Filologiya fakulteti mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi adabiyotshunoslik tarixi fanidan


Download 83.64 Kb.
bet7/14
Sana07.02.2023
Hajmi83.64 Kb.
#1175700
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   14
Bog'liq
2 5389062759562355867

2. Lirikaning kichik janrlari.
Fard (arabcha soʻz boʻlib, yakka, yolgʻiz, toq ma’nolarini beradi) “shoir tomonidan ma’lum mavzu va gʻoyaviy maqsadda ijod qilingan mustaqil she’riy baytdir. Fard bir bayt hajmidagi, shaklidagi she’riy asardir. Unga berilgan janr atamasi ham baytning yakkaligiga asoslanadi. Binobarin, baytning yakkaligi uning janriy belgisini ham anglatadi. Shu nomning lugʻaviy, istiholiy ma’nosida uning ixcham, oʻta moʻjaz she’r shakli ekanligi ham anglashib turiladi: qisqalik va siqiqlik unda chuqur mazmunni, pandu hikmat va donolikni ifodalashni taqozo etadi” (R.Orzibekov. Oʻzbek she’riyati janrlari va poetikasi, II kitob, Samarqand, SamDU nashri, 1999, 4-bet):
Haq yoʻlinda kim senga bir harf oʻqitdi ranj ila,
Aylamak oson emas haqqin ado ming ganj ila.
(Alisher Navoiy)
Fardni “mufradot”, “fardiyot” deb ham yuritadilar. Turkiyalik olim Tohirul Mavlaviy, bir bayt qofiyadosh boʻlsa (yuqoridagidek) “musarra’”, qofiyadosh boʻlmasa (pastdagidek) “fard” deb yuritadi.
Xalq ogʻzaki ijodida bu shakl “maqol”, “matal”, “hikmat”, “otalar soʻzi” nomlari bilan yuritilgan:
Dunyo chamanining bulbulisen,
Gul shoxida oshiyon etib ket.
(Nodira)
Ikki nafarning ovqati uch nafarga yetadi.
Yaxshi odamning mehmoni koʻp boʻladi.
(“Otalar soʻzi”)
Boʻlar odam yoshida bosh boʻlar,
Boʻlmas odam qirqida ham yosh boʻlar
(“Amir Temur oʻgitlari”)
Bilagi zoʻr birni yiqar,
Bilimi zoʻr mingni yiqar.
(Maqol)
Musallas (arabcha soʻz, ma’nosi uchlik, uchlama) mumtoz poeziyamizda kam yaratilgan. “Bu shaklning kam qoʻllanilganining sababi 1-2 juft misradan keyingi 3- misraning qofiya jihatidan toq boʻlishidir (aab). Bu holat esa she’rda notamomlikka, fikriy uzilishga sabab boʻlishi mumkin” (R.Orzibekov. Oʻzbek she’riyati janrlari, 52-bet) deb asoslash nooʻrindir. Bizningcha, uning asosini davr va odamlar ehtiyojidan izlash toʻgʻriroq boʻlgan boʻlardi. Musallas Yevropa adabiyotida “tersina” (it. uchlik), bugungi poeziyamizda “uch chanoq” deb yuritiladi. Unda poetik olamning obrazi toʻliq ifodasini topa oladi; bugungi “tezkor” zamonda kishilarning murakkab, ziddiyatlarga toʻla, shiddatkor, betakror ruhiy dunyolarini borligʻicha namoyon etishga qodir kuch-moʻjiza bor. Unda olam mohiyatining, tuygʻular magʻzining falsafasi ifodasi, bu ifodaning eng nozik va judayam ixcham jonli surati mujassam:
Hech bir inson anglamas bizni,
Itdek tepib oʻtar kiborlar,
Eh, naqadar baxtsizdir ular.
Rauf Parfi Oʻzturkning bu asaridagi poetik falsafani faqatgina uchlik real ifodalay oladi, uni boshqacha (ruboiy, toʻrtlik, muxammas...va h.) janrlar kashf eta olmaydi. Bu fikrning isbotini Rauf Parfi, Vosit Sa’dulla, Anvar Obidjon kabi shoirlarning yetuk uchliklarida koʻrsa boʻladi.
Ruboiy(ar. - toʻrtlik) – “ikki baytli she’r”(Qabul Muhammad) boʻlib, uning yuzaga kelishiga, xalq she’riyatidagi toʻrtliklar asos boʻlgan” (B.Sarimsoqov, N.Hotamov). Aruz hukmronlik qilgan davrlarda “hazaj bahrining “ahram” va “ahrab” shajaralaridagi 24 shoʻbada yaratilgan... uning yetakchi janr belgisi – undagi chuqur mazmunni hazaj bahri vaznlarida ifodalash” (R.Orzibekov) sanalgan.
“Odatdagi ruboiyning birinchi misrasi tezis, ya’ni shoir keyin isbot etishi lozim boʻlgan fikrning da’vo shaklida oʻrtaga tashlashidir. Ikkinchi misra antitezis, avvalgisiga zid, uning aksidek jaranglaydi. Biroq, dastlab qoʻyilgan tezisning isbotiga xizmat qiladi. Uchinchi misra qofiyasiz boʻlib, moddai ruboiyya deb ataladi. Shoir xulosa chiqarishga tayyorlanar ekan, bu guyo asosiy maqsadga, xulosaga olib keluvchi koʻprik burchini oʻtaydi. Nihoyat soʻnggi misra, maqsadni ochiq, ravshan aytib tugatilishi sintezdir. Ruboiy, toʻrt misraga sigʻdirilgan butun bir she’riyat dunyosi, insonning gʻoyat xilma-xil va juda boy fikr-hislari, “qalb dialektikasi”ning ajoyib tarjimonidir” (M.Yunusov. Barhayot an’analar, T., 1969, 77-bet).
Ruboiy qofiyalanishga qarab ikki xil boʻladi. Agar u a-a-b-a tarzida qofiyalansa xosiy ruboiy, -a-a-a-a tarzida qofiyalansa taronai ruboiy deb yuritiladi.
Bugungi poeziyamizda ham ruboiylar koʻplab yaratilmoqda “... inson hayotida, ichki kechinmalarida yuz bergan eng teran va keskin momentlardagi mulohaza va fikrlarni quyma satrlarda gavdalantirishi” (A.Hayitmetov. Navoiy lirikasi, T., “Fan”, 1961, 186 bet) va uning falsafiy mohiyatini gʻoyatda chuqur va qabariqli, ixcham va loʻnda aks ettirish hazaj bahridan keyingi yetakchi belgiga aylandi.
Shoirlar majlisi - hislar toʻfoni,
Oʻtkir tuygʻularning tinmas boʻroni,
Unda olam tirik, ona-Yer uygʻoq,
Unga erisholmas dunyo sultoni.
(Toʻlan Nizom. “Uch yuz uch ruboiy”.)
Ular (bahr va falsafiylik)ning birbutunligi, ayniqsa, Umar Xayyom ruboiylarida goʻzal ifodasini topgan. Xayyom mayni - Allohni ulugʻlaydi, undan boshqa ishonchi ham, umidi ham, hamdami ham yoʻq. Uning faryodi ham, tugʻyoni ham, baxti ham, baxtsizligi ham-oʻzligining mohiyati falsafasiga aylanib, quyma satrlarda jilolanaveradi. Ha, “Xayyom ruboiylari foniy bandaning javobsiz faryodlaridir” (A.Muxtor).
Quloq tuting-a:
May ichsang, oqilu dono bilan ich,
Yoki bir gul yuzli zebo bilan ich.
Oz-oz ich, goh-goh ich, ham yashirin ich,
Ezma, rasvo boʻlma, hayo bilan ich.
Yoki:
Ichganda, aqldan begona boʻlma,
Es joʻyib, jahlga sen xona boʻlma.
Istasang qizil may halol boʻlishin,
Hyech kimni ranjitma, devona boʻlma.
TUYUQ (ar. – tuslash, tuymoq) – turkiy xalqlar mumtoz sheʼriyatidagi lirikaning oʻynoqi, shoirning soʻz san’atini yaqqol koʻrsatuvchi janrdir. Tuyuq - lirik janr. Tuyuq 4 misrali sheʼr boʻlib, aruzning ramal bahrida yoziladi; aaba, baʼzan abvb tarzida va favqulodda xillarda - aaaa oʻlchovida qofiyalanadi. Tuyuq soʻz oʻyini asosida tajnis qofiyasida beriladi. Tajnissiz tuyuqlar ham bor. Tuyuqning dastlabki namunalari xalq ogʻzaki ijodida uchraydi. Bizgacha yetib kelgan tuyuqlar Burhoniddin Sivosiy (14-asr) qalamiga mansub.
"Qutadgʻu bilig" da ham tajnisli toʻrtliklar bor, biroq ular mutaqorib bahrida yozilgan. Alisher Navoiy "Mezon ulavzon" asarida tuyuqni birinchi marta janr sifatida belgilab oʻtgan va shakllantirgan. Bobur oʻzining "Aruz risolasi" asarida tuyuq ni turkiy sheʼriyat shakllaridan biri sifatida baholagan.
Uning tadqiqotchilaridan R.Orzibekovning ta’kidlashicha:
1) tuyuq “toʻrt misradan iborat mustaqil va toʻliq ma’noga ega bir butun asar ekanligi;
2) koʻproq a,a,b,a ba’zan a, a, a, a shaklidagi qofiyalanish;
3) xuddi ruboiydagi singari tezis (1-misra), antitezis (2-misra), moddai tuyuq (3-misra) va sintez (4-misra) kompozitsiyasiga ega boʻlishi;
4) murabba’ she’rlaridan farqli oʻlaroq soʻnggi misralarda shoir taxallusining koʻrsatilmasligi kabi xususiyatlari bilan ruboiylarga oʻxshasa ham, ammo oʻziga xos yagona vazn-“ramali musaddasi maqsur” (foilotun foilotun foilun)da yozilishi va shu “vazn bilan oʻz badaniga noz libosini kiyishi” (A.Jomiy) aksar qofiyalarining tajnisli soʻzlardan iborat boʻlishi bilan farq qiladi” (R.Orzibekov. Oʻzbek she’riyati janrlari, Samarqand, 1999, 98-bet).
Tuyuq hozirgi sheʼriyatda birmuncha boshqacharoq nomlarda uchraydi. Xususan, ozarbayjonlarda bayot, turklarda maʼni, turkmanlarda laʼli. Mumtoz adabiyotda Lutfiy, Navoiy, Bobur, 20-asr shoirlaridan Gʻ.Gʻulom, Habibiy, Charxiy, Sobir Abdulla va boshqa ijodida tuyuq janrining yetuk namunalari mavjud.
Tuyuqlar tajnis san’atining ishtirok etishi yoki etmasligiga koʻra: 1) tajnisli va 2) tajnissiz tuyuqlarga boʻlinadilar. Garchi bitta vaznda yozilishi shartligi – uning imkoniyatlarini cheklasa-da, shoirning omonimlardan foydalanish mahoratini toʻliq namoyon etishi bilan ardoqlidir.

Download 83.64 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling