Biologik xilma-xillikka nisbatan aholining ekologik madaniyati va xabardorligi darajasini oshirish. Bugungi kunda biologik xilma-xillikni saqlash va undan foydalanish uchun odamlar amal qilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlardan ular xabardorligi darajasining yetarlicha emasligi tegishli chora-tadbirlar ko‘rishni talab etadigan muhim va dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.
Ishlab chiqilgan dasturlar va harakatlar rejalari asosida turli maqsadli guruhlarning xabardorligini oshirishga tizimli, kompleks yondashuv mavjud emas.
Qaror qabul qiladigan mansabdor shaxslar va jamiyatning biologik xilma-xillik va ekotizimlar xizmatlarining ahamiyatidan, mamlakatning farovonligi va rivojlanishiga ularning ulushidan xabardorligini oshirish ham muhim hisoblanadi.
Jamoatchilikni biologik xilma-xillik sohasidagi masalalarni hal etishga, shu jumladan, uning monitoringini olib borish tadbirlariga jalb etish aholining xabardorligi va ekologik madaniyati darajasini oshirishga ko‘maklashadi.
Strategiyani amalga oshirish mexanizmi. Strategiya Harakatlar rejasida nazarda tutilgan tadbirlar to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishi orqali amalga oshiriladi.
Strategiyaning qoidalari O‘zbekiston Respublikasining iqlim o‘zgarishiga, cho‘llanishga qarshi kurashga, suv resurslari va transchegaraviy suv oqimlaridan foydalanishga tegishli xalqaro shartnomalari doirasida ishlab chiqilgan boshqa hujjatlarga integratsiya qilinadi.
Strategiya milliy va mahalliy darajalarda atrof muhit muhofazasi bo‘yicha harakatlar rejalarini, fundamental va amaliy tadqiqotlarni, atrof tabiiy muhit monitoringiga, biologik xilma-xillikka to‘g‘ridan to‘g‘ri yuklamalarni qisqartirishga, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirishga, ekotizimlar xizmatlarini hisobga olgan holda biologik xilma-xillikni saqlab qolish va undan foydalanish samaradorligini oshirishga va iqlim o‘zgarishiga moslashishga, o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirishga, yaylovlarni barqaror boshqarishga, suv resurslarini muhofaza qilishga tegishli tarmoq rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish uchun huquqiy asoslardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Strategiyani amalga oshirish bosqichlari. Strategiyani amalga oshirish quyidagi davrlarga mo‘ljallanadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |