239-modda. Kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni ko‘rish tartibi
Kassatsiya instansiyasi sudi ishni sud majlisida ushbu bobda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, birinchi instansiya sudida ko‘rish qoidalari bo‘yicha ko‘radi.
Kassatsiya instansiyasi sudida: ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish to‘g‘risidagi; talabning predmetini yoki asosini o‘zgartirish haqidagi; ishda ishtirok etishga uchinchi shaxslarni jalb qilish haqidagi qoidalar, shuningdek ushbu Kodeksda faqat birinchi instansiya sudida ishni ko‘rish uchun belgilangan boshqa qoidalar qo‘llanilmaydi.
Kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini o‘tkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz ko‘rishga to‘sqinlik qilmaydi, bundan jamiyat yoki davlat manfaatlarini ko‘zlab qo‘zg‘atilgan ishlar bo‘yicha prokurorning kelmaganligi mustasno.
240-modda. Kassatsiya shikoyatidan voz kechish. Kassatsiya protestini chaqirib olish
Kassatsiya shikoyati bergan shaxs ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha sud hujjati chiqarilguniga qadar undan voz kechishga haqli.
Sud shikoyatdan voz kechishni ushbu Kodeks 136-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha rad etishga va ishni kassatsiya tartibida ko‘rishga haqli.
Kassatsiya protesti keltirgan prokuror yoki yuqori turuvchi prokuror ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha sud hujjati chiqarilguniga qadar protestni chaqirib olishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |