Chanoqda joylashgan appenditsit. Chuvalchangsimon o‘simtaning chanoq sohasida joylashuvida og‘riq odatda qov ustida yoki bir muncha o‘ng yonbosh pastki sohasida joylashib, xurujsimon xususiyatga ega bo‘ladi. Ko‘pincha og‘riq to‘g‘ri ichak, jinsiy lablar, siydik chiqarish kanali yoki moyaklarga tarqalgan bo‘ladi. Dizurik belgilar bilan birga og‘riqli siyish kuzatilishi mumkin. Chuvalchangsimon o‘simtaning yallig‘lanishi ikkilamchi proktitni keltirib chiqarganda axlat massasi «tupuksimon» ko‘rinishda, shilliq va ko‘p miqdorda bo‘lmagan qon bilan aralashgan bo‘ladi.
Chuvalchangsimon o‘simtaning chanoq sohasida joylashuvida palpatsiyada qorin old devori mushaklari tarangligi va og‘riq belgilari bo‘lmasligi yoki qorinning pastki sohasida, qov ustida kuchsiz bo‘lishi mumkin. Tashxis qo‘yishda barmoq bilan rektal tekshirish katta ahamiyatga ega bunda to‘g‘ri ichak shilliq qavati shishli, yupqa, tez zararlanuvchan, o‘ng tomonda osilish yoki infiltrtat aniqlanadi.
Appenditsitning bu turida siydik qopini yallig‘lanishi natijasida siydik tahlilida ko‘pincha leykotsitlar, eritrotsitlar va yassi epiteliylar kuzatiladi. Axlat tahlilida ham leykotsitlar, eritrotsitlar va ko‘p miqdordagi shilliq aniqlanadi.
Medial appenditsit. Chuvalchangsimon o‘simtaning medial joylashuviga: ko‘richak tutqichining harakatchanligi, chuvalchangsimon o‘simtaning juda uzun bo‘lishi yoki ichki a'zolarning teskari joylashganligi sabab bo‘lishi mumkin. Klinikasida og‘riqning medial va qorinning chap yarmida aniqlanishi shifokorni o‘tkir appenditsit tashxisini qo‘yishdan chalg‘itadi. Hatto, peritonit belgilari yuzaga chiqqanda ham appendikulyar peritonit haqida kam hollarda fikr yuritiladi.
Chuvalchangsimon o‘simta medial joylashganda (o‘simta chuqqisi o‘rta chiziqqa yaqin joylashadi) quyidagi simptomlar kuzatiladi, qorinda kuchli xurujsimon og‘riq, ko‘p marta qusish, suyuq axlat, ichaklarda dam bo‘lish kuzatiladi. Antibiotiklar qabul qilganda kasallik klinik belgilari o‘zgaradi. O‘tkir appenditsit klinik belgilari kamroq ko‘rinadi. Bemorlardagi bu xolat destruktiv va yiringli jarayonni to‘xtatilganligidan dalolat beradi va bu guruh bemorlarda appendikulyar abstsesslar paydo bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |