Islom ensiklopediyasi
Download 5.13 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- ALAVIYLAR
AJR (arab. - to‘lanadigan haq, mukofot) - islomdagi tushuncha. Qur’onga ko‘ra, odamlar bu dunyodaga yaxshi ishlari uchun oxiratda A.ini topadi, ya’ni nasib etgan mo‘min- musulmonlarga savobli ishlari evaziga turli maqom va martabalar, nozu ne’matlar beriladi. AZAYIMXONLIK, duoxonlik - duo o‘qish, dam solish yo‘li bilan tabiblik qilish. A. bilan shug‘ullangan shaxslar azayimxon, duoxon, baxshi va h.k. deb ataladi. Nomi chiqqan, tajribali, martabali duoxon azayimxon deb atalgan. Azayimxon issiq-sovuq qilish, jodugarlik bilan ham shug‘ullangan. Ibtidoiy jamiyatning urug‘chilik bosqichida ayrim kishilar odamlarni oddiy usul (dorivor giyoh, qon olish va b.) bilan davolashgan. Lekin ularning ba’zilari bemorni davolash jarayonida, go‘yo kasal "sababchisi" bo‘lgan "yomon ruhlar"ni har xil xatti-harakatlar (avrash, duo o‘qish, sehrlash, afsungarlik) bilan "haydab chiqara olishlariga" odamlarni ishontirishgan. Jahonning ko‘pgina xalqlarida keng tarqalgan. Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 21 AZOB (arab. - qiynoq) - shariatda gunoh uchun belgilangan jazo. Gunoh uchun qozi tomonidan belgalanadigan jazo ham, narigi dunyoda beriladigan jazo ham A. deb atalgan (yana q. Azob al-qabr). AZOB al-QABR (sinonimi azob al-barzox; "qabr jazosi") - sinov, qabrdagi jazo, inson o‘lgan zahoti bo‘ladigan kichik sud. Shunga ko‘ra, qabr jannat yoki do‘zaxga kirishdan oldingi o‘tloq (yaylov)dir va unda dastlabki sud sodir etilib, bandaning qilgan amallariga yarasha dastlabki hukm belgilanadi. Ikki farishta - Munkar va Nakir bandaning islomga bo‘lgan munosabati haqida savol-javob qiladilar. Mo‘minlarni to qiyomat kuniga qadar qabrda tinch-osoyishta, orom olib yotishi uchun qoldiradilar. Gunohkorlarni og‘ir yuk (bosim) bilan qiynaydilar, dinsizlarni farishtalar bundan tashqari yana Alloh taoloning xohishiga qarab, ba’zan qiyomatgacha betinim suratda uradilar. AZON (arab. azana - bildirish, e’lon qilish; sinonimi nido chiqarish) - namozga chaqirish. A. namoz uchun buyurilgan sunnat hisoblanadi. Odatda har bir masjidda muazzin bo‘ladi. Uning aytgan A.i namoz vaqti kirganini bildiradi. A. baland ovoz bilan o‘ziga xos ohang ila aytiladi. A. 622-623 y.larda Muhammad (sav) tomonidan belgilangan. Birinchi muazzin Bilol bo‘lgan. Sunniylikda A. aytish qoidasi: ikki qo‘lning bosh barmoqlarini quloqning yumshoq joyiga tekkizib, ko‘rsatkich barmoqlarni quloq ichiga tiqib, shunday deyiladi: "Allohu akbar" ("Alloh -eng ulug‘dir") - 4 marta; "Ashhadu al-la iloha illalloh ("Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q") - 2 marta; "Ashhadu anna Muhammadur-rasululloh" ("Guvohlik beramanki, Muhammad Allohning payg‘ambaridir") - 2 marta; "Hayya alas-solah" ("Namozga kelinglar") - 2 marta; "Hayya alal falah" ("Najotga kelinglar") - 2 marta; "Allohu akbar - Allohu akbar, La ilaha illalloh". A. hamma namoz uchun bir xilda aytiladi, lekin faqat bomdod namozi A.ida "Hayya ala falah" degandan so‘ng "As-salotu xoyrum min-an-navm" ("Namoz uyqudan afzaldir") deb 2 marta qo‘shib aytiladi. Islomda yangi tug‘ilgan chaqaloqning o‘ng qulog‘iga A. aytish odati ham bor. Bunda avval o‘ng qulog‘iga A., chap qulogaga takbir aytiladi. Bu odat go‘dakning bokira shuuriga Alloh taolo nomini muhrlash mazmunida talqin etilgan. Takbirda A. lafzlariga "hayya alal falah"dan so‘ng ikki marta "qad qomati saloh" (namoz o‘qishga tayyor) lafzini ziyoda qilinadi. AZRAQIYLAR - xorijiylardan ajralib chiqqan o‘ta murosasiz firqa tarafdorlari. Asoschisi - Nafi ibn al-Azraq (685 y. v.e.). 7-a. ning 2-yarmida arab xalifaligining sharqiy hududida xorijiylar harakati kuchayadi. A.ning umaviylar xalifaligiga hamda shialarga qarshi qaratilgan eng yirik isyoni Iroq va Eronda boshlandi va 15 y. davom etdi (684-699). Qullarni ozod etgani, ezilganlarni himoya qilgani uchun qishloq aholisi, ayniqsa forslar A.ni qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan birga A.ning islomdagi boshqa oqimlarga nisbatan mutaassiblarcha murosasiz va qattiqqo‘lligi, o‘z qarashlariga qo‘shilmagan barcha kishilar, shu jumladan ayol va bolalarni ham o‘ldirishni talab qilishi, zinoga belgilangan jazoni bekor etishi A. harakatining ijtimoiy negizini susaytirdi. A. tarafdorlari 8-a.dayoq butunlay yo‘qolib ketgan. AZROIL - islom dinida to‘rt bosh farishtadan biri (Jabroil, Mikoil va Isrofil bilan birga), jon oluvchi farishta. Rivoyatlarga ko‘ra, A. dastlab oddiy farishta bo‘lgan, Alloh Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 22 Odamatoni yaratish uchun farishtalarni yerdan tuproq olib kelishga yuboradi. Yer qarshilik ko‘rsatadi va farishtalar undan bir siqim ham yulib ololmaydilar. Bu ishni faqat A. bajarganligi sababli u o‘limdan ustun turuvchi farishta deb hisoblangan. A. taqvodorlarning jonini oson, gunohkorlarning jonini esa qiynab oladi degan fikrlar mavjud. AYNULQUZZOT, asl ismi Abdulla ibn Muhammad ibn Ali Miyonjiy Hamadoniy (1099- 1132) - shayx, mutasavvif. Hamadon sh.da tug‘ilgan. Uning ilohiy hikmat va tabiatshunoslik ilmlariga oid "Yazdon shenoht" ("Xudoni tanish"), tasavvufning o‘n asosini talqin qiluvchi "Tamhidot" ("Tekislash"), xudoning sifatlari va zotiga bag‘ishlangan "Zubdat-ul-haqoyiq" ("Haqiqatlar qaymog‘i") kitoblari bor. U aqlni bilim hosil qilishning muhim vositasi deb bildi. Mutafakkir fikricha, aql faqat moddiy dunyodagi voqealarnigina tushunib yetishi mumkin, Haqning mohiyatini anglashda esa, ojizdir. A. insonning mohiyatini ishq tashkil etadi, ishq vositasidagina inson kamolotga erishadi, ishq dunyoni harakatlantirib turadi, deb hisoblaydi. Uning fikricha, oliy darajadagi ilohiy ishq quyi darajadagi insonning dunyoviy ne’matlarga bo‘lgan rag‘batini inkor etmaydi, balki uni to‘ldiradi. "Kimki xudoni sevsa, uning rasuli, o‘zining piru murshidi va o‘z hayotini ham sevishi lozim", - deb yozadi. A. bir necha yil qozi ul quzzot - bosh qozi bo‘lib ishlagan va adolat yo‘lini tutgan, diniy ixtiloflarga qarshi turgan. Uning ijtimoiy- axloqiy fikrlari O’rta Osiyo, Ozarbayjon, Eron mutafakkirlariga ta’sir o‘tkazgan. AYYUB (as) - Qur’onda nomi zikr qilingan payg‘ambarlardan biri. A. ismi Qur’onda to‘rt o‘rinda zikr etilgan: Niso surasi 163-oyat, An’om surasi 84-oyat, Anbiyo surasi 83-oyat. Sod surasi 41-oyat. A. Muso (as)dan ilgari yashab o‘tganligi rivoyat qilingan, ba’zi rivoyatlarda esa, Ibrohim payg‘ambardan yuz yil ilgari yashagan deyiladi. A. o‘ta taqvodor, kambag‘allarga mehribon, yetim va bevalarga saxovatli, mehmondo‘st inson hamda o‘zi nihoyatda badavlat va serfarzand bo‘lgani rivoyat qilingan. Shunday imkoniyatlar sohibi bo‘lgan A. biron marta ham Allohga osiy bo‘ladigan ish sodir etmay, ibodatni tark qilmagan, har doim shukrona aytib yurgan. A. katta boylik egasi bo‘la turib, Allohga biron bir gunoh ish qilmaganidan shaytoni lain iztirobda edi. Chunki boshqa boylar har qadamda Allohga osiylik qilishardi. Va shaytoni lain hasad qilib Allohga xitob qiladi va: "Bu A. sening bergan molu davlating, farzandlaring va salomat qilib qo‘yganing uchungina senga ibodat qilib yuribdi. Men kafillik berurmanki, agarda sen uning molu dunyosini va sog‘ligini ketkazib, imtihon qilsang, albatta u kufrga ketib, seni unutadi" - deydi. Shu boisdan Alloh A. molu-dunyosini, farzandlarini halokatga uchratib, o‘zini ham og‘ir xastalikka mubtalo qilib sinaydi. Lekin A. boshiga har qancha musibat yetganda ham Allohning zikrini tilidan qo‘ymay, ibodatini aslo tark qilmaydi. A. yetgan og‘ir xastalik oqibatida u joyidan qo‘zg‘ala olmaydigan holga yetganida ham uning vafodor ayoli unga qarab, uni parvarish qilib turadi. Nihoyat shuncha og‘ir sinovlarni boshidan o‘tkazgan A.ga Alloh yana sog‘liq in’om qiladi va unga farzandlaru ko‘pgina molu dunyo ato etadi. Shu o‘rinda ulamolar bir mulohazani qayd etadilar: A.ga yetgan xastalik borasida turli rivoyatlar kelgan, jumladan A.ning tanasini yara bosib, qurtlar yeb, odamlar A.ni dashtga chiqarib yuborgan emish. Tavhid ulamolari qayd etadilarki, payg‘ambarlar bunday jirkanch xastalikka mubtalo qilinmaydilar. Zero, bunday holatga tushishlik payg‘ambarlik maqomiga to‘gri kelmaydi. A. qissasida va uning boshiga tushgan musibatlaru xastalikda hamda A.ning Allohga duo qilishi oqibatida uning shifo topib yana molu dunyo sohibi bo‘lishida mo’minlarga ibrat va Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 23 namuna bor. Zero, payg‘ambarimiz ham: "Sinovning eng qattig‘i payg‘ambarlarga, so‘ngra solihlarga, so‘ngra shularga o‘xshashlarga bo‘lur..." mazmunida hadis aytganlar. Shundan ma’lum bo‘ladiki, bu dunyoda musibat yetish bilan bo‘ladigan sinov badbaxtlik belgasi emas. Zero, bu foniy dunyo qilingan ishga yarasha mukofot olish o‘rni emas, balkim imtihon va oxirat uchun zaxira to‘plash o‘rnidir. AKROMIYLAR - islomdagi diniy-siyosiy guruh (oqim). 1997-1999 y.larda Farg‘ona vodiysida paydo bo‘lgan. Guruh asoschisi -Akrom Yo‘ldoshev (1960 y.da Andijonda tug‘ilgan). Guruh a’zolari, asosan, hunarmandlardan iborat bo‘lgan. Ular rasmiy ishxonalardan bo‘shab, jamoa ma’qullagan mehnat faoliyati bilan shugullanganlar. Ular mavjud tuzumni tan olmaydilar, davlat, qonun, ota-onaga emas, faqat oqim sardorlariga bo‘ysunish lozim deb hisoblaydilar. A.asoschisi vahhobiylik ta’limotiga tayanib, 1992 y.da 12 darsdan iborat "Imonga yo‘l" deb nomlangan dastur ishlab chiqqan. Dasturda oxirgi maqsad - islom davlatini barpo etishdan iborat ekani ta’kidlangan. A. siyosiy hokimiyatga erishishning 5 bosqichini rejalashtirganlar: 1. "Sirli" yoki "maxfiy". 2. Moddiy. 3. Ma’naviy. 4. "Uzviy maydon". 5. "To‘ntarish". Dasturda diniy taassubga moyilligi bor shaxs tanlab olinishi, uning moddiy hayoti yaxshilanishi, ekstremizm, terrorchilik ruhidagi adabiyotlar bilan tanishtirilishi, boshliqning topshiriqlarini so‘zsiz bajarishi va nihoyat mavjud konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib tashlab, o‘z hokimiyatlarini o‘rnatishi bayon etilgan. A. hozirgi kunda musulmonlarga namoz, ro‘za, zakot, haj farz emas, chunki biz kufr davlatida yashamoqdamiz, deb hisoblaydilar. To islom davlati qurilmaguncha, mazkur ibodatlarni bajarish shart emas deb qaraydilar. O’zbekiston musulmonlari bu oqimni islomga yot oqim deb baholadi. Oqim xalqning keskin qarshiligiga uchradi va faoliyati barham topdi. ALAVIYLAR - q. Nusayriylar. AL-AZHAR, Azhar (al-Jome’, al-Azharning qisqa nomi) - Qohiradagi jome masjid, universitet, o‘rta va o‘rta maxsus bilim yurtlarini o‘z ichiga olgan yirik rasmiy diniy muassasa. Masjid Al-Mu’iz al-Fotimiy buyrug‘iga binoan Javhar as-Siqolliy tomonidan 970-972 y.lari Qohira sh. bilan barobar qurilgan. Uning tarkibidaga madrasa (996) 11- a.dan boshlab Qur’on, hadis, fiqh, til hamda balog‘at fanlari o‘qitiladigan universitetga aylantirilgan. 14-15-a.larda unga yana bir necha yangi qurilgan madrasalar qo‘shilgan. 18-a.da A. eng mo’tabar umummusulmon fan va ta’lim maskani sifatida shuhrat qozondi. 1961 y.da "al-Azharni rivojlantirish haqida" qonun qabul qilingach, vazirlik maqomi berilgan. A. diniy muassasasiga rahbar - Shayxul Azharni Misr Prezidenti tayinlaydi. Ushbu qonunga ko‘ra, A. universitetida qator dunyoviy fakultetlar, jumladan, idora ishlari va savdo, politexnika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, pedagogika va xotin-qizlar fakultetlari ochildi. A. huzurida 50 yirik ulamodan tashkil topgan (shulardan 30 nafari misrlik va 20 nafari xorijlik) Islom tadqiqotlari Akademiyasi faoliyat ko‘rsatadi. A. kutubxonasida 20 mingdan ziyod qo‘lyozmalar jamg‘armasi mavjud. "Majallat al-Azhar" jurnalini nashr etadi. Universitet fakultetlariga shu muassasa tarkibiga kiruvchi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus bilim yurtlarini muvaffaqiyatli tugatgan talabalar qabul qilinadi. O’rta ta’lim yurti (maohid i’dodiya)da o‘qish muddati - 3 yil, maxsus ta’lim (maohid sanaviya)da esa - 4 yil. Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 24 ALAYHISSALOM (arab. - unga salom bo‘lsin) - islomda payg‘ambarlar nomi tilga olinganda aytiladigan ibora. Bu ibora barcha payg‘ambarlar, jumladan, Muhammad (sav) nomi tilga olinganda ham aytiladi. Ammo, mazkur iboraning ikkinchi turi -"Sallallohu alayhi vasallam" ("Alloh taolo ul zotga o‘zining salavot va salomini nozil etsin") ham mavjud bo‘lib, u faqat Muhammad (sav) payg‘ambarga nisbatan aytiladi. ALAM (arab. - alomat, belgi, bayroq) - 1) aziz-avliyolar mozorida, qadamjolarida o‘sgan daraxtlarga osiladigan har xil (ko‘pincha oq) lattalar. O’ldirilgan kishilar qabrida tayoqqa osilgan latta ham A. deyiladi. A. joy nomlari tarkibida ko‘p uchraydi (Alamlisoy, Xo‘jaalambardor va b.); 2) Eronda har yili o‘tkaziladigan bayram. Shialar e’tiqodiga ko‘ra, avliyo Imom Rizo besh o‘g‘li bilan haj qilish uchun Makkaga ketayotganda yo‘lda qaroqchilar ularni o‘ldiradi. Har yili xalq shu kunni xotirlash maqsadida A. - rasm tushirilgan bayroq ko‘tarib ko‘chaga chiqadi. Mis yoki birinj (bronza)dan quyilgan besh panjali (besh avliyoni ifodalovchi) A. shu marosim asosida paydo bo‘lgan. AL-ASMO al-HUSNO (arab. - go‘zal ismlar) - Allohning ismlari. Mazmunan uning sifatlari, fazilatlarini ifodalaydi. Qur’onda Allohni shu ismlar bilan yodga olish buyuriladi: "Allohning go‘zal ismlari bordir. Bas, uni o‘sha ismlar bilan chorlanglar (yod etinglar)" ("A’rof" surasi, 180-oyat); "Alloh, deb chorlangiz, yoki Rahmon - Mehribon, deb chorlangiz. Qanday chorlasangizlar-da (joizdir). Zero, U zotning go‘zal ismlari bordir" ("Al-isro" surasi, 110-oyat). Bu ismlar - 99 ta. Ular musulmon ilohiyotida muhim o‘rin tutadi. Alloh ismlari ko‘p duolarda qo‘shib aytiladi. Odatda tasbih donalari soni Alloh ismlari soni bilan tengdir. Hamma ismlar Qur’onning turli joylarida uchraydigan Alloh sifatlaridan kelib chiqadi va ular bilan bog‘langan fe’llaridan hosil bo‘lgan. Bu ismlar va ularning mazmuni quyidagicha: 1. Alloh - Tangri, Ma’budi bar haq. 2. ar-Rahmon - o‘ta mehribon. 3. ar-Rahim - juda rahmli. 4. al-Malik - podshoh. 5. al-Quddus - nuqsonlardan xoli. 6. as-Salom - ofat va balolardan salomat. 7. al-Mu’min - amonli va omon beruvchi. 8. al-Muhaymin - egallab, qoplab oluvchi. 9. al-Aziz - izzat va qudrat sohibi. 10. al-Jabbor - bandalari ishini isloh etuvchi. 11. al-Mutakabbir - kattalik yarashuvchi zot. 12. al-Xoliq - yaratuvchi, vujudga keltiruvchi. 13. al-Bori’ — yaratuvchi. 14. al-Musavvir - maxluqot va mavjudotlarga surat va shakl beruvchi. 15. al-G’affor - bandalarning aybu nuqsonlari va gunohu ma’siyatlarini fosh qilmay yopib turuvchi, kechiruvchi. 16. al-Qahhor - barchani bo‘ysundiruvchi, g‘olib. 17. al-Vahhob - o‘z ne’matlarini tekin ato etuvchi. 18. ar-Razzoq - barcha tirik mavjudot rizqini yetkazib beruvchi. 19. al-Fattoh - kushoyish beruvchi, rahmat xazinalarini ochuvchi. 20. al-Alim - biluvchi, dono, ilm sohibi. Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 25 21. al-Qobiz - kimlarningdir rizqini qiyuvchi, ruhlarni qabz etuvchi (oluvchi). 22. al-Bosit - kimlargadir keng rizq beruvchi, ruh baxsh etuvchi. 23. al-Hofiz - kofirlar martabasini tushiruvchi. 24. ar-Rofi’ - mo‘minlar martabasini ko‘taruvchi. 25. al-Muizz - kimlarnidir aziz, qadrli etuvchi. 26. al-Muzill - kimlarnidir xoru zalil qiluvchi. 27. as-Sami’ - maxfiy va oshkora gap va sharpalarni, hatto dildan o‘tganini ham eshituvchi. 28. al-Basir - hamma maxfiy va oshkora narsalarni ko‘ruvchi. 29. al-Hakam - qat’iy hukm etuvchi. 30. al-Adl - o‘ta adolatli. 31. al-Latif - bandalariga sezdirmay o‘z lutfu ehsonini yetkazib beruvchi. 32. al-Xabir - hamma maxfiy va oshkora ishlardan xabardor. 33. al-Halim - jazolashga shoshmaydigan, yumshoqlik bilan yaxshilik qilib turuvchi. 34. al-Azim - ulug‘, buyuk, katta. 35. al-G’afur - gunohlarni yashirib, jazo bermay turuvchi. 36. ash-Shakur - oz ishga ko‘p mukofot beruvchi. 37. al-Aliy - ulug‘ martabali, buyuk. 38. al-Kabir - katta, har jihatdan yuqori. 39. al-Hafiz - saqlaguvchi (o‘z panohida). 40. al-Muqit - moddiy va ma’naviy oziq beruvchi. 41. al-Hasib - har bir ishga o‘zi kifoya qiluvchi. 42. al-Jalil - barcha sifatlari mukammal, ulug‘ zot. 43. al-Karim - karamli, sahovatli, kechirimli. 44. ar-Raqib - hamma narsani kuzatib, nazorat ostiga olib turuvchi. 45. al-Mujib - duolarni qabul etuvchi. 46. al-Vosi’ - mulki, rahmati va qudrati keng zot. 47. al-Hakim - hikmat sohibi. Daqiq va nozik ilmlarni biluvchi. 48. al-Vadud - do‘st, xayrixoh, mahbub. 49. al-Majid - ne’mati va ehsoni bepoyon. 50. al-Bois - payg‘ambarlar yuboruvchi, o‘lgandan keyin qayta tiriltiruvchi. 51. ash-Shahid - hamma narsani bilib, ko‘rib turuvchi, guvoh. 52. al-Haq - haqiqatan mavjud zot. 53. al-Vakil - hamma ishlarni o‘z zimmasiga, kafolatiga oluvchi. 54. al-Qaviy - haqiqiy quvvat va qudrat egasi. 55. al-Matin - quvvatli, matonatli. 56. al-Valiy - do‘stlariga do‘st, madadkor. 57. al-Hamid - hamdu sanoga, maqtovga loyiq zot. 58. al-Muhsiy - barcha maxluqot va mavjudotlarning hisob-kitobini yaxshi biluvchi. 59. al-Mubdi’ - yo’qdan bor qiluvchi, yaratuvchi. 60. al-Muid - hayotdan o‘limga, o‘limdan yana hayotga qaytaruvchi. 61. al-Muhyiy - tiriltiruvchi. 62. al-Mumit - o‘ldiruvchi. 63. al-Hay - tirik. 64. al-Qayyum - o‘z-o‘zidan turuvchi, boshqalarni turg‘izuvchi. 65. al-Vojid - xohlagan narsasini topuvchi. 66. al-Mojid - karamli va sharafli zot. 67. al-Vohid - yagona, bir (xudo-bir). 68. as-Samad - hojatbaror. Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 26 69. al-Qodir - qudratli. 70. al-Muqtadir - qudratli, qodir. 71. al-Muqaddim - o‘ziga yaqin qiluvchi. 72. al-Muaxxir - o‘zidan uzoq etuvchi. 73. al-Avval - hamma narsadan avval, boshlanishi chegarasiz. 74. al-Oxir - hamma narsadan boqiy, oxiri cheksiz. 75. az-Zohir - borligi hamma tomonlama bayon bo‘lmish zot. 76. al-Botin - o‘zi mavjud, lekin sezgi vositalarimizdan maxfiy zot. 77. al-Voliy - barcha ishlarni tasarruf etuvchi hokim. 78. al-Mutaol - ulug‘, oliy martabali. 79. al-Barr - yaxshilik va ehson sohibi. 80. at-Tavvob - tavbalarni qabul etuvchi. 81. al-Muntaqim - gunohkor bandalaridan o‘ch oluvchi, jazolovchi. 82. al-Afuv - gunohlarni afv etuvchi. 83. ar-Rauf - o‘ta mehribon, rahmati keng. 84. Molikul-mulk - mulk, saltanat, hukm sohibi. 85. Zul-jaloli val-ikrom - sharaf va karam egasi. 86. al-Muqsit - adolatli, odil. 87. al-Jomi’ - to‘plovchi, qiyomat kuni xaloyiqni mahshargohga jam etuvchi. 88. al-Raniy - boy, ehtiyojsiz. 89. al-Mugniy - boy etuvchi, kifoya qiluvchi. 90. al-Moni’ - do‘stlarini himoya etuvchi, noloyiqlarga o‘z ne’matlarini man etuvchi. 91. az-Zorr - xohlagan bandalariga ofat, zarar va musibat yetkazuvchi. 92. an-Nofi’ - xohlagan bandalariga manfaat va foyda yetkazuvchi. 93. an-Nur - o‘z-o‘zidan borligi ayon va borliqni ham ayon etuvchi. 94. al-Hodiy - yo‘l ko‘rsatuvchi, hidoyatga soluvchi. 95. al-Badi’ - yaratuvchi (ixtiro ila) 96. al-Boqiy - doimiy, abadiy mavjud. 97. al-Voris - borliqni meros qilib oluvchi. 98. ar-Rashid - barcha ish va tadbirlari to‘g‘ri chiquvchi. 99. as-Sabur - gunohkor-isyonkorlarga jazo berishga shoshilmaydigan zot. ALVASTI - Sharq mifologiyasi va diniy-xurofiy tasavvurlarga ko‘ra yovuz ruh. A. ko‘pincha sochlari yoyilgan, ko‘kraklari uzun osilgan va badbashara ayol qiyofasida tasavvur etilgan. Manbalarda A. dastlab yaxshilik qiluvchi, hosildorlik, uy-ro‘zg‘or, yovvoyi hayvonlar va ovchilik homiysi, sahiy ma’buda sifatida tasvirlangan. Rivojlangan mifologik tasavvurlarning keng yoyilishi bilan esa, yovuz ruhlardan biriga aylantirilgan. Ba’zan A. jin, ajina so‘zlarining sinonimi sifatida ham ishlatiladi. ALI ibn Abu Tolib (kv) (taxm. 600-661.21.1, Ko‘fa) - "xulafoi roshidin" yoxud "choryorlar" deb ataluvchi dastlabki to‘rt xalifaning to‘rtinchisi, Muhammad (sav)ning amakivachchalari va kuyovlari (Fotimaning eri). Otasi - Abu Tolib ibn Abdulmuttalib, onasi - Fotima binti Asad ibn Hoshim. 9 yoshidan Muhammad (sav)ning tarbiyasida bo‘lgan. Laqabi - Haydar. Islomda vujudga kelgan shialik harakati bevosita A. (kv) ismi bilan bog‘likdir. 7-a. o‘rtalarida xalifa Usmon (ra) siyosatidan norozilik ommaviy tus oldi. Muhammad (sav)ning barcha yurishlarida ishtirok etgan, qo‘rqmas va sodiq jangchi, o‘ta taqvodor inson, mohir notiq A. (kv) xalifalikka munosib nomzod sifatida ko‘pchilikka Islom Ensiklopediyasi www.ziyouz.com kutubxonasi 27 ma’qul edi. 656 y. iyunida Usmon (ra) o‘ldirildi va A. (kv) xalifa deb e’lon qilindi. Ammo sahobalardan Talha va az-Zubayr hamda A. (kv)ga nisbatan adovatda bo‘lgan payg‘ambar (sav)ning bevasi Oisha (ra) tarafdorlari unga qarshi bosh ko‘tardilar. Qatl etilgan Usmon (ra)ning qarindoshi Suriya hokimi Muoviya ham A. (kv)ga qarshi urush e’lon qildi. 657 y. Furot daryosi o‘ng qirg‘og‘idagi Siffin degan joyda yuz bergan jangda A. (kv) qo‘li baland kelgan bo‘lsa-da, u raqiblari bilan kelishishga ko‘ndi. Bundan norozi bo‘lgan A. (kv) askarlaridan 12 ming kishi jang maydonini tark etdilar va xorijiylar deb atalgan diniy-siyosiy oqimni tashkil qildilar. Xorijiylar raqiblariga nisbatan yakka terror usulini qo‘llay boshladilar. 661 y. 19 yanv.da A. (kv) Abdurahmon ibn Muljam as-Sorimiy degan shaxs tomonidan Kufa masjididan chiqish paytida jarohatlanadi va ikki kundan so‘ng vafot etdi. Jasadi ana shu masjid yaqiniga dafn etilgan, keyinchalik Najaf qasabasiga ko‘chirilgan. Rasulullohdan 586 ta hadis rivoyat etgan. Islomda A. (kv) shaxsiga munosabat turlichadir. Xorijiylar unga o‘ta salbiy munosabat bildirgan bo‘lsalar, shialar aksincha uni ilohiylashtirib yuborganlar. Ahli sunna A. (kv) shaxsiga mo’tadil va to‘g‘ri baho beradi. A. (kv) tarafdorlari keyinchalik islomdagi shialik (arab. - "shia" - guruh, bu o‘rinda "Ali tarafdorlari" mazmunida) oqimini tashkil etganlar. A. (kv) shialarning 1-imomi va shia imomlari shajarasini boshlab beruvchi hisoblanadi. Shia yo‘nalishining ba’zi ashaddiy firqalari A. (kv) shaxsini ilohiylashtirib, uni Muhammad payg‘ambardan ham yuqori qo‘yadilar. O’rta Osiyo, xususan, O’zbekistonda bir necha qadamjo va mozorlar A. (kv) nomi bilan bog‘lanib, muqaddaslashtirilgan. Haqiqatda esa A. (kv) O’rta Osiyo va Eronda hech qachon bo‘lmagan. Download 5.13 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling