Forobiy Abu Nasr ibn Muhammad (870-950) - qomusiy olim, Arastuning izdoshi (Arastudan keyin ikkinchi muallim nomini olgan), xayoliy sotsializmning asoschilaridan, 160 dan ortiq asar yozgan, donishmand (ayni vaqtda diniy jamoaning boshlig‘i bo‘lgan), hukmdor, tasarruf etuvchi, «sahovatli yurt» haqidagi ta’limotni rivojlantirdi (fozil davlat tarafdori).
Abu Ali ibn Sino (980-1037) - qomusiy olim, 280 dan ortiq asar yozgan, «Uy xo‘jaligi», «Ruhshunoslik» va boshqa kitoblarda iqtisodiy qarashlari aks etgan.
Beruniy Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad (973-1048) - qomusiy olim, 150 dan ortiq asarlari mavjud, lekin iqtisodiy qarashlari to‘liq o‘rganilmagan. Mehnat boylikning asosi ekanligi to‘g‘risidagi fikrlari mavjud.
Yusuf Xos Hojib Bolasog‘uniy (~1016-1018-?) - turk tilidagi ilk «Qutadg‘u bilig» («Saodatga yo‘llovchi bilim», 1069-70) asarida ajoyib iqtisodiy g‘oyalarni bayon etgan (1990 yilda chop etildi). Ayniqsa, hunar-kasb o‘rganish, savdo-sotiqning ahamiyatiga e’tibor berilgan. Kitobda «san’at, hunar - kishiga chiroy, turli-tuman hunarlarni o‘rganmaslik tubanlik belgisi» (64-bet) ekanligi haqida fikrlar va mehnat taqsimoti g‘oyalari bor. Davlat va iqtisodiyot masalalaridagi bog‘lanishni yaxshi tushungan.
Nizomulmulk (1018-1092) - Saljuqiylar davlati vaziri sifatida «Siyosatnoma» asarini yozdi, unda soliq , davlat mablag‘larining hisob-kitobi, iqto’ (chek yer) to‘g‘risida qimmatli g‘oyalar berilgan.
Ibn Xaldun Abu Rahmon Abu Zayd (1332-1406) - arab olimi, «Ibratli misollar kitobi» (1370)da iqtisodiy g‘oyalari jamlangan. Uning fikricha, «jamiyat moddiy qiymatlar ishlab chiqaruvchilar» jamoasidan iborat. Asarlarida moddiy zarurat tarixni harakatlantiruvchi asosiy kuch, mehnat unumdorligi, zaruriy va qo‘shimcha mehnat, qiymat tushunchalari keltirilgan. 1401 yilda Amir Temur bilan uchrashgan. «Ijtimoiy fikr» jurnalining 1998 yil, 1-sonida lavha berilgan.
Amir Temur (1336-1405) - Markaziy Osiyoda markazlashgan davlat asoschisi, uning olib borgan to‘g‘ri iqtisodiy siyosati tufayli mamlakat obod bo‘ldi, ilm-fan ravnaq topdi. «Temur tuzuklari» kitobida bir qancha muhim ijtimoiy-iqtisodiy g‘oyalari berilgan. Masalan, soliq, maosh, byudjet to‘g‘risida qimmatli fikrlari bor. Yangi yerlar ochgan dehqon uch yilgacha soliqdan ozod qilingan, o‘g‘rilik, qalloblik, tovlamachilik qattiq jazolangan. Uning davrida Buyuk Ipak yo‘li rivoj topgan, savdogarlar qaroqchilardan himoya qilingan, karvonsaroylar qurilgan. «Kam yegin, kam uxla, kam gapir» aqidasiga amal qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |