Mustaqil ma’nosini yo’qotish darajasiga ko’ra , ko’makchilar ikki guruhga bo’linadi :
1) sof(asl) ko’makchilar ; 2) vazifadosh ko’makchilar
Leksik ma’nosini tamoman yo’qotib , faqat grammatik ma’no ifodalashga o’tgan ko’makchilarga sof(asl) ko’makchilar deyiladi . Bunday ko’makchilarga kabi , singari , bilan , birga uchun , sayin , haqida , holda kabi ko’makchilar kiradi .
Leksik ma’nosini saqlagan holda , gapda grammatik ma’no ifodalash vazifasini bajaruvchi so’zlarga vazifadosh ko’makchilar deyiladi . Bunday ko’makchilarga ustida , ostida , oldida , orasiga , orasida , boshida , qarab , bo’ylab singari ko’makchilar kiradi . Vazifadosh ko’makchilar ko’makchilashayotgan ot va fe’llardir . Shunda ko’ra bunday so’zlar mustaqil so’z vazifasida ham kelishi mumkin bo’ladi .
Ko’makchilar o’zi bog’lanib kelgan so’zdan keyin kelib , so’zlar orasidagi birgalik , payt , sabab , maqsad kabi turli-tuman munosabatlarni ifodalashga xizmat qiladi
Ko’makchilar ma’no va vazifasi jihatidan kelishik qo’shimchalariga yaqin turadi . Ko’makchilar bir mustaqil so’zni ikkinchi mustaqil so’zga tobelab bog’lagani uchun kelishik qo’shimchalari bilan bir xil vazifa bajaradi . Shu bois ba’zan kelishik shakllari bilan anglatilgan ma’no ko’makchilar bilan ham ifodalanadi .
Sof ko’makchilarni ko’p hollarda kelishik qo’shimchasi bilan almashtirish mumkin bo’ladi .
Mashinada keldim—mashina bilan keldim ;
Ukamga oldim—ukam uchun oldim ;
Dalaga ketdi—dala tomon ketdi ;
Bolalar bog’chasiga hadya qildim—bolalar bog’chasi uchun hadya qildim ;
Mehnatsevarligidan xalq o’rtasida obro’-e’tibor qozondi—mehnatsevarligi uchun xalq o’rtasida obro’-e’tibor qozondi .
Diqqat!!! Kelishik qo’shimchalari va ko’makchilar orasida mazmun umumiyligi bo’lsagina , birining o’rnida ikkinchisi qo’llana oladi . Yuqoridagi misollarning birinchisida vosita , ikkinchi , to’rtinchi , beshinchisida atalganlik , uchinchisida yo’nalish ma’nosi mavjud . Ana shu umumiy ma’no ularning bir-biri bilan almashtirish imkonini bergan .
Do'stlaringiz bilan baham: |