8-modda. O‘zbekiston Respublikasidagi olimpiya harakati
O‘zbekiston Respublikasidagi olimpiya harakati Xalqaro olimpiya harakatining bir qismi bo‘lib, olimpiya g‘oyalari va prinsiplarini ommalashtirish, O‘zbekiston Respublikasi sportchilarining Olimpiya o‘yinlarida qatnashishlari maqsadlarini ko‘zlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbarlik qiladigan O‘zbekiston Respublikasi olimpiya harakatiga ixtiyoriylik asosida sportchilar, sport turlari bo‘yicha federatsiyalar va uyushmalar, Olimpiya akademiyasi, olimpiya klublari hamda boshqa jismoniy tarbiya-sport birlashmalari va tashkilotlari kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qo‘mitasi nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, xalqaro olimpiya qo‘mitasining Olimpiya xartiyasiga va o‘z ustaviga muvofiq amalga oshiradi, shuningdek Xalqaro olimpiya qo‘mitasining olimpiya ramzi, shiori, bayrog‘i, madhiyasi, “olimpiya”, “Olimpiada” nomlaridan foydalanishga bo‘lgan mulk huquqini O‘zbekiston Respublikasi hududida yuridik himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.
9 modda. Jismoniy tarbiya va sportni, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish
Jismoniy tarbiya va sportni boshqarish davlat organlari, sog‘liqni saqlash organlari, ta’lim muassasalari va jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari hamda sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilinishini uyushtiradilar.
LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 484-son “Ommaviy sport targ‘ibotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga qarang.
Sportda shafqatsizlik va zulmni, inson qadr-qimmatini kamsitishni, inson sog‘lig‘iga zarar yetkazadigan stimulyatorlarni qo‘llashni targ‘ib qilish taqiqlanadi.
10-modda. Ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya
Ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya uzluksiz ta’lim tiziminiig eng muhim majburiy qismi bo‘lib, davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq yuqori malakali mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Jismoniy tarbiya bo‘yicha majburiy darslar, darsdan tashqari mashg‘ulotlar va test sinovlari barcha ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning fiziologik imkoniyatlariga mos ravishda o‘tkaziladi.
Ta’lim muassasalari harbiy xizmatga chaqirish yoshiga etmagan yoshlarni jismoniy jihatdan tayyorlaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |