I bob. Zamburug’larning umumiy tavsifi


Zamburug’larning tuzilishi


Download 351.59 Kb.
bet4/10
Sana09.02.2023
Hajmi351.59 Kb.
#1181650
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
botanika

Zamburug’larning tuzilishi. Zamburug’lar hujayralari qobig’ida hayvonot dunyosiga xos bo’lgan xitin, modda almashinuvi mahsulotlarida mochevina mavjudligi, zahira modda sifatida glikogen hosil bo’lishi va ba’zi boshqa xususiyatlar zamburug’larni hayvonot dunyosiga yaqinlashtiradi. Ammo zamburug’lar o’simliklar ham, hayvonlar ham emas. Zamburug’larning rivojlanishi o’simliklar hamda hayvonlar bilan bog’liq bo’lmagan holda kechgan. Bu nuqtai nazarning to’g’riligi haqida paleontologik va biokimyoviy bavosita dalillar mavjud: bu o’simliklar bilan zamburug’lar o’z evolyutsion yo’nalishlariga ajralmasdan ilgari ham zamburug’lar mavjud bo’lganligidir.
Zamburug’larning vegetativ tanasi, mitseliy deb ataluvchi juda tor, shoxlangan gifalar sistemasidan tashkil topgan. Mitseliyning asosiy elementi – gifa – uzun ip bo’lib, u uchki qismi bilan chegaralanmagan miqdorda o’sish qobiliyatiga ega. Gifalarda ko’ndalang joylashgan to’siqlar (septalar) mavjud bo’lmasligi mumkin, bunday holda mitseliy ko’p shoxlangan bitta hujayradan iborat bo’ladi. Bunday mitseliy septalanmagan yoki hujayralanmagan (ya’ni, hujayralarga bo’linmagan) mitseliy, deb ataladi. Septalari mavjud bo’lgan gifalar ko’p hujayrali (septalangan) mitseliy hosil qiladi.
Septalangan mitseliy septalar vositasida bir, ikki va ko’p yadroli hujayralarga bo’lingan. Bunday mitseliy yuksak (askomitset, bazidiomitset va anamorf) zamburug’larga xos. Septalar hujayralanmagan mitseliyda ham – reproduktiv organlar rivojlanganida yoki gifalar shikastlanganida – hosil bo’lishi mumkin. Hujayra bo’linganida septa ikki tomondan markaziga qarab o’sadi. Odatda septaning markazida «pòra» deb ataluvchi teshikcha qoladi; bu teshikcha orqali ozuqa moddalari va ba’zi hujayra organellalari bir hujayradan ikkinchisiga harakatlanadi. Ba’zi zamburug’larda, misol uchun, xitridiylarda (Chytridiomycota), septalar ko’p sonli mikroteshiklar bilan perforatsiya qilingan. Bunday septa mikroteshikli septa, deb ataladi. Zamburug’larning aksariyatida septada markaziy teshik mavjud va septaning qalinligi chetlaridan teshikka qarab kamayib boradi. Bu – askomitsetlarda uchraydigan oddiy septa.
Bazidial zamburug’larda va zigomitsetlarda septaning qalinligi chetlaridan teshikka qarab ortib boradi, bu septa dolipor septa, deb ataladi. Ba’zi bazidiomitsetlar septasida teshikchaning qalpoqchasi – parentosomasi – mavjud. Septa tuzilishining tafsilotlarini faqat elektron mikroskopda aniqlash mumkin. Ba’zi tuzilishi oddiy bo’lgan soxta va tuban haqiqiy zamburug’larning vegetativ tanasi tsitoplazmaning yalang’och (qobiqsiz) bo’lakchasidan iborat bo’lib, u plazmodiy, deb ataladi.
An’anaga ko’ra, vegetativ tanasi plazmodiy yoki septalanmagan mitseliy bo’lgan zamburug’larni tuban zamburug’lar, mitseliysi septalangan va ko’p hujayrali bo’lganlarini esa yuksak zamburug’lar guruhlariga bo’lishadi.

Download 351.59 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling