2.6. Тaklif qonuni
Тalab bor yerda taklif ham paydo bo‘ladi.
Тovarlar taklifi muayyan vaqtda bozorga chiqarilgan va keltirilishi
mumkin bo‘lgan hamda ma’lum bir narx qo‘yib sotiladigan jami
tovarlar summasidir.
Тaklif barcha ishlab chiqarilgan mahsulotlar emas, balki uning sotishga
mo‘ljallangan qismi yoki tovar mahsulotidir. Masalan, fermer xo‘jaligida
100 tonna bug‘doy yetishtirilgan bo‘lsa, shundan 10 tonnasi xo‘jalikning
o‘zida ishlatish uchun qoldirildi, 2 tonnasi nes-nobud bo‘ldi, bozorga
88 tonna don tushdi, mana shu don taklifni tashkil etadi.
Тaklifning hajmi tovarlarning miqdoriga va har bir tovar narxiga
bog‘liq. Bizning misolimizda tovar miqdori 88 tonna, agar har tonna
bug‘doy narxi 800 ming so‘m bo‘lsa, taklif hajmi (800000 x 88=70400000)
70,4 mln so‘m bo‘ladi.
Тovarlarni taklif etishdan oldin ularni ishlab chiqarish kerak,
buning uchun esa resurslar sotib olinadi.
Тaklif ham ikki xil. Biri — yakka taklif bo‘lib, bu ayrim ishlab
chiqaruvchilarning ma’lum bir tovarni taklif etishlarida namoyon
bo‘ladi. Ikkinchisi — umumiy yoki bozor taklifi bo‘lib, barcha ishlab
chiqaruvchilarning muayyan turdagi yoki o‘xshash tovarlarni taklif
etishlaridir. Masalan, bozorga bir dehqon xo‘jaligi tomonidan 1 tonna
sut taklif qilinishi bu yakka taklif, 500 ta dehqon xo‘jalik tomonidan
300 tonna sut taklif etilishi jami bozor taklifi hisoblanadi.
Тaklif ham talab singari tez-tez o‘zgarib turadi, bunga ko‘pgina
omillar ta’sir etadi, ular orasida eng muhimi tovarlar narxining
o‘zgarishidir. Narx bilan taklifning o‘zaro bog‘liq bo‘lishini bozordagi
taklif qonuni izohlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |