Sport trenirovkasiga gigiyenik talablar.
Sport trenirovkasi – sportchilarni tayyorlashning asosiy shakli hisoblanadi.
Trenirovkaning vazifasi rejalashtirilgan jismoniy mashg`ulotlarni muntazam qo`llash natijasida sportchi organizmining funksional imkonini takomillashtirish va sportda yuqori ko`rsatgichlarga erishishdir.
Jismoniy tarbiya va sportning asosiy maqsadi shug`ullanuvchilar sog`lig`ini mustahkamlash bo`lganidek, trenirovkaning asosiy vazifasi va maqsadi sportchi organizmini tashqi muhitning noqulay ta`sirlariga chidamligini oshirish, jismoniy rivojlanishini yaxshilash, sog`lig`ini mustahkamlash, funksional imkonini oshirish va jismoniy chiniqtirishdan iboratdir.
Trenirovkaning yuqorida bayon etilgan maqsad va vaziflari to`liq amalga oshishi uchun uning tashkil etilishi va o`tkazilishi gigiyenik talablarga to`liq mos bo`lishi kerak. Jumladan,
1. Trenirovka bilan shug`ullanuvchi sportchi gigiyenik talablar asosida tuzilgan kun tartibiga rioya qilishi shart. Kun tartibida sportchining trenirovka mashqini o`tkazish vaqti, dam olishi, ovqatlanishi va boshqa gigiyenik omillar aniq ko`rsatiladi.
2. Trenirovka mashqi yuklamasining hajmi sportchi organizmining funksional imkoniga mos bo`lishi kerak.
3. Trenirovka mashg`uloti o`tkaziladigan sport inshoati, uning jihozlari, sportchining kiyimi, poyabzali, himoya vositalari gigiyena talablariga to`liq javob berishi lozim.
4. Trenirovka mashqlari jarayonida sportchilarda o`ta charchash, zo`riqish va shikastlanish kabi noxush holatlarning oldini olishga qaratilgan va yuqoridagi 1, 2, 3 bandlarda bayon etilgan chora-tadbirlar trener tomonidan to`lig`icha amalga oshirilishi lozim.
Trenirovka mashqlarini rejalashtirish va o`tkazishda gigiyenik talablar buzilishining salbiy oqibatlari.
Trenirovka mashqlarini rejalashtirish va o`tkazishda gigiyenik talablarning buzilishi tufayli quyidagi salbiy holatlar yuzaga keladi:
1. Trenirovka mashqlarini bajarish jarayonida sportchi organizmi tez charchaydi.
2. Sportchida murakkab harakatlarni bajarishga shartli reflekslar hosil bo`lmaydi. Natijada u murakkab harakatlarni oson va tez bajarish imkoniga ega bo`lmaydi.
3. Trenirovka mashqlarini bajarish sportchi organizmining funksional imkonini oshirish o`rniga pasaytiradi, kuchsizlantiradi.
4. Sportchida jismoniy chiniqish belgilari yuzaga kelmaydi. Uning sport ko`rsatgichlari pasayadi.
5. Trenirovka mashqlarini bajarish jarayonida gigiyenik talablarga rioya qilmaslik sportchida o`ta charchash, o`tkir yoki surunkali zo`riqish hamda bular bilan bog`liq kasallik va shikastlanish holatlarining yuzaga kelishi ko`payadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |