211-modda. Apellatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikr
Ishda ishtirok etuvchi shaxs apellatsiya shikoyatining (protestining) ko‘chirma nusxasini olganidan keyin uning yuzasidan yozma fikrini hamda ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga yozma fikrning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillarni apellatsiya shikoyati (protesti) ko‘rib chiqiladigan kungacha yetib borishini ta’minlaydigan muddatda sudga yuborishga haqli.
Apellatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikr ishda ishtirok etuvchi shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga uning ishni yuritishga bo‘lgan vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.
Apellatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikrga ilgari taqdim etilmagan hujjatlar ilova qilinishi mumkin. Bu holda yozma fikrga ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga ularda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinadi.
212-modda. Apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan hal qiluv qarorining ijrosini to‘xtatib turish
Apellatsiya shikoyati (protesti) uni berish muddati o‘tkazib yuborilgan holda berilgan va ushbu muddatni tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma qanoatlantirilgan taqdirda, apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorining ijrosini ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga ko‘ra to‘xtatib turishga haqli.
Hal qiluv qarorining ijrosini to‘xtatib turish yoki uning ijrosini to‘xtatib turishni rad etish haqida apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi.
Hal qiluv qarorining ijrosi apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar bo‘lgan muddatga to‘xtatib turiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |