Nozuklik ichra belicha yo‘q tori gesuyi,
O‘z haddini bilib belidin o‘lturur quyi.
Shoir yorning sochi uzunligini madh etadi, ayni paytda noziklik borasida bel va soch bahsida u (soch)
mag‘lub. Shuning uchun ham sochning o‘rni beldan pastda bo‘lishi kerak degan shoirona asos aytilmoqda.
Vaholanki, uzun sochning tabiiy ravishda beldan pastda bo‘lishi hammaga yaxshi ma’lum.
Ibodat chog‘ida boshni yerga qo‘yish odatdagi hol. Ammo shoir uni tamomila boshqacha izohlaydi.
Qutlug‘ oyog‘ing yerga tegibdur, oning uchun,
El yerga qo‘yub bosh, qilur barcha ibodat.
Ko‘rinib turganiday, shoir elning yerga bosh qo‘yib ibodat qilishini yorning «qutlug‘ oyog‘i yerga tekkani»
bilan asoslamoqda.
Yoki kishilarning qandni suvga solib eritishlari tabiiy holdir. Lutfiy esa uni shunday ta’riflaydi:
Labingdin chun suchuklik qand o‘g‘urlar,
Solurlar el ani suvg‘a yalang‘och.
Choyga qand solish hodisasi aks etayotgan bu tasvir badiiy asosning go‘zalligi bilan e’tiborga molik. Adib
nazarida qand shirinlikni labdan «o‘g‘irlab olgan». O‘g‘ri esa jazolanishi kerak. O‘g‘riga beriladigan jazo
turlaridan biri uni suvga kiyimsiz yalang‘och holda kiritishdir. Bu tasvir, albatta, kishida zavq uyg‘otadi.
TAJNIS
Tajnisni «jinos» ham deyishadi. «Tajnis» ning ma’nosi «biror narsa bilan o‘xshash bo‘lmoq»dir. Jinos esa
«hamjins» degan ma’noni bildiradi. Atama sifatida u talaffuz va shaklda bir-biriga yaqin bo‘lgan so‘zlarni
turli ma’nolarda qo‘llashni anglatadi.
Bo‘yung sarv-u sanubartek, beling qil,
Vafo qilg‘on kishilarga vafo qil.
(Xorazmiy)
Xorazmiyning «Muhabbatnoma»sidan olingan ushbu bayt misralaridagi oxirgi so‘zlar shaklan bir xil.
Ammo ular har ikki misrada boshqa-boshqa ma’noni anglatmoqda. Dastlabki «qil» – «ingichka, nozik»
ma’nosini bildirsa, keyingisida u «qilmoq» fe’lini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |