Islom ensiklopediyasi


Download 5.13 Kb.
Pdf ko'rish
bet6/55
Sana09.02.2017
Hajmi5.13 Kb.
#165
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   55

www.ziyouz.com kutubxonasi 
34
vafotlaridan 81 kun oldin, hijratning 10-yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu 
tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib mashhur "Vidolashuv 
va’z"larini aytganlar. Shu sababli bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida 
ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.  
 
 
ARVOH (arab. - ruhlar) - q. Ruh.  
 
 
ARKON ad-DIN - q. Rukn. 
 
 
ARSLONBOB (taxm. 11-a.) - turkistonlik mashhur so’fiy. A.ning hayoti, so’fiylik faoliyati 
haqidagi ma’lumotlar nasabnoma (shajara)larda va qo‘lyozma manbalarda qisqa 
berilgan. Ahmad Yassaviyning birinchi ma’naviy ustozi bo‘lgan. Yosh Ahmad uning 
rahbarligida sufishtik tariqatining murakkab amaliy va nazariy bilimlarini olgan. Rivoyat 
qilinishicha, A. Qirg‘iziston hududidagi shu nom bilan ataluvchi qishloqqa dafn qilingan. 
Maqbarasi hozirgacha saqlanib qolgan va ziyoratgoh hisoblanadi. 
 
 
ARSH, Arshi a’lo (arab. taxt) - buyuk taxt. Aqoid ilmi ulamolari fikri, oyat hamda 
hadislarga ko‘ra, A. oyoqlari bor taxt bo‘lib, uni farishtalar ko‘tarib turadi. U xuddi olam 
ustidagi kubbaga o‘xshash. U maxluqotlarning shiftidir. Alloh taoloning A.ga ehtiyoji 
yo‘q, balki uni O’zi bilgan hikmat uchun yaratgandir. A. faylasuflar aytganidek falak 
emasdir. Ular A.ni to‘qqizinchi falak yoki atlas falaki deyishgan. Arablar A.ni hech qachon 
bu ma’noda ishlatmaydilar. Alloh taolo A.ga barobar bo‘lib, uning ustida turgani unga 
muhtojligidan emas. Alloh bundan oliy va ulug‘dir. U o‘z qudrati ila o‘zidan pastdagi A.ni, 
uni ko‘tarib turuvchilarni va undagi narsalarni ko‘tarib turuvchidir. Shuningdek, Alloh 
A.ni va undagi narsalarni ihota qiluvchidir. A. Allohning qudrati ostida chegaralangan va 
Unga muhtojdir. Qur’oni Karim oyatlarida A. to‘g‘risida 23 joyda bayon etilgan. 
 
 
ASMO bint ABU BAKR (taxm. 592-692, Makka) - sahoba, Abu Bakr Siddiqning qizi. 
Muhammad (sav) zavjasi Oishaning ota bir, ona boshqa opasi. Asharai mubashsharadan 
biri - az-Zubayr ibn Avvomning zavjasi. O’g‘li -Abdulloh ibn az-Zubayr Hajjoj ibn Yusuf 
tomonidan o‘ldirilgach (692), nihoyatda qayg‘urib, ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan va Makkada 
yuz yoshida vafot etgan. U 56 ta hadis rivoyat etgan. 
 
 
ASR - besh vaqt o‘qiladigan namozning biri. 4 rakaat farz bo‘lib, kun botishidan 2 soat 
ilgaridan to kun botgunga qadar muddatda bajariladi. 
 
 
ASSALOMU ALAYKUM (arab. sizga tinchlik, salomatlik tilayman) -musulmonlar o‘zaro 
uchrashganda ishlatiladigan salomlashuv iborasi. Salom qabul qiluvchi "Va alaykum 
assalom" ("Sizga ham tinchlik, salomatlik tilayman"), deb javob qaytaradi. A.a. tanigan 
va tanimagan musulmonlarga beriladi. Kichik yoshdagilar yoshi ulug‘larga, ulov mingan 
odam piyodaga, piyoda ketayotgan kishi o‘tirganga, ozchilik ko‘pchilikka salom beradi. 
A.a. ko‘pchilik huzuriga kirib o‘tirishda ham aytiladi. A.a. deyish sunnat, javob qaytarish 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
35
esa vojib hisoblanadi. A.a. namoz o‘qiyotgan kishining namozi tugaganining alomati 
hamdir. 
 
 
ASHOB - q. Sahoba. 
 
 
ASHOB al-KAHF, Ashobi kahf (arab. "g‘or egalari", "g‘or odamlari") - o‘z zamonlari 
podshohi Daqyonus (imperator Detsiy) zulmidan qochib, Robbilariga bo‘lgan imonlarini 
saqlash maqsadida g‘orga kirib yashiringan va Alloh taoloning irodasi, ilohiy mo’jiza 
bilan ko‘p yillar uxlatib qo‘yilgan yosh yigitlar va ularning iti. Allohning inoyati bilan ular 
309 y.dan so‘ng uyg‘onishadi. Oyatda bu mo’jizani Alloh taolo keyingi ummatlar 
qiyomatga va o‘lgandan keyin tirilish haq ekaniga ishonch hosil qilsinlar deb sodir etgan, 
deyiladi. Uzoq uyqudan uyg‘ongan yigitlar uchun go‘yo kunning bir qismi o‘tgandek 
tuyulgan. Ular oralaridan bir kishini vakil qilib uni taom keltirish uchun shaharga pul 
bilan jo‘natganlar va biron-bir kishi uni tanib qolishidan ehtiyot bo‘lishini tayinlashgan. 
Vakil bozorga borib pulni berganda, odamlar u qad. zamon puli ekanligini bilib qolganlar. 
Vakil bilan muomalada ham uning o‘z zamonlari odami emasligini sezib qolishgan. 
Xullas, Allohning irodasi bilan yigitlarning siri fosh qilinib, ular o‘sha davr odamlariga 
tanitilgan. Vaqt o‘tishi bilan shahar aholisi ham imonga kelgan edi. Ular kahf egalari 
haqidagi qissani yaxshi bilishardi. Shuning uchun bozorga kelgan vakilni darhol tanib 
olishadi. Shahar aholisi g‘or ustiga masjid bunyod etishgan, so‘ngra ular kahf ahli necha 
kishi ekanligi (3,5,7 kishi) va ular qancha muddat g‘orda bo‘lganliklari haqida 
tortishganlar. Ularning adadi va qancha muddat g‘orda bo‘lganliklari yolg‘iz Allohga 
ayondir. Qur’oni karimning "Kahf surasi"da A.k. haqida batafsil hikoya qilingan. Islom 
olamining turli yerlarida - Kichik Osiyo, Suriya, Falastin, Yaman, Mag‘rib, Ispaniyada 
go‘yo "A.k. yashiringan g‘or" deb hisoblanuvchi g‘orni ko‘rsatadilar. Ba’zi rivoyatlarga 
ko‘ra, A.k.ning nomlari: Amlixo, Makshalino, Mashlino, Marnush, Dabarnush, Shoznush. 
Kashfittanus hamda itning nomi - Qitmir bo‘lgan. 
 
 
ASHOB al-HADIS, ahd al-hadis (arab. -rivoyat tarafdorlari) - an’anaviy islom 
tarafdorlari, ilk islomdagi oqimlardan biri. 8-a.da shakllangan. Ashob ar-ra’yga qarshi 
o‘laroq, dastlab Madina maktabiga mansub faqihlar va muhaddislarni shu nom bilan 
atashgan. A. al-H. diniy-huquqiy masalalarni hal etishda har xil yangicha uslublarga 
qarshi chiqishgan. Bu ishda ular mavhum, tajribadan o‘tmagan uslublarni qo‘llanishga 
yo‘l qo‘ymaslik lozim deb hisoblab, amaliy faoliyatda faqat Alloh kitobi (Qur’on) va 
payg‘ambar sunnasiga asoslanishga da’vat etishgan. Keyinchalik tobora rivojlanib 
borgan jamiyat zayli va talablari ta’sirida ijmo’ va qiyosni musulmon huquqining 
manbalari deb tan olishgan, biroq Qur’onni talqin etishda yangicha uslublarni keng 
qo‘llanishga yo‘l berishmagan va uni cheklab qo‘yishgan.  
 
 
ASHOB ar-RA’Y (arab. - fikr tarafdorlari) - ra’y, fikr va aql bilan hukm chiqaruvchi 
ulamolarga berilgan nom. Islom ilmlaridan tafsir, fiqh kabi sohalarda ijod qiluvchi olimlar 
ikki turga bo‘linadi. Birinchi turi - Qur’onni tafsir qilishda va biror shar’iy hukm 
chiqarishda faqat Qur’on oyatlari, hadislar, sahoba va tobeinlardan naql qilingan 
rivoyatlarga suyanadigan olimlardir. Ikkinchi turi - tafsir va fiqh sohasida faqat naqliy 
dalillarga suyanish bilan qanoatlanmay ijtihod, ya’ni aql, fikr va ra’yni ham ishga solib 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
36
shar’iy hukmlar, fatvolar ijod etadigan olimlardir. Shu ikkinchi turiga A. ar-R. deb nom 
berilgan. Ular mutafakkir olimlar deb ham yuritiladi.  
 
 
ASHOB ar-ROSS, Ashobur Ross ("ar-Ross odamlari", "quduq odamlari") - Qur’onda ikki 
marta tilga olingan va Alloh hidoyatga da’vat etgan qad. qavm. Ammo, ularga pand-
nasihatlar kor qilmaydi, shu sababli halok etiladilar (25-sura, 38-39-oyat). "Ross" iborasi 
ichi mahkamlanmagan, nurab turgan quduqni anglatadi. Rivoyatlarda aytilishicha, o‘sha 
jinoyatchi qavm quduq atrofida o‘tirganida, u qulab tushib hammalarini halok etadi. 
Rivoyatlarga ko‘ra, ar-Ross odamlari ilgari halokatga uchragan Samud qabilalarining 
avlodi bo‘lib, Yamomadagi quduq yonida yashagan va ulkan qush - anqo hujumidan ozor 
chekkan. Payg‘ambar Hanzala ibn Safvon Allohtsan bu odamlarni qutqarishni so‘raydi, 
shundan so‘ng qonxo‘r qushlar g‘oyib bo‘ladi. Ammo qavm baribir Hanzalaning yakka 
xudoga sig‘inish haqidaga da’vatlariga quloq solmaydi, buning ustiga uning o‘zini 
quduqqa tashlab yuboradi. Shu bois Alloh ularni yakson qiladi.  
 
 
ATTOR Alouddin, Xoja Alouddin Attor, Muhammad ibn Muhammad al-Buxoriy (? -1399) 
- mashhur mutasavvif, shayx. Bahouddin Naqshbandning xalifasi va kuyovi. A. 
madrasani tugatmasdanoq Naqshband sulukiga kirgan, bir umr piri yonida bo‘lgan. 
Buxoroda vafot etgan. Naqshbandning boshqa bir xalifasi - Xoja Muhammad Porso A. 
iltimosi bilan "Risolai qudsiya" ("Xoja Bahouddinning qudsiy kalimalari") kitobini bitgan 
va unda A. tilidan o‘z piri haqidagi o‘nlab rivoyat va xotiralarini keltirgan. Ularda 
Naqshbandning tarjimai holi, hayot tarzi, odatlariga oid qimmatli ma’lumotlar, hikmatli 
so‘zlar bayon etilgan. Ular keyinchalik Naqshband hayoti va tariqati haqidagi ko‘pgina 
risolapar, jumladan, ular ichida eng e’tiborlisi - Muhammad Boqir ibn Muhammad Alining 
"Maqomoti Xoja Naqshband" ("Bahouddin Naqshband", T., 1993) asari uchun muhim 
manba bo‘lgan.  
 
 
ATTOR Farididdin, Muhammad ibn Abubakr ibn Ibrohim (1148/51-1220) - fors-tojik 
mutafakkiri, mutasavvif shoir. Nishopur yaqinidagi Xadkana (Kadkon) qishlog‘ida 
tug‘ilgan. Otasining izidan borib, dorishunoslik va tabiblik qilgan. Hajga borgan, Misr, 
Iroq, Shom safarida bo‘lgan, atoqli so’fiylar bilan uchrashib, din va tasavvuf 
arboblarining hayoti hamda faoliyatini o‘rgangan. Zamonasining tariqat peshvolaridan 
biri bo‘lib, "Farididdin" ("dinda yagona") va shayx unvonlarini olgan. Mo‘g‘ullarning 
Eronga birinchi bosqini paytida dushman qo‘lida halok bo‘lgan. Nishopurda dafn etilgan. 
"Ilohiynoma", "Musibatnoma", "Mazhar ul-ajoyib", "Asrornoma", "Haydarnoma", "Javhar 
uz-zot", "Hayloj", "Muxtornoma", "Xusravnoma", "Sharx ul-qalb", "Bulbulnoma", 
"Me’rojnoma" kabi asarlarida ilohiy ma’rifat g‘oyalarini targ‘ib etgan. Haq va haqiqat 
sirlarini kashf qilishga uringan. Asosiy asarlaridan biri "Mantiq ut-tayr" ("Qushlar 
mantig‘i") dostoni (1175) so’fiylikning eng yirik adabiy yodgorligi hisoblanadi. “Tazkirat 
ul-avliyo” asari islom olamida mashhur. Unda o‘nlab aziz-avliyolarning hikmatli so‘zlari, 
ibratli hayoti, karomatlari bayon etilgan. A. she’rlarida darvishlik axloqi to‘g‘risidagi 
g‘oyalarni mujassamlantirgan. A. asarlarida shialik g‘oyalari va qoidalari mutlaqo 
uchramaydi, sunniylikka mo’tadil munosabatda bo‘linadi. Mustaqillik yillarida 
O’zbekistonda "Mantiq ut-tayr" va "Ilohiynoma"dan ayrim parchalar ("Ilohiynoma", 
Toshkent, 1994) hamda "Tazkirat ul-avliyo" ("Avliyolar kitobi", Toshkent, 1997) asari 
o‘zbek tilida nashr etildi.  

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
37
 
 
AUZA’IY, Abu Amr Abdurrahmon ibn Amr (707-774) - ilohiyotshunos, faqih, auza’iylik 
mazhabi asoschisi. Baalbak sh.da tug‘ilgan, Makkada-Ato ibn Abi Rabaldan, Madinada - 
Muhammad az-Zuhriydan, Basrada - Vosil as-Salamoniydan saboq olgan. Suriyaga 
qaytib, Damashqda yashagan, davlat xizmatida bo‘lgan, so‘ngra Qur’on ilmlaridan dars 
bergan. 750 y. Suriyani zabt etgan abbosiylar qo‘shini qo‘mondoni Abdulloh ibn Ali bilan 
janjallashib qolgan A. uning ta’qib etishidan qochib Basraga, ustozi Vosil as-Salamoniy 
huzuriga ketishga majbur bo‘lgan. Yangi sulola bilan yarashgach, A. Suriyaga qaytib, 
Bayrutda joylashgan va umrining oxirigacha shu yerni tark etmagan. Uning qabri 
hozirgacha ziyoratgoh hisoblanadi. A. Suriyaning imomi deb tan olingan, bu yerda uning 
izdoshlaridan alohida mazhab shakllangan. Uning tarafdorlari fikricha, huquq (fiqh) 
manbai faqat Qur’on va sunna bo‘lib, ulardagi ko‘rsatmalar hech qanday talqinsiz, 
o‘zgarishsiz aynan qabul qilinishi lozim bo‘lgan. Bu mazhab 9-a.gacha Suriya va 
Andalusiyada tarqalgandi. Suriyada uni shofi’iylik mazhabi, Andalusiyada esa -molikiylik 
mazhabi siqib chiqargan. Lekin A.ning qarashlari tizimi izsiz yo‘qolmagan, zero uning 
shogirdlari orasida Sufyon as-Savriy (777-778 y. v.e.) va Molik ibn Anas (795 y.v.e.) - 
ikki mazhab asoschilari bo‘lgan. Molik ibn Anas orqali A.ning qarashlari ash-Shofi’iyga 
ta’sir o‘tkazgan, u esa o‘z navbatida Ahmad ibn Hanbal qarashlarining shakllanishiga 
ta’sir qilgan.  
 
 
AFG’ONIY, Muhammad ibn Safdor Jamoliddin (1839-1897) - diniy-siyosiy arbob. 
Kobulda diniy, Hindistonda dunyoviy bilim olgan. Hayotining ko‘p qismi muhojirlikda 
kechgan. Islom dinini isloh qilish va musulmon olamini islom bayrog‘i ostida birlashishga 
qilgan da’vatlari bilan tanilgan. 1871-79 ylarda Misr ijtimoiy-siyosiy hayotida faol 
qatnashgan. Istibdodni tanqid qilib, konstitutsiyaviy tuzum o‘rnatish uchun kurashgan. 
Islom dinining ma’naviy-axloqiy aqidalariga asoslangan ijtimoiy tenglik va adolat 
g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Isyon ko‘tarishga undagani uchun hibsga olinib, Misrdan 
chiqarib yuborilgan. Politsiya nazoratida Kalkutta va Haydarobod (Hindiston)da 
yashagan. 1883 y.dan Yevropa (London, Parij)da istiqomat qilgan. Abdu Muhammad 
bilan birga gazeta nashr etgan. Ko‘p o‘tmay mustamlakachi davlatlarga nisbatan 
kelishuvchilik mavqeini egallagani uchun u bilan aloqasini uzgan. Eron, Rossiya, Iroqda 
bo‘lgan. Inqilobiy millatparvar doiralar bilan hamkorlik qilgan. 1892 y.da Turkiyaga 
qaytgan va shu yer (Istanbul)da vafot etgan. 1944 y.da hoki Kobulga olib kelingan. Dafn 
etilgan joyiga dahma qurilgan.  
 
 
AXBOR (arab. - xabarning ko‘pligi, xabarlar) - shialarning muqaddas rivoyatlari. 
Muhammad (sav) va Ali (kv)ning so‘zlari, faoliyati to‘g‘risidagi rivoyatlar to‘plami. A. 
Qur’ondan keyingi muqaddas manbalardan hisoblanadi. Sunna Muhammad (sav) va 
sahobalarning, A. esa faqat payg‘ambar va uning oila a’zolari, Ali (kv) va b. imomlarning 
faoliyati haqidagi rivoyatlarni o‘z ichiga oladi. Hadis olimlarining istilohida A. so‘zi hadis 
so‘zining sinonimi shaklda qo‘llaniladi.  
 
 
AXBORIYLAR - 1) imomiylarning diniy-huquq tizimidagi oqimlardan biri. 10-a.da 
shakllangan. Uning tarafdorlari Axbor rivoyatlarini fiqhning asosiy manbai deb 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
38
hisoblaydi. A. imomiylarning yana bir huquqiy oqimi bo‘lgan usuliyga qaraganda kamroq 
tarqalgan. 2) Xabar - axbor janrida ijod qilgan o‘rta asr arab tarixchilari.  
 
 
ASHARAI MUBASHSHARA - jannati ekani bashorat qilingan O’n sahobiy. Ular 
quyidagilar: Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, 
Abdurahmon ibn Avf, Sa’d ibn Abu Vaqqos, Zubayr ibn Avvom, Talha ibn Ubaydulloh, 
Abu Ubayda ibn Jarroh, Said ibn Zayd. Ularning barchasi Quraysh qabilasidan chiqqan. 
 
 
ASHURO (arab. - o‘n kunlik) - 1) Muhammad (sav) Madinaga ko‘chib o‘tganlaridan 
so‘ng dastlabki paytda, muharram oyining 10-kunida tutilgan ro‘za. Keyinroq ramazon 
oyida ro‘za tutish belgilangach, A. ro‘zasini tutish ixtiyoriy deb e’lon etilgan; 2) shialarda 
xalifa Alining o‘g‘li Husaynning Karbalo yonidagi jangda halok bo‘lganligi xotirasiga 
bag‘ishlab muharram oyining dastlabki o‘n kunligida o‘tkaziladigan motam marosimlari. 
Eron va Iroqda A. kuni masjid va madrasa hovlilari, takyaxona va husayniyaxonalarda 
imom Husayn va safdoshlari chekkan azob-uqubatlar haqidagi qissalar jamoat orasida 
o‘qiladi. Ko‘chalarda shialar yurish qilib, motam tug‘lari va shiorlarini ko‘tarib: "Shoh 
Husayn, voh Husayn" so‘zlarini takrorlab, nola chekishadi, musht va zanjir bilan 
ko‘kraklariga urishadi. A. kunida islom mamlakatlaridan minglab shialar Karbalo sh.ga 
yig‘ilishib, imom Husayn va safdoshlari qabrini ziyorat etishadi. Sunniylarda A. kuni 
odatdagi tabarruk sanalardek o‘tadi, ayrim joylarda "ashur oshi" ulashiladi.  
 
 
ASH’ARIY, Abul Hasan Ali ibn Ismoil (873-935) - mashhur ilohiyotchi, kalomning 
ash’ariylar maktabi asoschisi. Basrada tug‘ilgan. 40 yoshigacha mu’taziliy ilohiyotchi 
bo‘lgan. Munozaralardan birida ustozi bilan kelisha olmay, o‘z qarashlarini keskin 
o‘zgartirib, shofi’iylarga qo‘shilgan, mu’taziliylik aqidalari islom asoslariga to‘g‘ri 
kelmaydi, deb xulosa chiqargan. Umrining oxirgi yillarini Bag‘dodda o‘tkazib, shu yerda 
vafot etgan. A. mu’taziliylarga qarshi diniy-falsafiy tizimni asoslash uchun Qur’on va 
hadislarga qo‘shimcha qilib falsafa va mantiq uslubidan kengroq foydalangan. A. 
shogirdlari uning ta’limotini rivojlantirganlar. A. 100 ga yaqin asar yozgan, ulardan eng 
mashhuri "Maqolat al-islomiyin" ("Musulmonlar ta’limoti")dir. 
 
 
ASH’ARIYLAR - kalomning asosiy yo‘nalishlaridan biri - Ash’ariy maktabi tarafdorlari. 
Boqiloniy (1013 y. v.e.), ibn Furq (1015 y. v.e.), Abu Ishoq Isfaro’iniy (1027 y v.e.), 
Abdul Qohir Bag‘dodiy (1037 y. v.e.), Juvayniy (1085 y. v.e.), Shahristoniy (1153 y. 
v.e.) va Faxriddin Roziy (1209 y. v.e.) taniqli vakillaridir. A.ning dunyoqarashida akd 
diniy an’ana - nakddan ustun qo‘yiladi. A. moturidiylik tarafdorlaridan o‘nlab aqidaviy 
masalalarda fark qiladilar. Mas., A. Alloh o‘z bandalariga toqatlaridan tashqari og‘ir 
ishlarni ham buyurishi mumkin desalar, moturidiylar mumkin emas deydilar. A. Allohni 
aql bilan tanish vojibligiga ham qarshi turadilar. Dalil keltira olmaydigan muqallid 
musulmonning imonini A. qabul emas deydilar. Imon ozayib-ko‘payib turishi, amal 
imonning tarkibiy qismi deb qarash va b. A.ning qarashlarini eng avval Eronda (10-a.da) 
keng tarqalgan shofi’iylik mazhabi tarafdorlari qabul qilganlar. Ash’ariyning o‘zi tayangan 
hanbaliylik tarafdorlari bu maktab dushmanlari bo‘lib qolgan. Taniqli ilohiyotchilarning 
ko‘pchiligi (mas., Andalusiyada Ibn Hazm) A. g‘oyasiga qarshi chiqqan. Birinchi saljuqiy 
sulton To‘g‘rulbek (1038-1063 y.larda hukmronlik qilgan) davrida A. ta’limoti bid’at deb 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
39
e’lon qilinib, uning tarafdorlari ta’qib etilgan. Biroq bu ta’limot Boqiloniy, G’azoliy va 
b.ning asarlari tufayli musulmon olamida katta ta’sirga ega bo‘lib, kalomning eng keng 
tarqalgan oqimiga aylangan.  
 
 
A’LAM (arab. - bilag‘on, eng olim) - diniy-huquqiy masalalar yuzasidan fikr beruvchi 
diniy amaldor. Odatda, muftilar tuzgan fatvo A. muhr bosgach, kuchga kirgan va qozilar 
o‘sha hujjat asosida hukm chiqargan. Buxoro xonligi davrida har bir qozi yonida A. 
mansabi bo‘lgan. 
 
 
A’ROF (arab. to‘siqlar) - islom manbalarida, xususan, Qur’onda ta’riflangan jannat bilan 
do‘zax o‘rtasidagi balandlik joy - devorto‘siq. O’zbek tilida A. o‘rnida odatda Arasot 
istilohi ishlatiladi. Islom aqidasiga ko‘ra, qiyomat kuni jannatga ham, do‘zaxga ham 
tushmay o‘rtada qoladigan odamlar A.da turadilar. Ular jannatda rohat qilayotganlarni 
ham, do‘zahda azob tortayotganlarni ham ko‘rib turadilar, ularni tanib, ular bilan 
suhbatlashadilar. Ba’zi rivoyatlarda A. ustidan bog‘lar unib, anhorlar oqib turadi, 
deyiladi. Demak, uning qalinligi ham hiylagina bo‘lgan. A.dagi odamlar kimlar ekanligi 
haqida ulamolar o‘rtasida ikki xil fikr mavjud. Birinchisi: ular yaxshilik va yomonliklari 
teng kelib, na jannatga, na do‘zaxga hukm bo‘lmay qolgan kishilar. Ikkinchisi, o‘z 
qavmiga payg‘ambarlarning haq da’vatlarini yetkazib, ularni yaxshilikka boshlagan 
da’vatchilar, ulamolar va shuhadolardir. Ma’lum muddatdan so‘ng Alloh taolo A. ahliga 
jannatga kirishlikni amr etadi va ular bihishtdan o‘z maqomlariga yarasha joy oladilar. 
Qur’onning 7-surasi A. deb nomlangan.  
 
 
AQD (sinonimlari ijob, qabul, qubul, sig‘a) - bitim, shartnoma. Islomdagi A. me’yorlari 
johiliyat va Rim-Vizantiya huquqiy tasavvurlariga borib taqaladi. Qur’oni karimda A. -
qasam bilan mustahkamlangan bitim. Fiqhda A. - o‘zaro majburiyatlar haqidagi ikki yoki 
ko‘p tomonlama shartnoma bo‘lib, shartnomaning mavzui faqat mavjud buyum va 
munosabatlar bo‘lishi, unga kelishuvchi tomonlarning huquqi qo‘llanilishi lozim. Islomda 
bitimga doir munosabatlarning yagona nazariyasi ishlab chiqilmagan, shu tufayli bitim 
turlari va shakllari hamda ularning kafolatlari turli guruhga mansub fiqhshunoslar va 
ayrim faqihlar ta’biri bo‘yicha bir-biriga mos kelmaydi. Biroq ularning aksariyati A.ni to‘rt 
katta guruhga jamlaydi: hokimiyat, vasiylik, himoyalash, rahnamolik A.i va b.; biror 
narsani sotish, hadya etish, meros qoldirish, yon bosish va b. yo‘l bilan mulkka bo‘lgan 
huquqni to‘liq topshirganlik haqidagi A.; ijara, topshirish, vakolat berish, saqlash, 
garovga berish va b. yo‘l bilan u yoki bu narsaga vaqtinchalik egalik qilish huquqini 
topshirish haqidagi A.; hamkorlik, ish yuzasidan topshiriq berish, ish yuzasidan sheriklik 
va b. haqidagi A. Har qanday aqli raso inson ijtimoiy mavqeidan va qaysi dinga 
mansubligidan qat’i nazar A. tuzish huquqiga ega. Lekin, ko‘pchilik faqihlarning fikricha 
o‘zaro qasam ichib kafolat beriladigan holatlarda musulmonlar bilan g‘ayridinlar o‘rtasida 
A. mumkin emas. Boshqa bir faqihlar buni mumkin deb hisoblaydilar, lekin bunda A. 
tuzish tartibi alohida bo‘lishi lozim. Balog‘at yoshiga yetmaganlar va aqli norasolar 
cheklangan, ma’lum hollardagina A. huquqiga ega (mas., xayriya maqsadida hadya 
qilish). A. tuzish vaqtida tomonlar uning shartlari va bu shartlar buzilgan holda 
beriladigan kafolatlar haqida to‘liq xabardor qilinishlari lozim. A.ni rasmiylashtirish tartibi 
mahalliy urf-odatlar va tayin sharoitlarga bog‘liq. Agarda qaysi bir shaxs xuddi A. 
tuzilgandek harakat qilsa va unga e’tiroz bo‘lmasa (vasiylik berish, ijara va b.) A. o‘tgan 

Islom Ensiklopediyasi 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
40
davr hisobida ham tuzilishi mumkin. Bir tomonlama majburiyat (ehson qilish, nazorat va 
b.) ayrimlarning fikricha Alloh bilan tuzilgan bitim ya’ni qasam sifatida qaraladi, 
boshqalarning fikriga ko‘ra esa - butun jamoa bilan tuzilgan bitim deb qaraladi, unda 
boshqa tomonning vakili sifatida qozi yoki har qanday guvoh (shohid) bo‘lishi mumkin. 
Agarda bitim mavzui muhim yoxud g‘ayri oddiy yoki tomonlardan biri ishonchsiz (fosiq) 
bo‘lsa A. tuzilayotgan vaqtda uchinchi bir shaxsning hozir bo‘lishi shart hisoblanadi. 
Agarda barcha zaruriy shartlarga rioya etilgan bo‘lsa, ya’ni tomonlarning akdi joyida, 
bitim mavzui aniq, majburiyatlar kelishilgan bo‘lsa, A. haqiqiy (sahih) hisoblanadi. Bordi-
yu, ulardan birontasi buzilsa, mas., yanglishsa yoki xabardor bo‘lmasa A. haqiqiy emas 
(fosid) deb topiladi, lekin u kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng haqiqiy bo‘lishi 
mumkin. Agarda qaysidir shartlardan biri umuman bo‘lmagan bo‘lsa, mas., firibgarlik, 
majbur qilish va b. zo‘ravonlik holatlarvda A. to‘liq ravishda yaroqsiz (botil) deb topiladi. 
Bordi-yu, tomonlar yetkazilgan zararni qoplash haqida bir bitimga kela olishmasa, har 
bir tomon ham sudga murojaat qilish huquqiga ega. A. shartlarini qo‘pol suratda buzish 
hollarida aybdorlar yetkazilgan zararni qoplashlaridan tashqari jinoiy javobgarlikka 
tortiladi. Maishiy turmushdagi kelishuv, bitim va shartnomalarning aksariyati A. sifatida 
rasmiylashtiriladi. 
 
Download 5.13 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   55




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling