vays tog`i kiradi. O’zbekiston tekisliklarida eng ko’p tarqalgan relyef turi-qator tepalardir. Ular Qizilqumning to’rtlamchi davr uvoq jinslari, asosan qumlari uchun xosdir. Qum tepalari allyuvial yotqiziqlarning shamol ta’sirida qayta yotqizilishi natijasida paydo bo’lgan. O’zbekiston tog`lari relyefi shakllarida geologik taraqqiyot tarixi, hozirgi zamon tektonik va erozion-akkumulyativ jarayonlar hamda geologik yotqiziqlar tarkibi o’z aksini topgan. O’zbekistonda alp mintaqasiga xos relyef shakllari ham uchraydi. Ularning shakllanishi yangi tektonik harakatlarning ro’y berishi, muzliklar ta’siri hamda sovuqdan nurash bilan bog`liq. Bu relyef turi uchun hududning chuqur parchalanganligi, nisbiy balandlikdagi farqlarning kattaligi, yonbag`irlarning kalta, tik ekanligi, cho’qqilarning qoyali bo’lishi xos. Muzlik ta’sirida vujudga kelgan relef shakllari bilan birga bu erda o’ziga xos chuqur va tor troglar (muzlik hosil qilgan vodiy), past-baland morena uyumlari ham uchraydi. Alp relyefi shakllari hozirgi zamon muzliklari tarqalgan Piskom, Chotqol, Hisor, Zarafshon tizmalarida uchraydi. O’zbekistondagi o’rtacha balandlikdagi va past tog`larda (Nurota, Ko’hitantog`, Qurama, Mo’g`iltog`, Morguzor, Qoratepa, Bobotog`larda) bu tipdagi relyef shakllari yo’q. Erozion relef shakllari tog`larda keng tarqalgan. Bunday relyef asosan qadimda paydo bo’lgan tekis yuzalarni suv oqimlari yemirib, parchalab yuborishi natijasida vujudga keladi. O’rtacha balandlikdagi tog`larda qiya yonbag`irli, chuqur o’yilgan vodiylar, daralar ko’p uchraydi. Vertikal parchalanish 400 metrdan 1000 metrgacha boradi. O’zbekiston tog`lari erozion relyefi, vertikal parchalanishi, yonbag`irlarining qiyaligi va vodiylari tubi kengligining har xil ekanligi bilan bir-biridan farq qiladi. Past tog`lardagi erozion relyef tog`lik hududlarning chekka qismlariga mansub. Uncha baland bo’lmagan tog`lar yonbag`irlarining qiyaligi 10-150 bo’lib, yonbag`irlar daryolarning keng vodiylariga qo’shilib ketadi. Yonbag`irilarning ko’p yerida qadimgi terrasalar ancha ko’p saqlanib qolgan. Tog`larning usti ko’pincha ancha keng va yassi. Past tog`lar asta pasayib borib, tog` oldi akkumulyativ tekisliklarga qo’shilib ketadi. Tog` oralig`idagi botiqlarning relyefi akkumulyativ bo’lib, uzoq vaqt davomida suv va shamol keltirgan nuroq jinslarning botiq erlarda to’planishi natijasida vujudga kelgan. Botiqlarning chekkalarida qiyaroq prolyuvial tekisliklar joylashgan, ular tog`lardan oqib tushayotgan daryolar yoyilmalarining qo’shilib ketishidan hosil bo’lgan. Prolyuvial tekisliklarning chekka qismlari jarlar va vaqtincha oqar suvlarning tor vodiylari bilan parchalanib ketgan. Bu prolyuvial qir va baland tekisliklar mahalliy geografik termin bilan adir deb ataladi. O’zbekiston tog`larida relef hosil qiluvchi jarayonlar hozirgi vaqtda ham jadal davom etmoqda. Nurash natijasida maydalangan tog` jinslarining yonbag`ir bo’ylab yuqoridan pastga sel, qor ko’chkilari, vaqtincha oqar suvlar, gravitastiya yordamida siljishi ayniqsa jadal ro’y bermoqda. O’zbekistonda balandlik mintaqalanish muayyan darajada aks etgan quyidagi geomorfologik guruhlarni ajratish mumkin.
Erozion parchalangan tog` oldi sertepa-jarlik relyefi shakllari: Yumshoq cho’kindi jinslar ko’p tarqalgan joylardagi skulptura tekislik relyefi shakllari: Nival mintaqaning alp relyef shakllari: Tog` oralig`i botiqlarida keng tarqalgan akkumulyativ relyef shakllari. O’zbekistonning tekislik qismida atrofdagi tog`lardan suv oqizib keltirgan benihoya ko’p jinslarning to’planganligi, eol relyef shakllarining keng tarqalganligi va hududimizning gidrografik berk o’lka ekanligi natijasida bu yerda ko’p miqdorda tuz to’planib qolgan. Tekisliklarda geologik taraqqiyotning so’nggi ikki bosqichi-bosqichi va kontinental bosqichlariga mos ravishda tekisliklar relyefida ikkita balandlik bosqichi ajratiladi. Dengiz bosishi bosqichida paydo bo’lgan hududlar birmuncha baland bo’lib, yer yuzasi uchlamchi davrning karbonatli dengiz yotqiziqlaridan tarkib topgan (Ustyurt), neogen dengizi chekinganidan so’ng denudastion jarayonlar ta’sirida kamroq o’zgargan. Dastlabki relyefdagi asosiy o’zgarishlar yirik berk botiqlarning paydo bo’lishida aks etgan. Bu botiqlar tektonik, suffozion va eol jarayonlarning birgalikda ta’siri oqibatida vujudga kelgan. Asaka-Ovdon, Borsakelmas va boshqa botiqlar ana shunday yirik botiqlardir. Uzun cho’zilgan ayrim depressiyalar (Janadaryo va boshqalar) shamol ta’sirida o’zgargan quruq o’zan yoki tektonik botiqlardan iborat. Ularning tubi ko’pincha taqir va sho’rlar bilan band bo’ladi. Kontinental bosqichda atrofdagi tog`lardan oqib tushgan daryo yotqiziqlari to’planishidan vujudga kelgan tekisliklarni tadqiqotchilar yoshiga qarab ikki tur tekislikka- biroz baland,-uchlamchi davr kontinental yotqiziqlaridan iborat qadimgi tekisliklar hamda to’rtlamchi davrning shamol juda to’zitib yuborgan qum-gil kontinental uvoq jinslardan tuzilgan birmuncha yosh tekisliklarga ajratadilar.
Jumxuriyatimiz yer yuzasi g`arb va shimoli-g`arbdan, sharq va janubi-sharqga tomon asta-sekin ko`tarilib boradi. 1. Tekislik va pastekislik. Turon tekisligida har xil katta-kichiklikdagi orografik elementlar joylashgan. Shulardan biri shimoli-g`arbda joylashgan Ustyurt unga borib taqalgan Orol osti tekisligidan hamda janubidagi pasttekislikdan ko`tarilib turadi. Ustyurt platosi yoki baland tekislik o`rtacha 120-180 m. balandlikka ega. Eng baland nuqtasi Qorabaur qiri 292m. Platoni janubida bir necha berk havzalar uchraydi. Shimoli-sharqida Borsakelmas sho`rxogi, chekka janubi-g`arbda Asaka-ovdan, o`rtacha balandligi 30-50m, janubi-sharqida Ustyurt hududiga Sariqamish botig`i kirib keladi. Uni O`zbekiston hududidagi qismini mutloq balandligi –10m. Ustyurt baland tekisligini o`ziga xos xususiyatlaridan biri shuki, uning chekka tomonlari tik jarliklar-chinklar bilan tugaydi. Chinklar uchlamchi davrning ohaktosh, mergel va gildan iborat gorizontal yotqiziqlaridan tuzilgan. Bu yotqiziqlar ochilib qolib tik yonbag`irlarni hosil qiladi. Chinklar Ustyurtning tabiiy chegarasidir. Orol dengizini g`arbiy qirg’ogi bo`yicha cho`zilgan sharqiy chinkning mutloq balandligi 256m. Janubiy chink Sariqamish botig`i va Uzboydan o`tib, devor singari ko`tarilib turadi. Ustyurt ohaktosh, gips va gilli cho`ldan iborat bo`lganligi sababli karst rivojlangan. Orol bo`yi pasttekisligi Amudaryo deltasiga to`g`ri keladi, bu yuzani juda ko`plab suvi oqadigan va qurib qolgan o`zanlar kesib o`tgan. Ba'zi joylarida tepaliklar va qirlar ham uchraydi, ulardan Qushxonatog`, Qiziljar va boshqalar. Bu ko`tarilmalar tub tog` jinslaridan tuzilgan, ularni har tomonida qadimgi o`zanlardan Ko`nadaryo (Daryolik) kesib o`tgan. Umuman, Amudaryo deltasining kattaligi 44 ming km. kv. dan ziyod bo`lib, Amudaryoni qadimgi (qadimgi deltada Xorazm vohasi yerlari) va hozirgi deltasida esa quruq yer joylashgan. Nukusdan boshlangan hozirgi deltasi Orol dengizining ichiga kirib bormoqda. Uning maydoni 19600 km. kv, qadimgi deltasi Pitnak yaqinidagi Tuyamo`yin bo`g’zidan to Orol dengiziga qadar bo`lgan deltani o`z ichiga oladi. Yuqoridagi maydoni bilan birga qo`shib olganda 44220 km. kv. Amudaryoning quyi qismi qum va gil yotqiziqlaridan iborat bo`lgan g`oyat unumdor pasttekislik. Ko`nadaryo deltasi Sariqamish botig`i tomon cho`zilgan pasttekislikdir. Bu yerda Ko`nadaryo, Dovdon va boshqa qo`riq o`zanlar bor, qadimgi Amudaryo suvi bu o`zanlardan oqib Sariqamishga quyilgan. Hozirgi kunda oqova suvlar bilan to`lgan Sariqamish botig`i to`g`risidagi ma'lumotlar Beruniyning «Geodeziya» asarida ham uchraydi. Amudaryo deltasi shimoli-g`arbga tomon salgina qiya akkumulyativ pasttekislikdir. Uning o`rtacha mutloq balandligi 100m. (Xo`jailida), Pitnak atrofida 150 m, Orol atrofida 38-40 m. Daryoning o`ng sohilidagi qismida ham daryo tarmoqlari ko`p. Tub jinslar granit, marmar va qadimgi ohaktoshlardan tashkil topgan yakka-yakka massiv tog`lar bor. Ular yemirilib ketgan qadimgi katta tog`larni qoldiqlaridir. Daryo bu tog`ni (Sulton-Uvays) shimoli- g`arbidan kesib o`tib tik koyalar hosil qiladi. Daryoning chap sohilida esa qattiq jinslardan Taxiatosh burni hosil bo`lgan. Bu yerda daryo o`zani ikki tomonidan siqilib bo`giz hosil qiladi. Xorazm pasttekisligi (Quyi Amudaryo) ning quruq qismida do`ng qumlar, qator-qator qum tepaliklari ko`p. Qumlar fitomelioratsiyasi bilan mustahkamlangan. Barxan qumlar Amudaryo va quduqlar atrofida uchraydi.
Qizilqum qumli cho`ldir, jo`yak qum tepalari, do`ng qumlar va qum tekisliklar ko`p, barxanlar ancha kam. Gilli allyuvial tekisliklar esa Sirdaryoning qadimgi tarmoqlari bo`lgan Kuvandaryo bilan Janadaryoning quruq o`zanlari atrofidadir. Qizilqum relyefi past–baland tekisliklar, berk botiqlar va yakka past tog`lardan iborat. Qizilqumning dengiz sathidan o`rtacha balandligi 200-300m. eng baland yeri Markaziy Qizilqumda joylashgan Tomdi tog`idagi Oqtog` massivi 922 m. Tekislik shimoli-g`arbga tomon pasayib boradi. Orol dengizining sohillari eng past yerlar bo`lib 40-50m dan oshmaydi. Qizilqumni turli joylardagi paleozoyga xos bo`lgan tog`laridan yana biri Sulton-Uvays, uning eng baland qismi Qorachingil 485 m. tog` tizmasining eni 10-15 km bo`lib, kenglik bo`ylab 40-45 km masofaga cho`zilgan. Janubiy yon bag`ri shimolga nisbatan ancha tik. Qizilqumning markazi va janubi-sharqiy qismida Bo`kantog`, Oltintog`, Ko`kpatas, Yetimtog` va Taxtatog` kabi past, yakka-yakka tog`lar joylashgan. Bo`kantog` bir necha tog` tizmalaridan iborat. Bulardan Tuxfabergan, Bo`zdo`ngtog` va boshqalardir. Meridianal joylashgan bu tog` 60 km cho`zilib 450-750 m. gacha ko`tarilgan. Eng baland qismi Irlir tog`i 764,3 m. Tog` yonbag`ri tik, unda eroziya natijasida hosil bo`lgan jarlar ko`p uchraydi. Bo`kantog`ning sharqida Kokpatas va Yetimtog`lar joylashgan. Ularning balandligi 565m. dan oshmaydi. Qizilqumning markaziy qismidagi tog`lardan biri Tomditog`. Bu tog` Yomon qum massivi bilan Bo`kantog`dan ajraladi. Tomditog`ni shimoliy chekkasida Oqtog` va Muruntog`lar joylashgan. Tomditog`ning janubiy, janubi-g`arbida Ovminzatog`, Arslontog` va Quljuqtog` orollar singari tekislikdan ko`tarilib turadi. Quljuqtog` kenglik bo`ylab 70 km. ga cho`zilgan bo`lib, eng baland yeri 785m. Uning hamma yonbag`ri yalangoch va yuvilib ketgan. Qizilqumni qoldiq tog`larining etaklarini prollyuvial tekisliklar egallagan bo`lib, ular orasida turli kattalikdagi botiqlar uchraydi. Mingbuloq, Quljuqtog`, Karakatta kabi botiqlar, ularning har birini uzunligi 40-50 km. ga yetadi. Bu botiqlar orasida Mingbuloq eng chuquri hisoblanadi (-12m) U respublikaning eng past nuqtasi hisoblanadi. Qizilqumni janubida lyoss yerlar–cho`llar ko`p. Bular Mirzacho`l, Qarnob, Malik, Qarshi cho`llaridir, bu cho`llar tog` oldi tekisliklardan iborat bo`lib lyoss bilan qoplangan. Qarshi cho`li Qashqadaryoning o`rta va quyi oqimini egallaydi. Bu cho`lni shimoli va shimoli-sharqida Malik va Qarnob cho`llari, janubi g`arbida Sandiqli cho`li bor. U shimoli g`arbda Zarafshon vohasiga borib taqaladi. Qarshi cho`lini shimoli - g`arbida Oqqum, Devqum, g`arbida esa Chatirli qum massivlari mavjud. Umuman Qashqadaryoning qadimgi allyuvial tekisligi faqatgina lyoss, qum, taqir, sho`rxok tekisliklardan iborat bo`lmasdan, u yerda orol shaklida balandligi 400m. dan oshmaydigan Qo`ng`irtog` (Qarshi shahrining shimolida) Kosontog`, Maymanaktog`, janubida Tungiz- sirt, Ollovud -dintog`, Do`ltali va Kattaqir kabi balandliklar bo`lib nurash, eroziya jarayonlari natijasida yassilangan va quruq o`zanlari ko`p. Farg`ona vodiysi – yirik tektonik botiq o`rnida yuzaga kelgan. Uni shimolida Qurama, Chotqol, sharqida Farg`ona tizmasi, janubida Oloy va Turkiston tizmalari o`rab turibdi. Eng tor joyi 9 km. keladigan Xo`jand darvozasi orqali g`arbga tomon chiqa oladi. Botiq sharqdan–g`arbga tomon 370 km cho`zilgan, kengligi esa 80-100 km, ammo eng kengaygan sharqiy qismi 190 km. Vodiy asosan sharqdan g`arbga tomon va atroflaridan markaziy qismiga tomon qiyalashib boradi. Farg`ona botig`i past- baland tekisliklardan iborat, ularning o`rtacha balandligi 350m. Atrofi 400-600m. gacha ko`tarilib boradi. G`arbiy qismida eng past joyi 320 m. bo`lib sharqiy qismida eng baland joyi 800-1000 m. gacha yetadi. Tekis yerlar sharqda daryo vodiysi bo`ylab ancha ichkariga kirib boradi. Markaziy Farg`ona relyefi tekisliklardan iborat bo`lib, allyuvial jinslardan tashkil topgan, ba'zan ko`l, botqoq yotqiziqlari va katta maydonlarni ishgol qilgan sho`rxoklar ham uchraydi. Markaziy Farg`onani ko`p qismi suvsizlikdan qaqrab yotgan cho`ldan iborat, bu rayonda mustahkamlangan do`ng qumlar bor. Shunday qilib Markaziy Farg`ona asosan tekis yerlar bo`lsa ham, lekin eroziya va eol ta'sirida vujudga kelgan do`ng qumlar, ko`l va daryo o`zanlaridan iborat past - baland yerlardir. Markaziy Farg`onada qum, sho`rxok, botqoq va to`qaylardan iborat bo`lgan Yozyovon va Qoraqalpoq cho`llari mavjud, hozir ular o`zlashtirilmoqda. Download 1.52 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling