149-modda. Murdani eksgumatsiya qilish tartibi
Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud murdani eksgumatsiya qilishni sog‘liqni saqlash organlari bilan kelishgan holda va murda ko‘milgan joy vakilining ishtirokida amalga oshiradi. Eksgumatsiya surishtiruv yoki dastlabki tergov vaqtida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, xolislarning ishtirok etishi shart. Sud eksgumatsiyani taraflar ishtirokida amalga oshiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeks 25-moddasining to‘rtinchi qismi.
Murdani eksgumatsiya qilishda sud tibbiyoti sohasidagi mutaxassis shifokor, zarur bo‘lsa, boshqa mutaxassislar ham qatnashadilar. Agar ekspertiza tayinlangan bo‘lsa, eksgumatsiya o‘tkazishda sud tibbiyoti ekspertining ishtirok etishi shart.
Zarur hollarda, eksgumatsiyani o‘tkazishga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek murdani tanib olishi mumkin bo‘lgan shaxslar jalb qilinishi mumkin.
150-modda. Murdani eksgumatsiya qilish bilan bog‘liq protsessual harakatlar
Eksgumatsiya ekspertiza qilish maqsadida o‘tkazilayotgan bo‘lsa, ekspertiza o‘tkazish haqida qaror yoki ajrim chiqarilishi lozim. Bunda murda ekspertiza muassasasiga jo‘natiladi yoki ekspertiza murda ko‘milgan joyning o‘zida o‘tkaziladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 446-moddasi.
Murdani ko‘zdan kechirish, tanib olish va ekspert tekshiruvi uchu n namunalar olish ushbu Kodeksning 125, 126, 131, 138, 188 — 191, 193 va 197-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida amalga oshiriladi.
151-modda. Murdani eksgumatsiya qilish bayonnomasi
Murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq surishtiruvchi yoki tergovchi bayonnoma tuzadi, sud esa eksgumatsiya jarayoni va natijalarini sud majlisining bayonnomasida qayd etadi. Bayonnomaga qabr, tobut va murdaning fotosuratlari, kinotasvir va videoyozuvlari ilova qilinishi mumkin.
Murda eksgumatsiya qilinganidan so‘ng ko‘zdan kechirish, tanib olish yoki ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish amalga oshirilgan bo‘lsa, mazkur tergov harakatlari to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |