Jismoniy tarbiya bilan shug’ullanuvchilarning shaxsiy gigiyenasi
Iqlimi, ob-havosi turli xil bo`lgan hududlarda musobaqa o`tkazilganda sportchilarni gigiyenik ta`minlash
Download 83.5 Kb.
|
Jismoniy tarbiya bilan shug’ullanuvchilarning shaxsiy gigiyenasi
- Bu sahifa navigatsiya:
- Havo harorati yuqori bo`lgan sharoitda sportchilarni tayyorlashda gigiyenik ta`lablar.
Iqlimi, ob-havosi turli xil bo`lgan hududlarda musobaqa o`tkazilganda sportchilarni gigiyenik ta`minlash.
Zamonaviy sport ob-havo, iqlim sharoiti har xil bo`lgan dunyoning turli qit`alarida xalqaro musobaqalar o`tkazilishi bilan xarakterlidir. Iqlimi, ob-havo sharoiti biznikidan jiddiy farq qiladigan mamlakatga musobaqaga borgan aksariyat sportchilarning sog`lig`ida noxush holat yuzaga kelish hollari, ya`ni nafas qisishi, yurak-tomir faoliyatining buzilishi, kuch-quvvatining kamayishi kabilar kuzatiladi. Bunday noxush holatlarni musobaqa boshlanguncha bartaraf etish, ya`ni sharoitga moslashish maqsadida sportchilar belgilangan manzilga musobaqa boshlanishidan 7-14 kun oldin yetib kelishlarini ta`minlash gigiyenik nuqtai nazardan maqsadga muvofiq hisoblanadi. Havo harorati yuqori bo`lgan sharoitda sportchilarni tayyorlashda gigiyenik ta`lablar. Jismoniy mashq bajarganda organizmda issiqlik energiyasining hosil bo`lishi ko`payadi va tana qiziydi. Havo harorati yuqori bo`lgan sharoitda esa bunga qo`shimcha organizmga tashqi muhitning yuqori harorati ham ta`sir qiladi. Havo harorati yuqori bo`lgani uchun organizmda hosil bo`lgan ortiqcha issiqlikni tashqi muhitga ajratish qiyinlashadi. Ayniqsa, havo harorati va namligi yuqori bo`lib, shabada bo`lmagan ob-havo sharoitida, katta kuch va tezlik talab qilinadigan jismoniy mashg`ulotlar bilan shug`ullanish odamda issiq urish holatini yuzaga keltirishi mumkin. Havo harorati +20 +25o, havoning nisbiy namligi 40-60 % bo`lib, odam tinch turgan paytda organizmning issiqlik almashinuvi me`yorida va ish qobiliyati yaxshi bo`ladi. Yengil jismoniy mashg`ulot bajarganda, organizmda issiqlik almashinuvi me`yorida bo`lishi uchun, havoning harorati +10 +15o, nisbiy namligi 30-50 % bo`lsa, sportchining ish qobiliyati yaxshi bo`ladi. Og`ir jismoniy mashq bajarganda havo harorati +5 +10o, nisbiy namligi 25-40% bo`lsa sportchining ish bajarish imkoni yaxshi bo`ladi. Umuman, katta kuch va tezlik talab qilinadigan jismoniy mashg`ulotlarda, havo harorati +10 +15o atrofida, havoning nisbiy namligi 40% dan past bo`lgani maqsadga muvofiq hisoblanadi. Havo haroratining yuqorida ko`rsatilgan gigiyenik me`yorlardan yuqori bo`lishi, sportchining mashg`ulot bajarishiga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Havo harorati yuqori bo`lgan sharoitda sportchining e`tiborliligi, harakatlarining aniqliligi, tezligi, tana muvozanatini saqlashi, bir harakatdan tezda boshqa harakatga o`tish qobiliyati susayadi. Buning natijasida sportchining ish qobiliyati pasayib, shikastlanish xavfi ortadi. Issiq sharoitda mashq oldidan sportchi tana haroratini normaga nisbatan hatto ozgina, ya`ni 1-1,5 darajaga ko`tarilishi mashqni bajarishga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Jismoniy mashq bajarish jarayonida sportchining tana haroratini +41- +42o gacha ko`tarilishi issiq urish belgisi bo`lib, hayot uchun xavf tug`diradi. Quyosh nurlari to`g`ridan-to`g`ri sportchining ochiq boshiga ta`sir qilishi, hayot uchun xavfli bo`lgan quyosh urishi holatini yuzaga keltiradi. Havo harorati yuqori bo`lgan sharoitda quyidagi gigiyenik tadbirlar o`tkazilishi maqsadga muvofiqdir: 1. Issiq sharoitga moslashtirilgan ratsional kun tartibini tuzish. Kun tartibida mashqlarni havo harorati nisbatan pastroq bo`lgan paytda o`tkazish, yuklama hajmi, dam olish, ovqatlanish, shaxsiy gigiyena tadbirlari bilan birgalikda, sportchini suv bilan yetarli ta`minlash, mashqdan keyin iliq suvda cho`milishi uchin sharoit yaratish, sport kiyimi va poyabzalini issiq sharoitga mos ravishda tanlash, issiq urishi va quyosh urishi hollarining oldini olish kabi tadbirlarga e`tibor beriladi. 2. Sport mashqlarini kuniga 2 marta, kunning salqin bo`lgan vaqtlarida, ya`ni ertalab va kechki paytlarda o`tkazish rejalashtiriladi. 3. Tabiiyki, issiq sharoitda mashq paytida terlash kuchayadi, shuning uchun vaqti-vaqti bilan sport kiyimini yechib, badan quruq sochiq bilan artilib, kiyim almashtiriladi. Chunki, terlash tufayli nam holatiga kelgan kiyim, quruq kiyimga nisbatan tana issiqligini tashqi muhitga kam o`tkazadi. 4. Trenirovka mashqi jarayonida sportchining tanasi qizib ketmasligi uchun unga har 30 minutda 5-10 minutlik dam (gipotermik pauza) beriladi. Dam olish paytida sovuq dush qabul qilish, yoki ustidan sovuq suv quyish kabilar iloji boricha kam qo`llanishi kerak. Chunki, qizib turgan tanaga sovuq suvning tez-tez ta`siri shamolash kasalliklarining yuzaga kelishiga sabab bo`ladi.Cho`miladigan suvning harorati havo haroratidan atigi 3-5o past bo`lishi kerak. 5. Shaxsiy gigiyenaga alohida e`tibor berish lozim. Chunki, issiq ob-havo sharoitida havoda chang ko`payadi, u esa kiyimlarga va teriga yopishadi. Chang va kir terining ter bezlari yo`lini to`sib, ter ajralishini va issiq ajralishini qiyinlashtiradi, shu bois, har safar mashqdan keyin iliq suvda sovunlab yuvinish va sport kiyimlarini almashtirish zarur. 6. Uyqu 8-9 soatdan kam bo`lmasligi kerak. 7. Sportchining kiyimi shtapel, paxta, kanop matolardan tayyorlangan bo`lgani ma`qul. Ushbu matolardan tayyorlangan kiyim quyidagi gigiyenik talablarga javob bera oladi: - yupqa va yengil, havoni yaxshi o`tkazadi; - tashqi muhitdan issiqlikni tanaga kam o`tkazadi; - quyosh nurini tanaga kam o`tkazadi, ya`ni uni qaytarish xususiyatiga ega bo`ladi; - tanadan ajralgan terni o`ziga shimib olib, uni sekinlik bilan bug`latadi; - terini changdan himoya qiladi. 8. Bosh kiyimi bosh va ko`zni quyosh nuridan himoya qilish xususiyatiga ega bo`lishi, yengil, havo va namlikni tanadan tashqi muhitga yaxshi ajratadigan bo`lishi kerak. 9. Poyabzal sandaliy tipida, yengil, yupqa bo`lishi lozim. Poyabzal ichiga kigizdan tayyorlangan patak (stelka) qo`yiladi. U terni yaxshi so`rib oladi. Har kuni mashqdan keyin oyoqlarni va paypoqlarni yuvish kerak. 10. Issiq sharoitda chanqashni kamaytirish uchun og`iz iliq suv bilan tez-tez chayib turiladi. Suvni ko`p ichish yaramaydi. Har zamonda 50-100 ml iliqroq suv ichib turiladi. Yaxshisi iliqroq ko`k choy ichish foydalidir. Ovqat tarkibida go`sht, sut, tvorog, tuxum, pishloq, meva va sabzavotlar ma`lum miqdorda ko`paytiriladi. Yog` miqdori kamaytiriladi. Ishtahani yaxshilash uchun ovqatlanishdan yarim soat oldin bir stakan ko`k choy ichish tavsiya etiladi. Shuningdek, oz miqdorda qalampir, sarimsoq, piyoz kabilar ham ishtahani yaxshilaydi. Issiq sharoitda sportchining ovqatlanish tartibi quyidagicha bo`lishi tavsiya etiladi: - ertalabki nonushta – soat 7 da – kunlik ovqatning 20-25 foizi; - ikkinchi nonushta – soat 12 da - kunlik ovqatning 15-20 foizi; - tushlik - soat 16 da - kunlik ovqatning 35-40 foizi; - kechki ovqat - soat 20 da - kunlik ovqatning 15-25 foizi; Yuqoridagi gigiyenik talablarga e`tibor bermaslik sportchida issiq urish holatining yuzaga kelishiga, ish qobiliyatining pasayishiga sabab bo`ladi. Download 83.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling