bir masalali va ko'p masalali; bir foydalanuvchili va ko'p foydalanuvchili.
Bir masalali operatsion sistemalar foydalanuvchiga bir vaqtning o'zida kompyuterda faqat bitta amaliy vazifani hal etishga imkon beradi.
Ko'p masalali operatsion sistemalar bir vaqtning o'zida bir necha dasturni ishga tushirish imkoniyatini beradi.
Bir foydalanuvchili operatsion sistemalar kompyuterda faqat bir kishining ishlashiga imkon beradi.
Ko'p foydalanuvchili operatsion sistemalarda har bir foydalanuvchi umumiy axborotlardan va parolini kiritib faqat o'ziga tegishli bo'lgan shaxsiy axborotlardan foydalanishi mumkin.
Har qanday operatsion sistemadan quyidagi sifatlarning bo'lishi talab etiladi:
Ishonchlilik. Sistema o'zi boshqarayotgan kompyuter qurilmalari kabi ishonchli bo'lishi kerak.
Himoyalash. Ixtiyoriy foydalanuvchi o'z ishiga boshqa foydalanuvchilarning monelik qilishini xohlamaydi. Shu sababli sistema foydalanuvchilarni dastur va ma'lumotlarini o'zgalar xatolari ta'siridan hamda aralashuvidan himoya qilishi lozim.
Samaradorlik. Odatda operatsion sistemaning o'zi EHM ning katta resursini egallaydi. Bu resurslar foydalanuvchi ixtiyoriga berilmaydi. Demak, sistemaning o'zi ancha ixcham bo'lishi va EHM resurslarini har tomonlama samarali boshqarishi lozim.
Qulaylik. Operatsion sistemada ko'p hollarda bir paytda ikki va undan ortiq foydalanuvchi ishlaydi. Ular operatsion sistema orqali turli maqsadli va turli algoritmli masalalarni hal qiladi. Ravshanki, bunday holda har bir foydalanuvchiga keng qulayliklar yaratilishi talab etiladi. Shu bois, mazkur xususiyat operatsion sistemaning muhim xususiyati hisoblanadi.
Qiziqarli ma'lumotlar. Birinchi ishlab chiqarilgan operatsion sistemalar har bir kompyuter platformasi uchun alohida yozilar edi. Bir kompyuter uchun yozilgan operatsion sistema kodlarini boshqa kompyuter platformasiga o'tkazish juda ko'p vaqt va mehnat talab qiladigan ish hisoblanardi.
Mana shu kamchilikni bartaraf etish yo'lida 1965- yildan boshlab Bell Telephone Laboratories, General Electric Company va Massachusets texnologiya instituti yuzlab foydalanuvchilarga xizmat ko'rsata oladigan Multics (Multi-user Timesharing Interactive Computing System — ko'p foydalanuvchili muloqotli hisoblash sistemasi vaqtini tarmoqlash) operatsion sistemasini ishlab chiqishga kirishildi. Lekin 1969- yilda Bell Telephone Laboratories loyihadan chiqib ketgach bu ish amalga oshmadi. Lekin Bell laboratoriyasi xodimlari Denis Ritchi va Ken Tompsonlar ishlashni davom ettirishdi va 1971- yilda kodlari to'liq assemblerda yozilgan, Multiks ga ohangdosh, UNIX (o'qilishi: Yuniks) nomli operatsion sistemasini ishlab chiqishdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |