Kura-Kavkazdagi daryo, Kavkazorti xalqlaridan birining qadimiy tilida kur-«suv», suv ombori ma'nosini beradi.
Lena-Sharqiy Sibirdagi yirik daryo. Evenklar tilida Yelyuyene-«katta daryo» deyilgan, keyinchalik o'zgarib Lena bo'lib qolgan. Yakutlar Oryus (O'kus) deb atashi bejiz emas-turkiy tilda «katta daryo» demkdir deb yozadi H.Hasanov.
Makkenzi-Kanadaning shimoli-g'arbidagi daryo. 1789-yili daryoning quyi oqimidan yuqori qismiga qayiqda suzib borgan tadqiqotchi va savdogar A.Makkenzi nomiga shunday atalgan. A.Makkenzining o'zi daryoni Disappoyntment deb ataydi, mahalliy xalq hanuzgacha Katta daryo deb atashadi. 1825-1827-yillari shu yerlarni tadqiq etgan ingliz sayyohi J.Franklin daryoni A.Makkenzi sharafiga shunday nomlagan.
Mayn-Chukotkadagi daryo, Anadirning o'ng irmog'i. Reyn daryosining bir irmog'i ham shu nom bilan yuritiladi. Tadqiqotchilar nomning izohini kelt tilidan izlaydilar. Kelt tilida mo-«sekin», yenos-«suv» so'zlari gidronimga asos bo'lgan. Mayn keltcha Mo Yeno so'zlaridan tuzilgan bo'lib, «sokin suv» degan ma'noni bildiradi.
Mag'indaryo-Tojikistondagi daryo. Zarafshon irmoqlaridan biri. Eroncha mag' (mag'i) so'zidan kelib chiqqan bo'lib, «xandaq, chuqurlik» degan ma'noni bildiradi. Umuman, hind-yevropa tillarida mag', mag'an degan so'zlar «daryo», «chuqurlik» ma'nosiga ega.
Mekong-Xitoy, Laos, Kambodja, Vetnam hududlaridan oqib o'tuvchi daryo. Tibet yassi tog'ligidan Dzachu (tibetliklar tilida «yuqori daryo») nomi bilan boshlanadi. Janubiy Xitoy hududida Lansanszyan (szyan-«daryo»), Hindixitoy yarim orolida Mekong deb nomlanadi. Mekong-me-«katta», kong-«daryo», ya'ni «katta daryo», «bosh daryo» demakdir. Haqiqatan ham daryoning uzunligi 4,5 ming km. ekanligini hisobga olsak, Hindixtoydagi eng katta, bosh daryodir.
Missuri-Missisipining o'ng irmog'i, AQSH hududidan oqib o'tadi. Hindu qabilalari tilida Missuri-«katta loyqa suv», «daryo» demakdir. Tabiatan ham shunday; daryo suvi loyqa bo'lib, Missisipining tiniq suvlari qo'shilib, Meksika ko'rfaziga borib quyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |