Malaka amaliyoti
Mulk qiymatini baholash faoliyati tushunchasi va mazmuni, baholash faoliyati obyektlari va subyektlari
Download 380.34 Kb.
|
BBI-50 Abduqosimova Gulnoza - Hisobot
Mulk qiymatini baholash faoliyati tushunchasi va mazmuni, baholash faoliyati obyektlari va subyektlari
Baholash faoliyati uzoq tarixga ega bo’lib, uning birinchi tajribasi Qadimgi Sharq xalqlari, Misr, Finikiya va Bobilda qarz berishda qo’llanilgan garovga borib taqaladi. Baholash faoliyatiga bilvosita aloqador bo’lgan hujjatlarni qonunchilik xarakteriga ega qadimiy manbalarda, xususan, Hammurapi qonunlarida topish mumkin. Yevropada qadimgi kotiblar va xazinachilarni birinchi baholovchilar deb hisoblash mumkin. Ko’pincha ular urush paytida qo’lga kiritilgan kuboklarni baholashda qatnashganlar, shuningdek, soliq sifatida olingan mol-mulkni baholashda ishtirok etganini ko’rishimiz mumkin. Dastlabki davrda baholash faoliyatining rivojlanishiga ta’sir ko’rsatgan muhim omillardan biri salib yurishlari edi. Ushbu urushlar davomida bosib olingan hududlarni ommaviy talon-taroj qilish Yevropaga tovarlar va ipotekalarning oqimini keltirib chiqardi. Salib yurishlari davrida gospitalistlar va tampliyerlarning buyruqlari paydo bo’ldi, ular vaqt o’tishi bilan pul operatsiyalari va yer sotib olishni boshladilar va asta-sekin butun xristian olamiga moliyaviy ta’sirini tarqatdilar. Bugungi kunda zamonaviy bank tizimining asoschilari sifatida tan olingan yahudiylar hali ko’chadagi pul almashtiruvchilar darajasidan yuqoriga ko’tarilmaganlarida, Templars allaqachon ishlab chiqilgan veksel tizimiga ega bo’lgan, oltin va qimmatli qog’ozlar yordamida pul operatsiyalarini amalga oshirgan. Ular, shuningdek, bir vaqtning o’zida baholash faoliyati bilan shug’ullanganlar, chunki ular sharq va g’arbning turli valyutalarini almashtirish zaruriyatiga duch kelishgan. Yevropada zamonaviy davrlarda baholash faoliyatida ko’chmas mulkni baholash doirasida ancha rivojlana boshladi. Bu davrda kadastrlar mavjud edi. Tadqiqotchi I.D. Serdyukova qayd etishicha, kadastr ishlari dastlab soliqqa tortish maqsadida amalga oshirilgan. Birinchi kadastr baholari Milan gersogligi (1718-1759) va Tirol (1771-1784) da amalga oshirilgan. XIX asr boshlarida ko’chmas mulkni tavsiflash, ro’yxatga olish va baholashni o’z ichiga olgan kadastr ishlari G’arbiy Yevropaning ko’plab mamlakatlarida amalga oshirila boshlandi. Frantsiya (1790–1854), Avstriya (1817–1883), Saksoniya (1835–1843), Vyurtemberg (1820–1873), Prussiya (1861–1868) kadastrlarining tavsiflari va natijalari bilan mashhur bo’lgan. XIX-XX asrlar oxirida baholash faoliyati sohasidagi ishlarni tartibga soluvchi professional tashkilotlar paydo bo’la boshladi. Tarixan, bu tashkilotlar asosan bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda paydo bo’lgan, chunki u yerda o’z-o’zini tartibga solish mexanizmi mustaqil professional baholovchining paydo bo’lishiga yordam bergan. Iqtisodiy inqirozlarga moyil bo’lgan davlatlarda davlat-tartibga soluvchi organ baholash faoliyatida yetakchi rol o’ynagan. Italiya, Ispaniya, Yaponiya - litsenziyalash shaklida ma’lum bir davlat tomonidan tartibga solinadigan davlatlar hisoblangan, shuningdek, ko’chmas mulk baholovchilarini davlat tomonidan tartibga solish (litsenziyalash) 20 yil oldin AQShda joriy etilgan. Mulk qiymatini baholash faoliyati tushunchasi “Baholash” (appraise) fe’li, bir necha xil ma’noga ega. U narxni aniqlash, qiymatni belgilash, miqdorni baholash, nimanidir sifati qadr-qimmati haqida xulosa chiqarish kabi ma’nolarni anglatadi. Baholovchilar amal qiladigan baholash jarayoni barcha ma’nolarni qamrab olishi tufayli baholovchi nafaqat baholanayotgan obyektning qimmatini aniqlaydi, balki qiymatni aniqlash uchun miqdoriy va sifat ko’rsatkichlarini belgilaydi. “Baho” (appraisal) atamasi ham qo’yilgan shart va maqsad mazmuniga qarab bir necha ma’noga ega bo’lishi mumkin. U baholash bo’yicha harakatni, yoki qiymat haqidagi xulosani, yoxud tadqiqotlar natijalari taqdim etilgan hisobotni anglatishi mumkin. Baholash faoliyatida ishlatiladigan baho va baholash so’zlariga quyidagicha ta’rif qabul qilindi: baholash - bu umumiy qabul qilingan tartiblarga mos keladigan va baholashning umumiy qabul qilingan tamoyillarining qo’llanilishi bilan bajariladigan, tegishli tadqiqot yo’li bilan qiymatni belgilash san’atidir; baho - bu obyektni batafsil o’rganishga asoslangan qiymat haqidagi fikrdir. O’zbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati haqida”gi Qonunining 3-moddasida shunday deyilgan: “Baholash faoliyati baholovchi tashkilotning baholash obyekti qiymatini aniqlashga qaratilgan faoliyati tushuniladi”. Baholovchi tashkilot baholash faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo’lgan yuridik shaxsdir. Baholovchi tashkilot o’z faoliyatida mustaqildir. Xizmatlarning iste’molchisi yoki boshqa manfaatdor shaxslarning baholovchi tashkilot faoliyatiga aralashishiga yo’l qo’yilmaydi. Baholovchi tashkilot qonun hujjatlarida nazarda tutilgan istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi va o’z faoliyatini amalga oshirishi mumkin, aksiyadorlik jamiyati bundan mustasno. Bunda quyidagi majburiy shartlarga rioya etilishi kerak: baholovchi tashkilotning rahbari baholovchi bo’lishi; baholovchi tashkilotning shtat birligi tegishli malakaga ega bo’lgan baholovchilarning shtatdagi eng kam soniga doir, qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq bo’lishi; baholovchi tashkilotda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan miqdordagi ustav fondining mavjudligi; baholovchi tashkilotda baholovchi tashkilotning fuqarolik javobgarligini sug’urta qilish shartnomasi bo’yicha sug’urtalovchining majburiyatlari kuchga kirganligini tasdiqlovchi sug’urta polisining mavjudligi Baholovchi belgilangan tartibda litsenziyalovchi organ tomonidan berilgan baholovchining malaka sertifikatiga ega bo’lgan jismoniy shaxsdir. Baholovchi baholash ishlarini o’tkazishga, agar u baholovchi tashkilotning shtatida turgan bo’lsa yoki baholovchi tashkilot u bilan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzgan bo’lsa, baholovchi tashkilot tomonidan jalb etilishi mumkin. Baholovchi nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar o’tkazadigan tekshirishlarda va boshqa tadbirlarda baholovchi tashkilot hamda ushbu organlar o’rtasida tuzilgan shartnoma asosidagina mutaxassis sifatida ishtirok etishi mumkin. Baholovchining yordamchisi baholovchining malaka sertifikatiga ega bo’lmagan va baholovchining baholash obyektini baholashdan o’tkazish bilan bog’liq topshiriqlarini bajaradigan, baholash obyektini baholash to’g’risidagi hisobotni hamda baholashni o’tkazish bilan bog’liq boshqa rasmiy hujjatni imzolash huquqiga ega bo’lmagan jismoniy shaxsdir. Baholovchi yordamchisining mehnat shartlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, baholovchi tashkilot bilan tuzilgan mehnat shartnomasida belgilab qo’yiladi. Baholovchining yordamchisi sifatida ishlangan vaqt baholovchining malaka sertifikatini olish uchun zarur bo’ladigan ish stajiga qo’shiladi Baholash maqsadi mijoz investitsion qaror qabul qilishi, bitim tuzish, moliyaviy hisobotga o’zgarishlar kiritishi uchun zarur bo’lgan baholanadigan qiymatning u yoki bu ko’rinishini aniqlashdan iborat bo’ladi. Baholash ishlarining tashkil etilishidan davlat tizimidan tortib, xususiy shaxslargacha nazorat-tekshiruv organlari, boshqaruv tizimi, kredit organlari, sug’urta kompaniyalari, soliq firmalari, mulkning xususiy egalari, investorlar singari har xil tomonlar manfaatdor bo’lishi mumkin. Baholash jarayonida ishtirok etadigan tomonlar o’z iqtisodiy manfaatlaridan kelib chiqib, baholash maqsadini belgilaydilar. Mulkni baholash quyidagi maqsadlarda amalga oshirilishi mumkin: tashkilot yoki firmani boshqarish samaradorligini oshirish; tashkilot obligatsiyalari va aksiyalarini bozor fondida sotish; asoslangan innovatsion qarorlar qabul qilish; tashkilotni yaxlit yoki uning ayrim qismlarini sotish; shartnoma bekor qilinishi yoki sheriklardan birining vafoti munosabati bilan hamkorlarning ulushini belgilash; tashkilotning qayta tuzilishi; tashkilotning yo’qotilishi, birini biri yutib yuborishi, ularning birlashtirilishi yoki xolding tarkibidan ayrim tashkilotlarning ajrab chiqishi uning bozor narxini belgilashni taqozo etadi. Shunday holatlarda aksiyalarni sotish yoki sotib olish narxi, konversiya narxi yoki birlashtirilgan tashkilot aksiyadorlariga beriladigan mukofot qiymatini aniqlash; tashkilotni takomillashtirish rejasini ishlab chiqish. Strategik rejalashtirish jarayonida firmaning nazarda tutilayotgan daromadini, uning qat’iylik darajasi va imij qiymatini baholash; tashkilotning kreditga qodirligi va uning kredit olishdagi garov qiymatini aniqlash. Bunday vaziyatlarni baholashda buxgalter hisobi bo’yicha aktivlar qiymatining bahosi uning bozor bahosidan keskin farq qilishi mumkin; yo’qotish holatiga kelib qolib, aktivlarning qiymatini belgilash zarurati paydo bo’lganda sug’urta qilish; soliqqa tortilish; soliqqa tortilishi lozim bo’lgan baza aniqlangan holatlarda tashkilotning daromadi va uning imijini obyektiv baholashni tashkil etish; asosli boshqarish uchun zarur bo’lgan qarorlar qabul qilish. Inflatsiya tashkilotning moliyaviy holatini buzadi. Shuning uchun mulkni mustaqil baholovchilar yordamida muntazam ravishda qayta baholab turish moliyaviy qarorlar qabul qilish uchun baza hisoblangan moliyaviy hisobotlarning haqqoniyligini oshirish imkonini beradi; mulkni rivojlantirishni investitsion loyihalashtirish. Bunday holatlarda uni asoslash uchun korxonaning dastlabki bahosini, uning xususiy kapitali, aktivini bilish zarur. Baholash jarayonining subyektlariga quyidagilarni kiritish mumkin: davlat hokimiyati organlari; baholovchilarning professional uyushmasi; baholash xizmatining iste’molchilari – ijro hokimiyatining baho haqidagi hisobotda o’z aksini topadigan ma’lumotlarga ega bo’lgan jismoniy va yuridik shaxslari; tashkilotlar va yuridik shaxslarning individual baholovchilari; buyurtmachi-baholovchilarni – baholovchi va yuridik yoki jimsoniy shaxslarning yozma shakldagi shartnoma bo’yicha o’zaro kelishuv asosida u yoki bu obyektning baholanishi amalga oshiriladi. Baholash obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi: alohida moddiy obyektlar (ashyolar); mol-mulkka yoki mol-mulk tarkibidagi ayrim ashyolarga bo’lgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar; shaxsning mol-mulkini tashkil etuvchi ashyolar majmuyi, shu jumladan muayyan turdagi (ko’char yoki ko’chmas) mol-mulk; talab qilish huquqlari, majburiyatlar (qarzlar); ishlar, xizmatlar, axborot; intellektual mulk obyektlari va qonun hujjatlarida fuqarolik muomalasida bo’lishi mumkinligi belgilangan boshqa fuqarolik huquqlari obyektlari. Xulosa qilib aytganda, baholash faoliyatining paydo bo’lishi va rivojlanish tarixi ulkan tarixga ega. Buning yorqin misoli sifatida Buyuk Britaniyada baholash faoliyatining ilk namoyondalarini ko’rishimiz mumkin. Baholash faoliyati XIX asrning o’rtalarida, 1861-yilda Buyuk Britaniya qiroli tomonidan syurveyrlarga (ingl. surveyor - yer o’lchovchi) kasbni o’zini-o’zi tartibga solish huquqi bilan berilgan vaqtda ularning kasbi doirasida paydo bo’lgan va Qirollik charter syurveyrlar instituti tashkil etilgan. Ushbu faoliyat yillar davomida rivojlanishi natijasida yangidan yangi atamalar yaratila boshlandi. Baholash tashkilotlari ushbu nomga ega bo’lishi uchun bir qancha shartlarga rioya qilishi, baholovchi esa malaka sertifikatiga ega bo’lishi kerak. Shuningdek, baholash faoliaytining subyekt va obyektlari ham o’z doirasidan kelib chiqib ushbu guruhlarga ajratildi. Download 380.34 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling