Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
1245 yil, 5 may, Konya.
Butun qish bo'yi shoxlari yerga egilgan katta daraxtlar bugun yam-yashil yaproq yozdi, Shams Tabriziy esa hamon biznikida yashayapti. Shu vaqt ichida, kuzatishimcha, erim boshqa odamga aylandi, kun sayin mendan va butun oiladan tobora uzoqlashib bordi. Avvaliga men ular tez orada bir- birlarining jonlariga tegsalar kerak, deb o'ylagan edim, lekin bundan darak ham yo'q edi. Hatto badtar yaqinlashganday edilar. Ular yo jim o'tirishar, yo tinimsiz gaplashar, goho kulishar edilar va bu kulgu menga og'ir botar edi: chunki ular bir-birlaridan sira zerikmagan edilar. Shams bilan suhbatlardan keyin erimning hech kim bilan ishi bo'lmas va xuddi allanimadan kayf qilgan kabi o'z xayolot olamiga kirib ketardi. Rumiy bilan Shamsni uchinchi odamga joy qoldirmaydigan bir nima birlashtirib turardi. Ular bir vaqtda bir-birlariga bosh silkitar, tabassum qilar, qovoq solar, bir-birlariga uzoq qarab qolardilar. Hatto kayfiyatlari ham bir- birlariga bog'liq edi- Ba'zan hech nima yemay, gaplashmay sukut saqlab o’tirishardi; ba'zan esa nimadandir telbalarcha kulishardi. Men Rumiyni taniy olmay qolgandim. Sakkiz yildan buyon menga er bo'lib kelayotgan, bolalarini o'z tuqqan bolalarimday katta qilib kelayotgan kishim menga begona bo'lib qolgan edi. Faqat yonimda uxlab yotganidagina, u bilan yaqinligimni his etaman. Keyingi paytlarda ko'p tunlarni uyqusiz, uning nafasiga quloq solib va tanasining iliqligini his etib o'tkazdim. Yuragining bir tekis urishi meni tinchlantiradi va Rumiyning hamon erim ekanini eslatib turadi. Men hamisha o'zimga-o'zim bu abadiy davom eta olmaydi-ku, deyman. Bir kunmas bir kun Shams ketadigan vaqt keladi. Axir u darbadar darvish-ku! Va Rumiy men bilan qoladi. U Konyaga va o'z shogirdlariga tegishli. Men hech nima qilmasligim kerak, faqat kutishim kerak. Ammo chidash qiyin bo'layapti, kundan- kun tobora qiyinlashib borayapti. Juda qiynalgan vaqtimda o'tgan kunlarni - hech qanday kelishmovchiliklarga qaramasdan Rumiy yonimda bo'lgan paytlarni - eslayman. - Kira - nasroniy. Hatto islomga kirgan bo'lsa ham, hech qachon bizday bo'lmaydi, - bizning nikohimiz haqida eshitgach shivirlashar edi odamlar. - Shunday taniqli islom ulamosi g'ayridinga uylanmasligi kerak edi. Lekin Rumiy bu g'iybatlarga e'tibor bermas edi. Nikohdan avval ham, keyin ham. Va men undan hamisha minnatdor edim. Onado'li aholisi turli din va irqlarga taalluqli. Shunga qaramay biz hammamiz bir xil taom yeymiz, bir xil kuylaymiz; bid'atlarimiz ham, kechasi ko'radigan tushlarimiz ham birday. Nima uchun biz birga bo'la olmas ekanmiz? Men musulmoncha ismli nasoro bolalarni va nasoro ayollar emizgan musulmon bolalarni ko'rganman. Bizning dunyomizning o'zi shunday. Hamon nasorolik bilan islom orasida chegara bo'lsa, bu ikkala tomon ilohiyotshunoslari hisoblaganlaridan ancha qayishqoq bo'lishi kerak emasmi. Odamlar, meni katta olimning xotini bo'lganim uchun barcha ulamolar haqida yaxshi fikrda bo'lishim kerak, deb o'ylashadi. Ammo, to'g'risini aytsam, unday emas. Shak-shubhasiz, ulamolar ko'p narsalarni biladilar, lekin gap e'tiqod haqida ketganida ularning ilmlari juda zo'rmi? Boz ustiga, ular aytishga ham odam qiynaladigan so'zlarni ishlatib gapirishadi. Musulmon ulamolari Uchlikka bo'lgan nasorolik e'tiqodni inkor etishadi, nasorolar esa faqat Qur'onni eng buyuk deb hisoblanishiga qarshi chiqishadi. Ular xuddi bir-birlarini eshitmaydiganday gapirishadi. Ammo mendan so'rasangiz, bu buyuklardan ko'ra, oddiy nasoro bilan oddiy musulmon orasida umumiyat ko'proq. Nasorolikni qabul qilishda musulmon uchun eng qiyini - Uchlikni tan olish deyishadi. Musulmonlikni qabul qilishda esa nasoro uchun eng qiyini - Uchlikdan voz kechish. Qur'onda Iso (a.s.) o'zini Xudo o'ziga Kitob bergan va O'z payg'ambari qilgan Xudoning quli deydi. Men bunga qiyinchiliksiz ishonganman. Lekin Bibi Maryamni inkor etish qiyinroq kechadi. Inchunin, Iso Xristos onasining mehrli ko'zlariga otashin termulgim kelaverishini hech kimga, hatto Rumiyga ham aytmayman. O'z nigohi bilan u meni hamisha yupatadi. To'g'risini aytsam, Shams Tabriziyning biznikida joylashib olishidan shunchalar xijolat tortdim va xafa bo'ldimki, Bibi Maryamning yupatishiga har qachongidan ham zor bo'ldim. Men Unga duo bilan murojaat qilishga shunchalar tashna bo'ldimki, hatto isitmam ko'tarilar darajaga yetdi. Gohida esa o'z yangi e'tiqodimga xiyonat qilayotganimdan uyalib ketardim. Hech kim bularni taxmin ham qila olmas edi. Hatto, mening deyarli barcha ishlarim va fikrlarimni biladigan Sofiya ham. U meni tushunmagan bo'lardi. Afsuski, bular haqida erimga ayta olmas edim, lekin bu haqida unga qanday aytishni ham bilmas edim. U shundoq ham mendan juda uzoqlashib ketdi, badtar bo'lishidan qo'rqaman. Rumiy mening butun borlig'im edi. Endi esa begonalashib ketdi. Hech qachon bir inson bilan bir uyda yashab, bir to'shakda uxlab va lekin uning o'zing bilan birga emasligini his etib yashash mumkin, deb o'ylamagan edim. Download 1.48 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling