14-modda. Davlat chegarasida xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyat yuritish
O‘zbekiston Respublikasining chegara bo‘yi daryolari, ko‘llari va boshqa suv havzalari suv qismida kemalar qatnovi, suv obyektlaridan foydalanish va boshqacha tarzda suvdan foydalanish, suvni iste’mol qilish, suv inshootlari qurish, Davlat chegarasida yerlardan, o‘simlik va hayvonot dunyosidan foydalanish, konchilik ishlari, geologiya-qidiruv faoliyati va boshqa faoliyat yuritish qonunchilikka hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
(14-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
15-modda. Davlat chegarasini buzuvchilar
Quyidagilar Davlat chegarasini buzuvchilar deb hisoblanadi:
Davlat chegarasini Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridan boshqa joydan yoki o‘tkazish punktlari orqali bo‘lsa-da, lekin chegarani kesib o‘tish qoidalarini buzgan holda har qanday usul bilan kesib o‘tgan yoki kesib o‘tishga harakat qilayotgan shaxslar;
chet elga ketayotgan transport vositalariga O‘zbekiston Respublikasidan noqonuniy ravishda chiqib ketish maqsadida chiqib olgan yoki chiqib olishga urinayotgan shaxslar;
O‘zbekiston Respublikasi ichki suvlariga, shuningdek chegara bo‘yi daryolari, ko‘llari va boshqa suv havzalari suv qismiga ularga kirish yuzasidan belgilangan qoidalarni buzgan holda kirgan chet el noharbiy kemalari va harbiy kemalari;
Davlat chegarasini tegishli davlat organlarining ruxsatisiz kesib o‘tgan yoki Davlat chegarasi orqali uchib o‘tish qoidalarini boshqa tarzda buzgan havo kemalari va boshqa xil uchish apparatlari.
Davlat chegarasini tegishli ruxsati bo‘lmay turib yoki belgilangan tartibni buzgan holda har qanday texnikaviy yoki boshqa xil vositalar bilan kesib o‘tish ham Davlat chegarasini buzish hisoblanadi.
16-modda. Chegara nizolari va mojarolarini hal etish
Chegara nizolari va mojarolarini hal etish qonunchilikda hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(16-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |