TA’DID
Ta’did to‘g‘risidagi ma’lumotlarni klassik poetika (mumtoz she’riyat) haqidagi manbalarning ko‘plarida
uchratish mumkin. Bu ma’lumotlarda u turli nomlar bilan yuritilgan. Masalan, siyoqat-ul a’dod («Aruzi
Humoyun», «Badoye’ us-sanoe’», «Latoyif at-tavoif», «Jamoi muxtasar», «Rahnamoyi adabiyoti forsiy»),
ta’zil («Badoye’ us-sanoe’»), shumur («San’athoyi bade’yi dar she’ri tojikiy»), e’dod, ta’did, te’dod («Ilmi
bade’ dar zaboni forsiy») shular jumlasidandir.
Bu usulning go‘zal namunalarini so‘z ustalarining deyarli barchasida uchratish mumkin. Jumladan, Ahmad
Yassaviy o‘zining badiiy niyatini alohida ta’kidlash uchun shu san’atdan foydalanadi:
Dardga to‘lding, g‘amga to‘lding, telba bo‘lding,
Ishq dardini so‘rsang hargiz darmoni yo‘q.
Birinchi misraga e’tibor berilsa, xuddi birinchidan, ikkinchidan, uchinchidan tarzidagi sanoq ohangi seziladi.
Ayni mana shu tarz unga alohida ta’sirchanlik bag‘ishlaydi. Ta’didning muhim xususiyatlaridan biri shuki,
u fikriy rivojni, ketma-ketlikni, tadrijiylikni anglatadi:
O‘qi bu Lutfiy mungluq niyoznomasini,
Savob-u olqish-u yuz ming duo kerak bo‘lsa.
Bu o‘rinda Lutfiy savob, olqish, duo so‘zlarini ketma-ket sanash orqali ushbu san’atni hosil qilyapti.
Ta’didda, asosan, sanoq sonlar ishtirok etib, tartib sonlar nisbatan kam qo‘llanadi, shuningdek, bu vazifani
sanoq va tartibni ko‘rsatuvchi son, olmosh va ravishlar ham bajaradi.
Ta’did grammatik o‘zaro bog‘lanishlarning bir xil turidan ketma-ket foydalanish orqali ham yuzaga
chiqishi mumkin:
Ta’lim gulchehra nargis ko‘zlilar bor,
Shakar dudog‘li, shirin so‘zlilar bor.
(Xorazmiy)
Bugina emas, bir xil grammatik o‘zaro bog‘lanishlar takrori ko‘pincha she’riy musiqani kuchaytirib
yuboradi.
Tilingni ko‘dazgil, ko‘zingni ko‘daz, Bo‘g‘uzni ko‘dazgil, halol, yegil az.
(Aslida, bu misol 10-sinfda keltirilmagan, jumlasida esa shu misraga ishora bor)
Hozirgi misolimizda ham bu holat kuzatiladi. Unda to‘ldiruvchilar tilingni, ko‘zingni, bo‘g‘uzni so‘zlari
o‘ziga xos ichki qofiyalarga yaqinlashadi, kesimlar esa (ko‘dazgil) radif vazifasini ado etyapti. Bu ichki
qofiya va radiflar baytning ritmik ohangdorligini yoki boshqacha qilib aytsak, musiqiy bo‘yog‘ini
ta’minlayapti.
TANOSIB
Aslida, ko‘plab badiiy san’atlar so‘zlarning she’riyatdagi ma’naviy aloqadorligiga tayanadi. Shoirning
mantiqan bir-biriga bog‘liq va bir-birini taqozo etadigan so‘zlardan foydalanishi tanosib deyiladi. Masalan,
bir baytda «gul» so‘zi ishtirok etsa, u o‘z-o‘zidan «tikan», «guliston», «shabnam», «bulbul» kabi
so‘zlarning bo‘lishini taqozo etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |