Jahon tarixi
Download 3.01 Kb. Pdf ko'rish
|
doiralarni cho‘chitib qo‘ydi. Ular kommunistik — qizil to‘ntarish xavfidan
dahshatga tushdilar va mamlakatda kuchli diktatura o‘rnatishga intila boshladilar. Bu, o‘z navbatida, Italiyada fashizmning hokimiyat tepasiga kelishi- ga yo‘l ochdi. Avvalgi sahifalarda aytib o‘tilganidek, 1919-yilda Italiyada frontdan qaytgan sobiq askarlar o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun «Quroldoshlar uyushmasi» (Fashi di kombattimento) deb atalgan tashkilot tuzgan edilar. Bu tashkilotni Benito Mussolini (1883—1945) boshqargan. Bu tashkilot Italiyada fashizm g‘oyalarini keng targ‘ib etdi. Benito Mus- solini dastlab sotsialist edi. Burjua parlamentarizmining mamlakatda tartib o‘rnatishdagi ojizligi, urushdan keyin o‘z turmush darajasining yaxshilanishiga umid qilgan millionlab fuqarolar orzu-umidlari puchga chiqqanligi, shuningdek, Italiya hukmron doiralarining urush natijalaridan qanoatlanmaganligi fashizmni yuzaga chiqargan omillar edi. Xuddi shu omillar ko‘pchilik italyanlarning fashistlar mafkurasi tomon og‘ishiga sabab bo‘ldi. Shu tariqa Italiyada boshqaruvning qattiqqo‘llik shaklini o‘rnatishga chaqirayotgan yangi yo‘lboshchi — Mussolini siyosiy kurash maydonida paydo bo‘ldi. Italiyada fashizmning tezda muvaffaqiyat qozonishida Mussolinining shaxsiy sifatlari ham juda katta rol o‘ynagan. U kuchli notiqlik qobiliyatiga ega edi. Mussolini fashizmni o‘ziga xos dinga aylantira olgan shaxs sifatida mashhur. U ko‘p ming kishilik mitinglarda yirik mulkdorlarning mehnatsiz daromadlarini, amaldorlarning suiiste’mollarini, birorta ham muammoni hal etishga qodir bo‘lmagan Italiya parlamentini ayovsiz tanqid qilar edi. Ayni paytda u Italiyaning Qadimgi Rim imperiya- si davridagi qudratini tiklashga va’da berar edi. O‘zini esa bo‘lajak imperi- yaning dohiysi deb bilar, shuning uchun ham qadimgi rimliklarning «duche» (dohiy) so‘zini o‘ziga laqab qilib olgan edi. Uning otashin, jozibador so‘zlari sehrlab qo‘ygan miting qatnashchilari «boshla bizni, duche» deb xitob qilar edilar. Mussolini fikricha: «Italiyada yangi tartib — milliy sotsializm» hukmron bo‘lishi kerak edi. Bunday sotsializmda davlat har qanday sinfiy manfaatdan ustun turadi. Va u nihoyatda kuchli bo‘ladi hamda mehnat bilan sarmoyaning hamkorligini ta’minlaydi. Ayni paytda davlat mehnat va sarmoya yagona hamkorligi birlashmasi (korporatsiya) ni tashkil etadi. Binobarin, Italiya yagona korporatsiyaga, ya’ni butun Italiya jamiyati manfaatlarini himoya qiluvchi birlashmaga aylanadi. Bu korporatsiyada barcha — sarmoyadorlar va ishchilar, yer egalari va dehqonlar, aholining qolgan qatlamlari bir oila a’zolariga birlashadilar va mehnat qiladilar. Davlat esa bu oila barcha a’zolarining manfaatlari va 69 maqsadlari birligini kafolatlaydi. Ana shunday jamiyatdagina uning a’zolari barcha og‘ir muammolardan tezda xalos etiladi. Italiya aholisining katta qismi Mussolinining va’dalariga ishondi va uni qo‘llab-quvvatlay boshladi. 1920-yildan boshlab fashistlar yanada faollashdilar va ular o‘zlarining harbiy otryadlarini tuza boshladilar. Italiya Sotsialistik partiyasi va Umumiy Mehnat Konfederatsiyasi fashizmga qarshi kurash o‘rniga, 1921-yilning 3- avgustida Mussolini bilan «totuvlik pakti»ni imzoladilar. Ishchilar tashkilot- larining bunday yo‘l tutishi fashizmni yanada kuchaytirdi va u yetakchi siyosiy kuchga aylana bordi. 1922-yilgi parlament saylovlarida ular 35 o‘ringa ega bo‘lsalar-da, mahalliy saylovlarda katta muvaffaqiyatga erishdilar. 1922-yil oktabr oyida ular bir necha vazirlik lavozimlarini talab qilib Rimga yurish uyushtirdilar. Bu amalda mavjud Konstitutsiyaviy tuzumga qarshi isyon edi. Hukumat isyonni bostirish chorasini ko‘rmadi. Buning sababi — yirik sarmoyadorlar asosiy ko‘pchiligining hukumatga tazyiq o‘tkazganligi edi. Yirik sarmoyadorlar hokimiyatni Mus- soliniga topshirish tarafdori edilar. Masalan, mamlakat hayotida eng katta ta’sirga ega bo‘lgan «Sanoat bosh konfederatsiyasi» rahbarlari qirol Viktor-Emmanuel III ga telegramma yuborib, undan hokimiyat Mussoliniga berilishini talab etdilar. Qirol bunga javoban Mussolinini Bosh vazir etib tayinladi va 1922-yil 30-oktabr kuni Mussolini koalitsion hukumat tuzdi. Shu tariqa Italiyada fashizm qonuniy yo‘l bilan hokimiyat tepasiga keldi. Parlamentda (420 o‘rinli) atigi 35 o‘ringa ega bo‘lgan fashistlar yetakchisi Mussolini dastlab boshqa siyosiy kuchlar bilan murosa qilishga majbur bo‘lgan. Ayni paytda yirik sarmoya egalarining qo‘llab-quvvatlashi orqali u o‘z hokimiyatini tobora mustahkamlab bordi. Chunonchi, qirol va parlament 1922-yilning 23-noyabrida Mussoliniga cheklanmagan huquq berdi. Endi u o‘z partiyasi a’zolaridan tuzilgan «Katta fashist kengashi» deb atalgan kengash orqali hukumat faoliyatini nazorat ostiga oldi. Tayyorlanayotgan qonun loy- ihalari shu kengash nazoratidan o‘tar edi. Barcha lavozimlarga Mussolini partiyasi a’zolari tayinlanadigan bo‘ldi. 1924-yil oxirida Mussolinining tazyiqi ostida saylov to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, saylovda eng ko‘p ovoz olgan partiya parlamentdagi deputatlar o‘rnining uchdan ikki qismini egallar edi. Yangi qonun bo‘yicha 1924-yildagi parlament saylovida Mussolini partiyasi g‘alaba qozongan. Shu tariqa mamlakatda Mussolinining fashistik diktaturasi qaror topdi. 1926-yildan boshqa siyosiy partiyalar tarqatib yuborildi. Endi Italiya bir partiyali diktatorlik davlatiga aylandi. 1929-yili Mussolini Vatikan bilan shartnoma imzoladi. Unga ko‘ra, Rim (Vatikan) papasi diniy hukmdor deb tan olindi va katoliklik milliy din deb e’tirof etildi, cherkov mulki soliqlardan ozod etildi. 70 Ichki siyosatda iqtisodiyot masalasiga alohida e’ti- bor berildi. Mussolinining maqsadi iqtisodiyotda korporativ tartibni to‘la qaror toptirish edi. Shu maqsadda 1927-yilda «Mehnat xartiyasi» deb nomlangan hujjat qabul qilindi. Iqtisodda joriy etilgan korporativ tartibga ko‘ra, ishlab chiqarish muammolarini birgalikda hal etish uchun ishchilar va sarmoyadorlar yagona Kasaba uyushmasining teng huquqli a’zosiga aylandi. Xalq xo‘jaligi bo‘yicha turli sohalarda 22 ta korporatsiya tuzildi va ular Korporatsiyalar Milliy Ken- gashiga birlashtirildi. Milliy Kengash tarkibi ishbilarmonlardan va fashistlar partiyasi vakillaridan iborat edi. Korporatsiyalar yirik mulkdorlar mavqeyiga putur yetkazgani yo‘q. Ayni paytda Italiya iqtisodiyotida davlat sektorining ulushi ortib bordi. Bu Italiya fashizmining o‘ziga xos belgilaridan biri edi. Mamlakat iqtisodiyotini boshqarishni davlat qo‘liga olib berishni ta’minlaydigan ikkita muassasa tuzildi. Uning biri Sanoatni tiklash instituti deb atalardi. U davlatning yirik trestiga aylanadi. Masalan, cho‘yan eritishning 90 foizi, po‘lat ishlab chiqarishning 70 foizi, mashinasozlikning 25 foizi shu trestga qarashli edi. Bundan tashqari, butun savdo floti, fuqaro aviatsiyasi, telefon, aloqa, avtomobil yo‘llari ham shu trestga qaraydigan bo‘ldi. Ikkinchi muassasa Suyuq yoqilg‘i bo‘yicha Milliy boshqarma deb atalgan. Unga gaz qazib olishning 75 foizi, sun’iy kauchuk ishlab chiqarishning 100 foizi, neftni qayta ishlash zavodlarining 30 foizi qaragan. Hukumat yirik monopoliyalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidan bordi. Ularni inqiroz oqibatlaridan saqlab qolish va moliyaviy yordam ko‘rsatishni tashkil etdi, kasodga uchrashi mumkin bo‘lgan banklarning aksiyalarini davlat sotib oldi va shu tariqa ularni sinishdan saqlab qoldi. 1929-yilda yuz bergan jahon iqtisodiy inqirozi kam taraqqiy etgan Italiya iqtisodiyotini nihoyatda og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Inqiroz 1932-yilda o‘z cho‘qqisiga chiqdi. Shu yili sanoat ishlab chiqarishi 1929-yilga nisbatan 33 foizga qisqardi. Tashqi savdo 3 baravar kamaydi. 12 mingga yaqin mayda va o‘rta korxo- na bankrot bo‘ldi. Ishsizlar soni 1 mln kishidan ortdi. Oylik ish haqi 50—60 foizga kamaydi. Inqiroz dehqon xo‘jaliklarini ham xonavayron qildi. O‘n ming gektarlab yer maydonlari sudlarning hukmi bilan qarz berganlarga o‘tkazildi. 1933-yilga kelibgina ishlab chiqarishning pasayishi to‘xtatildi. 1937-yilga kelib sanoat ishlab chiqarishi hajmi 1929-yil darajasiga yetdi. Davlat xo‘jalik hayotini tashkil etar ekan, avtarkiya xo‘jaligi yo‘lini tanladi. Avtarkiya xo‘jaligi — bu, barcha zarur mahsulot turlari bilan o‘zini o‘zi ta’minlaydigan xo‘jalik. Bunday xo‘jalikda importga ko‘z tikilmaydi. 1934— 1935-yillarda Italiyada tashqi savdoda davlat monopoliyasi joriy etilganligi ham shu bilan izohlanadi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari importiga qaram bo‘lib qolmaslik maqsadida davlat qat’iy belgilangan narxlarda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotib Ichki siyosat 71 oladigan bo‘ldi. Bu esa dehqonlarni mahsulot sotishning kafolatlangan bozori bilan ta’minladi. Ayni paytda o‘n minglab dehqon xo‘jaliklarini inqirozdan saqlab qoldi. 1937-yilga kelib Italiya industrial-agrar davlatga aylandi. Biroq, baribir, u iqtisodiy taraqqiyotning asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha boshqa rivojlangan davlatlar — AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyadan orqada qolaverdi. 30-yillar davomida siyosiy hayotda ham totalitar diktatura to‘la qaror topdi. Demokratiyaning barcha ko‘rinishlari, jumladan, parlament ham tugatildi. Parlament o‘rniga fashistlar partiyasi va korporatsiya vakillari palatasi tuzildi. Uning deputatlari davlat tomonidan tayinlanadigan bo‘ldi va fashist partiyasi davlat tizimi bilan qo‘shilib ketdi. Partiya davlat xizmatini bajaruvchi fuqaro militsiyasiga aylandi. Ommaviy axborot vositalari to‘la fashist davlati xizmatiga bo‘ysundirildi. Oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari B. Mussoliniga — Duchega sodiqlikka qasamyod qildirildi. Barcha vositalar yordamida fashist mafkurasi ommaga singdirildi. B. Mussolini ilohiylashtirildi. U o‘zining nutqlarida fashizm demokratiya tufayli buzilgan Yevropani yangilaydi va sog‘lomlashtiradi, deb qayta-qayta uqtirar edi. Yosh avlod fashistlarning bolalar va o‘smirlar tashkilotlariga jalb etildi. Mussolini tashqi siyosatining asosiy maqsadi Buyuk Italiya davlatini barpo etish orzusiga bo‘ysundiril- gan edi. Bu davlat butun O‘rta dengiz bo‘ylarini o‘z ichiga olishi va u Buyuk Italiyaning ichki dengiziga aylanishi hamda Qadimgi Rim imperiyasi tarkibiga kirgan barcha hududlarni birlashtirishi lozim edi. 1923-yilda Italiya Gretsiyaga qarashli Korfu orolini bosib oldi. Biroq Buyuk Britaniyaning talabi bilan orolni tashlab chiqishga majbur bo‘ldi. 1924-yilda Yugoslaviyaga qarashli Fiuma porti Italiyaga o‘tdi. Italiya shu yili Sovet Rossiyasini tan oldi va u bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi. 1927-yilda Albaniya ustidan amalda o‘z protektoratini o‘rnatdi. 1935-yil 3-oktabrda 600 ming kishilik Italiya armiyasi Efiopiyaga bostirib kirdi. 1936- yil may oyiga kelib Efiopiyani bosib olish nihoyasiga yetdi. Shu yil yozida Italiya armiyasi Ispaniyada fashistik diktatura o‘rnatish uchun general Frankoga yordamga yuborildi. Chunki Gitler Frankoni qo‘llab-quvvatlar edi. Shu tariqa Germaniya bilan yaqinlashuv boshlandi. 1937-yilda u Germaniya va Yaponiya o‘rtasida imzolangan «Antiko- mintern pakti» ga qo‘shildi. B. Mussolini bu paktni butun Yevropa uning atrofida birlashsa arziydigan ahdnoma, deb atadi. Ushbu bitimga ko‘ra, Germaniya Italiyaning Efiopiyani bosib olganligini tan oldi. 1939-yil aprelda Italiya Albaniyani butunlay bosib oldi. Mamlakatda totalitar diktaturaning qaror topishi Mussolinining tashqi siyosati 72 Shu tariqa fashistik davlatlar o‘zlarining bosqinchilik siyosatlari bilan Ikkinchi jahon urushini tobora muqarrar qilib qo‘ydilar. Ispaniya Ispaniya Birinchi jahon urushida betaraf qoldi. Bu hol unga urushayotgan har ikki harbiy-siyosiy ittifoqqa kiruvchi davlatlar bilan muvaffaqiyatli savdo-sotiq munosabatlarini amalga oshirishga imkon berdi. Eksport hajmi import hajmidan yuqori bo‘ldi. Buning natijasida mamlakat oltin zaxirasi 4 baravar ko‘paydi. Urush yillarida harbiy buyurtmalar salmog‘ining oshishi, o‘z navbatida, sanoatdagi ayrim tarmoqlarning gurkirab rivojlanishini ta’minladi. Shunday bo‘lsa-da, Ispaniya, baribir, kam taraqqiy etgan, agrar-industrial davlat bo‘lib qolaverdi. Mamlakat qishloq xo‘jaligida o‘rta asrchilik munosabatlarining qoldiqlari hamon kuchli edi. Barcha yer maydonining uchdan ikki qismi yirik yer egalari va mamlakat hayotida katta ta’sirga ega bo‘lgan katolik cherkovi ixtiyorida edi. Millionlarcha dehqon xo‘jaliklariga esa atigi uchdan bir qism yer tegishli edi. Yersizlar ham ko‘p bo‘lib, ular asoratli shartlar asosida yerni ijaraga olardilar. Qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligi juda past bo‘lgan. Mamlakat iqtisodiyotining ahvoli chet el kapitali kiritilishiga sezilarli dara- jada bog‘liq edi. Chunonchi, sanoatga joylashtirilgan chet el kapitalining 54 foizi ingliz, 34,5 foizi fransuz kapitali edi. Ispaniya taraqqiyotining bunday orqada qolishi o‘rta asrchilik tartiblari hamon kuchli darajada saqlanib qolayotganligi bilan izohlanar edi. Katta yer egalari hamda ularning tayanchi bo‘lgan armiya va katolik cherkovi o‘zlarini asrlar davomida qaror topgan tartiblar qo‘riqchisi, deb hisoblardi. Shuning uchun ham yangilikka bo‘lgan har qanday intilishlarni mamlakat milliy manfaatiga solinayotgan tahdid, deb qabul qildilar. Ayni paytda ularni yo‘qotish uchun barcha vositalarni ishga soldilar. Mamlakatda harbiylarning o‘rni tobora ortib bormoqda edi. Vujudga kelgan «harbiy xuntalar» (harbiylar to‘dasi) XX asrda mamlakat siyosiy hayotiga tez-tez aralashib turish quroliga aylangan. Ispaniya urush harakatlarida qatnashmagan bo‘l- sa-da, urush mamlakat aholisi turmush darajasini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Chunonchi, oziq-ovqat mahsulotlarining narxi 65 foizga ortdi. Inflatsiya kuchaydi va real ish haqi kamaydi. Buning oqibatida 1917-yil 13-avgustda mamlakatda yalpi siyosiy ish tashlash ro‘y berdi. Namoyishchilar monarxiyani tugatishni, Ta’sis Maj- lisi chaqirishni va Respublika hukumatini tuzishni talab qildilar. Ish tashlash shiddatli ko‘cha janglariga aylanib ketdi. Hukumat mamlakatda qamal e’lon qildi va armiyaning kuchi bilan tartib o‘rnatdi. Birinchi jahon urushining Ispaniyaga ta’siri Harbiy fashistik diktatura o‘rnatilishi 73 1918—1920-yillarda Ispaniyada inqilobiy harakat to‘lqini yanada kuchaydi. Bu hol hukmron doiralarni sarosimaga solib qo‘ydi. Shu yillar davomida hukumat 8 marta almashdi. Hukumat yetilgan dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etishga ojizlik qildi. Vujudga kelgan bu ahvol mamlakat- da harbiy diktatura o‘rnatilishi xavfini tug‘dirdi. Hukumat ijtimoiy harakatni bostirish uchun qanchalik harakat qilmasin, baribir, qator talablarni bajarishga majbur bo‘ldi. Chunonchi, 1920-yilning aprel oyidan boshlab 8 soatlik ish kuni joriy etildi. Ish haqi oshirildi, bolalar mehnati taqiqlandi. Qarilik va nogironlik sug‘urtalari joriy etildi. Ayni paytda hukmron doiralarning qo‘llab-quvvatlashi natijasida ispan fashistlari o‘z qurolli tashkilotlarini tuza boshladilar. Ularning asosiy vazifasi xalq harakatini bostirish edi. Hukumatning shafqatsiz terrori tufayli 1921- yilga kelib ijtimoiy harakatning pasayishiga erishildi. Biroq bu hol ko‘pga cho‘zilmadi. Mustamlakalarda ham harakat kuchaydi. 1921-yilning iyunida hukumat Ispaniyaning mustamlakasi — Marokashda boshlangan milliy- ozodlik harakatini bostirish uchun armiya yubordi. Biroq Ispaniya armiyasi tor-mor etildi hamda 25000 jangchi asirga tushib qoldi. Bu mag‘lubiyat mamlakatda urushga qarshi harakat boshlanishiga turtki bo‘ldi. Norozilik hatto armiya ayrim qismlarida ham ro‘y berdi. 1922—1923-yillarda ish tashlash harakati yana kuchaydi, hukumat ter- rorni to‘xtatishga hamda xuntalarni tarqatib yuborish to‘g‘risida qonun qabul qilishga majbur bo‘ldi. Ayni paytda, 1923-yil aprelida parlamentga qayta o‘tkazilgan saylovda Liberal partiya g‘alaba qozondi. Siyosiy voqealarning bu tarzda rivojlanishi qirol saroyini, hukmron doiralarni tashvishga solib qo‘ydi va ular o‘z hokimiyatini mamlakatda harbiy diktatura o‘rnatish yo‘li bilan saqlab qolishga qaror qildilar. Natijada 1923-yilning 13-sentabrida Kataloniya harbiy okrugi qo‘mon- doni general Primo de Rivera tomonidan davlat to‘ntarishi amalga oshirildi. Hokimiyat harbiy direktoriya qo‘liga o‘tdi. Shu tariqa Ispaniyada harbiy- fashistik diktatura o‘rnatildi (1923—1930). Primo de Rivera 1924-yilda «Vatanparvarlik ittifoqi» deb nomlangan fashistik partiyani tuzdi. Bundan ko‘zlangan maqsad diktaturaning ijtimoiy tarkibini kengaytirish edi. Bunga partiya safiga mayda va o‘rta mulkdorlarni jalb etish orqali erishish ko‘zda tutilgandi. Bundan tashqari, Primo de Ri- vera mehnat bilan sarmoyaning hamkorligini ta’minlash maqsadida «Bara- varlik komissiyasi» tuzdi va komissiyaga har ikki tomondan teng miqdorda vakillar kiritildi. Bu komissiya mehnat sharoiti va ish haqi masalasini hal etishi kerak edi. 1926-yilda ijtimoiy sug‘urta va ishsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi korporatsiya tuzildi. Ayni paytda diktatura ijtimoiy harakatni shafqatsizlik bilan bostirish yo‘lini tutdi. 74 Primo de Rivera o‘z diktaturasiga qonuniy tus berishga harakat qildi. Shu maqsadda 1925-yil dekabrda direktoriyani Ministrlar kabineti bilan almashtirdi va mamlakatda yangi Konstitutsiyani ishlab chiqishga kirishildi. Primo de Rivera Italiya fashizmi bilan yaqinlasha boshladi. 1926-yilning 7-avgustida u bilan do‘stlik to‘g‘risida shartnoma imzoladi. U tashqi siyosatda mustamlakalarni qanday bo‘lmasin saqlab qolishga intildi. Shu maqsadda milliy-ozodlik harakatini bostirish yo‘lini tutdi. Xususan, Fransiya bilan birgalikda 1927-yilda Marokash xalqining milliy- ozodlik harakatini qonga botirdi. Biroq ichki va tashqi siyosatda qo‘llangan usullar Primo de Rivera diktaturasini saqlab qola olmadi. 1929-yilda boshlangan jahon iqtisodiy inqirozi og‘ir ahvolda bo‘lgan Ispaniya iqtisodiyotini izdan chiqardi. Davlat qarzi keskin ko‘paydi. Keng miqyosda korrupsiya avj oldi. Mamlakatda inqilobiy portlash ro‘y berishining oldini olish maqsadida harbiy generalitet yanvar oyida Primo de Riverani iste’fo berishga majbur etdi. Ispaniya jamiyati bu davrda mamlakatni rivojlan- tirish uchun monarxiyani tugatish va respublika o‘rnatish, agrar islohot o‘tkazish, katolik cherkovi hukmronligiga barham berish, armiyani demok- ratlashtirish, aholi turmush darajasini oshirish, milliy masalani hal etish kabi muammolarni yechishga muhtoj edi, chunki bu muammolarni hal etmay turib Ispaniyada siyosiy barqarorlikni ta’minlab bo‘lmas edi. Iqtisodiy inqiroz bu muammolarni yanada chuqurlashtirib yubordi. Mamlakatda ish tashlash harakati yangi kuch bilan quloch yoydi. 1930- yilda bu tadbirda 1 mln dan ortiq ishchi qatnashdi. Bunday sharoitda, hatto yirik sarmoyadorlar ham, 1876-yilgi Konstitutsiyani qayta ko‘rib chiqish tarafdori bo‘ldilar. Ularning maqsadi kortes (parlament)ning huquqi oshirilishiga erishish edi. Sarmoyadorlar o‘z mavqelarini saqlab qolishning yo‘li monarxiyaga barham berish ekanligini tobora chuqur angladilar. Mamlakatda respublikachilik harakati kuchaydi. 1931-yil 12-aprelda bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlarda respublikachilar g‘alaba qozondi. Saylov yakuni haqidagi xabar siyosiy kurashning rivojlanishiga turtki berdi. Mamlakatda burjua-demokratik inqilobi yuz berdi. 14-aprel kuni inqilobchilar qirol hokimiyati ag‘darilganligini e’lon qildilar. Buni eshitgan va yengilishiga iqror bo‘lgan qirol Alfonso XIII shu kuni taxtdan voz kechdi va mamlakatdan qochib ketdi. 1931-yil iyun oyida Ta’sis Majlisiga saylov bo‘lib o‘tdi. Unda respub- likachi partiyalar va sotsialistlar g‘alaba qozonishdi. Mamlakatda sotsialistlar va so‘l respublikachilarning M. Asanya boshliq koalitsion hukumati tuzildi. 9-dekabrda mamlakatning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Konstitutsiya Ispaniyani «barcha mehnatkashlar respublikasi» deb e’lon qildi. Mamlakatda chuqur islohotlar o‘tkazilishi belgilandi. Chunonchi, agrar islohot haqida qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, yirik yer egalarining yerlari 1931-yil inqilobi. Monarxiyaning qulashi 75 uning haqini to‘lash evaziga musodara qilinishi ko‘zda tutildi. Bundan tashqari, eng og‘ir majburiyatlar bekor qilindi. Ijara haqi kamaytirildi. Milliy masala qisman hal etildi, ya’ni faqat Kataloniyaga cheklangan avtonomiya berildi, xolos. Koalitsion hukumat ishchilarning ahvolini yaxshilashga qaratilgan ba’zi tadbirlarni amalga oshirdi. Chunonchi, 8 soatlik ish kuni belgilandi. Ijtimoiy sug‘urta haqida qonun qabul qilindi. Tashqi siyosatda Ispaniya Fransiya bilan yaqinlasha boshladi. Italiya bilan tuzilgan do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani bekor qildi. 1933-yilda Sovet davlati bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi. So‘l kuchlar koalitsion hukumatining ichki va tashqi siyosatdagi tadbirlari o‘ng kuchlarni tash- vishga solib qo‘ydi. Ular qanday bo‘lmasin hokimiyatni egallashga bel bog‘ladilar. Shu maqsadda 1932-yilda «Ispaniya avtonom o‘nglar konferensiyasi» (SEDA)ga birlashdilar. Bu tashkilotda sarmoyadorlar, cherkov va harbiy doiralar bilan hamkorlik qilayotgan katta yer egalari yetakchilik qilardilar. Bu tashkilotni ayni paytda dehqonlarning o‘ziga to‘q qismi ham qo‘llab- quvvatlay boshladi. Fashistlar esa 1933-yilda «Ispan falangasi» deb atalgan partiya tuzdilar. O‘ng kuchlar faollashuviga xalq ommasining so‘l kuchlar hukumati (Asanya hukumati) siyosatidan noroziligi ham sabab bo‘lgan. Hukumatning islohotlarni o‘tkazishdagi qat’iyatsizligi xalq ommasi ko‘z o‘ngida uning obro‘sini to‘ka boshladi. Xususan, agrar islohot nihoyatda sustkashlik bilan hayotga yarim-yorti tatbiq etila boshladi. Masalan, 2 yil davomida atigi 7 mingdan ortiq dehqon xo‘jaligi yer ololgan, xolos. Buning ustiga iqtisodiy inqiroz tobora chuqurlashib bordi. Natijada ishsizlar soni 1,5 mln kishini tashkil etdi. Hukumat milliy masalada ham jiddiy o‘zgarishlar qila olmadi. Armiyani demokratlashtirish haqidagi va’dalar qog‘ozda qoldi. Katolik cherkov qudratli kuch bo‘lib qola berdi. 1933-yilning oxirida o‘tkazilgan parlament saylovlarida o‘ng partiyalar g‘alaba qozondilar. Shu tariqa, Ispaniyada fashistik to‘ntarish bo‘lishi tobora oydinlasha bordi. O‘nglar hukumati avvalgi islohotlarga qarshi tadbirlar o‘tkaza boshladi. Chunonchi, cherkovga qarshi qonun bekor qilindi va ruhoniylarga beriladigan davlat subsidiyasi tiklandi. Bu oddiy ruhoniylarni xonavayron bo‘lish va qashshoqlikdan saqlab qoldi. Minnatdorchilik ramzi sifatida, ruhoniylar o‘nglar hukumatining ashaddiy Download 3.01 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling