Savolni aniq ifodalash uchun chegaralar o‘rnating
Suhbatdosh umumiy gaplar bilan javob bersa, savolni aniq ifodalash uchun cheklash usulidan foydalaning (…dan ko‘proqmi yoki kamroq …dan kamroq, iyun oyigachami yoki iyun oyidan keyin). «Provinсe» gazetasining muxbiri sifatida faoliyat yuritgan Bonni Kettner katta bir sug‘urta kompaniyasidan syujet tayyorlashda yuqoridagi usuldan foydalanganligini aytadi: «Men ular bilan telefon orqali bog‘langanimda, kompaniya rahbaridan «Sizga bunday ma’lumotni bera olmayman», degan javobni oldim. Ammo uning gapirish ohangidan suhbatlashishga moyilligi sezildi. Men: «Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’riflar 30% ga oshar emish»,- dedim (albatta bu mening taxminiy hisoblarim edi). U: «Yo‘g‘-e, menimcha, sizga bu gapni aytgan kishi biroz bo‘rttirgan», – dedi. Shunda men: «Yana bir manbada esa 15% deb ko‘rsatilgan», – deya tusmolladim. Kompaniya rahbari bu miqdor pastroq ekanligini aytdi. Men vaziyatdan foydalanib, «Demak, gazetaga taxminan 20% deb yozsam, unchalik katta xato qilmasam kerak» – dedim. U esa: «Nimani istasangiz, shuni chop etishingiz mumkin»,-deb javob qaytardi.
Baholashni iltimos qiling
Bu cheklovli uslub bo‘lib, suhbatdoshingizga keltirilgan variantlarni baholash imkonini beradi. Siz undan «yaxshiroq – yomonroq», 1dan 10gacha bo‘lgan sonlar sirasida yoki «ko‘proq, kamroq» uslubida baholashini so‘rang. Syujetingizda esa suhbatdoshingizga variantlarni tasniflab berish taklif qilinganligini albatta aytib o‘ting.
«…yoki…» usulidan foydalaning
Bu ham cheklashli uslub, lekin unchalik ishonchli emas. Ammo ba’zan samarali bo‘lishi ham mumkin. Bunda suhbatdoshingiz 2ta variantdan birini tanlashi kerak bo‘ladi: «Aviahalokat oqibatida 20ta yo‘lovchi jarohatlandimi yoki hayotdan ko‘z yumdimi?». Yana shuni unutmangki, o‘z materialingizda suhbatdoshingizga cheklangan variantlarni tanlash taklif qilinganligini aytib o‘tishingiz lozim.
Javobni takrorlang
Agar suhbatdoshingiz aytgan gaplarni to‘liq tushunmagan bo‘lsangiz, uning javobini takrorlab, ma’lumotni aniqlashtirib oling, („Ya’ni sizning aytishingizcha, …”) kabi. Suhbatdoshingiz esa siz uning javobini to‘laligicha tushunishga intilayotganingizni bilib minnatdor bo‘ladi. Agar siz nimanidir noto‘g‘ri tushungan bo‘lsangiz, yaxshisi bu haqda maqola nashr qilinganidan keyin emas, aksincha intervyu davomida bilganingiz ma’qul.
Do'stlaringiz bilan baham: |