I bob. Zamburug’larning umumiy tavsifi
Ishning maqsad va vazifalari
Download 351.59 Kb.
|
botanika
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kurs ishi mavzusi bo’yicha tadqiqot obyekti va predmeti.
- Ishning xajmi.
Ishning maqsad va vazifalari. Ishning maqsad va vazifalari zamburug’lar dunyosiga mansub bo’lgan zamburug’lar bilan tanishish, ularning ahamiyatini o’rganish, foydali zamburug’lardan amaliyotda foydalanishni keng joriy etish. Zamburug’lar vakillarining hozirgi zamon ta’lim tizimidagi o’rni va ularning foydali jihatlarini aniqlash ishning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Kurs ishi mavzusi bo’yicha tadqiqot obyekti va predmeti. Asosiy tadqiqot obyektlari zamburug’lar dunyosi va ularga mansub bo’lgan vakillari. Zamburug’lar dunyosining umumiy tuzilishi, ko’payishi, foydali va zararli jihatlari hamda o’ziga xos belgilarini o’rganish. Ishning amaliy ahamiyati. Zamburug’larni o’rganishda, avvalo, ularni qanday sharoitda va muhitda o’sishini aniqlash lozimdir. Zamburug’lar dunyosi vakillarining ichki va tashqi tuzilishi hamda ko’payishini o’rganish ko’lami foydali zamburug’larni foydali jihatlarini tushuntirib berishda amaliy ahamiyatga ega hisoblanadi. Ishning xajmi. Kurs ishi 3 bobdan iborat bo’lib, unda zamburug’lardan amaliyotda foydalanish, ularning tarkibi, ko’payishi to’la yoritilib berilgan. Zamburug’larning ahamiyati bayon etib berilgan. Mavzuning o’rganilganlik darajasi. Mikologiya – botanikaning bir bo’limi. Zamburug’larning morfologiyasi, sistematikasi, biologiyasi, fiziologiyasini, biokimyoviy jihatlarini, ekologiyasini, geografiyasini, filogenezini, shuningdek, ularning tabiatda va odam hayotidagi ahamiyatini o’rganadi. Mikologiya fitopatalogiya, tibbiyot, veterinariya va boshqa fanlar bilan bog’liq. Zamburug’lar haqidagi ma’lumotlar qadimdan ma’lum. Masalan, milodiy I asrda qadimgi yunon olimi Pliniy Katta zamburug’larning daraxt poyalari va to’nkalarida rivojlanishini yozib, ularni tasniflashga harakat qilgan. 1578-yil golland botanigi K. Klauzius 221 zamburug’ning rang tasviri berilgan atlas chiqargan. Odatda, mikologiyaning rivojlanishi uch davrga ajratiladi. Birinchi davr XIX asrning o’rtalarigacha davom etgan. Bu davrda har xil zamburug’larni tasvirlash va tasniflashga urinishlar bo’lgan. Ikkinchi davrda (XIX asrning o’rtasidan oxirigacha) zamburug’lar sistematikasiga oid ishlar bilan birga ularning ontogenezi va filogenezi ham o’rganilgan. Bu davrda fransuz olimlari aka-uka L. Tyulan va Sh. Tyulanlar unshudring, zang va qorakuya zamburug’lardagi pleomorfizm hodisasini, ya’ni bir tur zamburug’da turli xilda spora hosil bo’lishini aniqlashdi. Nemis botanigi A. de Bari parazit zamburug’larni eksperimental o’rganish, uning shogirdlari saprofit zamburug’larni ekish metodikasini ishlab chiqdilar. Rossiyada M. S. Voroninning parazit zamburug’lar ustida qilgan ishlari muhim ahamiyat kasb etdi. Uchinchi – yangi davrda zamburug’lar fiziologiyasi va biokimyosi rivojlantiriladi. Nemis olimi G. Klebsning zamburug’lar ontogenezi ustidagi ishlari katta rol o’ynadi. Mikologiyada sitologik usul keng joriy qilindi. Zang zamburug’lar morfologiyasi, sitologiyasi, ularning parazit zamburug’lar bilan o’zaro aloqalari hamda parazit zamburug’lar va ular bilan kasallangan o’simliklar fiziologiyasi chuqur o’rganildi. Zamburug’lar, ayniqsa, aktinomitsetlar rolining oshishi tufayli ko’p mamlakatlarda, shuningdek, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika ilmiy-ishlab chiqarish markazi laboratoriyalarida ularni o’rganish keng yo’lga qo’yildi. zamburugʻlar (fungi yoki mycetes) — eukariot organizmlar dunyosi (bulimi). Tayyor organik moddalar hisobiga yashaydi, yaʼni geterotrof organizm hisoblanadi. Odatda oʻsimliklarda, tuproqda, suvda, hayvonlarda yoki ularning qoldiqlarida hayot kechiradi. Oziqlanish usuliga qarab parazit va saprofitga boʻlinadi. Ularning odamlar va hayvonlar uchun zararli va foydali yuz mingdan ortiq turi uchraydi. Zamburugʻlar haqidagi fan mikologiya deb ataladi. Odamlar qadim zamonlardan boshlab o’simliklarda kasalliklar paydo bo’lishining sabablarini aniqlash, ularni davolash vositalarini topish va kasalliklarning oldini olish uchun harakat qilishgan. Boshoqli ekinlarning qorakuyalari, ekin hosilini pasaytiruvchi poya va barglardagi zang va un-shudring – bu va boshqa kasalliklar dehqonlarni bezovta qilishi turgan gap edi. Bu kasalliklarni nima qo’zg’atadi? Ularning oldini olish mumkinmi? Zamburug’larni muntazam ravishda o’rganish XVII asrda Van Lyovenguk mikroskopni kashf etganidan keyin boshlandi. SHu asr o’rtalarida Robert Guk va Marchello Malpigi birinchi bo’lib atirgulda zang qo’zg’atuvchi zamburug’ning kattalashtirilgan tasvirini ko’rishdi. Ammo ular zamburug’ni mustaqil organizm deb qabul qilmadi, balki o’simlik hayot kechirishida paydo bo’lgan mahsulot, deb o’ylashdi. Zamburug’lar tabiati olimlar uchun noma’lumligicha qolaverdi. Frantsuz botanigi M. Tillet 1775 yilda bug’doyning qorakuya kasalligi urug’larning qorakuya changi bilan zararlanishining natijasi ekanligi, ushbu chang esa “yuqumli zahar”ni bug’doyga yuqtiradigan faol agent ekanligi haqida xabar qildi. Boshqa franzuz botanigi – Benedikt Prevo – 1807 yilda qorakuya rivojlanishining sababi parazit zamburug’ ekanligini tadqiqotlarda isbotladi. U zamburug’ o’simlikka qanday qilib kirishini va to’qimada qanday rivojlanishini tasavvur ham qilmasdan turib, bug’doy urug’ini mis sulfat va mis karbonat bilan dorilash bo’yicha ko’p tadqiqotlar o’tkazdi, urug’ dorilash qorakuyaga qarshi samara berishini aniqladi va aslida bug’doyni qattiq qorakuyadan himoya qilish masalasini hal qildi. Botaniklar uzoq vaqt davomida avstriyalik olim – Frants Ungerning dunyoqarashi, uning «tirik organizmlar o’z-o’zidan paydo bo’lishi» nazariyasi ta’sirida bo’lishdi. F. Ungerning fikriga ko’ra kasallikning sababi o’simlik shiralarining nosog’lom holati bo’lib, zamburug’lar – kasallik natijasidir. O’simlik kasalliklari paydo bo’lishi sabablarini tadqiq qilishda va bunda zamburug’larning rolini kashf etishda muayyan burilish faqat XIX asrda 1830-yillar oxiri - 1840-yillar boshlarida yuz berdi. Olimlarni hujayra tuzilishi va o’simliklarning individual rivojlanishi muammolari tobora o’ziga jalb qila boshladi. YAngi yo’nalish fiziologik botanika nomini oldi. Asta-sekin fiziologik tadqiqotlar mikologiya faniga ham kira boshladi. Bu davrda ikkita yo’nalish – zamburug’lar rivojlanishi tsikllarini o’rganish hamda parazit turlarni va ularning o’simlik kasalliklari paydo bo’lishidagi tutgan o’rnini tadqiq qilish yo’nalishlari – katta ahamiyat kasb etdi. Frantsuz botanigi, Parij fanlar akademiyasining a’zosi, professor Lui Rene Tyulyan qorakuya, zang, un-shudring va boshqa zamburug’larning hayot kechirish tsikllari – rivojlanish tsikllarini tadqiq qildi. U ukasi SHarl Tyulyan bilan birga pleomorfizm hodisasini – ya’ni bitta zamburug’ turi morfologiyasi har xil bo’lgan sporalash shakllarini hosil qila olishini aniqladi. Bu kashfiyotga qadar sporalashning har bir alohida xili zamburug’ning mustaqil turi sifatida qabul qilinar edi. Sporalash xillari morfologiyasi bo’yicha bir-biridan keskin farq qilganida ular har xil turkum, oila va hatto sinflarga mansub, deb hisoblanar edi. Aka-uka Tyulyanlarning asosiy xizmati – ular zamburug’larni tadqiq qilish uchun yangi, maxsus metod – zamburug’larni spora o’sishidan boshlab butun rivojlanish davrini tekshirish usulini qo’llaganligidir. Olimlar boshoqli o’simliklarda un-shudring qo’zg’atuvchi zamburug’ misolida sporalashning har xil turlari orasidagi aloqani kashf etishdi va Oidium turkumiga mansub deb hisoblangan zamburug’lar Erysiphe graminis (hozir Blumeria graminis) turi rivojlanishining bir bosqichi ekanligini ko’rsatib berishdi. Aka-uka Tyulyanlarning zang zamburug’lari bilan o’tkazgan tadqiqotlaridan keyin ularning ikkita mustaqil guruhi – etsiosporalashi (etsiyalari va spermagoniylari) va urediniosporalashi (uredinio- va teliobosqichlari) bo’lgan guruhlar mavjudligi qabul qilindi. Ammo bu ikki katta sporalash guruhlari orasidagi aloqalarni ular aniqlay olmadi. Mikologiya (va fitopatologiya) fan sifatida XIX asrning o’rtalaridan jadal rivojlana boshladi. Buning uchun CHarlz Darvinning (1809-1882) evolyutsion nazariyasi, hujayra nazariyasi hamda mikroskopni takomillashtirish imkon yaratdi. Ayniqsa suyuqlikda mikroorganizmlar o’z-o’zidan paydo bo’lishi haqidagi tushunchaning (F. Unger nazariyasining) noto’g’riligini isbotlagan va kasalliklar paydo bo’lishining parazitar nazariyasiga asos solgan frantsuz olimi Lui Paster (1822-1895), nemis mikrobiologi Robert Kox va nemis mikologi Anton de Barining ishlari o’ta muhimdir. Mikologiya fani va uning asosida fitopatologiya fani ham shakllanishida hal qiluvchi rolni nemis mikologi Genrix Anton de Bari (1831-1888) o’ynagan. Anton de Bari 1853 yilda «Qorakuya zamburug’larini tadqiq qilish» nomli ilmiy ishini chop etdi. Bu ish asosan zamburug’larning sporadan sporagacha bo’lgan rivojlanish tsiklini aniqlashga bag’ishlangan edi. Olim zamburug’larni tadqiq qilishning o’sha davrda ishlatilayotgan morfologik usuliga zid bo’lgan yangi – ontogenetik – metod yaratdi. Ushbu ishida A. de Bari nafaqat o’simliklar parazitlari bo’lgan zamburug’lar haqida qoida ishlab chiqdi, u o’simliklarda uchraydigan qorakuya va boshqa zamburug’larning sporalari o’simlik to’qimalaridan emas, balki mitseliydan hosil bo’lishini tajribalarda isbotladi. Bu kashfiyot o’simlik kasalliklari haqidagi fanda to’ntarilish yasadi. A. de Bari 1861 yilda kartoshka zamburug’i – fitoftora haqidagi ishini chop etdi. 1845 va 1847 yillarda kasallik bilan Buyuk Britaniya, Belgiya, Frantsiya, Germaniyaning g’arbi va Rossiyaning shimoliy-g’arbida barcha kartoshka dalalari zararlandi va bu xalq uchun fojiaga aylandi1 . A. de Barining tadqiqotlari fitoftorozning sababini va kasallik rivojlanishi xususiyatlarini hamda kasallik qo’zg’atuvchi Phytophthora infestans zamburug’ini aniqlashga imkon berdi. Kasallikning infektsion tabiatini aniqlash uchun A. de Bari birinchi bo’lib o’simliklarni sun’iy zararlash metodini qo’lladi. Uning tajribalari zamburug’larning biologiyasini – kasallik qo’zg’atuvchilarini, ularning o’simliklarga kirishi va to’qimalarda tarqalishi xususiyatlarini, o’sishi va ko’payishini o’rganishga imkon berdi. Agar oldin zang zamburug’lari sporalarini o’stirish bo’yicha tajribalar o’tkazgan L. R. Tyulyan ular mitseliy iplarini (gifalarini) hosil qilishini ko’rsatib bergan bo’lsa, A. de Bari, zamburug’ sporalarini tirik xo’jayin o’simlikda o’stirib, mitseliy to’qimalarga kirishini, keyin unda konidiofora va konidiyalar paydo bo’lishini ko’rsatib berdi. A. de Bari, birlamchi infektsiya manbai bo’lgan sporadan xo’jayin o’simlikda spora hosil bo’lgunigacha davrni o’z ichiga olgan zamburug’ning individual rivojlanish jarayonini o’rganishda birinchi bo’lib ontogenetik metodni qo’lladi. Ustitsa yoki epidermis orqali zamburug’ sog’lom barg ichiga kirishini ko’rsatib, A. de Bari birinchi bo’lib zamburug’ o’simlik uchun infektsion (yuqumli) ekanligini, ya’ni uning parazit ekanligini aniqladi. Mikologiya va fitopatologiya rivojlanishida A. de Bari zang zamburug’lar biologiyasini tadqiq qilish bo’yicha o’tkazgan tajribalari ham muhim rol o’ynadi. YAna o’simliklarni sun’iy zararlash metodini qo’llab, olim Tyulyanning zang zamburug’lari ikki guruhga bo’linishi haqidagi nazariyasi noto’g’ri ekanligini, haqiqatda esa etsio-, uredinio- va teliosporalash bosqichlari ayni bir tur zamburug’ga mansubligini isbotladi. A. de Bari o’simlik dunyosida har xil xo’jayinlilik hodisasi mavjudligini, bug’doyda poya zangi kasalligini qo’zg’atuvchi zamburug’ning ayrim rivojlanish bosqichlari boshoqli o’simliklarda, boshqalari esa zirkda o’tishini isbotladi Anton de Bari ishlab chiqqan eksperimental metod o’simliklarda kasallik qo’zg’atuvchi zamburug’larni tadqiq qilishda keng qo’llanila boshlandi. SHu vaqtdan e’tiboran mikologiya fan sifatida rivojlanishida yangi davr boshlandi, A. de Bari esa, haqli ravishda, mikologiya va fitopatologiya fanlarining «otasi» deb hisoblanadi. Zamburug’lar yashash tarzini ifodalash uchun olim parazit zamburug’lar va saprofit (hozir – saprotrof) zamburug’lar terminlarini kiritdi. U o’simlik kasalliklari rivojlanishida parazitizmning rolini aniqladi. A. de Barining zamburug’lar parazitizmi haqidagi nazariyasi kelajakda fitopatologiya rivojlanishining asosi bo’lib xizmat qildi. Anton de Barining shogirdi, rus olimi akademik Mixail Stepanovich Voronin (1838-1903) Rossiyada mikologiya va fitopatologiya fanlarining asoschisi deb hisoblanadi. U karam kilasi kasalligining infektsion tabiatini isbotladi, qo’zg’atuvchisini (Plasmodiophora brassicae) va uning rivojlanish tsiklini aniqladi; zamburug’ boshqa butguldoshlarga mansub ekinlarni zararlay olishini ko’rsatib berdi. M. S. Voronin kungaboqarning zang kasalligini va uning qo’zg’atuvchisi (Puccinia helianthi) ning rivojlanish tsiklini tadqiq qildi. U olgan ma’lumotlar mikologiya va fitopatologiya orasidagi aloqani tasdiqladi: kasallik qo’zg’atuvchisi haqidagi ma’lumotlar patologik jarayonni o’rganish paytida to’ldirildi va ular asosida himoya choralari ishlab chiqildi. M. S. Voronin tomonidan ekzobazidioz kasalliklari kashf etilishi fitopatologiyada katta hodisa bo’ldi. Brusnikada vaqti-vaqti bilan uchraydigan anomaliya – barglari xunuk shakl olishi, tusi o’zgarishi, bu belgilar kamroq poyada, undan ham kam – gullarda uchrashi – bilan qiziqib qolgan olim uning qo’zg’atuvchisini aniqladi va bu bilan u yangi – Exobasidium vaccini turini kashf etdi. U zamburug’ parazitizmini tajribada isbotladi va tabiatda boshqa o’simliklarda ham ushbu turkumga mansub turlar parazitlik qilishini taxmin qildi. Haqiqatan, kasallik qo’zg’atuvchisi brusnikada aniqlangandan so’ng, M. S. Voronin asoslagan Exobasidium turkumiga mansub boshqa turlar topilgani haqida xabarlar paydo bo’la boshladi. Ularni mikolog va fitopatologlar yevropa, Osiyo, Avstraliya va Amerikada, har xil o’simliklarda aniqlashdi. SHunday qilib fanda yangi oila va hatto Bazidiomitsetlar tarkibida yangi – Ekzobazidiomitsetlar tartibi yaratilishi uchun tipik tur va turkum asoslandi. Rus olimi kashfiyotining amaliy ahamiyati choy butasining ekzobazidiozi – bu ekinning Hindiston va boshqa mamlakatlardagi eng xavfli kasalligining qo’zg’atuvchisi misolida yaqqol namoyon bo’ldi. Kasallikning sababini uzoq vaqt davomida aniqlasha olmaganlar. Faqat 1895 yilda ingliz mikologi va fitopatologi Djordj Massi pufakli kuyish nomi bilan ma’lum bo’lgan choy butasi ekzobazidiozining qo’zg’atuvchisini aniqladi. Brusnika va choy butasi ekzobazidiozlari qo’zg’atuvchilarining rivojlanishi va parazitik ixtisoslashuvining umumiy qonuniyatlarini o’rganish choy ekinzorlarining ushbu xavfli kasalligidan himoya choralarini topishga imkon berdi. A. de Bari va shogirdlarining tadqiqotlari mikologiya va fitopatologiya fanlarining ilmiy asoslarini yaratdi. O’simlik kasalliklari qo’zg’atuvchilari sifatida olimlarning diqqat markazini zamburug’lar egalladi. O’simliklarda fitopatogen zamburug’lar qo’zg’atgan boshqa kasalliklar (kartoshkaning fitoftoroz, tokning soxta un-shudring, karamning kila, g’alla ekinlarining qorakuya, zang, un-shudring kasalliklari va b.) haqida ma’lumotlar tez to’plana boshladi. Ayni mana shu kasalliklar qo’zg’atuvchilarini tadqiq qilish zamburug’lar patogenligi haqidagi tasavvurni mustahkamladi. Rossiya mikologiyasi va fitopatologiyasi rivojiga botanik, Rossiya FA, keyin SSSR FA ning muxbir a’zosi Artur Arturovich YAchevskiy (1863-1932) ham katta hissa qo’shdi. U 1901 yilda Peterburgda Rossiyada birinchi mikologik va fitopatologik stantsiya, 1907 yilda esa «Mikologiya va fitopatologiya byurosi» ni tashkil qildi, bu Byuro keyinchalik Umumrossiya o’simliklarni himoya qilish ilmiytadqiqot instituti – VNIIZR ning mikologiya va fitopatologiya bo’limiga aylantirildi. Bu bo’lim mamlakatda faoliyat ko’rsatayotgan mikolog va fitopatologlar uchun ilmiy markaz vazifasini bajardi. 1915 yildan boshlab A. A. YAchevskiy mamlakatda tarqalgan o’simlik kasalliklari haqida ma’lumotlarni to’plab, ularni «Mikologiya va fitopatologiya bo’yicha materiallar» nomli ilmiy ishlar to’plamida chop eta boshladi. U butun dunyoda ma’lum bo’lgan 500 dan ko’proq ilmiy ishlarni, jumladan «Rossiyada g’alla ekinlarining zang kasalliklari», «Fitopatologiya (o’simliklar kasalliklari)», ikki tomli «Zamburug’lar aniqlagichi», «Mikologiya asoslari» va boshqalarni chop etdi. Bu ilmiy ishlar Rossiya mikologiyasi va fitopatologiyasida katta rol o’ynadi. Olim atrofida qobiliyatli fitopatolog va mikologlar to’plandi. Ular orasida A. A. YAchevskiyning shogirdi va ishlarining davomchisi Nikolay Aleksandrovich Naumov (1888-1959) ham bor edi. N. A. Naumov juda ko’p muammolar, jumladan fitopatologiyaning nazariy aspektlari – zamburug’lar parazitizmining kelib chiqishi, o’simlik kasalliklari tarqalishining qonuniyatlari bo’yicha ishlagan; muayyan kasalliklarni va fungitsidlarning ta’sir mexanizmlarini tadqiq qilgan; zamburug’larning 25 ta turkumga mansub bo’lgan 200 tadan ko’proq yangi turlarining tashxislarini tuzgan. Ilmiy-tadqiqot bilan birga N. A. Naumov mikolog va fitopatolog mutaxassislarni tayyorlashga ko’p diqqat qilgan. A. A. YAchevskiyning yana bir shogirdi va ishlarining davomchisi Apolinariy Semyonovich Bondartsev (1877-1969) – yetakchi rus fitopatologlari va mikologlaridan biri, ko’p o’simlik kasalliklarini va zamburug’larning yangi turlarini kashf etgan olim, «Madaniy o’simliklarning zamburug’ kasalliklari va ular bilan kurash», «SSSR va Kavkazning yevropa qismida uchraydigan bo’qoq zamburug’lari», «Uy zamburug’larini aniqlash uchun qo’llanma» va boshqa kitoblarning muallifidir. A. A. YAchevskiy 1920 yilda Petrograd o’rmon instituti (hozir SanktPeterburg agrar universiteti) da o’rmon fitopatologiyasi kafedrasini tashkil etdi. Keyinchalik bunday kafedra, kabinet va fitopatologiya bo’limlari boshqa oliy o’quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil qilindi. O’rmonlarni yalpi kuzatuv va ularning kasalliklarini tadqiq qilish bo’yicha faoliyat o’tkazila boshlandi. Mikologiya va o’rmon fitopatologiyasi rivojlanishida Stepan Ivanovich Vaninning (1890-1951) roli katta va u rus o’rmon fitopatologiyasining asoschisi hisoblanadi. Uning ilmiy qiziqishlari doirasiga turli daraxtlar kasalliklari, fitopatologik tadqiqotlar metodikalari, o’rmon o’simliklari urug’larining kasalliklari, “uy zamburug’lari” ning morfologiyasi va biologiyasi, fitontsidlar va antibiotiklarning zamburug’lar rivojlanishiga ta’siri va boshqalar kirgan. Hammasi bo’lib S. I. Vanin 140 dan ko’p ilmiy ish, jumladan Rossiyada birinchi “O’rmon fitopatologiyasi o’quv kursi” qo’llanmasini chop etgan. XX asrning 20-nchi yillarida fitopatologiyada ekologik yo’nalish hukmronlik qildi. Ilmiy izlanishlarda kasallik qo’zg’atuvchisi bilan o’simlik orasidagi umumiy qonuniyatlarni aniqlashga ko’proq ahamiyat berildi. Ayniqsa murakkab rivojlanish tsikli va har xil xo’jayinlilik xususiyati bo’lgan zang zamburug’larining ekologiyasiga ko’p ishlar bag’ishlandi. Zang zamburug’lar ekologiyasi bo’yicha klassik tadqiqotlarni professor Valdemar Genrixovich Transhel (1868-1942) o’tkazgan. Ularning natijalari 1939 yilda chop etilgan «SSSR ning zang zamburug’lari obzori» nomli asosiy asarida umumlashtirilgan. V. G. Transhel zang zamburug’lari xo’jayin o’simliklarni almashtirishini oldindan aytib berishga yordam beruvchi metod ishlab chiqdi. Uning har xil xo’jayinli zang zamburug’lari etsial bosqichining xo’jayin o’simliklari bilan o’tkazgan tajribalari Transhel qonunini ishlab chiqishga asos bo’ldi. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida mikologiya va fitopatologiya fanlari rivojlanishi yo’nalishlarining biri kasallik qo’zg’atuvchilarining tabaqalanishi bilan bog’liq edi. SHved olimi Y. Erikson va professor A. A. YAchevskiy 1894 yilda, mustaqil (bir-birining tajribalaridan bexabar) holda, poya zang zamburug’ining (Puccinia graminis) har xil boshoqli ekin turlarini (bug’doy, arpa va b.) zararlay olishi bilan farqlanadigan fiziologik formalarini aniqlashdi. Amerikalik olim E. Stekmen 1917 yilda fiziologik formalar yanada maydaroq shakllarga – madaniy ekinlarning har xil navlarini zararlashi bo’yicha farqlanuvchi fiziologik irqlarga bo’linishini aniqladi. Keyinchalik fiziologik tabaqalanish ko’p fitopatogen zamburug’lar, bakteriyalar va gulli parazit o’simliklarda topildi. Kartoshka, suli va arpa kasalliklari bo’yicha Moskva qishloq xo’jalik instituti (hozir Rossiya davlat agrar universiteti – K. A. Timiryazev nomli Moskva qishloq xo’jalik akademiyasi) professori Semyon Ivanovich Rostovtsev (1861-1916) to’la, chuqur tadqiqotlar o’tkazdi. U Rossiyada birinchi bo’lib qishloq xo’jalik muassasida fitopatologiya kursini o’qiy boshladi va fitopatologiya bo’yicha «O’simliklar patologiyasi» nomli darslik qo’llanma chop etdi. O’zbekistonda mikologiya, fitopatologiya va o’simliklarni kasalliklardan himoya qilish sohalarida mutaxassislarni tayyorlash 1920 yilda O’rta Osiyo davlat universitetining qishloq xo’jalik fakultetida boshlangan va 1941 yilda Toshkent qishloq xo’jalik institutida O’simliklarni himoya qilish fakultetida davom ettirilgan. Hozir bu sohada ilmiy-tadqiqot ishlari O’zR O’simliklarni himoya qilish ilmiytekshirish instituti (ITI), G’o’za selektsiyasi va urug’chiligi ITI, O’simlik va hayvonot dunyolari genofondi IICHM ning mikologiya laboratoriyasi, G’allachilik ITI, O’zR FA ning O’simliklar genetikasi va eksperimental biologiyasi instituti, Sabzavot-poliz va kartoshkachilik ITI, Mevachilik va uzumchilik ITI, O’zbekiston milliy universitetining Mikrobiologiya va biotexnologiya kafedrasi hamda Toshkent davlat agrar universitetining O’simliklar himoyasi va karantini kafedrasida olib borilmoqda. O’zbekistonda g’o’za, g’alla, sabzavot, poliz, kartoshka ekinlari, mevali bog’lar va tokzorlarda uchraydigan xavfli zamburug’ kasalliklarini aniqlash, ularni qo’zg’atuvchi organizmlarning biologiyasini, ekinlarda rivojlanish tsikllari, infektsiya manbaalari, mavsumdan mavsumga o’tish yo’llarini tadqiq qilish va ularga qarshi samarali kurash choralarini ishlab chiqish juda muhim vazifalar hisoblanadi. O’zbekistonda mikologiya va chegaradosh fanlar shakllanishi va rivojlanishiga ko’p olimlar o’zlarining muayyan hissalarini qo’shishgan. G’o’zani zararli oganizmlardan himoya qilish har doim olimlarimiz oldida turgan ustivor muammolar qatoriga kirib, uning O’zbekistonda uchraydigan kasalliklari va ularni qo’zg’atuvchi organizmlarning belgilari, infektsiya manbaalari va ularga qarshi kurash choralari haqidagi ma’lumotlar birinchi bo’lib 1953 yilda P.N. Golovin («Bolezni xlopchatnika»), keyin 1976 yilda M.A. Karimov («Bolezni xlopchatnika»), so’ngra esa 1980 yilda N.S. Mirpo’latova, M.R. YUnusov va U.U. Rasulev tomonidan («Spravochnik po xlopkovodstvu») chop etilgan kitoblarda umumlashtirilgan. G’o’zaning eng xavfli kasalliklaridan vertitsillyoz va fuzarioz so’lishni qo’zg’atuvchi zamburug’larning sistematikasi, biologiyasi, ekologiyasi, fiziologik ixtisoslashuvini tadqiq qilishga va ularga qarshi samarali agrotexnik, kimyoviy va biologik kurash choralarini ishlab chiqishga o’z hissalarini qo’shgan olimlardan A.I. Solovyova (1940, 1959), S.K. Nigmanova (1965, 1971), K. Karaev (1967), V.F. Idessis (1968), M.X. Kamilova (1971), S.S. Ramazanova (1975), N.S. Mirpo’latova, M.R. YUnusov (1980), A. Hakimov (1983), G.G. Matveyev (1984), X.R. Saparov (1984), J.S. Safiyazov (1991) va boshqalarni ko’rsatish lozim. U.U. Rasulev (1971, 1980) g’o’zaning ildiz chirish, gommoz, alternarioz (qo’zg’atuvchilari Alternaria macrospora, A. alternata), ko’sak va tola kasalliklarini, A. Mursi (1965), A.D. Djamalov (1971, 1978), X. Igamberdiyev (1971) va M.YU. Stepanov (1972) alternariozlarini, A.P. Xitrova (1949, 1953), X. Igamberdiyev, K. Karaev (1965), S. Sadullaeva (1965), P. Ortiqboyev (1971), V.A. Tagirova (1981), L.R. Muxamedov (1981, 1982), X.M. Karimov (1974, 1980) va b. ildiz chirishlarini tadqiq qilishgan hamda ularga qarshi asosiy kurash choratadbirlarini ishlab chiqishgan. G’o’zaning barcha asosiy kasalliklari va ularning qo’zg’atuvchilari haqida to’la va batafsil ma’lumotlar B.A. Hasanov va hammualliflar (2002) chop etgan kitobda bayon etilgan. Lalmi yerlarda o’stiriladigan bug’doy va arpaning zamburug’ kasalliklarini T.I. Kravtsova (1966, 1970, 1971), U.U. Rasulev (1970, 1971), YU.A. Aripov (1972), G.K. Baygulova (1972, 1976, 1979), L.E. Goldshteyn (1972, 1975) va b. tadqiq qilishgan. Bug’doyning poya (V.A. Mostovoy, 1975), sariq (Z.A. SHavarina, 1979) va qo’ng’ir (L.N. Guz, 1988) zang kasalliklari, ularni qo’zg’atuvchi zamburug’lar hamda ushbu kasalliklarga qarshi kurash choralari O’rta Osiyo fitopatologiya institutida o’rganilgan va B.A. Hasanov (2007) hamda X.S. To’raqulov va boshqalarning (2015) monografiyalarida umumlashtirilgan. O’zbekiston, Qozog’iston va Tojikistonda g’alla ekinlarida va boshoqli o’tlarda anamorf zamburug’lar qo’zg’atadigan kasalliklarni, ularni aniqlash usullari, qo’zg’atuvchi zamburug’larning biologiyasi, sistematikasi, ekologiyasini B.A. Hasanov tadqiq qilib, bu sohada ko’p ilmiy ishlar chop etgan va ushbu mamlakatlarda birinchi bo’lib bug’doyning sariq dog’lanish kasalligi mavjudligini (qo’zg’atuvchi Pyrenophora tritici-repentis, anamorfasi Drechslera tritici-repentis) va uning tarqalishini aniqlagan. Download 351.59 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling