Filologiya fakulteti mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi adabiyotshunoslik tarixi fanidan


Biz esa qit’a va gʻazal munosabati xususida fikr yuritmoqchimiz


Download 83.64 Kb.
bet9/14
Sana07.02.2023
Hajmi83.64 Kb.
#1175700
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
Bog'liq
2 5389062759562355867

Biz esa qit’a va gʻazal munosabati xususida fikr yuritmoqchimiz.
Har bir lirik janrning ikkinchi bir lirik janr bilan u yoki bu shaklda yaqinlik, aloqadorlik tomonlari boʻladi, albatta. Ammo bu toʻgʻrida gapirganda, avvalo har bir janrning faqat oʻziga xos poetik xususiyat va takomilini e’tiborga olish lozim. Zero, har bir lirik janr badiiy ijod olamida oʻzining gʻoyaviy-badiiy vazifasi bilan tugʻiladi. Aks hoda janr xilma-xilligi toʻgʻrisida gap boʻlishi mumkin emas. Odatda, she’r hayotiy zaruriyat, ma’naviy-ruhiy ehtiyojdan dunyoga keladi. Janr kategoriyasi ana shu ehtiyoj va zaruriyatning turli tarzda shakllanishi, shaklga munosib mazmun, mazmunga munosib shakl holida koʻrinishidir.
Ma’lumki, gʻazal alohida she’riy janr oʻlaroq XII asrdan boshlab fors-tojik, XIV asrlardan esa, turkiy adabiyotda keng taraqqiy qilgan . Gʻazal uchun asos e’tibori ila oldingi oʻrinda muhabbat temasi turgan va boshqa gʻoyalar asosan ana shu mavzu orqali yoritilgan. Gʻazalning tili va ruhi koʻtarinki kayfiyatlar, hayajon va ehtiroslarni tarannum etishga yoʻl ochadi. Shuning uchun ma’no va tuygʻu gʻazalda oʻzgacha bir koʻrk va fusun bilan tazahhur topadi. Gʻazalning tili – koʻngil tili, dard va armon tili. Chunki mumtoz she’riyatimizdagi biror bir lirik janr inson koʻngli va ruhi sir-asrorini gʻazal darajasida jonli ifodalay olmagan. Matla’ va shoir taxallusi qoʻllanilgan maqta’ning boʻlishi gʻazalning zarur poetik talablaridan hisoblangan. Fikriy va hissiy yaxlitlikka erishish, ya’ni Alisher Navoiy ta’kidlaganidek, “har mazmunda matla’e voqe’ boʻlsa”, “maqta’gʻacha surat haysiyatidan muvofiq va ma’ni jonibidin mutobiq”lik , yakporalik oʻzbek gʻazaliyoti uchun xarakterli xususiyat boʻlgan.
Ma’lumki, lirik janrlar hol va mohiyatiga qarab bir-biridan ajralib turadi. Shunga asoslanilsa, gʻazal va qit’a she’riyatning bir-biriga oʻxshamaydigan ikki irmogʻi ekanligi oʻz-oʻzidan ravshanlashadi. Bu – masalaning bir tomoni. Ikkinchidan, Sharq adabiyotida qit’a janri hali gʻazalning shakllanish jarayoni boshlanmasdanoq toʻla takomil topgan. Bu janrning Rudakiygacha boʻlgan davrlardagi shoirlar ijodida keng oʻrin egallaganligi shundandir. Bu haqda akademik Abdulgʻani Mirzoev gʻazalga bagʻishlangan qimmatli risolasida ham fikr bildirgan. Shu oʻrinda ikki narsani alohida ta’kidlash zarurga oʻxshaydi.
1. Oʻtmishda goho qasida va gʻazaldan yulib olingan teran mazmunli she’riy parchalar ilm va adabiyot ahli oʻrtasida “qit’a” deb atalgan. Biroq bunda istilohiy ma’no koʻzda tutilmagan. Bundan tashqari, oʻzining barqaror nazariy qonuniyatlariga amal qilinmay yaratilgan kichik hajmdagi lirik she’rlarga ham qit’a nomi berilgan. Masalan, ruboiynavis shoir ruboiy uchun belgilangan an’anaviy qonun-qoidalardan chekingan boʻlsa, u yaratgan toʻrtlik mazmunan qanchalik teran va jozibali boʻlmasin, baribir ruboiy emas, “… soddacha “qit’a” deyilgan” . Bunday she’rlarning qit’a deb nomlanishidan qat’i nazar, ularning qit’a janridagi she’rlar bilan aloqasi yoʻqligi izohsiz anglashiladi, albatta.
2. Klassik shoirlarimiz ba’zan oldin yozilgan qit’alari asosida yangi qasida va gʻazallar yaratishgan. Bu fakt ham qit’aning gʻazal bilan toʻla uygʻun holati boʻlgan, degan gʻoyani ilgari surishga imkon bermaydi.
Badiiy ijod tajribasidan shunday dalillar ham ma’lum. Masalan, kichikkina she’r katta bir poemaning yaratilishiga asos boʻladi, biror hikoya zaminida butun boshli qissa dunyoga keladi va h.k. Lekin bu bilan she’r oʻzining dastlabki she’rlik mohiyatini, hikoya oʻzining barqaror janr belgilarini yoʻqotmaydi, aksincha, bir ma’no ikki janr imkoniyati darajasida oʻzining badiiy talqiniga erishadi.
Ma’lumki, Alisher Navoiy Husayn Boyqaroning podshohlik taxtiga chiqishi munosabati bilan “Hiloliya” qasidasini yaratgan. Ana shu materialning u yoki bu qirrasini shoir oʻzining bir qancha ruboiy va qit’alarida ham yoritib bergan. Biroq Navoiy har gal bu mavzuga har bir janrning talab va imkoniyatlarini hisobga olgan holda munosabatda boʻlgan.
Lirik janrlarning bir-biridan farqli badiiy qonuniyatlari, uzoq yillar adabiyot va ijodkorlar toʻplagan ma’lum usul hamda yoʻllari boʻladi. San’atkor yozuvchi buni inobatga olmasligi mumkin emas. Yangi janr – bu doimo hayot materiali yoki mavjud materialning yangicha ifodasi, ifodaning yangicha usuli, xullas, yangi shakl va mazmun birligidir. Shoirlar lirik janrlarning hammasida ham bir xil uslub, bir xil imkoniyat, bir xil ruhiy kayfiyat bilan yoza olmaydilar. Shu oʻrinda Gʻafur Gʻulomning, “Motam vaznida “Gulyor” aytib boʻlmaganiday, “Suvoriy” chalinganida yigʻlanmaydi. Bu degan soʻz aytilmoqchi boʻlgan mazmunga munosib ifoda va shakl tanlash zarur demakdir” , degan soʻzlarini eslash maqsadga muuvofiqdir. Bugina emas. Ulkan yozuvchilardan biri uzoq yillik adabiy tajribalarni xulosalab, “janrni biz emas, bizni janr tanlar ekan”, deb yozgandi. Bu gapdan har bir janrning oʻz badiiy xususiyatlari, talab va ehtiyojlari boʻladi, ularni albatta hisobga olish zarur degan xulosa kelib chiqadi. Xuddi shu narsa qit’a uchun ham toʻla xosdir.
Qit’a (koʻpligi muqattaot) arabcha soʻz boʻlib, lugʻaviy ma’nosi parcha, boʻlakdir. Istilohda qit’a oʻzining alohida poetik belgilariga ega, mavzu yoʻnalishi qat’iy chegaralanmagan ikki yoki undan ortiq baytli she’r ma’nosini bildiradi.
Eron olimlaridan biri Muhammad Rizo Doyi Javod qit’ani quyidagicha ta’riflaydi: “Biror narsaning parchasi lugʻatda qit’a deb ataladi. Adabiy istilohda ikki baytdan kam boʻlmagan, oʻziga xos qofiya va vaznga ega boʻlgan she’rlarga qit’a deyiladi. Qit’ada yagona bir maqsad bayon etiladi va u mantiqan intihosiga yetkaziladi. Qit’aning qofiya xususiyati unda birinchi bayt oʻzaro qofiyalanmaslik bilan xarakterlanadi” .
Qit’a shakl tomondan ham, mazmun jihatdan ham oʻziga xos qator sifatlarga ega janr. Odatda, qit’aning birinchi bayti qofiyalanmaydi. Uning qofiyalanish tarzi: ab, vb, db, gb shaklidadir. Bu janr hajm jihatidan konkret chegarani bilmaydi. Qit’a ikki baytdan boshlab, oʻn va oʻndan ortiq miqdorda boʻlishi mumkin. Sharq poetikasida kichik hajmdagi qit’alar “ali ul-taloq qit’a”, toʻrt baytdan ortiqlari esa “qit’ayi kabir” deb nomlangan. “Ali ul-taloq qit’a” – fasohatli, xushbayon va muxtasar ma’nolarni bildiradi. Shoirlar koʻpincha xuddi shu xildagi qit’alarni yozishga intilganlar. Bu masalada shuni aytish lozimki, oʻzbek adabiyotida umuman toʻrt baytdan ortiq miqdordagi qit’alar siyrak uchraydi. Bu tasodifiy holat emas, albatta. Chunki, birinchidan, qit’a oʻzining xarakteri, poetik ruhi bilan ixchamlikka, konkretlikka dohil janr. Ikkinchidan, klassik shoirlarimiz shakl tanlashda mumkin qadar ixchamlikka intilganlar. Qisqa shaklda katta mazmunni sigʻdirishni badiiy mahoratning muhim belgilaridan deb bilganlar. Bundan tashqari qit’a aksar badiha tarzida aytilganini qoʻshsak, mohiyat yanada oydinlashadi.
Klassik lirikadagi janrlarga e’tibor qilinsa, ular tematik yoʻnalishlari bilan sezilarli darajada bir-birlaridan ajralib turishini payqash qiyin boʻlmaydi. Bu xususiyatdan qit’a ham mahrum emas. Tojik adabiyotshunosi B.Sirus yozadi: “Mazmun jihatdan qit’a gʻazaldan oz farq qiladi” . Holbuki, qit’a mazmun mohiyati bilan gʻazaldan keskin farqlanadi. Bu ikki janr orasidagi gʻoyaviy-badiiy oʻziga xoslik xuddi mana shu nuqtada yanada yorqin, yanada aniqroq namoyon boʻladi.
Taniqli sharqshunos Y.E.Bertel`s qit’ani Yaqin Sharqning deyarli barcha devonlaridagi “… mazmun e’tibori bilan juda boy va qiziqarli boʻlim” ekanligini qayd qilgan edi .
Professor A.Haymitmetov esa bu haqda shunday yozadi: “She’rning fors-tojik va oʻzbek adabiyotlaridagi bu qadim turi (gap qit’a xususida ketayotir – I.H.) odatda biror voqea va hodisa munosabati bilan yaratilgan ekspromt she’rlarini eslatadi. Ular koʻpincha hayotiy yumor bilan sugʻorilgan boʻlib, shoirning oʻz davri turmushiga munosabatini ifodalaydi” .
Qit’aning mavzu koʻlami hayot qadar keng hamda tarmoqli. Bu jihatdan Sharq lirikasidagi birorta ham lirik janr qit’aga tenglasha olmaydi. Unda ijtimoiy-siyosiy, falsafiy, axloqiy-ta’limiy va ishqiy masalalar ifodalangan; bu janrda shoirlar hayot zavqi, umid va ishonch, insoniylikni ulugʻlash, odob va tarbiya masalalari, e’tiqod va burch, el va yurtga muhabbat, soʻfiyona kayfiyatlar, zamondan shikoyat va hokazolarni qalamga olganlar; bu janrda madhiyalar, marsiyalar, tarixlar darj etilgan.
Alisher Navoiy qait’alarida tabiatdagi oddiy qurgʻoqchilik hodisalaridan tortib koinotning ilohiyot pardalari bilan burkangan sir-asrorlarigacha, chumolidan tortib ulugʻ Inson holati, harakati va qismatigacha – barcha-barchasiga munosabat bildirilgan. Ular “qit’a-qit’a bogʻ” etilgan. Albatta, Alisher Navoiydagi bu tengsiz salohiyat qit’a yozgan barcha shoirlarga xos xususiyat, demoqchi emasmiz. Ijodiy ufqning kengligi faqat Navoiy kabi buyuk san’atkorlarning talantiga xos xususiyatdir.
Gap shundaki, shoir fikran va ruhan teran boʻlsa-yu, xayol-kechinmalarni she’r bilan ifoda etishga intilsa, qit’a janri unga ajoyib imkoniyatlar berishga qodirdir. Xuddi shu oʻrinda masalaning yana bir muhim qirrasini izohlash kerakka oʻxshaydi. Klassik shoirlarimiz oʻzlarining gʻazal, ruboiy, tuyuq, qasida va boshqa qator janrlaridagi asarlarini faqat ilhom, faqat his va fikr omillari asosida emas, “balki oʻz zamonasi adabiyotining qoida va nazariyalariga”, “ilmi bade’” usullariga rioya qilib yaratgan”lar . Bu esa shoirga oldindan belgilangan nazariy qonunlar, printsiplarga boʻysunib qalam tebratish mas’uliyatini yuklagan. Ammo qit’ada bunday an’ana boʻlmagan . U poetikaning “temir qonunlar”i iskanjasidan ozod yashagan. Oʻz navbatida bu ham qit’ada turli-tuman hayotiy gʻoyalarni talqin etishga keng imkoniyat tugʻdirgan. Ana shu bois bu janr soʻzda, obrazda, shaklda ortiqcha mumtozlikni, boʻyoqdorlikni talab qilmagan. Va qit’ada realistik ohanglar, hayotiy detallar klassik lirikadagi boshqa janrlarga qaraganda keng va koʻp boʻlgan. Mana, tilni olaylik. Qit’a tilida ortiqcha boʻyoq yoki bezakdorlik yoʻq. Unda gʻazal tiliga mos sanalmaydigan “… leksik boyliklardan, turli xalq iboralaridan, “qoʻpol”, “dagʻal” soʻzlardan…” ham keng foydalanilgan. Misol sifatida Alisher Navoiy qit’alaridan biriga murojaat etaylik:

Download 83.64 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling