I bob. XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Turkiston. Sanoatning paydo bo‘lishi va rivojlanishi


Download 161.82 Kb.
bet5/21
Sana16.06.2023
Hajmi161.82 Kb.
#1511677
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21
Bog'liq
KOBULOVA NILUFAR MD (2) (2)

XIX asr oxirida Turkistonda Yog‘-moy sanoatining rivojlanishining bosqichlari

Fabrika-zavod sanoati bilan bir qatorda «yangi» shahar hayotida turli ustaxonalar: etikdo‘zlik, chilangarlik, duradgorlik, g‘isht teruvchilik va h.k. ham faoliyat ko‘rsatgan. 1886 yilgi ma’lumotlar bo‘yicha ustaxona va korxonalarning umumiy mahsuloti 186086 rublni tashkil etgan. 12 Ularda 677 ishchi band bo‘lgan. Miqdor bo‘yicha birinchi o‘rinda izvoshchilar turgan (164). Ulardan keyin chilangarlar (141), novvoylar (43), tikuvchilar (36), bulkachilar (20), aravakashlar (20) turgan. Eng ko‘p ishlaganlar misgarlar (1680 rubl) bo‘lgan, ikkinchi o‘rinda chilangarlar (33 744 rubl) turgan, uchichi o‘rinni etikdo‘zlar (4 000 rubl) egallagan. Sanoatchilar va ustalar quyidagi: paxta ishlovi, jun ishlovi, ipak ishlovi, kanop, kanoptola ishlovi, aralash mahsulot tayyorlash, qog‘oz va matbaa mahsulotlari, yog‘och, ma’dan ishlovi, hunarmandchilik anjomlari va qurollari ishlab chiqarish, oziq-ovqat mahsulotlari, jonivorlar mahsulotlari ishlab chiqarish va h.k. ishlarni bajarganlar.
Shaharning “eski” qismida ham oz bo‘lsada fabrika-zavod sanoati, turli ustaxonalar va korxonalar rivojlana boshladi. 1896 yilda shu masala yuzasidan bir muallif: “Nihoyat Toshkentda fabrika-zavod sanoati paydo bo‘ldi, uning paydo bo‘lishi mahalliy aholi o‘rtasida ham qiziqish uyg‘otdi, shahar fabrika va zavodlarida endi o‘nlab sart (o‘zbek) nomlarini ko‘ramiz. Mahalliy aholi ichida nafaqat savdo yoki eksport sanoati, balki ishlab chiqarish sanoati sohasida ham kapitalistik korxonalarga tayyor shaxslar paydo bo‘ldi” – deb yozgandi.
Tub aholi ichidan chiqqan korchalonlar orasida S. Sheraliboyev, Yu. Davidov, I. Hakimbekov, Yu. To‘ychiboyev, B. Dadajonov va h.k.larni ko‘rishimiz mumkin. Ular paxta tozalash, g‘isht va boshqa zavodlarga asos solganlar. Keyinchalik toshkentlik zavodchilar Orifxo‘jayev, Shosolixov, Abdurashidov, Isxoqovlar millionlab rubllarni aylantirganlar. Ularning Peterburgda, Gelsingforseda va boshqa joylarda firmalari bor edi.
Shahar “yangi” qismining bevosita ta’siri ostida mahalliy hunarmandlarning ishlab chiqarish qurollari, mehnat malakalari takomillashdi. Mualliflardan biri yozishicha, 1890 yildagi va undan oldingi 1886 yildagi ko‘rgazmalar tomoshabinlarni ular korxonalarining ko‘plab mahsulotlari bilan va ularda yaxshi taassurot qoldirgan. Turkistonliklar mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni katta qiziqish bilan tomosha qilganlar, bularni ular ilgari yo uzoq kutib, katta pul evaziga yozib olar, yo yanada kattaroq pulga savdogarlardan sotib olar edilar. Yanada uddaburonroq, qiziquvchanroq tuzemchilar (o‘zbeklar) ruslar turmushida iste’mol qilinadigan narsalarni ishlab chiqara boshlaganlar va ishlangan mahsulotlarini ingliz va ayollar egari, 1881 yil namunasidagi zobitlar shamshiri, o‘yinchoqlarni ko‘rgazmaga taqdim etganlar.
Tub xalq hunarmandchiligining duradgorlik, chilangarlik, tikuvchilik kabi boshqa turlarida ham jiddiy siljishlar kuzatilgan. N.A. Mayev guvohlik berishicha, “sartlar (o‘zbeklar)ning ustachilikni o‘rganishga qobiliyatlari hayrotomuz darajada zo‘r bo‘lgan: 1886 yildagi ko‘rgazmada bir sart Toshkent rus etikdo‘zlari mahsulotidan sira qolishmaydigan rus etigini namoyish etdi. Boshqa bir sart o‘zi yasagan ko‘zgusini qo‘ydi”.
O‘zbek hunarmandlari haqida N.A.Mayev “o‘zbeklar oliy darajada mehnatkash, miyali va uddaburon xalq” – deb yozgan edi.
Turkiston o‘lkasi, jumladan Toshkent shahridagi sanoat korxonalari, ustaxonalari va boshqa yuzaga kelishi va rivojlanishi asosan rus kapitalistlari nomi bilan bog‘liq edi.
1886 yilda “Sirdaryo viloyati sharxi”da ta’kidlangandiki, “viloyatdagi zavod va fabrika sanoati kelib chiqishi va rivojlanishi o‘zlari qo‘lida bo‘lgan rus aholisining roli katta bo‘lgan. Hisobot yilida uning aylanmasi 1 451 230 rublga yetgan, uning markazi Toshkent, bu yerda eng katta zavod va fabrikalar joylashgan, ularning yillik aylanmalari (1886 y.) 896 960 rublga teng bo‘lgan, bu butun viloyat fabrika-zavod sanoatining 62%ini tashkil etadi. Buning sababi shundaki, Toshkentda bosh fuqaro va harbiy boshqarma organlari joylashgan, rus ziyolilari va rus kapitalistlari kuchi to‘plangan. Toshkentning o‘zi boy vohada joylashgan, uning tabiiy boyliklari bilag‘on va g‘ayratli odamlar foydalanishi uchun keng maydon bo‘lib hisoblangan. Serodam markaz sifatida Toshkent ishbilarmon fabrikasi uchun ishchilarni osongina topish imkonini tug‘dirgan, viloyatning boshqa joylarida esa ishchi yollash ancha-muncha qiyinchilik tug‘dirgan.”
Darhaqiqat, Toshkent shahrida sanoatni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mujassam bo‘lib, bu rus ishbilarmonlarining diqqat13ini o‘ziga tortmay qolmagan edi, albatta.
Vaqt o‘tishi bilan bu yerda talay mablag‘i va ko‘plab sanoat korxonalari bo‘lgan kapitalistlarning butun bir davrasi yuzaga keldi. “Savdo uylari” va turli shirkatlar paydo bo‘la boshladi. Masalan, 1884 yilda savdogar I. Pervushinga yillik mahsuldorligi 102 684 rubllik 5 zavod va korxona (spirt, vino zavodlari, tamaki va papiros fabrikasi, sun’iy va ma’danli suv tayyorlaydigan korxona) qarar edi. 1886 yilda u aroq zavodiga ega bo‘ldi. Keyinchalik I.A. Pervushinning zavod va mablag‘lari yanada ko‘paydi. 90-yillar hujjatlarida “Pervushinlar savdo uyi” eslatiladi, 1896 yilda unga tamaki va papiros fabrikalari, spirt, spirt olish, vino zavodlari qarar edi, umumiy daromadi 231 900 rublni tashkil etardi.
1866 yilda Kazalinskda firma ochgan ishbilarmon I.I. Ivanov Qozog‘iston cho‘llarida savdo ishlarini qizg‘in olib borar ekan, 1874 yilda firmaning bosh idorasini Toshkentga ko‘chiradi. Bu yerda shu firma spirt, aroq, pivo va vino zavodlarini quradi. Bunday zavodlardan unga qarashlilari Kazalinsk, Perovsk, Verniy, Prjevalsk, Avliyoota, Namanganda bor edi. Toshkent va Samarqanddagi firmaning o‘z uzumzorlari mavjud edi. Bundan tashqari Toshkent va Qo‘qonda rus va xorijiy mollari bo‘lgan vino-baqqollik do‘konlari ochgandi. Firmaning ombor va savdo nuqtalari o‘lka va Yettisuv viloyatining14 barcha shaharlarida ishlab turardi. Firma xodimlari orasida mahalliy aholining 1000 dan ortiq vakili ishlagan. Firma faoliyati sanoat va savdo sohasi bilan cheklanib qolmagandi. 70-yillarda u Turkiston general-gubernatorligi qo‘shinlarini oziq-ovqat bilan ta’minlashni o‘z zimmasiga olgan. 1892 yildan firma Toshkentdan Orenburgga undan Terakli stansiyasigacha, Toshkentdan Verniyga undan Avliyootagacha pochta yo‘lini ta’minlash bilan shug‘ullana boshladi, bu g‘oyat qiyin ish edi. Firma ixtiyorida hammasi bo‘lib 111 pochta stansiyasi bo‘lib, xarajati 800 ming rublni tashkil etgan. Traktda rus ma’muriyatidan 200 ishchi va tub aholi va ruslardan 2 ming kishi ishlagan.
Savdogar A. Ye.Gromovga spirt, aroq va pivo zavodlari qarardi.
1899 yilda “Kamenskiy savdo uyi” mahsulotining hajmi faqat tegirmon va arqon zavodidan 173 547 rublni tashkil etardi. Bundan tashqari uning paxta tozalash, sovun, spirt, vino va moy zavodlari ham faoliyat ko‘rsatgan.
Toshkentga 1868 yilda kelgan yana bir ishbilarmon D.N. Zaxo oz vaqt ichida manufaktura attorlik do‘konlari xo‘jayini bo‘lib qoladi. U toshkentlik millionerlardan biriga aylanadi va o‘ziga katta uy qurdiradi (hozirgi Tekstil korxonasi Madaniyat saroyi).
Tub aholi vakili Yusuf Davidov spirtli ichimliklar ishlab chiqarish, paxta savdosi, sudxo‘rlik bilan shug‘ullangan. Uning paxta tozalash zavodi ham bo‘lgan. Birgina paxta savdosidagi oboroti 5-6 mln. rublni tashkil etgan.
Toshkent va boshqa shaharlarda “Aka-uka Shlosberg shirkati”, “Aka-uka Kraft shirkati”, “Yu. Davidov savdo uyi”, “Katta Yaroslav Manufakturasi”, “B. Alekseyev shirkati”, “Moskva savdo-sanoat jamiyati”, “S. Morozov savdo uyi”, “Treugolnik» shirkati, «Tovariщyestvo» shirkati”, “Aka-uka Kamenskiy savdo uyi” kabi savdo sanoat kompaniyalari mavjud edi. Ular paxta sotib olar va ulardan ko‘plari o‘zlarining paxta tozalash zavodlariga ega edi.
Rus kapitalistlari va mutaxassislari faoliyati sanoat inshootlari qurish bilan cheklanib qolmagan. Bir vaqtning o‘zida ular o‘zlarini xomashyo ta’minlash bilan shug‘ullanganlar. Shu maqsadda ular g‘o‘za, uzum va h.k.larning yangi navlarini tatbiq etish bo‘yicha ish olib borganlar.
1889 yil ma’lumotlariga ko‘ra Toshkentda 1 626 120 rublli mahsulot beruvchi 43 fabrika va zavod bo‘lgan. Ular orasida birinchi o‘rinni paxta tozalash zavodlari (1 684 500 rubl), ikkinchi o‘rinni – aroq zavodlari (196 200 r.), uchinchi o‘rinni charm zavodlari (190 500 r.) egallagan.
Oziq-ovqat sanoatida tegirmonlar yetakchi o‘rin tutgan, ular mahsuldorlik hajmi 206 200 rublga borgan. Keyingi o‘rinda aroq sanoati (196 200 rubl) va vino korxonalari (117 500 rubl) turgan.
Ishlab chiqarish hajmi o‘sishi bilan mavjud korxonalarning o‘zida yangi zavodlar paydo bo‘ldi. Masalan, sement, yog‘ochni qayta ishlash, duradgorlik zavodlari, poyafzal fabrikasi, ichki va tashqi kiyimlar fabrikalari va h.k. Oziq-ovqat sanoatining kolbasa, makaron, pishloq va boshqa shu kabi korxonalari barpo etildi.
Shaharda cho‘yan quyish korxonalari ham vujudga keldi. 1885 yildayoq 1-gildiya savdogari A.S. Gromov shahar ma’muriyatidan Salor daryosi bo‘yida cho‘yan quyish mexanik korxonasini qurishga ruxsat oldi, ammo manbalarda bu zavod faoliyati xaqida ma’lumotlar yo‘q. Keyinchalik 9 yirik cho‘yan quyish korxonalari faoliyat ko‘rsatib, ularning yillik daromadi 300 ming rublni tashkil etgan.
O‘lkada darmana (santonin) urug‘idan darmana yog‘i olinadigan zavod ochilishi katta ahamiyat kasb etdi. Bunday birinchi zavod 1884 yilda Chimkentda ochildi. Gijja tushirishda darmana eng yaxshi dori hisoblanadi. Bu o‘simlik butalari jahon bo‘yicha faqat Chimkent va Avliyootadagina saqlanib qolgan. 1886 yilda N. Nikitin Beshyog‘och va Salor ariqlari yoqasidagi Qumbegi degan aholi yo‘q joyda shunday zavod ochgan. Uning yillik mahsuloti 10 ming rublni tashkil etgan. 1897 yilga kelib bu raqam ikki baravarga ortgan. Zavodda 300-400 pud darmana urug‘i ajratilgan. Shu yili Pfaffga qarashli ikkinchi darmana zavodi ochilgan. Bu yerda 7000 rubllik 200 pud darmana ishlab chiqarilgan. 1898 yil shu mahsulot 18 ming rubllik 400 pud ishlab chiqarilgan. Har yili xom darmana ishlab chiqarishga 18 ming pud darmana urug‘i, 400 pud sulfat kislotasi, 80 pud soda sarflangan. Toshkentda korchalon Bichkov qurgan darmana zavodi ham faoliyat ko‘rsatgan. Hammasi bo‘lib 1888-1889 yillar Toshkent zavodlarida 7899 pud darmana yog‘i olingan. Bu mahsulot xorijga, jumladan Yaponiya, Italiya, Germaniya, ayrimlari Janubiy Amerikaga jo‘natilgan.
Shaharda tamaki va papiros ishlab chiqaruvchi fabrika faoliyat ko‘rsatgan. Birinchi tamaki fabrikasi 1877 yilda Pervushin tomonidan ochilgan. Uning tamaki plantatsiyalari bo‘lib, har yili 15-20 desyatina yerga tamaki ekilgan. Tamakidan olingan hosil 1000 pudga yetgan. Shunisi diqqatga sazovorki, tamakining turli navlari ekilgan. Tamakini yanchish uchun qo‘l dastgoxlaridan foydalanilgan, ular toza va orasta qilib qadoqlangan. Shunday bo‘lsa-da, mahalliy papiroslar sifat bo‘yicha Rossiyadan keltirilgan tamakilarga teng kelolmasdi. 1888 yilda shaharda 8 tamaki va papiros fabrikasi bor edi.
Tamaki ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinni Pervushin fabrikasi egallagan. Eng ko‘p papirosni Bubnov fabrikasi (1 500 000 dona) va Metrikova fabrikasi (1 400 000 dona) ishlab chiqargan. Bu davrda shaharda gugurt fabrikasi ham ishlab turgan, u 1893 yilda 14 200 rubllik mahsulot bergan.
Rossiya Toshkentni bosib olgan dastlabki yillarda shaharning “yangi” qismida oziq-ovqat sanoati korxonalari paydo bo‘lgan. Masalan, 1868 yilda I.I. Pervushin, I.I. Kuznetsovga qarashli spirt zavodlari ishlay boshlagan.
I.I. Pervushin zavodi eng kattasi xisoblanib, uning ishlab chiqarish hajmi 1872 yilda 111 390 rublga yetgan, Ye.X. Jemchujnikova zavodida – 38 930, I.I. Kuznitsov zavodida – 41 878, P. Abdurahmonov zavodida – 26 502 rubl bo‘lgan. Hammasi bo‘lib 1874 yilda 6 spirt zavodi ishlagan va 217 969 rubllik mahsulot bergan.
Shu ta’kidlab o‘tish joizki, tub millat vakillari “ixtiyoriy yollanuvchilar” deb atalgan. Masalan, 1872 yilda P. Abdurahmonov zavodida 1 rus ustasi va mahalliy aholidan 10 ishchi ishlagan. 1875 yilda Jemchujnikovda 1 rus ustasi, 1 nemis va 10 nafar mahalliy aholi bo‘lgan. 1874 yildagi ma’lumotga ko‘ra, barcha spirt zavodlarida 40 usta va ishchilar ishlagan. Keyinchalik ular miqdori ortgan. 1876 yilda ular soni 64 nafarga yetgan. Toshkent, Samarqand, Xo‘jand spirt zavodlarida xomashyo sifatida uzum, mayiz va bug‘doy unidan foydalanganlar.
Turkiston o‘lkasining iqlimi va u yerda yetishtirilayotgan mevalarning ko‘pligi aroq, vino kabi sanoat korxonalarining paydo bo‘lishida katta rol o‘ynadi. Ayniqsa bu yerdagi uzum va turli mevalarning serhosilligi va arzonligi bu sanoat korxonalarining rivojlanishiga katta imkoniyatlar yaratdi.
O‘lkada dastlab aroq vino zavodlarida tayyorlangan, keyin maxsus zavodlar qurilgan. Ular orasida dastlabkisi Ye.X. Jemchujnikova zavodi bo‘lib, mahsuloti 56 217 rublga yetgan. 1885 yilda 81 ming rubllik mahsulot beruvchi 2 aroq zavodi ishlagan. Eng katta zavod N.I. Ivanovniki bo‘lib, 1899 yilda uning ishlab chiqargan mahsuloti 156 717 rublni tashkil etgan.
Shaharda vino zavodlari ham faoliyat ko‘rsatgan. Tub aholi vino ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmagan. Qo‘qon xonligi davrida vino ishlab chiqarish bilan asosan yaxudiylar shug‘ullanganlar. Ular musulmonlar qonunidan qo‘rqib, bu ishni yashirincha bajarganlar. Vino ishlab chiqarish jarayoni oddiy qo‘lbola usulida bajarilgan. Toshkentning «yangi» shahrida vino zavodlarining paydo bo‘lishi mahalliy vino ishlab chiqarishni to‘xtashiga olib keldi.
1881 yilda dastlabki vino zavodi ishga tushdi. Bu zavodlar asosan bug‘ bilan ishlaydigan jixozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, asosan vino quritilgan mayiz yoki uzumdan tayyorlangan. Vinochilik sohasini rivojlanishida o‘lkaning arzon va turli xildagi uzumlari juda qo‘l kelgan. 1885 yilda 34725 rublga mahsulot chiqaruvchi 3 ta zavod ishlagan.
1886 yilgi Sirdaryo viloyati sharxida: “Toshkent egallab olingandan ko‘p o‘tmay bu yerda mahalliy uzumdan vino yasovchi kichik zavodlar qurildi, ammo vino sifati past edi. 6-7 yil avval mahalliy uzum ekishni yaxshilash uchun pul va mehnat sarf qilgan bir qancha ishbilarmonlar ishning payiga tushishdi, ular qrim, kavkaz va horij navlarini tarqatish niyatida edilar. Ayrim zavodchilar va ularning vinosozlari mehnati va bilimi bilan Toshkent uzumi vinolari Rossiyadan keltiriladigan vinolar bilan bemalol raqobatlashadigan darajaga yetdi” deyilgan edi.
Zavod xo‘jayinlari (I.I. Pervushin, N.I. Ivanov va boshqalar) o‘z shaxsiy uzumzorlariga ega edilar. Umuman vino tayyorlash uchun xomashyo ko‘p edi. Masalan, 1889 yilda Toshkentda va Toshkent uyezdida hammasi bo‘lib 2,5 mln. pud uzum hosili ko‘tarildi. A.N. Mayev guvohlik berishicha, bu yerda vino qilish shunchalik muvaffaqiyat qozondiki, mahalliy vinolar horijning Lafit, Bordo, Sotern kabi vinolarini siqib chiqardi, shuningdek Nijnegorod, Moskva, Kavkaz kabi vino rusumlari ham endi ip esholmay qoldi. Toshkentda hatto amerika “Izabella” uzumi navidan ham vino tayyorlangan. Toshkent vinolari Charos, Qarshi, Sultoni, Buvaki, Siyobchashma, Muskat kabi nomlar bilan atalgan.
Shaharda birinchi pivo zavodi 1870 yilda qurilgan. 1872-1873 yillarda Ye. Mayorov va K.V. Karlevaga qarashli 2 zavod ishga tushgan. Ular mahsuloti hajmi 1874 yilda 7 127 rubl, 1879 yilda – 42 000 rubl bo‘lgan. 1882 yilda 118 ming rubllik mahsulot bergan 4 pivo zavodi bo‘lgan. Usta va ishchilari 54 nafarga yetgan. XIX asr oxirida ular iste’molchilar orasida mashhur bo‘lgan Vena va Bavariya rusumli pivolarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirganlar.
Bunday aroq, vino va pivo zavodlarining ishga tushirilishi sanoat ishbilarmonlariga katta daromad keltirgan bo‘lsa, mahalliy aholi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Ma’danli suv ishlab chiqarish ham korchalonlar e’tiboridan chetda qolmagan. Bunday xildagi birinchi korxona 1877 yilda ochilgan. Ishlab chiqarish hajmi 7 040 rublni tashkil etgan.
1884 yilda O.V. Geykka qarashli boshqa bir korxona qurilgan. 1885 yilga kelib ma’danli suv ishlab chiqarish bo‘yicha 4 korxona bo‘lgan, 10424 rublik mahsulot bergan. 1899 yilda V. Bolotinga qarashli “Nektar” firmasi faoliyat ko‘rsatgan. 1900 yilda u 10 ming rubllik ma’danli suv ishlab chiqargan.
Zavodlar kamquvvat bo‘lib, notekis ishlagan. Korxona mahsulotlari asosan Toshkentda va unga tutash joylarda sotilgan. Ayrim zavodlar aralash mahsulot ishlab chiqargan. Masalan, L.G. Shtalm zavodi 1892 yilda qurilgan bo‘lib, 1900 yilga kelib pivo, vino, kvas, ma’danli suv va meva sharbatlari ishlab chiqarilgan (umumiy summasi 8 300 rubl).
Toshkentni bosib olingandan keyingi dastlabki yillarda yevropa tipidagi suv tegirmoni qurilgan, u bug‘doyni yormaga aylantirgan. 1887 yilda ikki bug‘ tegirmonidagi mahsulot hajmi 20 024 rubl bo‘lib, u yerda 29 ishchi ishlagan.
Shaharning «yangi» qismida birinchi qandolat fabrikasi 1887 yilda ochilgan. U Glinka Yanchevskiyga qarashli bo‘lgan. 1893 yilda uning mahsuloti 10 200 rublga yetgan. 1898 yilda uning 4 ta qandolat fabrikasi ishlab turgan. Konfet tayyorlashga ketadigan un, meva kabi mahsulotlardan tashqari mahsulotlar xomashyo sifatida Riga, Moskva va Varshavadan olib kelingan. Fabrikada karamel, monpasye, marmelad, pryanik, murabbo, qand, quritilgan turshak va boshqa mahsulotlar tayyorlangan.
Keyinchalik T.Z. Genel, D.R. Ustanin, S. Proxovskiy va boshqalarning qandolat korxonalari paydo bo‘ldi. Bu davrda non, kulcha, muz ishlab chiqaradigan korxonalarga ham asos solindi.


Download 161.82 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling