20-modda. Shaxslarning chegara oldi zonasiga va chegara oldi mintaqasiga kirishi va chiqishi (o‘tishi), u erda bo‘lishi (yashashi) va harakatlanishi
Shaxslarning chegara oldi zonasiga kirishi, undan chiqishi (o‘tishi), u erda bo‘lishi (yashashi), agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ichki ishlar organlarining ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.
(20-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Chegara oldi mintaqasiga kirish va undan chiqish (o‘tish), u erda vaqtincha bo‘lish (yashash), harakatlanish va ishlar bajarish chegara qo‘shinlarining ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.
21-modda. Davlat chegarasi oldidagi profilaktik mintaqa
Xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdididan O‘zbekiston Respublikasi hududini muhofaza qilish maqsadida chegara oldi mintaqasi doirasida profilaktik mintaqa belgilanib, u erda chorva mollarni boqish va saqlash man etiladi.
Profilaktika mintaqasining kengligi, uni to‘sib qo‘yish tartibi va u erdagi rejim qonunchilik bilan belgilanadi.
(21-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
22-modda. Chegara oldi mintaqasida xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyat yuritish, ommaviy va boshqa madaniy tadbirlarni o‘tkazish
Chegara oldi mintaqasida er, o‘simlik va hayvonot dunyosi, yer osti, suvlardan foydalangan holda xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatni yuritish, shuningdek ommaviy va boshqa madaniy tadbirlarni o‘tkazish tartibi qonunchilikda belgilab qo‘yiladi.
(22-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Chegara oldi mintaqasida chegara qo‘shinlari tomonidan xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyat yuritish, ommaviy va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha qo‘shimcha rejim qoidalari belgilanishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |