16-modda. Sportda ko‘llanish man etilgan vositalar
Sport bilan shug‘ullanishda jismoniy tarbiya va sportni boshqarish davlat organlari, xalqaro sport tashkilotlari tomonidan man etilgan vositalarni qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuqori sport ko‘rsatkichlariga erishish maqsadida stimulyatorlardan, doping moddalaridan, Xalqaro olimpiya ko‘mitasi tomonidan man etilgan boshqa vositalardan foydalangan sportchi musobaqalardan chetlashtiriladi.
Stimulyatorlar, doping moddalari va boshqa man etilgan vositalarni tarqatishga yoki ishlatishga qasddan ko‘maklashayotgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
17-modda. Havaskorlik sporti va professional sport
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari havaskorlik sporti bilan, shuningdek professional sport bilan sportchi, trener yoki hakam sifatida shug‘ullanish huquqiga egadirlar.
Professional sport sohasidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni tuzish tartibi hamda ularning faoliyat ko‘rsatish shartlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Sport turi bo‘yicha sportchi, trener va hakam kasblariga ko‘yiladigan malaka talablari jismoniy tarbiya va sportni boshqarish vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
18-modda. Yuqori darajali sportchilarni tayyorlash
Yuqori darajali sportchilarni tayyorlash ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (olimpiya rezervi kollejlari, oliy sport mahorati maktablari, olimpiya tayyorgarligi markazlari vz boshqalar) tomonidan amalga oshirilib, ularning faoliyat ko‘rsatish tartibi jismoniy tarbiya va sportni boshqarish vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Jismoniy tarbiya va sportni boshqarish davlat organlari sport bo‘yicha terma komandalarning a’zolariga sport mashg‘ulotlarini ta’lim olish, mehnat faoliyati va harbiy xizmat bilan samarali uyg‘unlashtirish uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida sportchilar ishlayotgan, ta’lim olayotgan yoki harbiy xizmatni o‘tayotgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va harbiy qismlar bilan tegishli shartnomalar tuzishlari mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |