Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar
Download 0.59 Mb.
|
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz
bob. Eng aqlli sinfMaktab men uchun qorong‘u kunlarda ko‘nglimni yoritgan sham kabi edi. Ko‘chaga chiqqanimda qaysi erkakka ko‘zim tushsa ko‘zimga tolibon vakili sifatida ko‘rinaverardi. Qiz bola bo‘lganim tufayli maktab sumkasi va kitoblarini kiyimlarimiz ostiga yashirdik. Otam dunyodagi eng chiroyli ko‘rinish — bu ertalab forma kiyib maktabga borayotgan bolalar ekanligini tez-tez takrorlar edi. Ammo endi hammamiz forma kiyishdan hadiksirar edik. O‘sha paytlarda endi o‘rta maktabga o‘tgandim. Maryam xonimning aytishicha, o‘qituvchilar bizning sinfga dars o‘tishdan juda cho‘chir, biz tomonimizdan yuboriladigan «savollar yomg‘iri”dan qanday eson-omon chiqib ketish haqida bosh qotirar ekan. Sinfimizdagi barcha o‘qituvchilar deyarli bir xil saviyaga ega edi. Boshqa qizlar bayram va to‘ylarga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida, qo‘llariga kapalaklar va gullar tasviri tushirilgan xina chizishganida, biz kimyoviy formulalar va matematik tenglamalar yozilgan qo‘llarimizga boqib, zavqlanardik. Malika-i-Nur bilan raqobatimimiz avj pallasiga yetgan davrlar edi. U meni orqada qoldirib, sinfdagi birinchi o‘quvchi maqomiga erishganidan so‘ng, men haqiqiy shok holatini boshdan kechirdim va yanada qattiqroq o‘qiy boshladim. Nihoyat, qilgan mehnatlarim o‘z samarasini berib, yana o‘z o‘rnimga qaytishga muvaffaq bo‘ldim. Malika- i-Nur ikkinchi, eng yaqin dugonam Moniba esa uchinchi o‘rinni band etib turishardi. O‘qituvchilar bizga imtihon oluvchilar birinchi navbatda xusnixatga, ikkinchi navbatda esa o‘z tushunchasini qay darajada bayon etishiga eʼtibor qaratishini tayinlardi. Uchalamizning oramizdan Monibaning xusnixati eng chiroylisi bo‘lsa, mazmun borasida esa menga yetadigani yo‘q edi. Moniba oilasi uning yaxshi o‘qimayotganini bahona qilib, maktabga borishini taʼqiqlab qo‘yishidan qo‘rqib, tinimsiz mehnat qilardi. Eng ojiz tomonim – matematika bo‘lib, bu fandan 0 olish sharafiga muyassar bo‘lgandim. Ammo ojiz tomonim bo‘lgan matematika bo‘yicha ko‘proq o‘z ustimda ishlardim. Kimyo o‘qituvchimiz janob Obaydulla (biz o‘qituvchilarimizni «janob” yoki «xonim” deb chaqirardik) meni tug‘ma siyosatchi deb eʼtirof etardi. Gap shundaki, og‘zaki imtihon oldidan men doim unga murojaat qilib: — Janob, siz eng yaxshi o‘qituvchisiz, kimyo esa mening eng sevimli fanim, — deyishni kanda qilmasdim. Baʼzi ota-onalar otam maktab egasi bo‘lgani uchun ham mening aʼlo baholarim naqd deb o‘ylashar, ammo sinfdoshlar o‘rtasidagi keskin raqobatga qaramay, oramizdagi do‘stlik hech qachon uzilmagan va hech qachon bir birimizga hasad qilmaganmiz. Maktab imtihonlaridan tashqari biz xususiy maktablarning eng yaxshi o‘quvchilarini aniqlaydigan tuman imtihonlarida ham qatnashardik. Bir marotaba Malika-i-Nur bilan men ushbu imtihonlarda bir xil ko‘rsatkich qayd etdik va birinchi o‘rinni kim olishini aniqlash uchun yana bir insho yozishimizga to‘g‘ri keldi. Ammo bu safar ham bir xil baho oldik. Odamlar menga o‘zgacha munosabatda bo‘lishadi deb o‘ylashlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun otam do‘sti Ahmad Shoh boshqaradigan maktabda biz uchun yana bir imtihon tashkil qilib berdi. Bu safar ham bir xil ko‘rsatkich qayd etdik. Maktabda faqat o‘qish bilan chegaralanib qolmay, ko‘ngilochar tadbirlarda ham ancha faol edik. Kichik pesalarni sahnalashtirishni jon dilimizdan sevardik. Bir paytlar Romeo va Julʼetta asosida korrupsiya haqida sketch yozgandim. Mening sketchimdagi Romeo — bu ishga kirmoqchi bo‘lgan odamlardan intervyu oladigan hukumat xodimi. Bu rolni o‘zim o‘ynagandim. Syujet quyidagicha edi: Birinchi ariza beruvchi sahnaga kirib keladi va Romeo unga bemaʼni savollarni beradi, masalan: Velosipedning nechta g‘ildiragi bor? Ikkita. Qanday ajoyib topqirlik! Keyingisi. Keyingi daʼvogar erkak bo‘lib Romeo unga javob topish imkonsiz bo‘lgan savolarni beradi. O‘rningizdan turmagan holda, uchinchi qator, to‘rtinchi o‘rindiqda o‘tirgan muxlisning ismini ayting. Men buni qayerdan bilaman? Bilmaysizmi Axir, rezyumengizda doktorlik darajangiz borligini yozgansizku! Oxir oqibat Romeo qizni ishga oladi. Qiz rolini Moniba o‘ynagan bo‘lsa, yana bir sinfdoshimiz Attiya Romeoning kotibasi rolini gavdalantirgandi. Uning hazil aralash gaplari sahna asarining yanada jonlantirishga hissa qo‘shdi. Ushbu sahna asarini tomosha qilgan muxlislar ajoyib madaniy xordiq chiqarishdi. Mening odamlarga juda mohirona taqlid qila olishimni hamma bilardi, shu sabab tanaffus paytida do‘stlarim mendan o‘qituvchilardan birini, ko‘pincha janob Obaydulla obrazini o‘ynab berishimni so‘rab, xol-jonimga qo‘yishmasdi. Atrofimizdagi tahlikali voqealarga qaramay, biz hazil qilishni va o‘ynab-kulishni yaxshi ko‘rardik. 2007 yil oxiridagi harbiy operatsiyalar vodiymizni tolibonlar zulmidan xalos qilmadi. Hukumat qo‘shinlari hamma joyda hoziru nozir bo‘lishiga qaramay, Fazlulloh har kuni radiodagi chiqishlarini davom ettirdi. 2008 yilda vaziyat yanada keskinlashdi, qotillik va portlashlar soni ancha oshdi. O‘sha kunlarda biz o‘zimizni toliblar va armiya o‘rtasida xuddi bolg‘a va sandon o‘rtasida bo‘lgandek his qilardik. Attiya tez-tez tolibon armiyadan kuchli ekanligini taʼkidlardi. Men esa quyidagicha javob berardim — Agar sher va ilon senga hujum qilishga tayyorlanayotgan bo‘lsa, qaysi biri yaxshiroq ekanligi haqida o‘ylab ko‘rasanmi? Shuncha xavf-xatarlarga qaramay, maktabimiz hammamiz uchun dunyo tashvishlaridan holi hududga aylanib qolgandi. Sinfdoshlarimning barchasi shifokor bo‘lishni xohlar, faqat men ixtirochi bo‘lishni va Tolibonning barcha qurollarini yaroqsiz holga keltiradigan va o‘zlarini vodiydan shamol singari daf bo‘lishga majburlaydigan mashina ixtiro qilishni orzu qilardim. Xavf qachondir maktabga ham yetib kelishidan cho‘chigan baʼzi o‘quvchilar maktabga bormaslikka qaror qilishdi. Fazlulloh radiodagi chiqishlarida qizlarning uyda o‘tirishi kerakligini doimiy ravishda talab qilar edi. Uning odamlari maktablarni portlatishga kirishganlarida havotirimiz bir necha karraga oshib ketdi. Ular bu razil qilmishlarini odatda komendantlik soatlaridan keyin, maktab binolari bo‘sh turgan vaqtda amalga oshirishardi. Birinchi bo‘lib Matta shahridagi Shavar Zangay nomidagi davlat qizlar maktabi portlash o‘chog‘iga aylandi. Kim bu vaxshiylikni sodir etishga jurʼat etganini tasavvurimizga ham sig‘dira olmasdik. Asta-sekinlik bilan portlashlar bir-biriga ulanib ketdi, hatto Mingorani ham chetlab o‘tmadi. Bomba ikki marta uyimizga shu qadar yaqin portladiki, devorlar titrab, tokchalardagi narsalar pastga qulab tusha boshladi. Bunday portlashlardan biri men oshxonada bo‘lganimda sodir bo‘lgan va aynan o‘sha ondan boshlab oshxonaga yolg‘iz borishga qo‘rqib qolgandim. 2008 yil fevral oyining so‘nggi kunlari. Oshxonada ekanligimda quloqni qomatga keltiradigan ovoz angradi. Bomba shu darajada yaqin masofadan portladiki, hamma yaqinlarining sog‘-salomat ekanligiga ishonch hosil qilish uchun bir-biriga qo‘ng‘iroq qilishni boshladi: “Haysta, Pisho, Babi, Xushal, Atal!“ Keyin sirenlarning jaranglashi eshitilib, Mingoradagi barcha tez yordam mashinalari bir vaqtda ko‘chada yurgandek tuyuldi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay xudkush terrorchi Hoji Bobo o‘rta maktabining tashqarisidagi basketbol maydonchasida portlash uyushtirgani ayon bo‘ldi. Oradan yana ozroq muddat o‘tib, jangarilardan qochib ketayotganida, xudkush terrorchi tomonidan o‘ldirilgan mashhur mahalliy politsiyachi Javid Iqbol uchun janoza namozi o‘qilayotganida Tolibon navbatdagi teraktni uyushtirdi. Portlash natijasida ellik besh kishi, jumladan Javidning kichik o‘g‘li Iqbol va ko‘plab yaxshi birodarlarimiz halok bo‘ldi. Dafn marosimida Moniba oilasining o‘n nafar aʼzosi qatnashgan, ularning barchasi jarohatlangan yoki boqiy dunyoga rihlat qilgandi. Moniba bundan tushkunlikka tushib qoldi, butun shahar unga va uning oilasiga hamdard bo‘ldi. Barcha masjidlarda o‘ldirilganlar uchun duolar o‘qildi. Otamdan: Siz qo‘rqyapsizmi? – deb so‘radim. Qo‘rquv zulmat paytida kuchayadi, Jani. Ammo tonggi quyosh nurlari bilan jasorat yana bizga qaytadi. Butun oilamizning yuragida qo‘rquv in qurgan bo‘lsa ham, jasoratimiz bilan qo‘rquvni yengishga urinardik. Biz vodiyimizni toliblardan ozod qilishimiz kerak. Shundan so‘nggina barcha qo‘rquvlar o‘tmishda qoladi. Otam shu gaplarni doimo takrorlab kelardi. Biz pushtunlar inqrozli vaziyatlarda doimo sinovdan o‘tgan usullarga murojaat qilamiz. 2008 yilda vodiy oqsoqollari Qumi Jirg‘a (Birlashgan Oqsoqollar Kengashi) deb nomlangan yig‘ilishda Fazlullohga qarshi qanday kurash olib borish kerakligini muhokama qilishdi. Uchta mahalliy faollar Muxtor Xon Yusufzoy, Xurshid Kakadji va Zohid Xon uyma-uy yurib, oqsoqollarni ushbu yig‘ilishda qatnashishga chorladi. Oqsoqollarning boshlig‘i Angliya qirolichasining Svat vodiysiga tashrifi mobaynida unga hamrohlik qilgan Abdulxon Xoliq ismli yetmish to‘rt yoshli, soch-soqoliga oq oralagan kishi edi. Garchi otam na oqsoqol va na xon bo‘lgan bo‘lsada, undan ham ushbu yig‘ilishda qatnashishni iltimos qilishdi. Uning o‘z fikrini erkin ifoda etishdan qo‘rqmasligini hamma bilardi. Garchi otam pushtun tilida boshqa tillarga qaraganda yaxshiroq gaplashsa ham, Pokistonda davlat tili hisoblangan urdu tilida ham erkin gaplasha olishi bilan bemalol maqtana olardi. Bundan tashqari, u ingliz tilida ham ravon gaplashar edi, demak u Svat vodiysi va tashqi dunyo o‘rtasida bog‘lovchi vazifasini o‘tashi mumkin edi. Otam deyarli har kuni Svat vodiysi oqsoqollar kengashi nomidan ommaviy axborot vositalarida Fazlullohga qarshi chiqish qilardi: Nimalar qilyapsiz ey Fayzulloh va uning gumashtalari? Siz bizning madaniyatimizni va insonlarning tinch hayotini buzmoqdasiz! Otam menga «Tinchlik uchun kurashadigan har qanday tashkilotga aʼzo bo‘lishga tayyorman”, deb ko‘p bora taʼkidlardi. — Agar biz ziddiyat yoki nizoni hal qilmoqchi bo‘lsak, avvalo haqiqatni tik aytishdan cho‘chimasligimiz kerak. Oddiy misol, senda bosh og‘rig‘i bo‘lsa-yu lekin shifokorga oshqozoning og‘riyotganini aytsang, u seni qanday davolay oladi? Haqiqat hamma narsaga shifo bo‘la oladi. Faqat haqiqatgina qo‘rquv ustidan g‘alaba qozona oladi. Otam boshqa huquq himoyachilari bilan, ayniqsa eski o‘rtoqlari Ahmad Shoh, Muhammad Farruh va Zohidxon bilan uchrashganda ularning suhbatlariga tez-tez quloq osardim. Ahmad Shoh Muhammad Farruh ishlagan maktabning egasi bo‘lib, tez-tez o‘sha maktab tashqarisidagi tennis kortida unga duch kelib turardim. Zohidxon mehmonxonaga egasi bo‘lib, uning katta hujrasi har tarafdan kelgan mehmonlar uchun boshpana vazifasini o‘tardi. Otamning do‘stlari uyimizga kelganlarida, men ularga choy olib kirib berar, keyin jimgina yerga cho‘kib, ularning suhbatlarini tinglardim. Ular tez-tez otamga qarata, «Malala nafaqat sening, balki bizning қизимиз» deb meni alqab qo‘yishardi. Otam va uning do‘stlari tez-tez Peshovar va Islomobodga sayohat qilishgan va radioda ko‘plab intervyular berishgan. Ular, ayniqsa, Amerika Ovozi va BBC singari stansiyalarda tez-tez chiqib turishardi. Ular butun dunyo tinglovchilariga Svat vodiysida bo‘lib o‘tayotgan voqealarning Islom bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini tushuntirib berishardi. Otamning taʼkidlashicha, agar bu harakat baʼzi harbiy va hukumat amaldorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaganida, bizning vodiyda Tolibon zulmini amalga oshirish mumkin emas edi. Davlat o‘z fuqarolarining huquqlarini himoya qilishi kerak, agar davlat va nodavlat tashkilotlar o‘rtasidagi chegara xiralashadigan bo‘lsa, odamlar davlatga bo‘lgan ishonchini so‘ndirib, boshqa «mehribon” nodavlat tashkilotlardan panoh topishadi. Pokiston armiyasi va idoralararo razvedka xizmati juda kuchli ekanligi sababli odamlar bunday qaltis mavzularda baland ovozda gapirishga jurʼat eta olishmasdi. Ammo otam va uning do‘stlari hech narsadan qo‘rqishmas edi. «Hozir bo‘layotgan voqea-hodisalar Pokistonga xalqiga qarshi qaratilgan”, degandi otam o‘z intervyularidan birida. «Toliblar o‘rnatmoqchi bo‘lgan rejim g‘ayriinsoniy hisoblanib, uning gurkirab rivojlanishi uchun nafaqat Svat vodiysi, balki butun boshli Pokiston ham qurbon bo‘lishi kerak. Ona ko‘ra bila turib o‘z farzandlarini xavf ostida tashlab qo‘ymaganidek davlat ham o‘z fuqarolarining xavfsizligi uchun kurashishi shart va zarur.» Aksariyat fuqarolar «…ni qisgan boy бўлар» maqoliga amal qilib kelayotgani otamning g‘azabini qo‘zg‘ar, kitoblarda va gazetalarda nohaqlikka chiday olmaydigan deb ulug‘langan millatining aksariyat aholisi adolatsizliklarga qarshi jim qarab turishini kuzatib kechalari uyqusi qochib ketardi. U har doim cho‘ntagida fashistlar Germaniyasi davrida yashagan ruhoniy va dinshunos Martin Nimellerning sheʼri yozilgan qog‘ozni olib yurardi. Sheʼrning asl matnini eslay olmasam ham, tahminiy maʼnosi quyidagicha edi: Download 0.59 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling